Xulosa va takliflar.
Xalqaro valyuta munosabatlari - bu, valyutani jahon xo’jaligida amal qilishi borasida shakllanadigan va milliy xo’jaliklar faoliyat natijalarining o’zaro almashuviga xizmat ko’rasatadigan ijtimoiy munosabatlar yig’indisidir. Valyuta- jahon bozorida, davlatlar o’rtasida pul vazifalarini bajaruvchi davlatlarning milliy pul birliklaridir. Masalan, Amerika Qo’shma Shtatlari "dollari", Buyuk Britaniya "funt sterlingi", Kanada "dollari", Yapon "ienasi" va boshqa shu kabilar.
Valyuta tizimi - bu, milliy qonunchilik yoki davlatlararo kelishuvlar bilan mustahkamlangan valyuta munosabatlarini tashkil etish va muvofiqlashtirishning shaklidir.
Jahon valyuta tizimi - bu, jahon bozori (xo’jaligi) ning rivojlanishi asosida shakllangan va davlatlararo kelishuvlar bilan mustahkamlangan xalqaro valyuta munosabatlarini tashkil etish shaklidir. Jahon valyuta tizimining tashkiliy asosi bo'lib, milliy valyuta tizimi hamda ushbu tizimga kirayotgan har bir mamlakat valyuta mexanizmini tashkil etilishining davlat-huquqiy shakli hisoblanadi.
Valyutaning qiymati tovarlar bilan savdodagi singari talab va taklifga bog’liq bo’lgan bahoda ifodalanadi. Ma'lum bir miqdordagi valyutaning bahosi boshqa bir valyutaning nisbiy birliklarida belgilanadi (milliy yoki xorijiy). Xorijiy valyutaning bahosi valyuta kursi deb ataladi.
Valyuta kursi pullarning xalqaro harakati jarayoniga taalluqlidir va umumiy asosda milliy iqtisodiyotning jahon xo’jaligi bilan aloqalarini ifodalaydi.
"Spot" kurslar erkin suzadigan yoki qat’iy belgilangan bo’lishi mumkin. Ular milliy valyutani mamlakat tashqarisida shartnomani amalga oshirish paytiga sotib olish qobiliyatini ko’rsatadi.
Forvardli kurs - bu, muddatli valyuta shartnomalari kursidir. U kelgusida ma'lum bir sanaga valyutani yetkazib berish sharti bilan sotish yoki sotib olish bahosidan iboratdir.
Valyuta bozorlari - bu, talab va taklif asosida shakllanadigan kurs bo’yicha xorijiy valyutalarning milliy valyutaga oldi-sotdisi amalga oshadigan rasmiy markazlaridir. Jahon moliyaviy markazlari - xalqaro valyuta, kredit, moliya operatsiyalari, qimmatli qog’ozlar hamda oltin bilan bitimlarni amalga oshiruvchi banklar va ixtisoslashgan kredit-moliya institutlari to’planuvining markazlaridir. Tarixan ular milliy bozorlar negizida, so’ng esa jahon valyuta, kredit, moliya hamda oltin bozorlari zaminida paydo bo’lgan. Jahon valyuta, kredit hamda moliyaviy bozorlari taalluqli milliy bozorlar negizida paydo bo’lgan va milliy bozorlar ular bilan yaqindan munosabatdadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |