Tayanch tushunchalar - Buxoro xonligidagi adabiy muhit, Buxoro adabiy muhitining xos xususiyatlari, tasavvuf adabiyoti, Islom va tasavvuf g‘oyalari davr adabiyotining rivojlanish manbai ekanligi, Shayboniyxon hayoti va ijodi, shoir devoni va uning janr xususiyatlari, asarlarining mavzu va g‘oyaviy ko‘lami, shoir dunyoqarashi va tariqati, Shayboniyxon ijodida lirik qahramon tabiati, she’riy mahorat qirralari, Muhammad Solih ijodi, «Shayboniynoma» jangnoma tipidagi doston sifatida, asar mazmuni, tarixiy shaxslar va badiiy timsollar, Xoja ijodi, Hayoti va ijodi, Hikoyalari, “Gulzor” va “Miftohu-l-adl” asarlarining talqini. Davrning (XVI-XIX asr I yarmi) madaniy hayoti va adabiy-ilmiy muhiti, Siyosiy hayotdagi beqarorlik va sulolalar almashinuvi, Madaniy muassasalar va adabiy taraqqiyot, adabiy hayotning o‘ziga xos xususiyatlari, Manbalar va ularni o‘rganish tamoyillari, Xonliklar markazlari adabiy muhit markazi sifatida, tasavvuf ruhidagi adabiyot va adabiy-badiiy jarayon,Adabiy hamkorlik va tarjima adabiyoti, adabiyotda zullisonaynlik an’anasi, Muhojirlik adabiyoti, Abulqosim Kohiy, Bayramxon, Komron Mirzo ijodi, tarixnavislik, O‘tmish tarixnavisligi va uning davom etttirilishi, tarixnavislikka alohida e’tibor, Xondamirning “Habibu-s-siyar” va “Siyaru-l-muluk” asarlari, tarixiy asarlarning yangilanish xususiyatlari, tazkiranavislik, davr tazkiranavisligining o‘ziga xos xususiyatlari, Hasanxoja Nisoriy “Muzakkiri ahbob” asarining ilmiy qimmati, asarda XVI asr madaniy hayotini aks ettirish tamoyillari, Mutribiy, Maliho Samarqandiy, Qori Rahmatulloh Vozeh, Fazliy Namangoniy, Ahmad Tabibiy tazkiralari, tazkiralarda adabiy siymolar tavsifi, tazkira janrida adabiyotshunoslik takomil bosqichlarining ifodalanishi.
1. XVI-XIX asr I yarmi tarixiy sharoit ancha murakkab edi. Madaniy hayot va adabiy-ilmiy muhitda o‘ziga xos o‘zgarishlar yuz berdi. Siyosiy hayotdagi beqarorlik va sulolalar almashishi davom etdi. Madaniy va adabiy hayotdagi taraqqiyot sezila boshladi. Adabiy hayotning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud edi. Xonliklar markazlari adabiy muhit maskaniga aylandi. Tasavvuf tariqatlari adabiy-badiiy jarayonda aks eta boshladi. Tazkiranavislik rivojlandi. “Muzakkiri ahbob”ning ilmiy qimmati katta edi. Mutribiy, Maleho Samarqandiy tazkiralari maydonga keldi.
Markaziy Osiyodagi eng kenja xonlik Qo‘qon xonligi bo‘ldi. Ming urug‘idan bo‘lgan Shohruhbiy 1710- yildan Qo‘qonni mustaqil idora qila boshladi. Bir zamonlar bitta davlat bolgan yerlarda bir emas, uch xonlikning paydo bo‘lishi ular o‘rtasida o‘zaro urushlar, talonlar avj olishiga sabab bo‘ldi. Bu hol, tabiiyki, xalqning iqtisodiy-madaniy hayotiga qattiq zarba bo‘lib tushdi. Xonliklar davrida yurt g‘oyat bezovta bo‘lgan, odamlar ertangi kunga ishonolmay yashashgan. Hukmdorlarning tinimsiz almashaverishi, ular o‘rtasida toj-u taxt uchun qonli talashlar bo‘lganidan dalolatdir. Buxoro amiri Nasrulloxonning 1842-yildagi Qo‘qon yurishi adolatsizligi jihatidan kurakda turmaydigan bahonaga asoslangan edi. U go‘yo shariatni himoya etmoq uchun Qo‘qonga bostirib borgan va mashhur shoira Nodirabegimni farzand-u nabiralari bilan hammaning ko‘zi o‘ngida vahshiylarcha qatl ettirgan edi. Bunday misollar juda ko‘p. Shularga qaramasdan, madaniy-adabiy hayot to‘xtab qolmadi. Qo‘qonda ,,Madrasayi Mir", ,,Xonxo'ja", ,,Hokim oyim" kabi bir qator madrasalari qurildi.
2.Bu yillarda bir qator tarixiy asarlar yozildi. Qo‘qon xonligida Hakimxon To‘raning ,,Muntaxab ut-tavorix" (,,Tanlab olingan tarixiy voqealar"), Mirzo Qalandar Mushrifning ,,Shohnomayi nusratpayom" (,,Zafarli Shohnoma") kitoblari yaratildi.
Ajdodlar tarixini g‘oyat sinchkovlik bilan nihoyatda sodda, samimiy, jonli va jozibali bir tilda ifodalab bergan bu asarlar XlX asrdayoq dunyoga mashhur bo‘lib ketgan edi. Bu davrda tarix kitoblarining ko‘proq yaratilishining muayyan sabablari bor. Negaki, bir zamonlar g‘oyat qudratli saltanatga ega bo‘lgan yurtning mayda davlatlarga bo‘linib ketishi, dunyo taqdirida ilgarigiday muhim o‘rin tutmaslik bu yurtning olimlari, ziyolilari e'tiborini tarixga, millat o‘tmishining shonli kunlariga qaratdi. Ular tarixni tasvirlash asnosida millat g‘ururini uyg‘otishga urindilar.
Madaniy-adabiy hayot ko‘proq saroylarda va zamonasining mashhur pir-shayxlari atrofida shakllandi.
Xonlikda o‘ziga xos adabiy maktab shakllandi. Garchi, u umumo‘zbek adabiyotining umumiy yo‘nalish va xususiyatlarini o‘zida aks ettirgan bo‘lsa-da, bir qator jihatlari bilan farqlanib turadi. Qo‘qonda hajviyot yangi shakl va mazmun kasb etdi (Gulxaniy, Maxmur), voqeiy dostonnavislik (Uvaysiyning ,,Voqeoti Muhammad Alixon" hamda Shahzoda Hasan, Shahzoda Husayn haqidagi dostonlari) ko‘proq rivoj topdi. Bu muhit adabiyot olamiga Nodira, Uvaysiy, Mahzuna, Dilshodi Barno kabi shoiralarni yetkazib berdi. Shoiralarimizning badiiy ijod sahnasiga bu xil ketma-ket va uzluksiz chiqishi ilgari ko‘rilmagan hol edi. Tabiiyki, ular bilan birga adabiyotga ayollarga xos nozik kechinmalar, tuyg‘u va ifodalar ham kirib keldi. Ayol ijodkorlar milliy adabiyotimiz taraqqiyotida o‘ziga xos o‘rin tutdilar. Chunki avvalgi davrlarda olamni ayol ko‘zi bilan ko‘radigan, dunyo hodisalariga ayol nuqtayi nazari bilan baho beradigan, badiiy adabiyotning azaliy mavzulariga ayol pozitsiyadan yondashadigan holat nihoyatda kam bo‘lardi. o‘shandan buyon o‘zbek adabiyotida ayol ijodkorlarning o‘z ovoziga egaligi odatiy bir holga aylandi deyish mumkin. Ta'kidlash joizki, ayol ijodkorlarning, asosan, Qo‘qon adabiy muhitidan chiqishi bu yerda yetishgan ayol iste'dodlar mavjudligidan tashqari, muayyan ijodiy sharoitning yaratilganligi bilan ham bog‘liq.
Qo‘qon adabiy maktabida tilga munosabat va undan foydalanishda o‘ziga xoslik bor. Xonlikda zullisonaynlik (ikki tilda ijod etish) an'anasi rivojlangandi.
Ushbu davrda maydonga kelgan tazkiralar XVII—XIX asrlarda ham adabiy hayot gullab-yashnaganini, yuzlab shoirlar badiiy ijod bilan shug‘ulanganini ko‘rsatadi. 1821- yilda Fazliy Namangoniy tartib bergan ,,Majmuayi shoiron" (Shoirlar to‘plami) tazkirasida Qo‘qon xoni Amir Umarxon saroyi atrofidagi 101 shoirning she'rlari ular haqidagi ixcham ma'lumot bilan birgalikda berilgan.
XIX asr ikkinchi yarmidan o‘tgan asr boshlarigacha taxtda o‘tirgan Muhammad Rahimxoni Soniy ham o‘z salafi bo‘lmish siyosiy va davlat arboblarining anashu an`analariga sodiq qoldi. Hukmdorlik faoliyati bilan cheklanib qolmay , tarixiy badiiy ijod va san`at bilan qizg‘in shug‘ullandi.
Ayniqsa toshbosmalar chiqqach, arab, fors, tojik tilidan doston va filoyalar tarjimalar etilib Turkistonning hamma joylariga tarqala bordi.
Bu davrda tarjima adabiyotiga talab kuchayib, ba`zan u original adabiyotdan ustinlik qila boshlaydi. Bu original adabiyot tushkunlikka yuz tutgan degan gap emas albatta.
Xorazmda shu asrda she`riyatimizning butun bir davrini boshlab bergan zabardast shoirlar yetishib chiqqan va ular ijodida XV asr an`analari ravnaq topgan edi.
O‘z zamonasidayoq serqirra ijodkor va yuksak iqtidor sohibi sifatida etirof qilingan Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy mangulikka dahldor soz san`atkori hisoblanadi. O‘z amakisi va murabbiysi Shermuhammad Munis an`analarini davom ettirib keyingi asrlarda ancha susayib qolgan o‘zbek she`riyatini javohir durdonalari bilan boyitibgina qolmay o‘z ijodiy uslubi va ilg‘or insonparvarlik g‘oyalari uchun umuminsoniy qadriyatlarni asosiy mezon qilib oldi.
Ogahiy o‘z ijodini tarix yozishdan boshlaganidek , tarjima sohasida ham u avval tarixiy asarlarga murojat etdi. U tarjima ishini mashhur tarixchi Mirhond Muhammad ibni Xovandshoh (XV asr) yozilgan ko‘p jildli “Ravzat us – safo” asarining II va III jildlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan boshlab , umrining oxirigacha shu ish bilan muntazam shug‘ullanadi. Shoir tarjimalari haqidagi ma`lumot uning “Ta`viz ul – oshiqin” devoni va tarjimalari qo‘l yozmalarining kirish qismida keltirilgan. “Ta`viz ul – oshiqin” debochasida ogahiy o‘z tarjimalarini nomma – nom ko‘rsatib shunday yozadi: “Faqirning turkey tili bila tarjima qilg‘on kitoblari: “Ravzat us – safo” ning ikkinchi daftaridan chahor yori uzomning voqeasi, uchlanchi daftari va “Nodirnoma”, va “Zafarnoma” va “Zubdat ul – hikoyat’, va “Miftoh ut – tolibin” va “Ahloqiy Muhsini” va “Vosifiy” va “Nasihatnomai Kaykovus” va “Salamon Absol`I” va Nosiriyning birinchi daftari va “Daloyil ul – hayrot” rum turkusidin chig‘atoy tiliga o‘tkazildi va “Tazkirai Muhimxoniy” va “Taboqati Akbarshohiy’ “HaftPaykar” i Nizomiy va “Hasht Behishtl’ i Xusraviy va “Yusuf va Zulayho” i Jomiykim Manzum bo‘ldi, va “Shohu Gado I” Hiloliykim manzum bo‘ldi.
Tabibiy nafaqat shoir, balki tarixnavis hamdir. Uning «Tavorix al-xonin» asari Xiva xonlari tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, Xiva «Ichon Qal’a» muzey qo‘riqxonasi fondida saqlanadi. Kitobning titul varag‘ida qo‘lyozma Tabibiyning qo‘li bilan ko‘chirilganligi qayd qilingan [5.18].
3.Tabibiy tazkiralarining tuzilishi va mazmunida Sharq tazkirachilik an’analari asos bo‘lgan. Ularda adiblar hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar talqinlari ustuvorlik qiladi. „Majmuai si shuaroi payravi Feruzshohiy» va «Muxammasoti majmuat ush-shuaroi Feruzshohiy» tazkirasini yozdi. Tabibiyning „Majmuai si shuaro...“sida XIX asr oxiri – XX asr boshlari Xorazm adabiy muhiti hamda shu davrda ijod etgan shoirlar haqida qimmatli ma’lumotlar beriladi. Shuning uchun ham bu tazkiralar alohida adabiy-tarixiy qimmatga ega bo‘lgan yirik asarlar sifatida adabiyotshunosligimizda e’tiborli o‘rin egallaydi.
XVII asr Buxoro siyosiy hayotidan eng muhim voqea Ashtarhoniylardan Nodir Muhammadning taxtga chiqishi, oradan ko‘p o‘tmay o‘g‘li Ablulazizxon hukmdorlikni undan tortib olishi, bu ahvol bilan kelisha olmagan kichik o‘g‘li – Subhoniqulihonning esa akasiga qarshi uzoq yillar davomida kurash olib borishi va nihoyat 1880 yilda o‘z maqsadiga erishuvi bo‘lgan edi. Subhoniqulihon davlat tepasiga kelgach, raqibi Abdulazizhonni Madina shahriga ketishga majbur etish bilan birga unga yaqin turgan kishilarni ham quvg‘in ostiga oladi.
Subhonqulihon faoliyatida ham ayrim ijobiy tomonlar bo‘lib, u tibbiyot masalalari bilan izchil shug‘ullangan va o‘z davrida «Tibbi Subhoniy» degan asarni yozgan. Subhonqulixon va Abulfayzxon saroyidagi adabiy muhit shakllandi va rivojlandi. Bu davr madaniy hayotining asosiy yo‘nalishlaridan biri tazkirachilik bo‘ldi. Muhammadbade’ Maleho Samarqandiyning “Muzakkir ul-ashob” tazkirasi shu davr mahsulidir. 1692 yilda yozilgan ushbu tazkirada Markaziy Osiyo shaharlari va Eronda 17-asrda ijod etgan 160dan ortiq ijodkorlar haqida, jumladan, Subhonqulixon saltanati va uning sulolasi tarixi haqida ma’lumot berilgan.
Hukmdorlarning tinimsiz almashinishi, ular o‘rtasida toj-u taxt uchun talashlar bo‘lib turgan bo‘lsa-da, madaniy-adabiy hayot to‘xtab qolmadi. Buxoroda “Mirarab”(1535-36), “Abdullaxon”(1589-90), “Abdulazizxon”(17 asr), “Domla Tursunjon”(1797), “Niyozquli” kabi bir qator madrasalar qurildi.
Bu yillarda qator tarixiy asarlar yozildi. 17-asrda Abulqosim bin Shohmirzo ibn Sa’dullo al-Husayniy al -Kasbaviyning “Natoyij ul-fikr”, (“Fikr natijalari”), 18-asrda esa, Muhammad Vafo Karminagiyning “Tuhfai xoniy”, Abdurahmon Tole’ning “Tarixi Abulfayzxon, Mirza Olimning “Ansob us-salotin”(“Sultonlarning nasibalari”), Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma”, Muhammadamin Buxoriyning “Ubaydullanoma” kabi o‘sha davr voqealariga bag‘ishlangan asarlari maydonga keldi. Muhammad Amin Buxoriy “Ubaydullanoma” asarida Buxoro xoni Ubaydullaxon hukmronligi yillaridagi voqea-hodisalarni bayon etadi. Bu asrlarda yashab, ijod etgan Saido Nasafiy, Mulham Buxoriy, Fitrat Zardo‘zi Samarqandiy kabi mashhur shoirlar haqida ham so‘z boradi. Asar voqealar solnomasi bo‘libgina qolmay, muayyan ma’noda badiiy nasr namunasi hamdir. Bunda voqea-hodisalar bayoniga badiiy tus berish, lozim ko‘rilganda she’riy namunalar keltirish, badiiy ijodga xos usul va vositalardan foydalanish ko‘zga tashlanadi. Asarda madaniy-adabiy hayotga doir juda zarur ma’lumot va faktlar keltiriladi, sharhlanadi. SHu ma’noda, bu asar davr adabiy jarayoni va unda ishtirok etgan ijodkorlar merosini kengroq tadqiq qilishda tayanch manba bo‘la oladi.
