2. Yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligi tushunchasi va uning mohiyati
Yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligi tushunchasi va uning mohiyati yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligining fuqarolik jamiyatini shakllantirishdagi muhim omil sifatidagi o‘rni va ahamiyatini tahlil etishda eng avvalo, unga oid bo‘lgan ilmiy kategoriyalarni o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xususan, bunda “faollik”, “siyosiy faollik”, “ijtimoiy- siyosiy faollik”, “huquqiy faollik”, kabi siyosiy-huquqiy kategoriyalarning mazmun va mohiyatini hamda ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik masalalarini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. “Ijtimoiy-siyosiy faollik” tushunchasini tadqiq etishda uning asosiy birikmasi hisoblangan “faollik” atamasini tahlil qilish lozim bo‘ladi. “Faollik” tushunchasi shu darajada keng mazmun kasb etganki, ayrim hollarda undan foydalanish izoh talab etadi. Bundan tashqari, “faol” atamasi harakatchan, serg‘ayrat, rivojlanuvchi degan ma’nolarni anglatadi. “Faollik” tushunchasi asosan “faoliyat” tushunchasining sinonimi sifatida ham qo‘llaniladi. Insonning faolligi atrof muhitni o‘z ehtiyojlari, qarashlari, maqsadlariga muvofiq o‘zgartirish qobiliyati sifatida alohida mazmun-mohiyat kasb etadi. Tegishli adabiyotlarda shaxs faolligining bir qator belgilar bo‘yicha farqlanishi haqida so‘z boradi1. Bu boradagi yondashuvlarni umumlashtirgan holda faollikning quyidagi shakllarini ko‘rsatib o‘tish mumkin: “faollik” va “faoliyat” tushunchalarining mohiyatan yagonaligidan dalolat beruvchi faoliyat shakli sifatidagi faollik; insonda o‘z ichki munosabati vujudga kelgan, uning individual tajribasi aks etgan faoliyat sifatidagi faollik, atrof muhitni o‘zgartirishga qaratilgan faoliyat sifatidagi faollik; shaxsiy ahamiyatga molik faoliyat: insonning o‘z shaxsiyatini namoyon etish ko‘rinishidagi faolligi hamda o‘zini qurshagan muhit bilan o‘zaro ta’sirga kirishish mahsuli sifatidagi faollik.
Bundan tashqari, iqtisodiy faollik, g‘oyaviy faollik, madaniy faollik kabi tushunchalari mavjudligini o‘zi uning yo‘nalishlari, sohalari xilma xil ekanligini bildiradi. Faollik sohalari insonlar, shaxslar yoki muayyan ijtimoiy guruh qatlamlar faoliyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ajralib qolmagan. Faollik ana shu ijtimoiy qatlamlar, xususan yoshlar ongi, dunyoqarashi, xulq-atvori, hayotiy maqsad va intilishi ularning milliy g‘oyaviy qiyofalari bilan bog‘liq holda amalga oshadi. Shunda yoshlar faolligi, faol yoshlar, yoshlarning ijtimoiy faolligi, siyosiy faol yoshlar atamasi ishlatiladi.
Faollik muayyan ijtimoiy guruh yoki qatlamning jamiyat va davlat, ishlariga munosabati, unga to‘g‘ri yondashuvi, mas’uliyat hissi, fuqarolik tuyg‘usi sifatida namoyon bo‘ladi. Faollik ayni paytda o‘zlikni anglashni ham ifodalaydi.
Shuningdek, “ijtimoiy-siyosiy faollik” atamasi haqida gap ketganda shuni alohida ta’kidlash kerakki, ijtimoiy-siyosiy faollikni keng tushunish, unda huquqiy normalarga rioya qilishni ko‘rish bilangina cheklanmaslik siyosiy faollik mohiyatini, uning bu hodisani ijtimoiy faollikning boshqa turlaridan farqlash imkonini beradigan asosiy belgilarini yaxshiroq anglab etish uchun imkoniyat beradi. Siyosiy faollikning ijodiy jihati uning xususiyatlari tizimida uyushqoqlik, batartiblik, barqarorlik kabi qismlari yoki sifatlari bilan bir qatorda alohida o‘rin egallaydi. “Ijtimoiy-siyosiy faollik” deganda, ijtimoiy foydali (ijobiy), ongli, iqtisodiy, siyosiy, ma’daniy faoliyat tushuniladi. Ijtimoiy faollikning boshqa bir turi - siyosiy faollik ham amalda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, “huquqiy madaniyat” tushunchasidan kelib chiqib, siyosiy faollikka yoshlarga tabiatan xos bo‘lgan siyosiy-huquqiy xususiyat sifatida yondashish mumkin. Bu siyosiy-huquqiy xususiyat huquqiy va siyosiy muhit bilan insonning o‘zaro aloqasi jarayonida shakllanadi hamda uning siyosat va huquqiy tartibga solish sohasida faol ish olib borish qobiliyatini ifodalaydi. Shuning uchun ham siyosiy-huquqiy faollik - bu faoliyatning qizg‘inlik va ayni vaqtda yoshlarning huquqiy madaniyati va siyosiy madaniyati darajasini aks ettiruvchi omil sifatida amal qiladi. Bu haqida “huquqiy bilimlarsiz huquqiy madaniyat bo‘lishi mumkin emas”1deb, aytilgan. Shuningdek, yoshlar siyosiy-huquqiy faolligi shakllanish jarayonining mazmuni o‘z ichiga quyidagilarni qamrab oladi: 1) huquqni bilish (informatsion jihat); 2) huquqqa bo‘lgan munosabat (nisbiy jihat); 3) qonuniy xulq-atvorga qarab mo‘ljal olish (tartibga solish jihati); 4) o‘z qonuniy xulq-atvorining zarurligini anglab etish (kognitiv jihat).
Bundan tashqari, yoshlar deganda mamlakat aholisining eng yosh va tez o‘zgaruvchan va saloxiyatini tashkil etuvchi, o‘zining ijtimoiy tarkibi jixatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan qatlam tushuniladi. Ular ijtimoiy hayotda, shunchaki oddiy kuzatuvchi sifatida ishtirok etmasliklari uchun, ular avvalo faoliyatda bo‘lishlari kerak bo‘ladi. Faoliyat orqali yoshlar o‘zlarining ijtimoiy-siyosiy faolligini anglab boradilar. Ijtimoiy- siyosiy faollik nuqtai nazaridan yoshlarni o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga ko‘ra shartli ravishda ikki guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin: 1. Siyosiy-ijtimoiy faol yoshlar. 2. Siyosiy-ijtimoiy hayotdan uzoq, faol bo‘lmagan yoshlar.
Shuningdek, “siyosiy faollik” tushunchasini keng va tor ma’nolarda talqin etish mumkin. Keng ma’noda uni yoshlarning davlat va jamiyat qurilishi, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati, mas’uliyati nuqtai nazaridan talqin etish mumkin. Tor ma’noda, uni siyosiy ishtiroki va siyosiy munosabatlar nuqtai-nazaridan yoshlarni jamiyatning siyosiy hayotida bevosita yoki bilvosita munosabatini ifoda etadi.
Yoshlarni, bugungi kunda shartli ravishda “siyosiy faol” va “faol bo‘lmagan” guruhga bo‘lish mumkin. Bularga quyidagilar kiradi: 1. Siyosiy o‘zgarishlarni aniq idrok etgan; 2. Demokratik jarayonlarga o‘z hissasini qo‘shayotgan; 3. Qonunlar qabul qilish, uni hayotga tadbiq etishda befarq bo‘lmagan; 4. Mustaqillikni mustahkamlash, Vatan, el-yurt va xalqning taqdiri va istiqboli uchun qayg‘urayotgan; 5. Muayyan siyosiy partiya yoki ijtimoiy xarakatlar bilan o‘z faoliyatini bog‘lagan, shunga ehtiyoj sezgan; 6.ijtimoiy zararli illatlar ko‘rinishlari bilan murosa qilolmaydigan yoshlarni siyosiy faol qatlam deyish mumkin.
Bundan tashqari, hozirgi kunda jahon mamlakatlarida yoshlar tushunchasiga nisbatan turli xil yondashuvlarning mavjudligi ma’lum.
Xususan, BMT ning ixtisoslashgan tashkiloti YUNESKO 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lganlarni yoshlar qatlamiga kiritadi. Evropa Ittifoqi davlatlarida 16 yoshdan 30 yoshgacha (ba’zan 35 yoshgacha) bo‘lgan aholi vakillari yoshlar sifatida e’tirof etiladi. Shuningdek, MDH davlatlarining aksariyatida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar yoshlar hisoblanadi, ammo Ukrainada 14-35, Qozog‘istonda 14-29 yoshlilar 2 ushbu toifaga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasida esa 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar yoshlar hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligi tushunchasi va uning mazmun mohiyati o‘ziga xos tarzda shakllangan bo‘lib, o‘z tarkibiga “faollik”, “ijtimoiy faollik”, “siyosiy faollik”, “iqtisodiy faollik” kabi kategoriyalarini ilmiy jihatdan tadqiq etishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Shuningdek, hozirgi kunda fan - texnika rivoji axborot kommunikatsiya - texnologiyalarining taraqqiy etishi bilan bir qatorda axborot almashinuv jarayonlari tezlashib bormoqda. Bundan tashqari, Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” asarida bugungi murakkab globallashuv davrida ma’naviyat sohasida vujudga kelayotgan dolzarb muammolar, xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimiz ma’naviyatini asrash va yuksaltirish, yosh avlodning qalbi va ongini turli zararli g‘oya va mafkuralar ta’siridan saqlash va himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga yoshlarning huquqiy, ijtimoiy-siyosiy faolligi davlat va jamiyat qurilishida katta o‘ringa egadir. Bu to‘g‘risida Prezident I.A.Karimov ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi sessiyasida. “O‘z haq-huquqlarini taniydigan, o‘z kuchi va qobiliyatiga tayanib yashaydigan, atrofida ro‘y berayotgan voqea- hodisalarga mustaqil munosabatda bo‘ladigan, shu bilan birga, o‘z shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uyg‘un holda ko‘radigan erkin shaxsni shakllantirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish darkor”, deb ta’kidlaydi.
Hozirgi kunda ma’naviy va ahloqiy qadriyatlarga sodiq, bilimli, samarali mehnat qilishga qodir fuqarolar, ayniqsa, yoshlar jamiyatning eng asosiy kuchiga aylanib bormoqda. Shuning uchun ham XXI asr-intellektual bilimlar asrida inson kapitaliga investitsiyalar yo‘naltirishni ustivor vazifa sifatida tanlagan mamlakatlardagina yuksak taraqqiyotga erishish mumkin. Shuningdek, bilimli jamiyatgina tahdid va muammolarni engib o‘tishga qodir bo‘ladi. Shu tufayli ham mustaqillik yillarida O‘zbekistonda zamonaviy ta’lim tizimini shakllantirish va yuksak malakali kadrlarni tayyorlash ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning asosiy omiliga aylandi. Xususan, O‘zbekistonda ta’lim islohotlariga asosan, MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari joriy etilgani katta ahamiyatga egadir. Kadrlar tayyorlash milliy dasturining tamoyillaridan biri - “o‘quvchi yoshlarni Vatanga sadoqat, yuksak ahloq, ma’naviyat va ma’rifat, mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash” milliy siyosatning asosiy qismi hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekistonda ta’lim sohasini rivojlantirish, isloh etishga yo‘naltirilayotgan yillik xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etayotgani va bu tizimning davlat byudjeti xarajatlaridagi ulushi 35 foizdan ortiqni tashkil etishi mazkur sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibordan dalolat beradi. Shuningdek, yuksak malakali kadrlar tayyorlash tizimidagi islohotlar yuzasidan Prezidentimiz I.A.Karimov “Bugungi kunda oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarimiz, ezgu niyatlarimizga erishishimiz, jamiyatmizning yangilanishi hayotimizning taraqqiyoti va istiqboli amalga oshirayotgan islohotlarimiz, rejalarimiz samarasi, taqdiri - bularning barchasi, avvalambor, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali, ongli mutaxassis kadrlar tayyorlash muammosi bilan chambarchas bog‘liqligini barchamiz anglab etmoqdamiz”, deb ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, bu borada Prezidentimiz I.A.Karimov - “ayni paytda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning tez va jadal rivojlanishini ta’minlash, shu asnoda bugungi kunda jamiyatning eng muhim va hal qiluvchi qatlami, ijtimoiy - siyosiy barqarorlik kafolati, mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish hamda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlaydigan o‘rta sinf - ya’ni mulkdorlar sinfini shakllantirish natijasi”2 deb ta’kidlaydi. Shuningdek, yoshlar tadbirkorligi rivojlantirish va uni yuksak darajaga ko‘tarish ham bugungi kunda yoshlar tashkilotlarining faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shuning uchun ham yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishda ularni bilim va ko‘nikmalarini shakllantirib borish lozim. Mazkur soha har bir kishiga o‘z iste’dodi va imkoniyatlarini namoyon etish uchun zamin yaratadi, shu tariqa tashabbuskor, omilkor, mustaqil faoliyat yurita oladigan, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishga qodir insonlar toifasini shakllantirishga xizmat qiladi3. Shuningdek, O‘zbekistonda bozor munosabatlarining iqtisodiyotda chuqurlashib borishi jarayonida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish orqali yoshlarni ish bilan ta’minlashga erishish mumkin bo‘ladi.Komil insonni tarbiyalashda jismoniy jihatdan baquvvatlik bilan birga ma’naviy etuklik ham muhim hisoblanadi.
Prezidentimiz ta’kidlab o‘tganidek, “Faqat jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lgan odamni tarbiyalash unchalik qiyin emas. Ammo uni jismoniy, ham ma’naviy jihatdan kamol toptirish g‘oyat murakkab vazifa hisoblanadi.
Ayniqsa, bugungi kunda-mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinxona tus olgan hozirgi nozik, qaltis sharoitda tahlikali zamonda bu masala nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega”1. Albatta ushbu fikr o‘z vaqtida aytilgan bo‘lib, haqiqatdan ham yoshlarni jismoniy barkamolligi bilan bir qatorda ma’naviy sog‘lom, komil insonlar qilib tarbiyalash har doim dolzarb hisoblanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid siyosatning konstitutsiyaviy asoslari mamlakat yoshlarining huquq va erkinliklarini ta’minlab berishni ko‘zda tutadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda o‘tgan asrning 90 yillarining boshlarida 20 mln.dan ortiq O‘zbekiston aholisining qariyb 42,9 foizini mehnat yoshiga etmaganlar tashkil etgan. O‘tgan yigirma yil davomida mamlakatimiz aholisi 1,4 barobar ko‘paygan bo‘lishiga qaramasdan, mazkur ko‘rsatkich ham yuqori - 32,1 foizdan ortiqni tashkil etadi. Umuman, 30 yoshgacha bo‘lganlar, ya’ni yoshlar bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 64 foizdan ortig‘ini, aholining o‘rtacha yoshi esa, 26,9 yoshni tashkil etmoqda.2 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 1990 yil 20 iyunda tashkil etilgan konstitutsiyaviy komissiya oldiga Konstitutsiyada nafaqat hozirgi, balki kelajak avlod manfaatlarini ham ifoda ettirish eng muhim vazifalardan biri sifatida qo‘yilgan. Bundan tashqari, asosiy qonunimizning 40 - moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Mamlakatimizda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 100 foizi yiliga ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. O‘zbekiston 2011 yilda “Bolalarni asraylik” halqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan 161 mamlakatdan iborat reytingida o‘sib kelayotgan yosh avlod salomatligi haqida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatlar orasida 9 - o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonda yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini shakllantirish, ular o‘z huquq va erkinlarini anglab etishida huquqiy tarbiyaning o‘rni kattadir. Yoshlarni huquqiy tarbiyalash, jamiyatimizning ijtimoiy qadriyati sifatida unga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirish muhim vazifadir. Bu borada mamlakatimiz rahbari Islom Karimov ta’kidlab o‘tganidek, “Aholining huquqiy tarbiyasini tubdan yaxshilash, uning huquqiy madaniyat darajasini oshirish, huquqiy axborotning keng maydonini yaratib berish - huquqiy davlatning qaror topishida muhim yo‘nalishdir”2. Davlatimiz rahbari “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berar ekan, “Jamiyatning demokratiya yo‘lidan jadal rivojlanishi va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan odamlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyat darajasiga bog‘liq”3 ekanini alohida ta’kidlaydi. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan “2012-2015 yillarda umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, huquqbuzarlikni oldini olish, bu sohada o‘zaro axborot almashish tizimini takomillashtirish” bo‘yicha 2012 yil 17 yanvardagi qo‘shma qarori tasdiqlangani e’tiborga loyiqdir.Mamlakatmizda amalga oshirilib kelinayotgan demokratik islohotlar o‘zining yangi sifat bosqichiga qadam qo‘ygan hozirgi paytda, jamiyatimiz yoshlari manfaatlarini yanada kuchliroq darajaga chiqarishga qaratilgan maqsadlar ham belgilab olinmoqda.
Prezident Islom Karimov ta’kidlaganlaridek,“Unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimiz ota-bobolarimizning munosib vorislari bo‘lib voyaga etishi, XXI asr talablariga har tomonlama javob beradigan insonlar bo‘lib kamol topishi uchun biz bundan buyon ham kuch - g‘ayratimizni ayamaymiz, chunki takror aytaman, ertangi kun - yoshlar qo‘lida. Yoshlarni qo‘llab quvvatlash, ularga yanada ko‘proq ishonch bildirish lozim. Bu masalaga biryoqlama qaramaslik kerak. Davlatimiz, jamiyatimizning bu boradagi vazifasi - kelajak avlodni hayotda har bir odam, har bir yosh yigit - qiz duch keladigan murakkab sinovlarga har tomonlama tayyorlashdan iborat”.
Bundan tashqari, davlatning keng qamrovli islohotlar asosidagi siyosatini amalga oshirish jarayonida yoshlarning siyosiy ongi va madaniyatini shakllantirish masalasini ilmiy-nazariy jihatdan tahlil etishga ehtiyoj tug‘ilishi tabiiydir. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek: “...aholimizning aksariyat qismini tashkil etadigan yoshlarimizning hali-beri echilmagan muammolariga e’tiborimizni jalb etish, ularni hayotimizda haqiqatan ham hal qiluvchi kuchga aylantirish masalasi jamoatchiligimizning diqqat markazida turishi shart”2, deb ta’kidlagan. Chunki mamlakatimizda asosiy ijtimoiy demografik ahamiyat kasb etuvchi yoshlarni davlat siyosatining faol sub’ektiga aylantirish masalasi ustivor vazifa hisoblanadi. Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish har qanday davlat oldida turgan eng ustivor vazifalardan biridir. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda yoshlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasini shakllantirish zaruriyati har doim mavjud.
Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, “Hammamizga teran bir haqiqat ayon bo‘lishi kerak - biz yurtimizning ertangi rivoji yo‘lida qanday chuqur o‘ylangan dasturlarni tuzmaylik, bu rejalarni bajarish uchun qanday moddiy baza va imkoniyatlarni yaratmaylik, buning uchun qanday ko‘p sarmoya safarbar etmaylik, ularning barchasini amalga oshiradigan, ro‘yobga chiqaradigan qudratli bir omil borki, u ham bo‘lsa, yuqori malakali ishchi va yurtimizning ertangi kuni, taraqqiyoti uchun ma’suliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan etuk mutaxassis yoshlarimiz, desak, o‘ylaymanki, hech xato bo‘lmaydi”.
XXI asr - raqobat keskin tus olayotgan bir davrda yoshlarni har tomonlama bilimli, yuqori malakali kadrlar qilib etishtirishni taqozo qiladi. Raqobat asri to‘g‘risida davlatimiz rahbari aniq - ravshan ta’kidlagan edi, “Bunday sharoitda inson kapitaliga yo‘naltiriladigan investitsiya va qo‘yilmalarning o‘sishini, hozirgi zamonda demokratik taraqqiyot, modernizatsiya va yangilanish borasida belgilangan maqsadlarga erishishda eng muhim qadriyat va hal qiluvchi kuch bo‘lgan bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash vazifasini doimo o‘zining asosiy ustivor yo‘nalishlari qatoriga qo‘yadigan davlatgina o‘zini namoyon eta olishi mumkin”.
Xulosa qilib aytganda, yoshlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini ta’minlashga qaratilgan Prezident Islom Karimovning asarlari va chiqishlaridagi fundamental fikrlar O‘zbekiston yoshlarining kelajakda yuksak malakali, ma’naviy va ahloqiy etuk, o‘z Vatani uchun vijdonan xizmat qilishga qodir bo‘lgan fuqarolar sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasida yoshlar tashkilotlari faoliyatining huquqiy va moliyaviy asoslari Har bir mamlakatda kuchli fuqarolik jamiyati - mavjud jamoat birlashmalarining faol faoliyat olib borishi bilan rivojlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning ta’kidlashicha, “Jamiyatni demokratiyalash jarayoni siyosiy institutlar - partiyalar, nodavlat va jamoat tashkilotlari faoliyatini mustahkamlash va rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq”1. Albatta ushbu fikr hozirgi globallashuv sharoitida eng dolzarb va muhim vazifalardan biriga aylangan bo‘lib, yoshlar tashkilotlari faoliyatini huquqiy va moliyaviy jihatdan rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Yoshlar tashkiloti tushunchasi - yoshlarni jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi uchun sharoit va imkoniyatlar yaratish va ularning faolligini oshirishni maqsad qilib qo‘ygan tuzilma sifatida e’tirof etiladi. Shu bilan bir qatorda, “yoshlar harakati” tushunchasi esa yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida tuzilgan tashkilot sifatida namoyon bo‘ladi.Bundan tashqari, 1991 yil 20 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risidagi” qonunning 17-moddasida yoshlar jamg‘armalari faoliyatining asosiy mohiyati va yo‘nalishi belgilab qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ilmiy, texnikaviy, madaniy va boshqa ijodiy faoliyatni, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarning muammolarini hal etishga ko‘maklashuvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat - jamoat yoshlar jamg‘armalari tashkil etiladi2, deb belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, yoshlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar jamoat birlashmalari sifatida ishtirok etadilar. Shuningdek, yoshlar jamoat birlashmasining ustavi (nizomi, boshqa asosiy hujjati) da a’zo bo‘luvchining yoki qatnashchisining yoshi chegaralab qo‘yilgan (30 yoshgacha) bo‘lishi kerak. Yoshlar jamoat birlashmasidagi 30 yoshdan katta a’zolar (qatnashchilar) ko‘pi bilan yoshlar jamoat birlashmasiga kirganlar jami sonining 10 foizidan ortiq bo‘lmasligi kerak1. Yoshlarning jamoat birlashmalari yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha davlatning kompleks va aniq maqsadli dasturlarini ishlab chiqishida qatnashadilar.
Yoshlar tashkilotlari - O‘zbekiston Respublikasida yoshlarni qo‘llab- quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida nodavlat-notijorat tashkilotlar tuzilgan. Chunki Respublikamiz aholisining 64 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Shu sababli Respublikamizda yoshlarning faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston bolalar jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar tashkiloti, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Farzandim jigarbandim jamoat birlashmasi”, “Sen yolg‘iz emassan” respublika jamoat bolalar jamg‘armasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro hayriya jamg‘armasi, O‘zbekiston bolalar kutubxonalarini rivojlantirish va takomillashtirishga ko‘maklashuvchi xayriya jamg‘armalari tuzilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida yoshlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarni quyidagi guruhga ajratib ko‘rsatish mumkin.
1. Davlat g‘amho‘rligidagi nodavlat notijorat yoshlar tashkilotlari: - “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati; - “yoshlar muammolari” instituti, - “Bunyodkor” yoshlar tele klubi; - “Zakovat” yoshlar intelektual klubi; - “Etakchi” yoshlar markazi; - “yoshlar ijodiyoti” saroyi; - “Kamalak” tashkiloti.
2. Fond va jamg‘arma shaklidagi yoshlar tashkilotlari: - O‘zbekiston “Bolalar sportini rivojlantirish” jamg‘armasi; - O‘zbekiston sa’nati va madaniyati jamg‘armasi “Fond forum”; - “Sog‘lom avlod uchun hayriya” fondi; - “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armasi; - yosh iqtidorli olimlarni qo‘llab quvvatlovchi “Iste’dod” jamg‘armasi.
3. Siyosiy partiyalar tarkibiga kiruvchi yoshlar qanotlari. - O‘zbekiston “Adolat” SDP ning yoshlar qanoti; - O‘zbekiston “Xalq” demokratik partiyasining “Istiqbol” yoshlar qanoti; - O‘zbekiston Respublikasi Milliy tiklanish partiyasi “yoshlar qanoti”; -O‘zbekiston Respublikasi “Liberal demokratik partiyasi” yoshlar qanoti.
4. Kasaba uyushmalari tarkibidagi “yoshlar Kengashlari” - O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmasi Markaziy Kengashining “yoshlar kengashi”; - Viloyat, tuman, shaharlardagi hududiy organlar tarkibidagi “yoshlar Kengashlari”.
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan yoshlar tashkiloti “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining faoliyat tizimi o‘ziga xos yo‘nalishlarda belgilab qo‘yilgan.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatida yoshlar faoliyati tizimini quyidagicha izohlash mumkin:1 - Extiyoj;- Qiziqish; - Maqsad; - Mas’uliyat; - Faoliyat; - Milliy istiqlol g‘oyasi.
Ushbu harakatning o‘z vazifalari quyidagi ustivor yo‘nalishlar bilan belgilab olingan: - Ma’naviy-ma’rifiy; - Siyosiy-huquqiy; - Ijtimoiy-iqtisodiy; - Sport va jismoniy tarbiya.
O‘zbekiston Respublikasida yoshlar tashkilotlarining maqomi, yo‘nalishi, xarakterli xususiyatlari, shundan iboratki boshqa jamoat tashkilotlari kabi respublika maqomiga va mahalliy maqomga egaligi bilan farqlanadi. Respublika maqomidagilarga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan va butun O‘zbekiston hududida faoliyat ko‘rsatadigan tashkilotlar kiradi. Mahalliy maqomga ega tashkilotlar esa joylarda adliya boshqarmalari tomonidan hisob ro‘yxatiga olinadilar.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar tashkilotlarini tuzilishi jihatidan ikkinchi tasnifi bo‘yicha quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: - yoshlar harakatlari va guruhlariga mos bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik yirik tashkilotlar. Bunday guruh vakillarining asosiy maqsad va vazifalari bo‘lishi bilan birga faoliyatlarini keng ko‘lamda tashkil etgan holda, yoshlarning barcha muammolarini bartaraf etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. - yoshlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan markazlar, klublar, maslahatxonalar va boshqalar kiradi. Yosh olimlar assotsiatsiyasi, iqtisodiy ta’lim berishga asoslangan yoshlar yutuqlari, cheklangan imkoniyatlarga ega bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari, yoshlar axborot maslahatxonalari kabi tashkilotlar. - “yosh rahbarlar” klubi, “Fidoiy” yoshlar klubi, yosh olimlar ilmiy kengashlari va boshqalar. Ushbu yoshlar tashkilotlarining turkumlanishi yoshlar tashkilotlari tuzilishi, mazmuni va mohiyatini ochib berishda muhim rol o‘ynaydi. Yoshlar tashkiloti tushunchasiga aniqlik kiritadi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida mavjud siyosiy partiyalar tarkibida faoliyat olib borayotgan yoshlar qanotlarining yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda o‘z imkoniyatlarini etarli darajada ishga solmayotganini kuzatish mumkin. Lekin shunga qaramasdan partiya yoshlar qanotlari tomonidan yoshlar faolligini oshirishga qaratilgan loyihalar mavjud. Siyosiy partiyalar tarkibidagi yoshlar qanotlari mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama barkamol va jismoniy etuk inson qilib tarbiyalashda o‘ziga xos o‘ringa egadir. Bu borada yoshlar qanotlari tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar yoshlarga oid davlat siyosatining bir qismi sifatida e’tirof etish mumkin.
Shuningdek, bugungi kunda yoshlar qanotlari faoliyatida yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga karatilgan loyixalar va tadbirlar amalga oshirilgan.
Xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining “Istiqbol” yoshlar qanoti 2006 yilda tuzilgan bo‘lib, uning tarkibiga - 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan partiya a’zolari kiradi. 2012 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Xalq demokratik partiyasi a’zolari o‘rtasida 30 yoshgacha bo‘lganlar 31,2 foizni tashkil etgan. Ushbu partiya yoshlar qanoti tomonidan 2012 yil davomida amalga oshirilgan loyihalardan biri “yosh siyosatchi-2012” tanlovi bo‘lib, bu yoshlarni istiqlol g‘oyalariga sodiqligini shakllantirishga hamda yoshlarning huquqiy, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasining yoshlar qanoti tomonidan ham yoshlarni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan qator loyihalar va tadbirlar keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, “Ishbilarmon o‘quvchi” hamda “Diplom bilan - biznesga” loyihalari orqali yoshlar imtiyozli kreditlar olish evaziga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan yoshlar tashkilotlaridan “Kamolot” YOIH ham tuzilishi va faoliyat yo‘nalishi jihatidan alohida ajralib turadi. Harakatga uning dasturiy vazifa va maqsadlari hamda Nizom talablarini tan oladigan, ularni amalga oshirish yo‘lida faol harakat qiladigan, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi, halq farovonligi yo‘lida mexnat qilish va kurashishni o‘zi uchun hayotiy e’tiqod deb biladigan, o‘qishda, mehnatda, harbiy xizmatda, jamoatchilik ishlarida o‘rnak bo‘ladigan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qoida tariqasida, o‘n to‘rt yoshdan yigirma sakkiz yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari a’zo bo‘lishi qayd etildi. Xususan, “Kamolot” YOIH tuzilishiga ko‘ra, Markaziy kengash, viloyat, tuman va shahar bo‘limlaridan iborat bo‘lib, asosiy faoliyat yo‘nalishi yoshlarni har tomonlama barkamol, etuk shaxs bo‘lib etishishlariga ko‘maklashishdan iborat. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tizimi quyidagi jadvalda o‘z ifodasini topgan.
O‘zbekiston Respublikasining o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritishi yoshlarga oid davlat siyosati masalalarini demokratik tamoyillar asosida qayta anglashni hamda mazkur siyosat mezonlarini fuqarolik jamiyati talablariga muvofiq tarzda ko‘rib chiqishni taqozo qiladi. Prezident I.A.Karimovning “birinchilar qatorida yosh avlodimizning manfaatlarini ta’minlashni kuchaytirishga qaratilgan huquqiy bazani yanada mustahkamlash, amaldagi qonun hujjatlarini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishimiz zarur”ligini ta’kidlashi bejiz emas.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi1, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi2, O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi3 qonunlar yoshlarga oid huquqiy normalar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi bola huquqlariga oid normalari 1989 yil 20 noyabrda BMT Bosh assambleyasining 44-sessiyasida qabul qilingan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya mohiyatiga to‘liq mos keladi4. Mazkur Konvensiyani O‘zbekiston Respublikasi 1992 yil 9 dekabrda ratifikatsiya qilgan. Ushbu konvensiyaning maqsadlari uchun 18 yoshga to‘lmagan har bir yosh, agar bolaga nisbatan qo‘llaniladigan barcha hatti-harakatlarda, ular ijtimoiy ta’minot masalalari bilan shug‘ullanuvchi davlat yoki xususiy muassasalar, sudlar, ma’muriy yoki qonun chiqaruvchi organlar vakolatlari, bolaning manfaatlari yaxshiroq ta’minlashga birinchi darajali e’tibor beriladi.
Bundan tashqari, bolalar haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish yoki ularni himoya qilish uchun mas’ul hisoblangan organlar, muassasalar va xizmatlar vakolatli organlar tomonidan belgilab qo‘yilgan me’yorlarga, xususan, xavfsizlik va sog‘liqni saqlash sohasida va ulardagi xodimlarning soni va ishga yaroqliligi, shuningdek, vakolatli nazorat olib borishi nuqtai nazaridan belgilangan me’yorlarga javob berishlarini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi voyaga etmaganlar va yoshlar huquqlarini himoya qilishda oliy yuridik kuchga ega hujjat bo‘lib, unga asosan davlat fuqarolarning qonunlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklarini ta’minlaydi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida barcha fuqarolarga taa’luqli me’yorlardan tashqari, aynan yoshlarga tegishli bo‘lgan qoidalar ham mavjud. Jumladan,
- 41-moddada: “har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”;
- 45-moddada: “Voyaga etmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir”;
- 64-moddada: “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga etgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”;
- 66-modda: “Voyaga etgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota- onalari xaqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”;
-117-moddada: “O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar” kabi me’yorlar belgilab qo‘yilgan1.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari asosida qabul qilingan qator qonun hujjatlarini ikki guruhga ajratish mumkin.
Birinchi guruhga 1991-2002 yillarda qabul qilingan qonun hujjatlari. Mazkur davrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi (1991), “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida” gi (1992), “Ta’lim to‘g‘risida”gi (1992 yil, 1997 yil yangi tahrirda) “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” (1997) qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi 1991 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga, 1992 yilda Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyaga qo‘shildi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti I.A.Karimovning “Respublika yosh ijodlarini davlat tomonidan qo‘llab quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” (1992) “O‘zbekistonda ta’lim olayotgan yoshlarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (1993), “O‘zbekiston Respublikasining yosh mualliflariga eng yaxshi asarlari va ilmiy ishlari uchun Davlat mukofotini topshirish to‘g‘risida”(1993), “O‘zbekiston Respublikasi yoshlarining “Kamolot” jamg‘armasi to‘g‘risida” (1996), “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholini huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida” (1997), “Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashini qo‘llab - quvvatlash to‘g‘risida”gi (1999) farmonlari e’lon qilindi.
Ikkinchi guruhga 2001 yildan hozirga qadar qabul qilingan qonun hujjatlarini kiritish mumkin. Mazkur bosqichda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi (2008), “Voyaga etmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksiga qo‘shimcha kiritish haqida” (2009), “Voyaga etmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi (2010) qonunlar qabul qilindi. 2008 yilda “Ishga qabul qilish uchun kichik yosh to‘g‘risida”gi hamda “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini ta’qiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida”gi konvensiyalar ratifikatsiya qilindi. Voyaga etmagan va yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularni yanada kengroq qo‘llab quvvatlash maqsadida yosh iste’dodlar uchun “Nihol” mukofoti (2006), “Kelajak ovozi” respublika tanlovi (2006) ta’sis etildi, “Voyaga etmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (potranat) to‘g‘risida” gi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi (2007), “yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab - quvvatlashga doir qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon (2007) imzolandi, shuningdek, O‘zbekistonda bolalar farovonligini ta’minlash bo‘yicha harakat dasturi (2007), Bolalar musiqa va sa’nat maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va kodekslardan tashqari, bu sohada 22 qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 15 ta farmoni va 11 ta qarori, Vazirlar Maxkamasining 41 ta qarori, 32 ta idoraviy-me’yoriy hujjatlar mavjud ekanini ko‘rsatdi1. Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalariga asoslangan, yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini belgilab beruvchi normativ - huquqiy hujjatlar tizimi 150 dan ortiq qonun hujjatlaridan tashkil topganini e’tirof etish mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq, ya’ni, 1991 yilning 20 noyabrida sobiq Ittifoq respublikalari ichida birinchilardan bo‘lib, “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganini alohida qayd etib o‘tish joiz. Ushbu huquqiy hujjat bosh islohotchi bo‘lgan davlatning yoshlar masalasiga doir strategik yo‘nalishlarini izchil va tizimli ravishda bosqichma-bosqich amalga oshirish yo‘llarini belgilab berdi. Ushbu qonunda quyidagilar ustivor vazifa sifatida belgilab qo‘yildi:
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishni tashkiliy-moddiy jihatdan ta’minlash;
yoshlarga doir qonunchilikda va hukumat tomonidan belgilangan chora- tadbirlarni yangilanish va islohotlar jarayoniga mos ravishda bosqichma- bosqich amalga oshirish;
yoshlar siyosatini yurituvchi nodavlat tuzilmalari tarmog‘ini kengaytirish va takomillashtirish, ularning yoshlar tarbiyasidagi faoliyatini kuchaytirish;
mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, O‘zbekistonning buyuk kelajagini qurish yo‘lida yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini to‘laroq namoyon etishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
yoshlar muammolarini hal etishga ularning o‘zlarini ko‘proq jalb etish, ularda tashkilotchilik va tashabbuskorlik ko‘nikmalarini shakllantirish;
yoshlarni siyosiy, ijtimoiy, huquqiy va iqtisodiy jihatdan himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish.
1993 yil 4 mayda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ijodkor yoshlarni “Iste’dod” respublika jamg‘armasini tuzish haqida farmoni qabul qilindi. Ushbu jamg‘armaning tashkil etilishi yosh olimlarni o‘z imkoniyat va salohiyatlarini yanada yuqori darajalarga ko‘tarishga yordam berdi. 1997 yil 29 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining XI sessiyasida “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilindi, ushbu me’yoriy hujjatlarning yoshlar hayotidagi ijtimoiy foydaliligini inobatga olib, Prezident I.A.Karimov tomonidan juda katta ishonch va umid bilan “O‘zbekiston - kelajagi buyuk davlat” degan fikr aytildi va butun xalq bu ezgu fikrni qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston Respublikasi kadrlar tayyorlash milliy dasturida mamlakatimizda ta’lim islohotini o‘tkazishdan ko‘zda tutilgan maqsad, ta’limning vazifalari, dasturini ro‘yobga chiqarish bosqichlari, kadrlar tayyorlashning milliy modeli asoslab berildi.
Mazkur dasturning maqsadi - ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to‘la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida yuksak ma’naviy vaahloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratishdir1.
O‘zbekistonda zamonaviy ta’lim tizimini shakllantirish va yuksak malakali kadrlarni tayyorlash ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning asosiy omiliga aylandi. “Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga” asosan amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar dunyo xamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Agar bu islohotlar MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib amalga oshirilgani e’tiborga olinsa, ta’lim tizimida akademik litseylar va professional kollejlar joriy etilgani olamshumul ahamiyatga ega ekani ayon bo‘ladi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturining tamoyillaridan biri - “o‘quvchi yoshlarni Vatanga sadoqat, yuksak ahloq, ma’naviyat va ma’rifat, mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash”1 milliy siyosatning o‘zagiga aylandi. 2001 yil 30 mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston yoshlarining “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, 2002 yil 31 oktyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori, 2004 yil 4 martdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro hayriya jamg‘armasi faoliyatini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida qarori yoshlarni jismoniy barkamol bo‘lib etishishida asosiy rol o‘ynaydi.2004 yil 9 iyulda “2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori e’lon qilindi. Mazkur farmoyishda umumiy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish ko‘zda tutilgan bo‘lib, asosiy diqqat va e’tiborni ta’lim muassasalarining binolarini kapital rekonstruksiyalash, maktablarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, maktablarni o‘quv va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlash, ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan o‘quv standartlari va dasturlarini takomillashtirish, maktablarni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash masalalariga qaratish lozimligi alohida qayd etildi2. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, “Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi” yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning huquqiy asoslarini belgilash hamda har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashga xizmat qiladi. 2007 yil 23 noyabrda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 6-moddasida bola huquqlarini ta’minlashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirokiga oid norma kiritilgan. Ushbu normalarning kiritilishi yoshlar tashkilotlari vakolatlarini kengayishiga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, 2008 yilni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “yoshlar yili”, 2010 yil “Barkamol avlod yili”, 2012 yil “Mustahkam oila yili”, 2013 yil “Obod turmush yili” deb nomlanishi munosabati bilan Davlat dasturlarining qabul qilinishi esa yoshlarga oid davlat siyosati tamoyillarining joriy qilinishi va amalga oshirilishida muhim bosqich bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidentining “Respublika yosh ijodkorlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekistonda ta’lim olayotgan yoshlarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Iste’dod” respublika ijodiy yoshlar jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi, “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida”gi, “Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashini qo‘llab- quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonlari ham bevosita yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. 2008 yil 12 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi konvensiyani hamda “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini ta’qiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida”gi Vazirlar Maxkamasi qarori bolalar mehnati masalalari bo‘yicha vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning halqaro va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan. 2008 yil 10 oktyabrdagi “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasini qarori, 2008 yil 13 oktyabrdagi “Bolalarning sa’nat va madaniyat sohasidagi qobiliyat hamda iqtidorini barvaqt aniqlash, rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilotlarni rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi, 2001 yil 26 iyuldagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida”gi qarorlar yoshlarga oid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar sifatida e’tirof etiladi. 2010 yil 28 iyuldagi “Ta’lim muassasalari bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalbetish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, 2010 yil 12 avgustda “Voyaga etmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida yoshlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi har bir tashkilot o‘zining Nizom va Dasturlari asosida faoliyatini tashkil etadi. Jumladan, “Kamolot YOIH”ning dasturi qabul qilingan bo‘lib, 2012 yilda ushbu Dasturga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarga oid muammolarni bartaraf etishda yangicha yondashuv va usullardan foydalanish, samarali natijalarni qo‘lga kiritishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi hududida tadbirkorlikning vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishi miloddan avvalgi VI-V ming yilliklarda, ya’ni neolit va bronza davriga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, ajdodlarimiz o‘zlarining tadbirkorlik faoliyati bilan jahon sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shganlar.
Dunyodagi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda 20 kishidan iborat bo‘lgan kichik va o‘rta darajadagi xususiy korxonalarda mehnatga
Yaroqli aholining 40-55 foizi mehnat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida 30731 ta xususiylashtirilgan korxonalar mavjud bo‘lib, ularning 78,5 foiziga egalik qilgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorida iqtisodiyotda umumiy band bo‘lganlarning 74,3 foizi faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston aholisining har 1000 nafariga 15,2 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ekti to‘g‘ri kelmoqda1. O‘zbekiston Respublikasi aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, kichik biznes va hususiy tadbirkorlik sohasida aksariyat yoshlar (O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 26,9 yoshni tashkil etmoqda.) Shug‘ullanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida yoshlar tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi bir qator huquqiy va moliyaviy asoslar yaratilgan bo‘lib, ushbu asoslar ularning samarali ish yuritishini ta’minlab berishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Kamolot” yoihning moliyaviy manbalari quyidagilardan iborat: - mamlakatimizdagi va xorijiy xomiylardan tushadigan mablag‘lar; - Harakat va uning joylardagi bo‘limlari bilan shartnoma asosida ishlaydigan korxonalarning tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar; - yoshlar loyixalarini amalga oshirish uchun beriladigan maqsadli kreditlar; - matbuot nashrlaridan tushadigan mablag‘lar; - davlat tomonidan beriladigan ko‘mak mablag‘lar; - Harakat va uning bo‘limlari tomonidan qurilgan, sotib olingan yoki qonunda belgilangan tartibda ularga berilgan jamoat, ijtimoiy-maishiy va boshqa ob’ektlar, shuningdek, transport vositalari, xo‘jalik ashyolari va boshqa ko‘char hamda ko‘chmas mulk tashkilotning mulki hisoblanadi;
Shuningdek, ishlovchilar ro‘yxat tarkibining kamida 75 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etadigan quyidagi korxonalar: maktab o‘quvchilari, ilmiy-tadqiqot, innovatsiya va joriy etish ishlarini olib borish uchun yosh olimlar tomonidan tashkil etilgan korxonalar, shuningdek, yoshlar tashkilotlari tuzgan hamda ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan yoshlarga mo‘ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va xizmatlarni ko‘rsatuvchi korxonalar yoshlar korxonalari hisoblanadi2. Yoshlar korxonalari uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq: qarz olishda, investitsiyalarda, zarur ishlab chiqarish vositalari bilan ta’minlanishda, yer maydonlarini olishda, o‘zlarining tijorat tavakkallarini sug‘urtalashda imtiyozlar belgilandi. “Kamolot” YOIH tomonidan yoshlarni iqtisodiy faolligini oshirish, moddiy ehtiyojlarini qondirish, yoshlar o‘rtasida mulkdorlar sinfini shakllantirish muhim yo‘nalishlardan biridir. Harakat tomonidan yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishga yo‘naltirilgan loyihalarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida yurgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida “Kamolot” yoihning hududiy hamda mahalliy Kengashlari qoshida faoliyat yuritayotgan “yoshlar ijtimoiy xizmatlari” markazlari negizida 20 ta “yosh tadbirkor” konsultativ markazlari tashkil etilgan. Ushbu markazlarning asosiy maqsadi tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga davlat ro‘yxatidan o‘tishga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashish, tijorat banklaridan kredit olishda yordam berish, yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv-seminarlarini tashkil qilishdir.
Yosh tadbirkorlar manfaatlarini ximoya qilish, imtiyozli mikrokreditlar olishda ko‘maklashish, yaratilayotgan keng imkoniyatlar bilan ularni tanishtirish, uy mehnati va kasanachilikni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida 2008 yildan buyon “Mikrokreditbank” hamda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi hamkorligida “yosh tadbirkor-yurtga madadkor” loyihasi o‘tkazilib kelinmoqda. Harakat tomonidan loyiha doirasi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh tadbirkorlarga boshlang‘ich sarmoyani shakllantirish uchun eng kam oylik ish haqining 50 barobaridan 500 barobarigacha bo‘lgan miqdorda, 2 yilgacha bo‘lgan muddatga 3-6 foizli imtiyozli mikrokreditlar olishda amaliy yordam ko‘rsatiladi. Xususan, “Mikrokreditbank” tomonidan yosh tadbirkor va kollej bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan kreditlar miqdori yildan yilga oshib borgan. Jumladan, 2010 yilda 3,6 mlrd.so‘m, 2011 yilda 5,5 mlrd so‘m 2012 yilda 10,1 mlrd.so‘m. Miqdoridagi mikrokreditlar yosh tadbirkorlarga ajratilgan1. “Kamolot” YOIH tomonidan yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab- quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan hamkorlikda vaqtincha ishsiz yurgan yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida yoshlarni ishga joylashishlariga ko‘maklashadigan “Bo‘sh ish o‘rinlari” yarmarkalari tashkil etilgan.
Bugungi kunda “Kamolot” YOIH qoshida 4 ta yirik “yoshlar markazlari” va 96 ta “yoshlar ijtimoiy xizmat markazlari” faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu markazlarda tashkil etilgan 314 ta to‘garak va o‘quv kurslarida 2011 yilda 21 mingdan ziyod yoshlar bepul o‘qitilgan bo‘lsa, 2012 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 57 mingdan ziyod yoshlarni tashkil etdi.
Yoshlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishlarini e’tiborga olgan holda 2012 yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan seminar- treninglarda 700 ming nafardan ziyod yoshlar qatnashdi. Ularning biznes loyihalarini tayyorlashga ko‘maklashish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikdan xabardor qilish, davlat ro‘yxatidan o‘tish, ishlab chiqarish sohasidagi minitexnologiyalar, xom ashyolar izlab topish va olib kelish kabi 6156 ta murojaatlardan 4715 tasiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Kasb-hunar kollejlari va akademik litsey bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, yakka tartibdagi mehnat faoliyatini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, kasanachilikni rivojlantirish hamda mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida “Kamolot” YOIH O‘zbekiston savdo sanoat palatasi, “Mikrokreditbank” OATB, “Agrobank” OATB, “Asaka bank” OATB,
O‘zbekiston agrosanoat majmui kasaba uyushmasi Markaziy Kengashi hamkorligida yirik loyihalarni hayotga tatbiq etib kelmoqda.
Xususan, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarning 30 mingga yaqin bitiruvchisini qamrab olgan (2011 yili 22 ming, 36,4 foizga ko‘p). “Mening biznes g‘oyam” tanlovining yakuniy bosqichida 298 nafar bitiruvchiga tijorat banklari tomonidan 1,5 mlrd. So‘mga yaqin mikrokredit ajratish bo‘yicha tijorat banklariga tavsiyanomalar berilgan.
Harakatning ushbu yo‘nalishdagi yirik loyihalari bo‘lmish “yosh tadbirkor - yurtga madadkor”, “yosh tadbirkor - kelajakka poydevor” tanlovlarida 2008 yildan buyon 6 ming nafardan ziyod yosh tadbirkorlar ishtirok etdi. Ushbu tanlovlarda 7,5 mingga yaqin yoshlarga tijorat banklari tomonidan 28,8 mlrd. So‘m miqdorda mikrokreditlar olishda ko‘maklashildi.
Ushbu tadbirkorlik faoliyatining kengayishi natijasida 30 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Loyihalar davomida 165 nafar yosh tadbirkorlarning 105 mln. So‘m miqdordagi mikrokredit foizlari Harakat tomonidan to‘lab berilgan.
Yosh tadbirkorlar uchun mutaxassislar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar, banklarda kredit siyosatining asosiy talablari, kreditni qaytarish jadvali ustida ishlash, naqd pul oqimi jadvalini tuzish, korxonaning tashkiliy-huquqiy shakllari, o‘z ishini ro‘yxatdan o‘tkazish muammolari, biznes reja yozish talablari, buxgalteriya hisoboti asoslari, korxona faoliyatini moliyaviy tahlili mavzularida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Birgina 2012 yilning o‘tgan davri mobaynida 240 nafardan ziyod yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashda va rivojlantirishdagi turli masalalarda “Kamolot” YOIH tomonidan yordam ko‘rsatilgan.
Bugungi kunda Kamolot yoihning 16 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarining 4 mingdan ortig‘i mehnat jamoalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Harakatning mehnat jamoalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari nafaqat mamlakatimizda yoshlarga oid davlat
Siyosatini ijrosini ta’minlash, balki sohaga malakali kadrlarni keng jalb etish, ularni innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, mehnat bilan band bo‘lgan yoshlar orasidan ijtimoiy-siyosiy faol tabiiy etakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan kadrlarni izlab topish va tarbiyalash, ularning ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarini hayotga tatbiq qilish orqali fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilishdan iborat.
Shu bois ham, “Kamolot” YOIH tomonidan hozirda korxona, tashkilot va muassasalardagi boshlang‘ich tashkilotlarning ish samaradorligini yanada jonlantirish va takomillashtirishga qaratilgan o‘quv-seminarlar, tanlovlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yoshlarni qishloq ho‘jaligidagi tadbirkorlikga jalb qilish va qishloqlarning chekka hududlardagi yoshlarni ish bilan ta’minlash, shuningdek, aholini qishloq ho‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash va qishloq infratuzilmasini yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida 2009 yildan boshlab “yosh tadbirkor kamoloti-qishloq taraqqiyoti kafolati” tanlovi o‘tkaziladi. Ushbu loyihalar doirasida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh tadbirkorlarga eng kam ish haqining 500 barobari miqdorigacha sarmoyani shakllantirish va aylanma mablag‘larni rivojlantirish kreditlar ajratilishiga “Kamolot” YOIH tomonidan ko‘maklashib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni haqida.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida 2020-yil 30-iyundagi so’zlagan nutqida quyidagilarni PF ga ilova qilgan:
“Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
O‘zbekistonda 30-iyun — “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi. Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarimizni rag‘batlantirib borish maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi.
Yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash vazifalarini o‘z ichiga olgan beshta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yoshlarda zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali ularning bandligini ta’minlash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini samarali tashkil etish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, yosh avlodda mustahkam vatanparvarlik g‘oyasi hamda qat’iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish borasida qator muammolar saqlanib qolmoqda.
O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar sohasidagi muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-dekabrdagi mamlakat yoshlari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etish, ularni “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari!” g‘oyasi atrofida birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;
yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini amalga oshirishda faol ishtirok etish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik qilish;
yoshlarga oid dasturlar, loyihalar va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish uchun ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalarni taqsimlash, ulardan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlash;
tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini tashkil etish va bandligini ta’minlash;
iqtidorli yoshlarni yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga ta’lim olish uchun yuborish, xalqaro tanlovlarda ishtirok etishini ta’minlash, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash vazifalarini qamrab olgan beshta muhim tashabbusni keng joriy etishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish, ularning intellektual salohiyati va iste’dodini rivojlantirish;
yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, zamonaviy kasb-hunarlar, raqamli iqtisodiyot ko‘nikmalarini puxta egallashlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ularni ish bilan ta’minlash jarayonlariga ko‘maklashish;
yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar sohasidagi xalqaro reytinglarda mamlakatimiz mavqeyini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, xorijda ta’lim olayotgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish;
yoshlar faoliyati bilan bog‘liq sohalarga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yoshlarning innovatsion, amaliy va istiqbolli loyihalariga grant mablag‘lari ajratish;
o‘z iqtidori va salohiyatini kamol toptirish, kelajakda qiziqqan sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishi uchun yoshlarda o‘zini o‘zi rivojlantirish bo‘yicha kuchli motivatsiya uyg‘otish maqsadida keng yoshlar davrasida xalqaro miqyosda yuqori nufuzga ega notiqlar jalb qilingan holda motivatsion tadbirlar o‘tkazish;
hududlarda yoshlar bandligiga ko‘maklashish maqsadida quduqlar burg‘ulash (qazish), sug‘orish vositalari xarid qilish, yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun subsidiyalar ajratish;
yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarda hamda yosh tadbirkorlarning xalqaro forum va yarmarkalardagi ishtirokini ta’minlash, yoshlarning xalqaro mehnat bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish;
iqtidorli va jamoat ishlarida faol bo‘lgan yoshlarni (birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarning farzandlari) bepul yo‘llanmalar asosida oromgohlarga yuborish;
yoshlarni kelgusida tegishli sohada malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari, shu jumladan tadbirkorlikka o‘qitish uchun mamlakatimizda yuqori natijalarga erishgan soha mutaxassislarini jalb etgan holda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish;
bitiruvchilarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida barcha hududlardagi oliy ta’lim muassasalari bazasida biznes akseleratorlar tashkil etish;
O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish;
yoshlarni tadbirkorlik va ishbilarmonlikka qiziqtirish hamda ularga bunday faoliyatni yo‘lga qo‘yishning amaliy jihatlarini o‘rgatish maqsadida joylardagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tashkilotlariga biznes sayohatlar tashkil etish;
yoshlarni kasbga o‘rgatish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, brending, bank, sug‘urta, mehnat va boshqa sohalarda amaliy ko‘mak ko‘rsatish uchun konsalting xizmatlari xarajatlarini qoplash;
ko‘rgazmali savdo yarmarkalarini tashkil etish;
biznesni yo‘lga qo‘yishdan daromad olishgacha bo‘lgan masalalarni o‘rgatishga qaratilgan masofaviy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish va qo‘llanmalar yaratish;
iqtidorli yosh adib, rassom va hunarmandlar o‘rtasida ijodiy ko‘rik tanlovlar tashkil etish, yosh mualliflarning ijod namunalari, jumladan, birinchi kitoblarini nashr etish, san’at asarlarini yaratish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish.
Belgilansinki, Agentlik Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirishni to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalar taqsimlash orqali amalga oshiradi.
4. O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Dasturda belgilangan tadbirlar, shuningdek, Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘liq va sifatli amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli vazirlik idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
mazkur Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq hajmda va samarali amalga oshirilishini ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish;
Farmon ijrosining doimiy monitoringi va tahlilini olib borish hamda ularning natijalari yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot va asoslantirilgan takliflar kiritib borish.
5. Agentlik:
a) 2020-yilda tegishli sohalarga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida respublikaning tuman (shahar)laridagi mahallalarda beshta muhim tashabbusni amalga oshirish uchun quyidagi zaruriy choralarni ko‘rsin:
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda madaniyat markazlari va umumta’lim maktablarida yoshlarni madaniyat va san’atga jalb etish uchun to‘garaklar tashkil etish hamda ularni musiqa jihozlari bilan ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda umumta’lim maktablari va sport inshootlarida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini tag‘rib qilish maqsadida to‘garaklar tashkil etish va ularga sport anjomlari yetkazib berish;
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda yoshlarni qamrab olishga mo‘ljallangan “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, umumta’lim maktablarida axborot texnologiyalari yo‘nalishida to‘garaklar tashkil etish va kompyuter jihozlari bilan ta’minlash;
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda yoshlarni kitobxonlikka jalb etish va kutubxonalarga badiiy adabiyotlarni yetkazib berish;
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda tikuv va to‘qimachilik korxonalarida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida ularni kasb-hunarga o‘qitish;
b) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda hududlar kesimida ishsiz yoshlar ro‘yxatini shakllantirsin hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan manzilli, shu jumladan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirsin:
“Fidoyi yoshlar otryadlari”ni tuzish orqali ishsiz yoshlarni haq to‘lanadigan jamoat va mavsumiy ishlarga jalb etish;
“Yoshlar qurilish otryadlari”ni tashkil etish va oliy ta’lim muassasalari talabalarini yozgi ta’til vaqtida haq to‘lanadigan qurilish ishlariga jalb etish;
v) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda asosiy faoliyati quyidagilarga yo‘naltiriladigan ko‘ngilli yoshlardan iborat volontyorlik guruhlarini shakllantirsin:
qarovsiz va yolg‘iz keksalarga yordam ko‘rsatish, nogiron va imkoniyati cheklangan fuqarolarga ko‘maklashish;
tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan ishlash, ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish;
g) yoshlar hayotida uchrayotgan muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida tizimli ravishda sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazsin hamda yakuni bo‘yicha har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ular yuzasidan tahliliy hujjatlar kiritsin;
d) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda yuqori kasbiy salohiyatga ega, tashabbuskor va islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi yosh kadrlar zaxirasini shakllantirsin.
6. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5466-son Farmoni doirasidagi:
hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘zda tutilgan tadbirlarni “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish, ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya va subsidiyalar berish tartibi bekor qilinadi;
loyihalarni kreditlash bozor tamoyillari asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan yosh tadbirkorlar biznes loyihalari uchun ajratilgan summasi 2 milliard so‘mdan, foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya to‘lanadi.
7. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining:
Jamg‘armani 2021-yil 1-yanvardan mustaqil nodavlat notijorat tashkilot sifatida qayta tashkil etish;
2021-yil 1-yanvardan boshlab “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratilgan resurs mablag‘lari bo‘yicha tijorat banklarining Jamg‘arma oldidagi majburiyatlarini Davlat budjeti oldidagi majburiyatlar sifatida qayta rasmiylashtirish va har yili ushbu majburiyatlarning Davlat budjetiga qaytarilgan qismi hisobidan Agentlikning ustuvor dasturiy vazifalari amalga oshirilishini moliyalashtirish;
Jamg‘arma tomonidan uning va filiallari tuzilmasi, shtatlar birligini olingan daromadlaridan kelib chiqib mustaqil belgilash hamda Jamg‘armaning tuman (shahar) filiallarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin.
8. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sifatli va yuqori saviyada amalga oshirish uchun qo‘shimcha daromad manbaalarini belgilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida 2020-yilda Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlar uchun mablag‘lar ajratsin, 2021-yildan boshlab esa har yili zarur budjet mablag‘larini nazarda tutsin. Bunda, O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgunga qadar xarajatlarni moliyalashtirish 2020-yil uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin.
10. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmon ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov — hududlar, vazirlik, idora va tashkilotlar kesimida yoshlar siyosati samaradorligini baholab borish va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar belgilash, mamlakatning xalqaro reytinglardagi mavqeyini oshirish, yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini ta’minlash choralarini ko‘rsin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori — yoshlar orasidan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishni nazarda tutuvchi tashabbuskor, islohotlarni amalga oshirish va joylardagi muammolarni hal etishda faol ishtirok etuvchi, rahbarlik lavozimlariga munosib yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi “Vatan iftixorlari” institutsional tizimini joriy etsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari — yoshlar muammolarini o‘rganib, ularning hal etilishiga ko‘maklashsin, yosh avlodning iste’dodi va qobiliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish choralarini ko‘rsin, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har oyda kamida bir marotaba tegishli xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobot berib borsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.”
Xulosa
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘tgan yillar ichida O‘zbekiston Respublikasida yoshlar huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha huquqiy baza shakllantirilib, yoshlar tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi va ta’minlovchi iqtisodiy va huquqiy mexanizm yaratilgan. Umuman olganda, mamlakatimizda xalqimizga xos yuksak ma’naviy qadriyatlar va eng yaxshi an’analar ruhida kamol topayotgan, Vatanimiz taqdiri, uning kelajagi va ertangi kuniga mas’ullik tuyg‘usini teran anglaydigan, davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida hayotimizning barcha jabhalarini isloh qilish va yangilash bo‘yicha tobora jadallashib borayotgan ishlarga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida o‘qishda, ishda katta yutuqlarga erishishga intilayotgan barcha yigit-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘zbekistondagi yoshlar siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalariga o‘qishda va jamoat ishlarida yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar sazovor bo‘lmoqda. Shuningdek, bir qator maxsus stipendiyalar ta’sis etilgan. Yoshlar salohiyatini rivojlantirish borasidagi bunday g‘amxo‘rlik o‘z samaralarini berayotir. Bu, jumladan, har yili o‘tkaziladigan Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida yosh olimlar va talabalar tomonidan taqdim qilinayotgan istiqbolli yangiliklar soni tobora ortib borayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar va saytlar:
Www.muxlis.uz
Www.news.uzreport.uz sayti
Www.uza.uz
Www.Fikr.uz
Www.Uzedu.uz
https://lex.uz/ru sayti.
Do'stlaringiz bilan baham: |