Daosizm qadimgi xitoy falsafasidagi yo‘nalishlardan biri. Er.av. VI-V asrlarda vujudga kelgan. Asoschisi Lao-szi hisoblanadi. Uning g‘oyalari «Dao de szin» kitobida bayon etilgan. Daosizmga ko‘ra tabiat va inson hayoti «ilohiy samoviy qonun» ga bog‘liq emas, balki narsalarning tabiiy yo‘li, qonuni - «dao» ga asoslanadi. «Dao» - «yo‘l» degan ma’noni bildiradi.
Daosizm falsafiy ta’limoti asosida I-III asrlarda daosizm diniy ta’limoti vujudga kelgan. Bu dinga Chjan Dao - lin asos solgan. Daosizm dini urf-odatlari animizm va sehrgarlikka ishonishga asoslangan. Bu dinda uch xudo - Shan di, Lao-szi hamda dunyoning yaratuvchisi Pan gu g‘oyalari ilgari suriladi. V asrdan Daosizm diniy ta’limoti, marosimlari rasmiylashib davlat dini bo‘lib qolgan. Daosizm kohinlari shaxsning axloqiy o‘z-o‘zini takomillashtirish g‘oyasini targ‘ib qilib, dindorlarga uzoq umr ko‘rishning muayyan usullarini taklif qilganlar. Keyinchalik Daosizm Xitoyda o‘z mavqeini yo‘qotib o‘rnini boshqa dinlarga bo‘shatib bergan. Xozir uning tarafdorlari nisbatan ozchilikni tashkil etadi.
Qadimgi Xitoyda Lao-Szi falsafiy ta’limoti bilan deyarli bir davrda Kun-Szi (Konfutsiy - er.av. 551-479) ning falsafiy ta’limoti ham yuzaga kelgan.
Konfutsiyning fikricha, har bir inson jamiyatda o‘zining o‘rnini bilishi kerak. Ya’ni «podsho-podsholik qilishi, xizmatkor-xizmatkorlik, ota-otalik, o‘g‘il- o‘g‘illik qilishi» zarur. Inson taqdirini «osmon» belgilaydi, odamlarning boy yoki kambag‘al, yaxshi yoki yomon kishilarga bo‘linishini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shuning uchun kichik kattaga, pastda turuvchi yuqorida turuvchiga so‘zsiz itoat qilishi lozim. Konfutsiychilik qadimgi Xitoy dinlarida tabiatga, qahramonlarga, ajdodlar ruhiga, arvohiga sig‘inishni qabul qilgan. Bu dinda Osmon oliy xudo deb ta’riflanadi. Inson butun faoliyatini «Osmon» bilan kelishgan holda olib borishi zarur, deyiladi. Konfutsiy aytganidek, «o‘lim va tug‘ilish osmonning hukmi, boylik va farovonlik uning irodasiga bog‘liq». Yangi eraning III asriga kelib konfutsiychilik davlat dini deb e’lon qilinadi, imperator «Osmon o‘g‘li» va bosh kohin deb taniladi. Bu dinda diniy-axloqiy masalalarga, insonparvarlikka alohida ahamiyat berilgan. Ammo bularning hammasi imperator hokimiyatini, zodogonlar hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan. Unda «osmon o‘g‘li - imperatorni ota-onadek hurmat qilish, unga itoat qilish oliy burch» deb aytiladi. Kishining hayot maqsadi amaldorga, podshohga xizmat qilishdir deb ko‘rsatiladi.
Konfutsiychilik IX asrda buddizm, XI asrda daosizm ustidan to‘la g‘alaba qozondi.8
Do'stlaringiz bilan baham: |