Siyosiy sohada chor Rossiyasi, birinchi navbatda, mahalliy aholini hududni boshqarishdan chetlatish, uni manqurtga aylantirishning choralarini ko‘rdi. Ana shu maqsadda boshqa mustabid davlatlardan farqli o‘laroq, armiyaning kuchiga asoslangan harbiy hamda fuqarolik boshqaruvi bir shaxs – general-gubernatorning qo‘lida birlashtirildi. Turkistondagi butun hokimiyat general-gubernator ixtiyorida bo‘lib, u harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, adliya masalalarini va hatto chet ellar bilan bo‘ladigan munosabatlarni ham mujassamlantirdiki, bu har qanday demokratiyani inkor qilib, mahalliy xalqni mutelikda saqlab turish, unga nisbatan har qanday, jumladan harbiy kuch ishlatish uchun ham imkon tug‘dirdi. Barcha turdagi ma’muriy bo‘linmalar – oblast, uyezd, volost, uchastkalarga general-gubernator tayinlaydigan harbiylarning rahbarlik qilishi tartibi joriy etildi. Natijada, qishloq boshqaruvini hisobga olmaganda, mahalliy xalq boshqaruvdan umuman chetlatildi. Ushbu tartib podsho ma’muriyatining mahalliy xalqqa bo‘lgan salbiy munosabatini, uni mensimasligini bildirar edi. Chor Rossiyasi hukumatining mahalliy xalqqa munosabati Farg‘ona generalgubernatori P. Ivanovning «bir ming sart bir o‘rus soldati etigining poshnasiga arzimaydi»3 qabilidagi fikrida o‘z ifodasini topdi.
Chor Rossiyasi xalqaro miqyosda bosqinchi nomini olishdan cho‘chib, o‘z mavqeini qisman bo‘lsa-da saqlab qolish maqsadida, Buxoro va Xiva xonliklarining mustaqilligini rasman tan oldi. Amalda esa xonliklar to‘laligicha Rossiyaga qaram edi, chunki ular nafaqat o‘zga davlatlar bilan siyosiy va iqtisodiy aloqa o‘rnatishdan mahrum bo‘ldilar, balki o‘zlarining ichki siyosatidagi oz bo‘lsa-da e’tiborga molik masalalarda ham Rossiya bilan kelishishlari shart edi. Masalan, Qushbegi eski Buxoroda rus filmlarini ko‘rsatmaslik, «tansa» uyushtirmaslik masalasini hal qilishni Rossiyaning Buxorodagi vakilidan iltimos qiladi1. Xonliklarga nafaqat chet davlatlar bilan munosabatlar o‘rnatish taqiqlab qo‘yildi, balki ular mustaqil davlat sifatida hattoki Rossiyaning o‘zi bilan aloqalar olib bormas edilar. Bu munosabatlar asosan Turkiston generalgubernatorligi, aniqrog‘i, uning Buxorodagi siyosiy agentligi va Xivadagi Amudaryo bo‘limi orqaligina amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan. Bundan tashqari, xonliklarda bir qarashda taraqqiyparvarlik, insonparvarlikka yo‘yilishi mumkin bo‘lgan bir qancha tadbirlar ham Rossiyaning talabi bilan joriy qilindi. Ular jumlasiga, xususan, qullikni bekor
qilish va avvallari muttasil davom etib kelgan xonliklar o‘rtasidagi urushlarni tugatish kiradi. Buning o‘z sabalari bor. Qulchilikni yo‘q qilish haqida Buxoro amirligi va Rossiya o‘rtasidagi shartnomada bu tadbir Rossiya imperiyasi podshohiga yoqish va imperatori a’zam janoblarining obro‘sini ko‘tarish uchun amalga oshirilganligi ochiqdan-ochiq qayd etilgan. Boshqacha aytganda, bu ish rus podshohining «adolatparvar» siyosatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan. To‘g‘ri, mazkur siyosat oqibatida bir necha ming qul ozodlikka chiqib, o‘z vatanlariga tarqab ketdi.
Ammo chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati tufayli mahalliy xalq
iqtisodiy huquqlaridan, milliy manfaatlaridan deyarli mahrum bo‘lib, yarim qulga aylanib, azob-uqubatlarining o‘n chandon oshib ketganligi mustamlakachilarni umuman bezovta qilmadi. Xonliklarning o‘zaro urushlarini tugatishga kelsak, buning ham o‘z mantig‘i bor. Hudud notinch bo‘lsa, birinchi navbatda, Rossiyaning iqtisodiy manfaatlariga putur yetishi aniq edi. Ammo ayni paytda Rossiyaning mustamlakachilik siyosati milliy ozodlik kuchlarini harakatga keltirdi va qon to‘kilishi davom etdi. Bir urush ikkinchisi bilan almashtirildi. Xullas, chor hukumatining siyosiy chora-tadbirlari, avvalo, mahalliy aholini boshqaruvdan chetlatish, uni mustabid davlat ma’muriyatining irodasiga so‘zsiz bo‘ysunuvchi manqurtga aylantirishga qaratildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |