Bog'liq Nurov Ma\'murjonning Aholi turmush madaniyati fanidan tayyorlagan slaydi
BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI SAN’ATSHUNOSLIK FAKULTETI MADANIYAT VA SAN’AT MUASSASALARI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH VA BOSHQARISH YO’NALISHI 1-kurs talabasi Nurov Ma’murjonning Aholi turmush madaniyati fanidan tayyorlagan slaydi
Mavzu:Turmush madaniyatining moddiy asoslari
REJA:
Turmush madaniyatiga psixolog yondashuv.
Aholi turmush madaniyati tushunchasi – falsafiy kategoriya.
3.Turmush madaniyati tushunchasi va hayotda orni. Bir qarashda psixologiyaning turmush madaniyatini shakllantirishga nima aloqasi bor degan fikr tug‘ilishi mumkin. Biroq, biz nima uchun ko‘pchilik odamlar tashqi muhit zararli omillarining va o‘zlaridagi zararli odatlarning o‘z organizmiga salbiy ta’sirini bilganlari holda, nosog‘lom turmush madaniyatida yashashga moyilliklarining sabablarini chuqurroq tahlil qilsak, uning ildizlari inson psixologiyasi – uning ruhiy holatlari, ichki kechinmalariga borib taqalishini payqab olishimiz qiyin emas. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda odamlar o‘rtasida turmush madaniyatini shakllantirish borasida hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar ichida eng muhimlaridan biri ularning turmush madaniyatiga nisbatan psixologiyasiga ta’sir ko‘rsatish va uni kerakli yo‘nalishga qarab o‘zgartirishdir. Bu jarayonda asosiy to‘siq kishilarning real hayot to‘g‘risidagi tushunchalari bilan turmush madaniyatida yashash uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar o‘rtasidagi tafovutdir. Bunda millatimizga xos bo‘lgan an’analar, urf-odatlar: jamiyatimizda oilaning muqaddas sanalishi, keksalarga nisbatan hurmat, farzandlarimizning kelajagi uchun qayg‘urish, mehnatga bo‘lgan munosabat, mahallalarning faolligini oshirish kabilarni diqqat markazimizda tutib, turmush madaniyatini shakllantirish bo‘yicha o‘z faoliyatimizni shu tushunchalar bilan uyg‘unlashgan holda olib borsakkina yaxshi natijalarga erishishimiz mumkin.
Shunga ko‘ra biz odamlarda turmush madaniyatini yuksaltirishga ularning ichki ruhiy dunyosi va kechinmalarining nozik tomonlarini bilib olish va ularga ilmiy asoslangan ta’sir ko‘rsatib, o‘zimizning tashkilotchilik faoliyatimizni odamlarning ruhiy jarayonlarini kerakli tomonga yo‘naltirishga qaratishimiz lozim.Xo‘sh, odamlarning ichki dunyosi deganda nimalarni tushunishimiz kerak? U bizni o‘rab olgan tashqi dunyo bilan qanday bog‘langan? Bizning ongimizda tashqi dunyo obrazlari qanday shakllanadi? Umuman, ong nima? Bizning xohishlarimiz qanday paydo bo‘ladi? Bizning harakatimizni boshqarib boruvchi irodamizning mohiyati nimada? Har bir shaxsning takrorlanmaydigan ruhiy tuzilishi qanday shakllanadi kabi savollarga javob axtarib ko‘rishimiz kerak. Bunday savollar odamlarni azal-azaldan qiziqtirib kelgan va mavjud obyektiv sharoitlarga, jamiyatdagi hukmron dunyoqarashga, tabiiy fanlar erishgan yutuqlarga qarab turlicha yechimini topgan. Bu savollarga javob olish uchun, biz umumiy va tibbiy psixologiyaning odamlarda turmush madaniyatini shakllantirishga yordam beradigan oddiy tushunchalari haqidagi o‘z bilimlarimizni kengaytirishimiz kerak bo‘ladi. Bunday psixologik tushunchalarning dastlabkisi bilish jarayonlari psixologiyasidir. Bilish jarayoni oddiy sezgi bosqichidan boshlanib, sekin-asta murakkablashadi va idrok qilish, tasavvur etish, so‘ngra tafakkur qilish kabi bosqichlardan o‘tadi.
Turmush madaniyati falsafasi, turmush madaniyatini shakllantirish va inson salomatligini birlamchi mustahkam qilib qurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan hamda qator fundamental tibbiy va notibbiy fanlarning integratsiyasi tufayli shakllanib kelayotgan valeologiya fanining vazifasini bajarishni emas, balki ularda turmush madaniyatini shakllantirish jarayonini, falsafaning azaliy masalasi – inson hayotining mazmuni va maqsadi bilan uyg‘unlashtirishni, odamlarning dunyoqarashini shakllantirishni, inson salomatligining qadriyatlar falsafasidagi o‘rnini belgilab berishni, tug‘ilish va o‘lim falsafasini tahlil qilish orqali turmush madaniyatini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan induktiv va deduktiv xulosalar chiqarishni maqsad qilib qo‘yadi. Falsafa inson salomatligi bilan bog‘liq savollarga bevosita javob bermaydi, balki unga yetishning yo‘llarini mantiqiy, falsafiy ratsionalizmga tayangan holda isbotlaydi.
Turmush madaniyati falsafasi – inson salomatligini birlamchi mustahkam qilib qurishni maqsad qilgan fanlarning rivojlanishiga metodologik asos yaratadi. Ularning yo‘nalishlarini falsafiy jihatdan asoslaydi. Buning uchun falsafa turmush madaniyatining alohida masalalarini abstrakt tushunchalarda ifodalab, falsafiy mushohadadan o‘tkazadi, induktiv – deduktiv xulosalar chiqarib, yana mavhumlikdan aniqlikka qaytadi, amaliyot uchun muhim bo‘lgan vazifalarni shakllantiradi.Turmush madaniyati falsafasi insonning jismoniy tanasiga doir masalalar bilan shug‘ullanmaydi, u insonning ongi doirasida harakat qilib, uning dunyoqarashini shakllantiradi, insonning tanasi bilan ongi o‘rtasidagi, ma’naviy dunyosi bilan moddiy dunyosi orasidagi munosabatlarini belgilaydi. Shu boisdan falsafa bilan shug‘ullanganda biologik instinktlar doirasidan tashqarida harakat qilish lozim. Zero, falsafa mustaqil shaxs sifatida shakllangan insonning ongidan boshlanadi. Turmush madaniyati masalalarini uning ongi darajasida falsafiy tahlildan o‘tkazadi, odamlar oldiga vazifalar qo‘yadi, turmush madaniyatining falsafiy masalalarini oydinlashtiradi va bu savollarga javob berishga, asoslangan qarorlarga kelishga odamlarning o‘zini undaydi
Kommunistik mafkura hukmronligi davrida inson salomatligini ta’minlashga faqat bir yoqlama – gigiyenik bilimlarni berish orqali, tibbiyotning profilaktika yo‘nalishiga ustuvorlik berish yo‘li bilan erishish mumkin deb hisoblovchilarning asosiy xatosi ham aynan shu yerda – Ya’ni ularning masalani odamlarning dunyoqarashidan, qadriyatlaridan ajratilgan holda yechish mumkinligiga bo‘lgan umid borligida edi.
Turmush madaniyati chuqur falsafiy muammo ekanligini, u tibbiyotning bosh falsafiy masalasi hisoblanishini inobatga olmasdan, turmush madaniyati talablarini, insonlarning ongi talablaridan ajratilgan holda mushohada qilish kutilgan natijani bermaganligining asosiy sababi ham ana shunda edi.
Turmush madaniyati falsafasining vazifalari qatoriga:
Tibbiyotning inson salomatligini va uzoq umr ko‘rishini belgilab beruvchi bosh falsafiy masalasini shakllantirish, uni ta’riflash va tavsiflash;
Turmush madaniyati falsafasining markazida inson va uning taqdiri masalasi turishi, inson hayotining bosh maqsadi nimadan iborat ekanligini tavsiflash;
Turmush madaniyati va inson salomatligi ekofalsafasining dolzarb masalalarini tahlil qilish;
Turmush madaniyatining axloqiy masalalarini falsafiy tahlil qilish;
Turmush madaniyatining va inson salomatligining qadriyatlar falsafasidagi o‘rnini belgilab berish;
Inson salomatligi va turmush madaniyatini kategorial apparatini shakllantirish, asosiy salomatlik kategoriyalari va tushunchalarining dialektik rivojini tahlil qilish orqali turmush madaniyati uchun induktiv va deduktiv xulosalar chiqarish;
Turmush madaniyatining asosiy dialektik qonunlari bilan uyg‘unlashuvini ko‘rib chiqish;
Tug‘ilish va o‘lim falsafasining dialektikasini ko‘rib chiqish, tegishli xulosalarga kelish kabi masalalarni kiritish mumkin.
Yuqorida sanab o‘tilgan turmush madaniyati falsafiy masalalarini batafsil ko‘rib va oliy falsafiy tahlildan o‘tkazish maxsus va keng qamrovli mavzu bo‘lib, uni ushbu qo‘llanma doirasida ko‘rib chiqishning imkoniyati yo‘q. Mazkur masalani falsafiy tahlildan o‘tkazish tibbiyot sohasidagi mutaxassislarning faylasuflar bilan birgalikda ishlashini talab qiladi. Biz bu yerda sog‘lom turmush madaniyatining ayrim falsafiy masalalarini qisqacha ko‘rib chiqish orqali masalaning muhim ahamiyatga molik chuqur falsafiy muammo ekanligiga talabalarning e’tiborini qaratishni maqsad qilib qo‘yganmiz xolos.
Ko‘pchilik odamlarning turmush madaniyatida yashash afzalliklarini tushunganlari holda nima uchun nosog‘lom turmush madaniyatida yashashga moyilliklarining tub sabablarini tushunib yetish, ularni ochib tashlashda turmush madaniyatining falsafasini, uning mazmuni va mohiyatini tushunib yetish muhimdir. Avvalo, turmush madaniyati falsafiy kategoriya sifatida, noturmush madaniyatining ham mavjudligini taqozo qilishini ko‘rsatib o‘tish lozim. Turmush madaniyati o‘z mazmun mohiyatiga ko‘ra noturmush madaniyati bilan dialektik birlikda va qarama-qarshilikdagina rivojlanadi va o‘z mohiyatini namoyon qila oladi.
Turmush madaniyati nosog‘lom turmush madaniyati negizida rivojlanib, uning inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan salbiy tomonlarini inkor etib borish dialektikasi bo‘lib mazmunan turmush madaniyatini shakllantirish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Turmush madaniyati ma’lum vaqt davom etadigan (ba’zan uzoq vaqt) tarbiyaning mahsuli sifatida yuzaga chiqadi va shundagina xususiyatlarini to‘la namoyon qila oladi.
Turmush madaniyati, nosog‘lom turmush madaniyatiga yoki nuqsonli turmush madaniyatiga xos bo‘lgan axloqiy jihatlarni inkor etish va insoniy odobning ijobiy tomonlarini o‘zida mujassamlashtirish jarayonida takomillashib va rivojlanib boradi, shu yo‘sinda turmush madaniyati axloq kategoriyasi bilan ham bog‘lanib ketadi.
3. Turmush madaniyati – o‘zining mustahkam ma’naviy asosiga ega bo‘lmas ekan, uni shakllantirib bo‘lmaydi. Turmush madaniyatida yashash, yuksak ma’naviylikka intilib yashashni anglatadi va har bir shaxsdan o‘zida yuksak ma’naviylik sifatlarini mujassamlashtirishni taqozo qiladi. Ma’naviylik va moddiylik dialektikasidagi amal qilinishi lozim bo‘lgan mo‘tadil mutanosiblik muvozanatning buzilishi, ham ma’naviylikka, ham moddiylikka jiddiy putur yetkazadi. Moddiylik insonning biologik ehtiyojlarini, Ya’ni instinktlari talabini qondirib yashashi tufayli shakllanishi mumkin bo‘lgan falsafiy kategoriya bo‘lsa, ma’naviylik – kategoriya sifatida insonning shaxs bo‘lib shakllanishi uchun unga berilgan imkoniyatdir. Insonlarda moddiylikning ulardagi ma’naviylikni zaiflashtirish hisobiga ustun rivojlanishi, madaniy saviyasi past va hatto ba’zan hayvonsifat insonlarning shakllanishiga sabab bo‘ladi. Bunday odamlar hayotning mazmunini faqat biologik instinktlar talabi bilan chegaralangan holda yeb-ichish, ko‘payish, xavf-xatardan himoyalanish uchun yashashdan iborat deb tushunadilar. Jamiyatda iste’molchilik kayfiyatiga ega bo‘lgan bunday shaxslarning ko‘payishi millatning ravnaqi uchun ham, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ham jiddiy zarar yetkazadi, jamiyat taraqqiyotini sezilarli ravishda orqaga suradi.
Biologik ehtiyojlar doirasida yashovchi odamlarning ko‘payishi, aholi o‘rtasida turmush madaniyatini shakllantirishga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib, davolashi qiyin bo‘lgan: qandli diabet, atereskleroz kasalligi va uning insult, miokard infarkti kabi asoratlarning ko‘payishiga, oxir-oqibatda millatning o‘rtacha umr ko‘rishi davomiyligini qisqarishiga sabab bo‘ladi. Zero, o‘zlarining faqat biologik ehtiyojlarini qondirib yashovchilar – nosog‘lom turmush madaniyatida yashovchilar bo‘lib, ular o‘z odatlarining qurboniga aylanib qolayotganligini sezmasdan yashaydilar.
Biz naslimizning kelajagi – sog‘lom avlod uchun kurashar ekanmiz o‘z maqsadimizga erishish uchun millatni turmush madaniyatida yashashga Odamlar turmushida hayotiy tajribalariga ko‘proq ishonadilar
va tayanadilar. Mavjud tibbiy-gigiyenik tarbiya usullari esa, kishilarning kundalik hayotidan, turmush tushunchalaridan ajralgan holda olib o‘rgatishimiz kerak bo‘ladi. Sog‘lom avlod deganda biz faqat jismonan baquvvat farzandlarni emas, balki ma’naviy jihatdan ham boy va sog‘lom avlodni nazarda tutishimiz lozim. Zero, ma’naviy sog‘lom bo‘lmasdan turib, jismonan sog‘lom bo‘lish mumkin emas. Har ikkala tushuncha bir-biriga mos va biri ikkinchisini taqozo qiladi. Ham jismonan, ham ma’naviy sog‘lom avlodga ega bo‘lgan xalqni esa sindirib bo‘lmaydi. Biz jismonan sog‘lom, yuksak ma’naviyatli va yagona milliy g‘oya asosida jipslashgan millatni shakllantirishni bosh maqsad qilib qo‘yar ekanmiz uni turmush madaniyatida yashashga o‘rgatishimiz lozim.
Ma’naviy boylik – moddiy boylikdan ustundir. Ma’naviyati boy insonlar hamisha elda qadrlanib kelingan. Hayotda ma’naviy boylikka ega bo‘lib yashashga muyassar bo‘lish har bir inson uchun katta baxt. Ma’naviy jihatdan boy insonlar barcha zamonlarda va barcha xalqlarda jamiyatning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblangan. Bunday insonlar jamiyat hayotining barcha sohalarida o‘z millatlarining faxri va g‘ururi bo‘lib hisoblangan. Ma’naviy boylikka ega bo‘lib yashash har birimizning orzuimiz va ezgu tilaklarimiz bo‘lishi lozim. Ammo, ma’naviy boylikka erishish yo‘li sermashaqqat yo‘l bo‘lib, tinimsiz mehnat qilishni – fidoyilikni talab qiladi va hammaga ham nasib qilavermaydi. Shu sababdan ma’naviy boylikka ega bo‘lgan insonlar elda aziz bo‘lgan va yuksak qadrlanganlar.
Hayotda faqat moddiy boylikka qarab intilish odamlarni o‘zlarining tub mohiyatlaridan uzoqlashtiradi, u halokatli yo‘ldir. Ma’naviy boylikka intilish insonga baxt-saodat keltiradi – uning mohiyatini ochishga olib keladi. Ma’naviy boylikka erishish uchun mustahkam salomatlikka ega bo‘lish talab qilinadi.
Ma’naviy yuksalish yo‘li o‘zining ayrim umumiy qonuniyatlariga egadirkim, ularni bilish hayotda ongli ravishda ularga amal qilib yashash har birimizning mushkullarimizni yengillashtiradi.
Turmush madaniyatining ma’naviy asoslari turmush madaniyati va madaniylik, turmush madaniyati etikasi va estetikasini, vaqtni, ilmu haqiqatni qadrlab yashash, oilaning tibbiy madaniyligi kabi qator muhim masalalarni ham o‘z tarkibiga qamrab oladi.
Aholi o‘rtasida turmush madaniyatini shakllantirish ko‘p jihatdan odamlarning hamda jamiyatning madaniylik darajasiga bog‘liq. Inson salomatligi faqat biologik va psixofiziologik holat bo‘lib qolmasdan, balki ijtimoiy madaniy o‘lchamlarga ham ega. Shu boisdan hayotda madaniyat shaxsning ruhiy fizioloigk holati bilan uzviy bog‘langan holda namoyon bo‘ladi.
Ma’lumki, madaniyat so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, u dastlabki paytlarda biror narsaning urug‘ini qadash uchun zamin tayyorlash, uning unib chiqishi uchun zarur muhit yaratish kabi ma’nolarni bergan. Bu bilan madaniyatning muhim tomoniga – uning insonga xosligiga, inson faoliyati bilan bog‘langanligiga ishora qilingan. Keyinchalik “madaniyat” so‘ziga ko‘proq va kengroq ma’no yuklatilib, inson tomonidan yaratilgan barcha qadriyatlarni uning madaniyati sifatida baholashgan.
Madaniyat inson tomonidan ona tabiat ustiga qurilgan “ikkinchi tabiat” va ijodining mahsuli sifatida gavdalanadi. Madaniyat inson faoliyatidan tashqarida emas, odamlar orasidagi munosabatlarda o‘zini namoyon qiladi va bir-birini taqozo qiluvchi moddiy va ma’naviy tomonlariga ega bo‘ladi. Moddiy madaniyatda uning ma’naviy tomonini shakllantiruvchi asos bo‘lgani singari, ma’naviy madaniylikda uning moddiy tomonini boyituvchi asos ham mavjuddir. Madaniyat dunyosi – moddiy, ma’naviy hamda g‘oyaviy qadriyatlar dunyosidir. Bunday qadriyatlarning barchasi inson tomonidan yaratiladi. Madaniyat inson tomonidan yaratilgan qadriyatlarning majmuasi sifatida ularning ijodkori bo‘lgan insonni jamiyat bilan bog‘laydi va uning taraqqiyot darajasini belgilaydi. Ayni paytda madaniyat insonni ijtimoiy mavjudot va insondagi insoniylikning mezoni sifatida tavsiflaydi, madaniylik insonni ulug‘laydi.
Madaniylik – o‘z navbatida insoniyat tomonidan yaratilgan va jamiyatda tarkib topgan qadriyatlarni har bir shaxs qay darajada o‘zlashtirganligi, ulardan xabardorligi bilan tavsiflanadi. Madaniylik jamiyat hayotining deyarli barcha tomonlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Odamlarning umumiy madaniylik darajalari ularning salomatliklari va uzoq umr ko‘rishi kabi muhim ko‘rsatkichlari bilan ham uzviy bog‘langan. Odamlarning umumiy madaniylik darajalarini oshirmasdan turib, ularning tibbiy madaniyligini, oilalarda tibbiy madaniylikni yuksaltirib bo‘lmaydi. Odamlarning tibbiy madaniyligi darajalarini va oilalarning tibbiy madaniyatini ularning umumiy madaniylik darajalaridan ajratilgan holda, yuksaltirishga intilish – behuda urinish va samarasiz harakatdir. Odamlarning umumiy madaniylik darajalari jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganligi bilan ham bog‘langan. Bundan odamlarda va oilalarda tibbiy madaniylikni yuksaltirishni ularning turmush madaniyatini oshirish va yashash sharoitlarini yaxshilash bilan mutanosiblikda olib borish kerak degan muhim xulosa kelib chiqadi. Bunday sharoitlarning yaratilishi esa o‘z navbatida har bir mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi bilan vositalanganligini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas.
Madaniyat bilan insonning tabiiy rivojlanishi o‘rtasidagi ana shunday falsafiy bog‘liqlikni anglab olish, tibbiyot xodimlari uchun aholi o‘rtasida turmush madaniyatini shakllantirish jarayonida muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Xalqning umumiy madaniylik darajasini ko‘tarish boshqa omillar bilan bir qatorda turmush madaniyatini shakllantirish tarixida misli ko‘rilmagan qulay muhit yaratadiki, buning ahamiyati beqiyosdir.
Biz uchun madaniylikning faqat tashqi dunyo buyum va hodisalariga, moddiy va ma’naviy boyliklar to‘plashga qaratilgan tomoni emas, balki insonning o‘ziga, uning jismoniy va ruhiy qobiliyatlariga ta’sir etuvchi tomonlarini ham bilib olish o‘ta muhimdir.
Madaniyatni bunday keng qamrovli tushunish insonning jismoniy va ruhiy taraqqiyotiga, salomatligiga ko‘p qirrali ta’sir etish yo‘llarini ochishga imkon beradi. Insonning turmush madaniyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi madaniy faoliyat turlari ichida eng asosiylari sifatida: mehnat qilish madaniyati, iste’mol madaniyati va muomala madaniyatlarini alohida ko‘rsatib o‘tish e’tiborga loyiq.