Taqiqlovchi belgilarning vazifasi
Bu yo’l belgilari harakatga ma’lum bir cheklovlar kiritish, taqiqlash yoki ularni bekor qilish uchun qo’llaniladi.
Taqiqlovchi belgilarning o’rnatilishi
O’ngga va chapga burilishni yoki qayrilib olishni taqiqlaydigan yo’l belgilari yo’l qatnov qismlarining qaysi kesishmasi oldida o’rnatilsa, shu kesishmaga tatbiq etiladi.
Har bir belgining nomi, vazifasi va o’rnatilish tartibi
3.1. "Kirish taqiqlangan"
"Kirish taqiqlangan" belgisi qo’yilgan joyga transport vositalarining kirishi taqiqlanadi. Ya’ni, ushbu belgi bir tomonlama harakat tashkil qilingan yo’llarda qarama-qarshi harakatni bekor qiladi. 3.1. belgisi o’rnatilgan joylarga faqat belgilangan yo’nalishdagi jamoat transportlari – avtobus, trolleybus, tramvay va yo’nalishli taksilargina kirishi mumkin. Boshqa transport vositalari haydovchilari yo’lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo’ljallangan tomoniga yoki bo’lagiga kirib, avariya holatini yuzaga keltirsa, eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
3.2. "Harakatlanish taqiqlangan"
Bu belgi o’rnatilgan joylarda barcha turdagi transport vositalarining harakati taqiqlanadi. Bu yo’l belgisi transport vositalarining harakatini cheklash maqsadida, dam olish maskanlari, umumfoydalanadigan hovlilar va yo’lning zarur bo’lgan boshqa qismlari oldida o’rnatiladi.
Ushbu belgining belgilangan yo’nalishli jamoat transport vositalari, ya’ni avtobus, trolleybus, tramvay va yo’nalishli taksilar, nogironlar boshqaradigan motokolyaska, shu hududdagi korxonalarga xizmat ko’rsatuvchi transport vositalari, yengil va yuk taksilari, shuningdek, belgi ta’siri oralig’ida yashovchilarning transport vositalariga daxli yo’q. Ushbu transport vositalari belgilangan joyga yaqin chorrahadan kirib yoki chiqib ketishlari kerak. Yo’l belgisi talabiga bo’ysunmagan haydovchilar eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
3.3. "mexanik transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan"
Barcha turdagi mexanik transport vositalarining harakatlanishini taqiqlovchi bu belgi yashil hududlar, istirohat bog’lari kabi maskanlarning ekologiyasini asrash maqsadida o’rnatiladi. Lekin bu belgining ot-arava, velosiped, moped va belgilangan yo’nalishli jamoat transport vositalari, shuningdek nogironlar boshqaradigan motokolyaska, shu hududdagi korxonalarga xizmat ko’rsatuvchi transport vositalari, yengil va yuk taksilari, shuningdek, belgi ta’siri oralig’ida yashovchilarning transport vositalariga daxli yo’q. Ushbu transport vositalari belgilangan joyga yaqin chorrahadan kirib yoki chiqib ketishlari kerak. Yo’l belgisi talabiga bo’ysunmagan haydovchilar eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |