Surxondaryo
O‘zbekistonning eng janubiy viloyati Surxondaryo o‘zining go‘zal tabiati bilan ajralib turadi. Viloyat nomi shu hududdan oqib o‘tuvchi daryo ─ Surxondaryo (Amudaryoning o‘ng irmog‘i) bilan bog‘liq.
Foto: Sreda.uz
Suv havzasining nomi esa tojik tilida «surx» ─ qizil daryo ma'nosini anglatadi. Bu daryoning jo‘shqinligi va toshib oqishi bilan bog‘liq.
Qashqadaryo
Sohibqiron Amir Temurning ota yurti hisoblangan, sarhadsiz yaylovlari bilan dong taratgan Qashqadaryo o‘z nomini hududidan oqib o‘tuvchi suv havzasi ─ Qashqadaryo (Zarafshon daryosining asosiy o‘zanlaridan biri)dan olgan.
Daryoning bunday nom olishi esa qadimgi qabilalardan biri «qashqa» nomi bilan yoki suv havzasidagi suvning tiniqligi bilan bog‘lanadi, degan taxminlar mavjud.
Buxoro
Azaldan ilm-ma'rifat rivojlangan, islom dinining yetakchi peshvolari yurti hisoblangan Buxoroning etimologiyasiga oid bir necha fikrlar bor.
Tarixchi Juvayniyning taxminiga ko‘ra, Buxoro so‘zi sanskritcha «Vihara» ─ «buddizm ibodatxonasi» so‘zidan kelib chiqqan. Lekin bu hududda buddizm dini bilan bog‘liq hech qanday artefakt topilmagani bois mazkur variant uncha ommalashmagan. Qadimgi so‘g‘d tilida Buxoro ─ «baxtli joy, bilim manbasi, ma'rifat kesishmasi» ma'nolarini anglatadi, degan variant ilmiy davralarda kengroq tarqalgan.
Xorazm Xorazm toponimi manbalarda turlicha keltirilgan: Avestoda Xavirizem, qadimgi forsiy tilda Uvarazmis, lotinchada Xorasmiya, yunonchada Xorazmiya. Arab manbalarida esa Xvorazm shaklida tilga olingan.
Xorazm atamasining ma'nosini rus olimi Bartold eronchadan «xurshed» va «zmzem» ─ «quyoshli o‘lka», «quyoshli yer» sifatida talqin qiladi.
So‘g‘dshunos olim Bogolyubovning fikricha, mazkur toponim «xu» – yaxshi, «var» – marza, devor, qal'a, «zem» ─ yer, o‘lka qismlaridan tarkib topgan. Barcha taxminlar umumlashtirlganda, Xorazm so‘zi «mustahkam qal'alari bor diyor», «yaxshi qo‘rali yer» degan ma'nolarni anglatadi.
Qoraqalpog‘iston
Qoraqalpog‘iston hududida odamlar neolit davridan beri yashab kelgani taxmin qilinadi. Dastlabki qabilaning nomi manbalar va tarixiy artefaktlarda «saka tigraxauda» – «uchli kuloh kiygan saklar» sifatida keltirilgan. Bu yerda asosan chorvadorlik bilan shug‘ullangan qabila ─ qoraqalpoqlar istiqomat qilgan.
Yaylovlarda poda boqish bilan kun ko‘rgan elat uchun qo‘y terisidan qilingan qalpoq kiyib yurish odat bo‘lgan. Tantana va marosimlarda ayol va erkaklarning ust-boshi ham asosan qora mato, qizil bezaklardan tayyorlangan.
Badiiy adabiyot manbalarida bu qabila hatto o‘zlari uchun nom tanlamagani, juda ozchilik bo‘lgani bois bir-birini yaxshi tanigani haqida ma'lumotlar ham keltiriladi. Faqatgina savdogarlar, ular bilan qo‘shni yashagan xalqlar ajratib ko‘rsatish uchun tashqi ko‘rinishidan kelib chiqqan holda «qoraqalpoq» nomini ularga berishgan, degan farazlar mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |