DRAMATURGIYA.
XX asrning 10-yillarida Germaniyada ekspressionizm
oqimi
paydo bo'ladi. Bu oqim birinchi jahon urushi arafasida yaqinlashib kelayotgan
ijtimoiy larzalarning aks sadosi sifatida dunyoga kelgan edi.
Ekspressionistlarni voqelikning ichki, botiniy mohiyatini ochish qiziqtirdi.
O'tgan asrdagi naturalizm va shuningdek realizm voqelikning ustki jihatigagina
qaratilgan izohchilik ruhidagi uslublar, deb e'lon qilindi. Ekspressionistik
dramaturgiyaning turqi-tarovati madaniyat tarixida «Hayqiriq dramasi» degan
tushuncha ta'birda o'z ifodasini topdi. Bu san'atda har narsa oshirib-toshirib
ifodalanishi shart: sujet tuzilishi va obrazlar rivojida birma-bir mantiqiy
izchillikkka erishishdan qochish; mashmashalarning oddiy va oshkoraligi;
holatlarni bir-biriga zid qo'yish kabilar ushbu oqimning muhim belgilari edi.
Ekspressionizm dramaturgiyasi V. Gazenkleverning
«0'g'il»
(1914) pyesasi
bilan dunyo yuzini ko'rdi. Jahon urushi arafasida yozilgan bu pyesada o'g'ilning
otaga qarshi bosh ko'tarib chiqish voqeasi odatdagi oilaviy mashmashalarni
eslatardi. Lekin undan ota va o'g'il orasidagi kelishmovchiliklarning mantiqiy
asoslarini izlash behuda. Unda ekspressionizmga xos tarzda rahm-shafqatlilik,
ezgulik haqida ko'p so'z-mulohazalar bo'lishiga qaramay, oxiri o'g'il o'z
to'pponchasini otaga qaratib o'q uzadi. Lekin muallifning asosiy maqsadi o'g'ilning
otaga qarata o'q uzishini ko'rsatishda emas, balki shu fojeani keltirib chiqargan
noinsoniy muhitni fosh etishda edi.
Ekspressionistlar urushlarni keskin qoralab chiqdilar. O'ziga qarshi o'zi
qurol
ko'tarib chiqqan kimsalar insonligini yo'qotgan. O'ziga o'zi choh qazuvchi
manqurtlar tarzida baholandilar.
Reynxardt Geringning “Dengiz jangi”
(1918)
tragediyasida sahnada kishilarning jismoniy va ruhiy halokati ko'rinishi namoyon
bo'ldi. Dengiz qa'riga cho'kayotgan kema matroslari sardorining buyrug'I bilan
yuzlariga niqob tortib, vahima ichida o'zligini yo'qotib olomonga aylanib urush
falokatidan benom, beiz foniy dunyoni tark etib borardilar. Ular urushga tortilib
bashardan ajralib, o'limdan o'zga chorasi qolmagan gumroh bandalar edi.
Frand fon Unruni «Qavm»
nomli dramatik trilogiyasi (1918-1920,
songgi qismi
1936-yili tugallangan) haqli ravishda ekspres-sionizmning urush haqidagi eng yirik
asarlaridan biri hisoblanadi. Farzandlaridan birining o'limi va qizining buzuqlik
yo'liga kirib ketishidan iztirob chekkan Ona obrazining haqqoniy yaratilishi bu
pyesaning eng e'tiborli jihati edi. Ona urush dahshatlarini o'zining shaxsiy musibati
tarzida qabul qiladi, o'z el-yurti va odamlar bilan bog'liqlik hissini yo'qotmaydi.
Dramaning yana
bir jozibali jihati shuki, markaziy qahramon Ditrixning Irinaga
bo'lgan samimiy va o'tli muhabbati insoniylikni yuqori qadrlashi orqali namoyon
bo'ladi. Trilogiyada inson obrazi mavhum va umumlashgan tarzda gavdalangan; bu
personajlarga xos xususiyatlar
har bir insonda huzur
topajak xususiyatlardir degan
xulosani keltirib chiqaradi.
Ernst TOLLAR (1893-1939).
Ernst TOLLAR
ekspressionizm oqimi mohiyatiga
juda mos drama namunalarini yaratgan. Uning
«Yo'qlikka aylanish»
(1919) degan birinchi pyesasida sahnada sharpalar, chalajon
gavdalar harakat qilardi. Azobda qolgan bu chalajon gavdalar jangga yaroqli
ekanliklari haqida guvohlik olish uchun projektorlar yog'dusi ostida chirib
yo'qlikka aylanib borayotgan tanalar orasida saf tortib turardilar. Chetdagi
tashlandiq handaqlardan o'liklar ko'tarilib chiqadi.
Dushman va ittifoqdosh, zobit
va oddiy askar deb nomlangan bu murdalarning endi bir-biridan hech farqi yo'q
edi. Chetda yashirinib qolgan bir jonsiz gavda paydo bo'ladi. Bu bir paytlar
askarlar tomonidan zo'rlangan qiz edi. «Yo'qolsin uyat, sharm-hayo!» - deya
qiyqiradi o'liklar. - «Sizni zo'rlashgan. Evoh, bizni ham zo'rladilar!» - shundan
so'ng odatda, ekspressionistik asarlarda qo'llaniluvchi ajal raqslaridan biri ijro eti-
ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: