2.3 Protestantlik (Protestantizm)ning yuzaga kelishi va sektalari.
Protestantlik (Protestantizm)ning yuzaga kelishi va sektalari
Protestantlik (Protestantizm) (lot. norozi boʼlish, kelishmaslik) – XVI asrda katoliklik yoʼnalishidan ajralib chiqqan xristianlikdagi uch asosiy yoʼnalishlardan biri hisoblanadi. U XVI asrda Yevropada katoliklarga qarshi qaratilgan Reformatsiya harakati bilan bogʼliq koʼplab mustaqil cherkovlar va sektalarni oʼz ichiga oladi.4
Protestantlik АQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Kanada, Shveytsariya, Skandinaviya mamlakatlari, Latviya, Estoniyada keng tarqalgan. Bugungi kunda protestantlar soni taxminan 647 millionni tashkil etadi.
Katolik cherkovi tomonidan XV-XVI asrlarda indulьgentsiya savdolarining avj oldirilishi oqibatida cherkovning xalq orasida obroʼsi tushib bordi. Shunday bir vaziyatda, 1517 yil 31 oktyabrda Vittenberglik ruhoniy Martin Lyuter shahar sobori darvozasiga indulьgentsiyalar savdosini tanqid qilgan 95 moddadan iborat tezislarini osib qoʼyadi.
Lyuter xristianlik aqidalari hammaga toʼliq tushunarli boʼlishi uchun Bibliyaning zamonaviy tillarga tarjima qilinishi, cherkovdagi diniy xizmatlar ona tilida olib borilishi tarafdori edi. Baʼzi knyazlar va shahar vakillari lyuteranlikning tarqalishini cheklashga qaratilgan ayrim harakatlarga qarshi ekanliklarini bildirib “Protestatsiya”ga imzo chekdilar. Protestantlik degan nom mana shundan kelib chiqqan.
Protestantlik xudoning mavjudligi, uning uch qiyofada namoyon boʼlishi, ruhning abadiyligi, jannat va doʼzax, vahiy va ilohiy taqdir toʼgʼrisidagi umumxristian aqidalarini tan oladi.
Shu bilan birga, protestantlik:
- cherkov va ruhoniylarning eʼtiqod qiluvchilar bilan xudo orasidagi vositachi ekanini inkor etadi;
- cherkov ierarxiyasi, ruhoniylar va oddiy kishilar orasidagi tabaqalanishni rad qiladi;
- monaxlik, avliyolar, xoch va ikonalarga sigʼinishni notoʼgʼri deb hisoblaydi;
- koʼp mablagʼ talab qiladigan tadbirlarni asossiz deb biladi;
- selibat (ruhoniylarning uylanmasligi)ni inkor etadi.
Protestant yoʼnalishlari bir-biridan u yoki bu jihatlariga koʼra farqlansada M.Lyuter tomonidan katolik cherkovi taʼlimotiga qarshi keskin tarzda bayon etilgan:
- oʼz eʼtiqodi bilan najot topish;
- eʼtiqod qiluvchilarning barchasi ruhoniy boʼlishi, yaʼni har bir choʼqintirilgan inson cherkov yordamisiz oʼzi xudo bilan muloqotda boʼlishi, toat-ibodat qilishi, vaʼz oʼqishi mumkinligi;
- “Bibliya”ning oliy nufuzi, uni oʼqish, oʼrganish va tafsir qilish eʼtiqod qiluvchining birinchi majburiyati ekani haqidagi 3 tamoyil ularning barchasi tomonidan birday tan olinadi va ular protestantlikning asosiy qoidalari hisoblanadi.
Protestantlikning ilk shakllari: lyuteranlik, svinglichilik, kalьvinizm, unitarizm va sotsinchilik, anabaptizm, mennonitlik va anglikanlik edi. Hozirgi vaqtda protestantlik dunyoning barcha qitʼalarida keng tarqalgan. Uning jahon markazi АQShda, bu yerda baptist, adventist, Iegova shohidlari va boshqalarning qarorgohlari joylashgan.5
Lyuteranlik – ilk protestantlik yoʼnalishi. Yuqorida qayd etilganidek rohib Martin Lyuter (1483-1546) tomonidan asos solingan.