Madaniy-adabiy hayot saroyda va zamonasining mashhur pir-shayxlari atrofida shakllandi. Shunga ko‘ra O‘zbekxonlar davri adabiyotini ikkiga bo‘lish mumkin:
Saroy adabiyoti.
So‘fiylik adabiyoti(tasavvuf adabiyoti)
Muhammad Tohir Eshon Xorazmiy asosan Ahmad Yassaviy, Ubaydiy, Sulaymon Boqirg‘oniy, So‘fi Olloyor an'analariga rag'bat va mayl ko‘rsatgan ijodkorlardandir. Tohir Eshon Xorazmiy Qur'on, hadis va boshqa islomiy kitoblarda keltirilgan aziz-avliyolar, mashoyixlar haqidagi afsona, rivoyat hamda naqllar asosida «Silsilat ul-avliyo» kitobini yozgan. Bu asar 1747 yili Buxoroda forsiyda yozilib, so‘ngra Xorazmda o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Unda Xorazm, Samarqand, Buxoro, Turkiston, Xuroson va boshqa joylarda yashab, o‘z karomatlari, diniy e'tiqodlari bilan shuhrat taratgan aziz-avliyolar, shayxlar, so‘fiylar to‘g‘risida zikr qilindi. Shuning uchun ham asar tazkiralarga xos xususiyatlarga ega bo‘lganligidan «Silsilat ul-avliyo», yana bir nomi «Silsilai xojagoni naqshbandiya» nomlari bilan atalgan. Bu asarda Xoja Ahmad Yassaviydan XVIII asrning o‘rtalarigacha bo‘lgan davrda o‘rta Osiyo islom dunyosida nom chiqargan, ayrimlarining shaxsi va karomatlari haqida ungacha yaratilgan diniy manbalarda fikr yuritilgan shaxslar xususida ham so‘z boradi. Shu narsa ma'lum bo‘ladiki, Tohir Eshon Xorazmiy Xorazmdagi diniy-ma"rifiy adabiyotning vakillaridan biri sifatida bu asarida aziz-avliyolar, karomatpesha shaxslar haqidagi o‘z nazmiy tavsiflari, qasidalarini keltiradi. Masalan, XVI asrda Yassaviyona ruhda she'rlar, hikmatlar yozgan Qul Ubaydiy madhiga bag‘ishlangan katta hajmdagi qasida muallifning o‘zi tomonidan yozilgan. Bu kitobda keyingi asrlarda avliyo va eshon sifatida e'tirof etilgan bir qancha tarixiy shaxslar, shu jumladan, Ahsaniy va boshqalar to‘g‘risida ham ma'lumotlar uchraydi. Bunday asarlarni ham endilikda tanqidiy o‘rganib, ulardan ma'naviy hayotimizda foydalanishimiz kerak.
Buxoroda zullisonaynlik an’anasi rivojlandi. Buxoro adabiy muhitidagi har bir ijodkorda fors tili ustuvor o‘rin egallaydi.
Ushbu davrda maydonga kelgan tazkiralar 17-19 asrlarda ham adabiy hayot gullab-yashnaganini, yuzlab shoirlar badiiy ijod bilan shug‘ullanganini ko‘rsatadi. Samarqandda XVII asr boshlarida yaratilgan Mutribiyning ,,Tazkirat ush-shuaro" kitobida XVI— XVII- asrlarda Samarqand va Buxoroda yashagan 320 dan ortiq ijodkor haqida ma'lumot keltiriladi. Maleho Samarqandiyning 1692-yilda yozilgan ,,Muzakkir ul-as'hob" (,,Do‘stlarni zikr etuvchi") tazkirasida XVII asrda Markaziy Osiyo va Eronda yashagan 160 shoir haqida ma'lumot berilgan. 1871-yilda Buxoroda Qori Rahmatullo Vozeh tomonidan tuzilgan “Tuhfat ul-ahbob...”(“Do‘stlar sovg‘asi”) tazkirasida 18-19 asrlarda Buxoro va Qo‘qonda yashagan 145 shoir haqida ma’lumot beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |