Ko׳p bosqichli qurilmalarning shakllari. Oxirgi korpusdagi ikkilamchi bug`ning bosimiga ko׳ra, ko׳p
bosqichli bug`latish qurilmalari vakuum (siyraklanish) bilan va yuqori bosim ostida ishlaydigan bo׳ladi.
Isituvchi bug` va bug`lanayotgan eritma oqimlarining o׳zaro harakatiga ko׳ra ko׳p bosqichli bug`latish
qurilmalari bir necha shakllarga bo׳linadi:
1) bir xil yo׳nalishli ko׳p korpusli bug`latish qurilmalari;
2) qarama-qarshi yo׳nalishli ko׳p korpusli bug`latish qurilmalari;
3) eritma bilan uzluksiz parallel ta’minlanadigan bug`latish qurilmalari;
4) ekstra-bug` ajratib olinadigan ko׳p bosqichli bug`latish qurilmalari.
Sanoatda bir xil yo׳nalishda qurilmalar keng ishlatiladi (23.4-rasm), chunki bunday qurilmalar eng
tejamli hisob lanadi.
Bir xil yo׳nalishli qurilma bir necha (bizning misolimizda uchta) korpusdan tashkil topgan bo׳ladi.
Isitkichda qaynash haroratigacha qizdirilgan dastlabki eritma qurilmaning birinchi korpusiga beriladi.
Birinchi korpus birlamchi bug` bilan isitiladi. Birinchi korpusda hosil bo׳lgan ikkilamchi bug` isituvchi
agent sifatida ikkinchi korpusga beriladi. Ikkinchi korpusdagi bosim birinchi korpusdagiga nisbatan
past, natijada ikkinchi korpusda birinchi korpusga nisbatan ancha past haroratda qaynaydi.
Ikkinchi korpusda bosim ancha past bo׳lganligi sababli, birinchi korpusda qisman bug`langan eritma
o׳z-o׳zidan ikkinchi korpusga o׳tadi va eritma ikkinchi korpusda qaynash haroratigacha soviydi. Bunda
issiqlik ajralib chiqadi, natijada ma’lum miqdorda qo׳shimcha ikkilamchi bug` hosil bo׳ladi.
Qurilmaning hamma korpuslarida (birinchidan tashqari) yuz beradigan bu hol eritmaning o׳z-o׳zidan
bug`lanishi deb yuritiladi.
23.4-rasm. Bir xil yo׳nalishli uchta korpusdan iborat bug`latish qurilmasi: 1, 2, 3 - bug`latish korpuslari; 4 - isitkich; 5 — barometrik kondensator; 6 - tomchi ushlagich; 7 — vakuum-nasos. Ikkinchi korpusda bug`latilgan eritma uchinchi korpusga o׳z-o׳zicha o׳tadi. Uchinchi korpusni isitish
uchun ikkinchi korpusdan chiqayotgan ikkilamchi bug` ishlatiladi. Oxirgi korpusdan chiqayotgan
ikkilamchi bug` barometrik kondensatorga uzatiladi. Bu erda, bug`ning kondensatsiyalanishi natijasida
siyraklanish (vakuum) hosil bo׳ladi. Havo va kondensatsiyalanmay qolgan gazlar issiqlik almashinish
jarayonini susaytiradi. Shu sababli sovituvchi agent (suv) bilan korpuslarning zichmas joylari orqali
kirib qolgan gazlar tomchi ushlagich orqali vakuum-nasos yordamida so׳rib olinadi.
Kondensatordagi qoldiq bosimning qiymati suv haroratining o׳zgarishi bilan o׳zgaradi. Shu sababli
vakuum-nasos yordamida qurilmada tegishli qiymatdagi vakuumni ushlab turish mumkin.
Bir xil yo׳nalishli bug`latish qurilmasining asosiy afzalligi shundaki, eritmani bir korpusdan
ikkinchisiga o׳tkazish uchun issiq oqimda ishlashga moslangan nasoslar talab qilinmaydi. Har bir
keyingi korpusda oldingisiga nisbatan yuqori konsentrasiyali eritmani pastroq bosimda bug`latishga
to׳g`ri keladi. Shuning uchun oxirgi korpusdagi issiqlik o׳tkazish koeffitsienti birinchi korpusdagiga
nisbatan bir necha marta kichik bo׳ladi. Bu hol bir xil yo׳nalishli qurilmalarning kamchiligidir.
Qarama-qarshi yo׳nalishli ko׳p korpusli bug`latish qurilmalarida isituvchi bug` va bug`latilayotgan
eritma bir korpusdan ikkinchisiga o׳tishda o׳zaro qarama-qarshi tomonga harakat qiladi. Agar dastlabki
eritma uchinchi korpusga berilsa, birlamchi isituvchi bug` birinchi korpusga beriladi. Birinchi korpusda
hosil bo׳lgan ikkilamchi bug` ikkinchi korpusda isituvchi agent sifatida ishlatiladi va hokazo. Uchinchi
korpusda qisman quyuqlashtirilgan eritma ikkinchi korpusga nasos yordamida o׳tkaziladi, so׳ngra
ikkinchi korpusdan birinchisiga yana nasos yordamida haydaladi. Quyuqlashtirilgan eritma birinchi
korpusdan olinadi, oxirgi korpusdan chiqayotgan ikkilamchi bug` esa kondensatorga beriladi.
Qarama-qarshi yo׳nalishli qurilmalar eritmalarni juda katta konsentrasiyalargacha bug`latishda va
quyuqlashtirish jarayonida qovushoqligi ortib ketadigan eritmalarni bug`latishda ishlatiladi. Bunday
qurilmalarning asosiy afzalligi shundaki, ular bir xil yo׳nalishli qurilmalarga nisbatan kichik isitish
yuzasini talab qiladi. Kamchiligi: qurilmaning ishlashi uchun issiqlik oqimiga mo׳ljallangan nasoslar
kerak.
Parallel ta’minlanish rejimi bilan ishlaydigan qurilmalarda dastlabki eritma bir vaqtning o׳zida barcha
korpuslarga beriladi. Har bir korpusdan chiqayotgan quyuqlashtirilgan eritma bir xil konsentrasiyaga
ega bo׳ladi. Isituvchi bug` faqat birinchi korpusga beriladi, qolgan korpuslarda isituvchi agent sifatida
oldingi korpusdan chiqayotgan ikkilamchi bug` ishlatiladi. Oxirgi korpusdan chiqayotgan ikkilamchi
bug` kondensatorga yuboriladi. Bunday chizmalar asosan tarkibida qattiq faza zarrachalari tutgan
to׳yingan eritmalarni bug`latishda hamda eritmalarni yuqori konsentrasiyalargacha quyuqlashtirish talab
qilinmagan sharoitda ishlatiladi.
Ba’zi sharoitlarda bug`latish qurilmalarida hosil bo׳ladigan ikkilamchi bug`ning bir qismi boshqa
maqsadlar uchun ajratib olinadi. Bug`latish qurilmasining istalgan bir korpusidan ikkilamchi bug`ning
bir qismi ajratib olinib, bug`latish jarayoni bilan bog`liq bo׳lmagan boshqa maqsadlarda (masalan,
quritish qurilmalarida, rektifikatsiya kolonnalarida) ishlatilsa, bunday bug` “ekstra-bug`” deb yuritiladi.
Ko׳p bosqichli bug`latish qurilmalarida bug`langan suvning miqdori, isituvchi bug` bilan kiritilgan
issiqlik miqdori va isituvchi bug`ning sarfi tegishli moddiy va issiqlik balanslari tenglamalari asosida