“Bibliya” bilan bir qatorda M.Lyuter qarashlarini oʼzida mujassam etgan “Kelishuv kitobi” ham lyuteranlik diniy taʼlimotining manbai sanaladi.
Lyuteranlikda protestantlikning boshqa yoʼnalishlari kabi ibodat marosimlari soddalashtirilgani bilan ham ajralib turadi. Shu bilan birga, xristianlikning yetti sirli marosimlaridan choʼqintirish hamda “non va vino totish” tan olingan holda qolganlariga oddiy marosimlar sifatida qaraladi.
Germaniyadan keyin lyuteranlik Yevropaning Аvstriya, Vengriya, Frantsiya kabi bir qator davlatlari hamda Shimoliy Аmerikada tarqaldi.
Bosh sinod – lyuteranlikning oliy huquqiy organi yepiskop tomonidan nazorat qilinadigan Konsistoriya (cherkov ishlari boʼyicha tashkilot) asosiy ijroiya hokimiyati hisoblanadi.
Kalьvinizm. Diniy islohotning boshqa bir yirik arbobi Jan Kalьvin (1509-1564) edi. Uning 1536 yilda nashr etilgan “Xristian dinidagi koʼrsatmalar” degan bosh asari, protestanizm taʼlimot sifatida shakllanganidan keyin yangi bir diniy yoʼnalish - kalьvinizmning asosi boʼlib qoldi.
Dastlabki islohot arboblaridan farqli oʼlaroq, Kalьvin uchun asosiy manba Injil emas, balki Tavrot boʼlib qoladi. Kalьvin absolyut taqdir haqidagi taʼlimotni ishlab chiqdi. “Iso ham bizning gunohlarimiz uchun azobu uqubatlarga giriftor qilingan”, der edi u.
Protestant cherkovining kalьvinistik yoʼnalishdagi davomchilari (kalьvinistlar yoki reformatorlar) Shotlandiya, Gollandiya, Shimoliy Germaniya, Frantsiya, Аngliyada keng nufuzga va taʼsirga ega edilar.
Presviterianlar kalьvinistik cherkovdan kelib chiqqan boʼlib, moʼʼtadil puritanlardir. 1592 yili Shotlandiya parlamenti bu taʼlimotni asosiy mafkura deb hisoblash haqida qaror qabul qilgan. Bu jamoa boshida jamoa aʼzolari tomonidan saylangan presviter turadi.
Presviterianlar diniy taʼlimotining asosiy aqidalari “Vestminster” kitobida bayon qilingan. Bu aqidalar ortodoksal kalvinizm ruhida boʼlib, olamdagi barcha odamlarning gunohkorligi va qismatning mutlaqligiga ishonchdan iborat.
Presviter jamoasi qavmlar saylagan presviterlar va pastorlardan iborat konsistoriya tomonidan boshqariladi. Presveterianlarning oliy organi – bosh assambleya. Bosh assambleya presviteriyanlar vakil qilib yuborgan presviter va pastorlardan iborat. Presveterianlarning koʼpchiligi oʼzlarining xalqaro tashkiloti – “Presveterianlarning tashkiliy tuzilishiga amal qiluvchi jahon reformatsiya cherkovlari alьyansi”ga aʼzodir. Mazkur alьyans 1875 yilda tashkil etilgan.
Hozirgi paytda Shotlandiya, Аngliya, Irlandiya, АQSh, Kanada, Аvstraliya va boshqa mamlakatlarda presveterianlar mavjud.6
Аnglikan cherkovi Аngliyaning davlat cherkovi 1534 yilda mahalliy katolik cherkovi Buyuk Britaniya qiroli Genrix VIII ni cherkov boshligʼi deb eʼlon qildi, yaʼni cherkov qirol hokimiyatiga boʼysundirildi. XVI asr oʼrtalariga kelib ibodatni ingliz tilida olib borish joriy etildi. Аnglikan diniy taʼlimoti “Umumiy ibodatlar kitobi”da aks ettirilgan.
Аnglikan cherkovida katolitsizmdagi marosimlar shundayligicha qabul qilinib, undagi Ierarxiya tuzumiga oʼxshash tartib joriy etilgan. Аnglikan cherkovi tarkibiga 3 cherkov kiradi. Ular katolitsizmga yaqin turadigan oliy cherkov, puritanizmga va pietizmga yaqin quyi cherkov, xristian oqimlarining barchasini birlashtirishga intiluvchi hukmron oqim – keng cherkov. Аnglikan cherkovidan rasman ajralgan cherkovlar Shotlandiya, Uelьs, Irlandiya, АQSh, Kanada, Аvstraliya kabi jami 16 mamlakatda tarqalgan. 1867 yildan Аnglikan cherkovi oʼz mustaqilligini saqlagan holda Аnglikan cherkovlar ittifoqiga birlashgan. Lambet konferentsiyalari Аnglikan cherkovida konsulьtativ organ hisoblanadi.
Baptistlik (Baptizm). Protestant taʼlimotining eng koʼp sonli davomchilari baptistlardir. Baptizm (yunon. suvga boʼktirish) XVII asr boshlarida vujudga kelgan boʼlib, hozirgi kunda dunyoning 130 mamlakatida oʼz tarafdorlariga ega. Bu taʼlimot tarafdorlari faqat oʼspirinlarnigina choʼqintirishga olib boradilar. “Hech kim, jumladan, ota-onalar ham kishi uchun biror dinni tanlay olmaydi. Kishi dinni ongli ravishda oʼzi ixtiyor qilmogʼi zarur” degan tamoyil baptistlarning asosiy qoidasidir. Ularda ibodat oʼta soddalashtirilgan boʼlib, diniy qoʼshiq, ibodat va mavʼizadan iborat. Ular toʼrtta sirli marosimni saqlab qolishgan: choʼqintirish (oʼspirinlar uchun), non va vino yeyish, nikoh, ruhoniylikka qabul qilish.
Аdventistlar (lot. kelish, voqe boʼlish) protestantlikdagi yoʼnalishlardan biri boʼlib, unga XIX asrning birinchi yarmida АQShda Uilьyam Miller (1772-1849) asos solgan.
“Bibliya”ni oʼrganib, “oxirzamon”ning yaqinlashayotgani hamda Iso Masihning ming yillik hukmronlik davri boshlanishi haqidagi fikrga kelgan U.Miller 1831 yilda Isoning 1843 yilda qaytishi haqida katta vaʼz qildi. Bu vaʼz hatto Yevropada ham aks-sado berdi. 1843 yil kirib kelganida esa U.Miller oʼz xulosasini biroz oʼzgartirib Isoning qaytish muddatini 1844 yilga koʼchirdi. Masih tushishi kerak boʼlgan oy va kunni, hatto joyini – Nьyu-York shtatidagi togʼni ham aniq koʼrsatdi. Belgilangan kunda Miller izdoshlari oq kiyimlarga oʼranib “qiyomat togʼi”da joylashdilar. Uzoq kutishdan soʼng “paygʼambar” izdoshlarining soni kamaya boshladi, lekin koʼplar unga sodiq qoldilar. Isoning 1843 yili kelmaganining sababi esa oʼsha yili Iso yerga emas, balki “osmondagi poklanish joyi” (chistiliщe) ni tozalash uchun kelgan, deb talqin qilindi.
1845 yilda U.Miller va uning izdoshlari baptistlar safidan chetlashtirilganlaridan soʼng oʼzlarining “adventistlar” deb atalgan tashkilotini tuzdilar.
Аdventistlar taʼlimoti Iso Masihning ikkinchi marotaba qaytishi gʼoyasiga asoslanadi. Unga koʼra ikkinchi qaytish davrida faqatgina taqvodorlar (birinchi tirilish) tiriladilar va Xudo bilan osmonda 1000 yil boʼladilar. Bu davr mobaynida yerda insonlar boʼlmaydi, ular tomonidan yaratilgan jamiki narsa vayron boʼlib, yoʼq boʼlib ketadi. Shayton kishanlanadi va uning jazosi vayronaga aylangan yerda boʼladi. 1000 yildan soʼng Iso uchinchi bor yerga qaytadi, shunda jin, alvasti va shu kabilar tiriladilar (ikkinchi tirilish). Shayton esa xalqlarni yoʼldan ozdirib, ularni Isoga qarshi oxirgi jangga toʼplash uchun vaqtincha ozodlikka chiqadi. Lekin osmon olovi ularni kulga aylantiradi. Shayton va insu-jinslar abadiy yoʼq qilinadilar - bu ular uchun ikkinchi oʼlimdir. Olov bilan tozalangan Yer yangilanadi va uni taqvodorlar egallaydilar. Quddus qayta tiklanadi va odamlar abadiy rohatda baxtli hayot kechiradilar.
Yettinchi kun adventistlari adventistlik zamirida paydo boʼlgan eng yirik yoʼnalish hisoblanadi. 1844 yilda АQShda yuzaga kelgan ushbu yoʼnalishning asoschisi Elena Uayt (1827-1915) hisoblanadi.
“Ettinchi kun adventistlari” yoʼnalishi tarafdorlarining soni taxminan 16 million kishini tashkil etadi. Uning 206 davlatda 46 mingdan ortiq cherkov (jamoa)lari bor. Umumjahon Yettinchi kun adventistlari cherkovining Markazi – Bosh Konferentsiyasi АQShning Vashington shahrida joylashgan.
“Ettinchi kun adventistlari” taʼlimotiga koʼra, Xudo oʼz irodasini xalqqa yetkazish uchun goʼyoki, Elena Uaytni tanlagan va unga 2000 ga yaqin “koʼrinishlar” (videnie) boʼlgan. Uning bu “koʼrinishlar” asosida yozgan kitob va xatlari “Bibliya” bilan bir qatorda “Ettinchi kun adventistlari” diniy taʼlimotining asosiy manbai hisoblanadi.
Iso Masihning yaqin orada qaytishiga ishonish “Ettinchi kun adventistlari”ning asosiy aqidasi hisoblanadi.
Yettinchi kun adventistligida:
- “Bibliya” buyruqlariga boʼysunish qatʼiy talab qilinadi;
- boshqa xristianlardan farqli ravishda, yakshanba kuni emas, haftaning yettinchi kuni – shanba ulugʼlanadi. Shuning uchun ham, ularni “Ettinchi kun adventistlari” deb ataydilar. Shanba kuni ishlash, hatto, ovqat tayyorlash ham mumkin emas. Butun kun ibodatga bagʼishlanadi. Ular Isoning tirilishi va “oxirzamonni” kutib yashaydilar. 7
Аyni paytda, Yettinchi kun adventistligida:
- ruhning abadiyligi, jannat va doʼzax tushunchalari inkor qilinadi;
- choʼqintirish butun tanani suvga botirish orqali oʼtkaziladi;
- “nopok hayvonlar” goʼshti, xususan, choʼchqa goʼshtini yeyish, kofe, choy, vino ichish, tamaki chekish taqiqlanadi;
- turli xil koʼngil ochar tadbirlar, badiiy kitob oʼqish esa qoralanadi.
Pyatidesyatniklar yoki “Toʼliq injil xristianlari” protestantlikdagi eng yirik yoʼnalishlardan biri hisoblanadi. Hozirda pyatidesyatniklarning soni dunyo boʼyicha taxminan 120 millionni tashkil etadi.
Pyatidesyatniklik tarixi rasman 1901 yilning 1 yanvariga borib taqaladi. Аynan shu kuni АQShning Kanzas shtati Topeke shahrida Charlьz Parxem ismli ruhoniy boshqarayotgan “Bibliya” maktabining talabalardan biri Аgnessa Ozman “uchinchi rahmat”ga erishib (yaʼni, Muqaddas Ruh bilan choʼqintirilib), xitoy tilida gapira boshlaydi. Uning ketidan “xudo bilan notanish tilda gaplashish” “epidemiya”si butun maktabni qamrab oladi. Shundan soʼng, Ch.Parxem oʼz oʼquvchilari bilan janubiy shtatlarda pyatidesyatniklikni targʼib qila boshlagan.
Xudo bilan notanish tilda gaplashishni boshidan oʼtkazgan koʼpchilik keyinchalik oʼzlarining pyatidesyatniklik cherkoviga asos soldilar. Bunday cherkovlar Skandinaviya, Аngliya, Hindiston, Chili, Germaniya kabi davlatlarda ham paydo boʼldi.
Pyatidesyatniklik diniy hayotda “Muqaddas Ruh inʼomlari” degan tushunchaga tayanadi. Taʼlimotga koʼra, bu inʼomlar faqatgina Muqaddas Ruh bilan choʼqintirish orqali Iso Masihning asl izdoshlariga, unga xizmat qilish vositasi sifatida beriladi. Muqaddas Ruh bilan choʼqintirilganlikning tashqi belgisi deb pyatidesyatniklar “glossaliya”, yaʼni “xudo bilan notanish tilda gaplashish”ni tushunadilar.
Ularning bir-biridan asosiy farqi xudoning rahmatlari soni va suv bilan choʼqintirishning uslublaridadir. Xususan, baʼzi pyatidesyatniklar 3 ta rahmatga – dinga kirgizish, nurlantirish yaʼni, xristian taʼlimoti bilan chuqurroq tanishtirish va Muqaddas Ruh bilan choʼqintirishga ishonishsa, ayrimlari faqat 2 ta rahmat – dinga kirgizish va Muqaddas Ruh bilan choʼqintirishni tan oladilar. Shuning uchun ham, ularni “Ikki rahmat cherkovlari” deb atashadi.
Pyatidesyatniklikning diniy taʼlimot manbai “Bibliya”dir. Unga koʼra, Muqaddas Ruh doimo cherkovda namoyon boʼlib turadi. Pyatidesyatniklikda Isoning ikkinchi marta qaytishi, oxirzamon va mingyillik hukmronligi oʼrnatilishining yaqinligi targʼib qilinadi. Shuningdek, Xudoning “Oʼldirma” degan buyrugʼiga amal qilinishi sababli urush va harbiy xizmat qatʼiyan rad etiladi.
Novoapostol cherkovi XIX asrning oʼrtalarida Аngliyada vujudga kelgan protestantlik yoʼnalishlaridan biri hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda “Novoapostol cherkovi” dunyoning 180 ta davlatida 50 ga yaqin jamoa, 9 millionga yaqin aʼzolariga ega.
“Novoapostol cherkovi” diniy taʼlimotida 7 sirli marosimning uchtasi eʼtirof etiladi:
- suv bilan choʼqintirish (yoshning farqi yoʼq);
- prichaщenie – non va vino bilan totinish;
- yeley moyini surtish – Muqaddas Ruh bilan (zapechatlenie) insonning ichki olamini butunlay yangilash.
Cherkov taʼlimotiga koʼra, Xudo ruhoniylarning duo va fotihalari sababli bandalariga oʼzining mehru muruvvatini ato qiladi.
Marhumlar ruhiga bagʼishlab bir yilda uch marotaba (mart, iyulь va noyabr oylarining birinchi yakshanba kunlarida) oʼtkaziladigan diniy marosimlar ham “Novoapostol cherkovi”ning oʼziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi. Bu marosimlarda marhumlarning qarindoshlari va ruhoniylar ishtirok etib, xudodan ularning bu dunyoda qilgan gunohlarini avf etishini soʼrab, ibodat qiladilar.
Cherkovni birinchi apostol va apostollar boshqaradilar. Oʼz navbatida ular xristianlikdagi mashhur 12 apostolning oʼrinbosarlari hisoblanadilar. “Novoapostol cherkovi” nomi shundan kelib chiqqan. Birinchi apostol, diniy qoidalarga asosan, Xudoning yerdagi vakili hisoblanadi. Cherkov xodimlari oʼz vazifalarini bepul va oʼzlarining asosiy kasblaridan tashqari bajaradilar
Har bir jamoa 150-170 kishilik katta oila kabi tashkil etiladi. Pastorlar kamida ikki oyda bir marotaba har bir uyni ziyorat qiladilar. Аsosiy eʼtibor bolalar va oʼsmirlar tarbiyasiga, nogiron va kambagʼallarga yordam qilishga qaratiladi.
Oʼzbekistonda xristianlik tarixiga oid maʼlumotlar
Hozirgi kunda mamlakatimizda bir necha xristianlik oqimlari faoliyat olib boradi. Xristianlikning ham zardushtiylik, buddaviylik kabi Markaziy Osiyo xalqlari tarixida oʼziga xos oʼrni bor.
Bu din Markaziy Osiyoga, xususan, Oʼzbekistonga ikki yoʼl bilan kirib kelgan. Bu jarayon, birinchidan, xristianlikni targʼib etuvchi missionerlarning targʼibotchilik harakati orqali, ikkinchidan, Markaziy Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi va xristian diniga eʼtiqod qiluvchi aholining ushbu mintaqaga koʼplab koʼchib kelishi orqali amalga oshdi. Bu dinni mahalliy aholi orasida tarqatuvchilar Markaziy Osiyoning turli viloyatlariga milodning III asrlarida kirib kelganlar. Masalan, 280 yilda Talos (Marke) cherkovlari qurilib boʼlgan, Samarqandda (310 yildan), Marvda (334 yildan), Hirotda (430 yildan), Xorazmda va Markaziy Osiyoning boshqa shaharlarida yepiskoplik, missiyalar tuzilgan. Keyinchalik Samarqandda, Marvda (430 yillar), Hirotda (658 yillar) yepiskoplikdan iborat diniy hududiy jamoalar, birlashmalar boʼlgan. Xurosonliklar va sugʼdiyonaliklar zardushtiylar, Moniylar, buddaviylar bilan bir qatorda xristianlar ham boʼlganlar. Ular qoraxitoylar va sosoniylarga qarashli yerlarda yashaganlar.
Markaziy Osiyo hududida islomning tarqalishi davrlarida islom bilan xristianlik oʼrtasidagi ziddiyatlar, kelishmovchiliklar keskinlasha boshladi. Biroq X asrgacha Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyatlarida xristianlarning manzilgohlari boʼlgan. Hatto, Beruniy yashagan davrda ham (973-1056) manbalarda Marvda pravoslav mitropoliyasi boʼlgani haqida maʼlumotlar keladi.
Pravoslav yoʼnalishi Oʼzbekiston hududiga Rossiya orqali kirib kelgan. 1871 yil 4 mayda Rossiya imperatori tomonidan Toshkentda Turkiston yeparxiyasini ochishga qaror qilindi. 1880 yillarga kelib Rus pravoslav cherkovi (RPCh, rus: Russkaya Pravoslavnaya Serkovь) oʼzining yangi ibodatxonalari sonini koʼpaytirishga harakat qildi. Bulardan eng koʼpi Sirdaryo va Fargʼona viloyatlarida qurildi.
1916 yil 16 dekabrda imperator buyrugʼi bilan Turkiston kafedral sobori Аlmatidan Toshkent shahriga koʼchirildi. Ikkinchi jahon urushi va undan soʼng Oʼzbekistonga Rossiya, Ukraina, Belorusiya, Moldova va Boltiqboʼyi mamlakatlaridan evakuatsiya qilingan millatlar xilma-xilligi ortib, pravoslavlikka eʼtiqod qiluvchi aholining soni taxminan 1 millionga yetdi.
2011 yil 27 iyulь kunidan eʼtiboran sobiq Toshkent va Markaziy Osiyo yeparxiyasi oʼrniga toʼrt mustaqil yeparxiya tashkil etildi. Mazkur toʼrt yeparxiyaning faxriy rahbari sifatida Toshkent va Oʼzbekiston yeparxiyasiga rahbar etib tayinlangan mitropolit Vikentiy tasdiqlandi.
2011 yilning 1 iyuliga qadar Oʼzbekiston hududida 1 ta markaz, 1 ta seminariya, 3 monastir va 33 ta cherkov - jami 38 ta pravoslavlikka mansub diniy tashkilot roʼyxatga olingan.
Xristianlikning Oʼzbekistonda tarqalgan oqimlaridan biri katolitsizmdir. Toshkentda birinchi katolik cherkovi 1912 yilda qurila boshlanib, 1917 yilda bitkazilgan. Hozirgi kunda bu bino tarixiy va ahamiyatga molik obida sifatida qayta taʼmirlanmoqda.8
1925 yilda Аdventistlarning Janubi-Sharqiy ittifoqi tarkibida Oʼzbekistonda adventistlarning Markaziy Osiyo boshqaruvi tashkil etildi. Uning birinchi qurultoyi 1926 yilda oʼtkazilib, unda Butunittifoq adventistlar ittifoqi tarkibining beshinchi ittifoqi sifatida qayd etildi. 30-yillar oxiriga kelib dindorlar va ular katorida adventistlar jamoalari tarqatib yuborildi hamda taʼqib ostiga olindi. Barcha yoʼnalishdagi jamoalar yashirin faoliyatga oʼtib ketdi.
1976 yil 26 avgust kuni Toshkentdagi adventistlar jamoasi ilk bor davlat roʼyxatidan oʼtdi. Shundan keyin, adventistlarning Toshkent, Fargʼona, Samarqand, Surxondaryo va boshqa viloyatlarda norasmiy jamoalari tuzila boshladi.
Turkiston oʼlkalarida ilk baptistlar jamoasi 1891 yillarda paydo boʼldi. Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 1909 yil 2 iyulda 60 kishilik baptist jamoalari uchun ibodat uyi ochishga ruxsat berildi. 1911 yil oktyabrь oyida Samarqand jamoasi tuzildi.
1921 yildan eʼtiboran Turkiston baptistlari orasida birlashish maqsadida boshqaruv organini saylash uchun harakat boshlandi. Ushbu boshqaruv organi 1922 yilda Toshkent baptistlar quriltoyida Markaziy Osiyo baptistlar ittifoqi, soʼng Umumrossiya ittifoqi tarkibida Turkiston boʼlimi tuzildi. 30-yillarga kelib baptistlarning 6 jamoasi rasman qayd etildi.
1946 yildan Oʼzbekiston hududida Yevangel xristian-baptistlar (EXB) jamoasi faoliyati qayd etildi. 1948 yil oktyabr oyidan esa Butunittifoq YeXB kengashining Oʼzbekistondagi vakili etib T.Penьkov tayinlandi. 1958 yilga kelib Oʼzbekistonda baptistlar soni ikki ming kishini tashkil etdi. Shu davr ichida norasmiy 32 ta jamoa faoliyat koʼrsatgan.
1964 yilda bu jamoalar norasmiy “Markaziy Osiyo Yevangel xristian baptistlar cherkovlari kengashi markazi”ni tuzdilar. U keyinchalik “Osiyo janubi boʼyicha baptist birodarlar kengashi” deb nomlandi. 1992 yil noyabrь oyida Moskvada baptistlarning boʼlib oʼtgan 1-qurultoyida “Evangel xristian baptistlar ittifoqi federatsiyasi” – “Evro-Osiyo YeXB ittifoqi” nomiga oʼzgartirildi.
Oʼzbekistonda faoliyat koʼrsatayotgan Pyatidesyatniklar (Toʼliq Injil xristianlari) XX asrning 20-yillari oxirlarida Toshkent shahrida birinchi jamoalarni tuzishdi.
Protestantlikdagi eng yirik yoʼnalishlardan biri hisoblangan lyuteranlik tarafdorlari taxminan 75 million kishini tashkil etadi. 1989 yildan eʼtiboran Rossiya, Ukraina, Qozogʼicton va Markaziy Osiyodagi Yevangel lyuteran cherkovi tarkibiga birlashtirilib qayd etildi. Lyuteranlarning oliy huquqiy organi Bosh sinoddir.
Mazkur cherkov MDH mamlakatlarida 5 yeparxiyaga boʼlingan boʼlib, uning markazlari Moskva, Omsk, Odessa, Аlmati hamda Toshkentda joylashgan.
Lyuteranlar jamoasi Oʼzbekistonda ilk marta Toshkent shahrida 1885 yildan rasmiy faoliyat koʼrsata boshlagan. 1896-99 yillarda lyuteranlar ibodatxonasi (kirxa) qurilgan.
1992 yil 8 sentyabrda Nemis yevangelь-lyuteranlar cherkovi rasmiy roʼyxatdan oʼtdi. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 3 maydagi qarori bilan kirxa lyuteranlarga qaytarib berildi.
Respublikamizda 2011 yilning 1 iyuliga qadar yevangel-lyuteranlar cherkovining 2 ta diniy tashkiloti roʼyxatga olingan.9
Oʼzbekistonda yana bir cherkov Novoapostollik cherkovi boʼlib, u xristian dinining protestantlik yoʼnalishiga mansub oqimdir. Novoapostol cherkovi Oʼzbekistondagi faoliyatini 1992 yildan boshlagan boʼlib, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Navoiy shaharlarida roʼyxatdan oʼtgan. Oʼzbekistondagi Novoapostol cherkovlari Berlin-Brandenburg shahri okrugi tasarrufidadir.
Oʼzbekistonda protestant yoʼnalishidagi diniy tashkilot deb hisoblangan “Iegovo shohidlari” ham faoliyat yuritmoqda. 1870 yilda amerikalik ishbilarmon Rassel tomonidan asos solingan mazkur diniy sektaning markazi Bruklin shahrida joylashgan. Ular 15 aʼzodan iborat boʼlgan “Rahbar korporatsiyaga” boʼysunadilar.
Аyrim manbalar Markaziy Osiyoda Iegovo shohidlarining XX asrning 40-yillapida paydo boʼlganligini bildiradi. Oʼsha davrda ular oʼzlarini “kanalistlar” deb atab kelganlar.
Аdabiyotlar
1. Moʼminov А., Yoʼldoshxoʼjaev H., Rahimjonov D., Komilov M., Аbdusattorov А., Oripov А. Dinshunoslik. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan darslik sifatida tavsiya etilgan. – T.: Mehnat, 2004.
2. Ochildiev А., Najmiddinov J. Missionerlik: mohiyat, maqsadlar, oqibatlar va oldini olish yoʼllari (yuz savolga yuz javob). – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2009.
3. Gorelov А. Istoriya mirovыx religiy: uchebnoe posobie / 2-izd., ispr. – M.: Flinta: MPSI, 2006.
4. Kautskiy K. Proisxojdenie xristianstva. – M., 1990.
5. Krivelev I. Istoriya religiy. – M.: 1989.
6. Kulakov А. Religii mira. – M., 1996.
7. Menь А. Istoriya religii. – M., 1994.
8. Peter Аnters. Religii sovremennosti. Istoriya i vera. – M.: Progress-Traditsiya, 2001.
9. Radugin А. Vvedenie v religiovedenie: teoriya, istoriya i sovremennыe religii. – M.: 1996.
10. Ranovich А. Pervoistochniki po istorii rannego xristianstva. Аntichnыe kritiki xristianstva. – M.: 1990.
11. Tokarev S. Religiya v istorii narodov mira., – M., 1965.
12. Yablokov I. Osnovы religiovedeniya. – M., 1998
Do'stlaringiz bilan baham: |