Ogahiy ijodida tasavvufiy timsollar
M.Safarboev, falsafa fanlari nomzodi, dotsent (Toshkent)
Ogahiy she’riyatini kuzatar ekanmaz, unda islom dini aqidalariga mos kelmaydigan ba’zi nuqtalarni uchratib qolishimiz mumkin.
Shoir nazmi bisotida birinchi qarashda botil, islomga nomuvofiq o‘rinlar bo‘lib, bu shoir qarashlarida tasavvufiy timsollar sifatida o‘z ifodasini topgan. Ogahiy she’riyatida bunday noislomiy qarashlar but, sanam, butxona, mug‘bacha, dayr, xarobot, mug‘, nasoro, may kabi tushunchalar vositasida ifoda etiladi. Bunday islom diniga qarama-qarshi qirralar tasavvufdagi nosha’riy tariqatlarda o‘z ifodasini topadi. Islom dinida esa mazkur qarashlar, umuman, qoralanadi va ular islomga to‘g‘ri kelmaydigan aqidalar tarzida qaraladi. Islomda butga sig‘ingan odamlarni kofirlikda ayblaganlar. Chunki ularning fikricha, Alloh ko‘zga ko‘rinmas oliy zot – xoliqi mutlaq. Shuning uchun uning o‘rnini hech kim va hech narsa bosa olmaydi. Har xil yog‘och va toshlardan yasalgan but, sanam kabilarga sajda qilishni islom dini ahllari qat’iy ta’qiqlaganlar. O‘sha but, sanamlar turuvchi butxona ham ular nazdida harom go‘sha hisoblangan. Lekin tasavvufda bu to‘g‘rida boshqacha mulohaza yuritiladi. Ular Alloh eng go‘zal oliy iloh, uning o‘zi go‘zal, shuning uchun u yaratgan barcha narsalar go‘zal, borliqdagi har bir narsada Alloh jamoli o‘z tajallisini topgan, degan fikrni aytadilar.
Mana shu fikrlarga hamohang tarzda Ogahiy ham o‘z she’rlarida but, sanam, butxona timsollarini o‘z o‘rnida mahorat bilan ishlatadi. Shoir she’riyatida “butparastlik” g‘oyalarini juda ko‘p uchratish mumkin. Bu bejiz emas. But aslida ishq va vahdat ramzi, Ma’shuq timsolidir. Tasavvuf olimi Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz” asarida but haqida: “Bilingki, uning yaratuvchisi ham Allohdir. Haqdan yaralgan har bir narsa haqiqatdir. Agar Alloh xohlamasa, kim ham butning ruxsoriga oroyish baxsh etar va kim ham butparast bo‘la oladi”, - deb yozadi.
Haqni anglashga butun bir umrini sarf qilgan arab shoiri Abul A’lo al- Ma’arriy ham har kim o‘z muhabbatini turli yo‘lda izhor etishidan xabar bersa, Ibn Arabiy “Haq o‘zini bizga “biz” orqali anglatadi”, deya fikr bildiradi. Umuman, tasavvuf ahli nuqtai nazarida butga sig‘inish kufr emas. Mutassib dindor-ruhoniylar talqinida kofirlik bilan so‘fiy shoir nazarda tutgan kofirlik boshqa-boshqa narsalardir.
Ogahiy Alloh go‘zalligini, uning betakror oliy zot ekanligini ta’kidlaydi hamda tabiatdagi, borliqdagi hech bir narsa uning iznisiz bo‘lmasligini, koinotdagi har bir go‘zallikda Alloh tazahhuri – aksi namoyon bo‘lishini e’tirof etadi. But, sanam kabilarni ham Alloh yaratgan, shuning uchun ham ularga sajda qilish mumkin deb ta’kidlaydi va bu qarashlarni o‘z she’rlarida mahorat bilan tasvirlaydi:
But jamolidin gar zohid qochar tong ermas,
Kim uchmag‘usi shabpar nuru ziyoni ko‘rgach.7
Ya’ni: Zohid, ya’niki ilmi irfondin bexabar bo‘lgan taqvodor butni ko‘rishdan, uning ruxsoriga boqishdan, xuddi ko‘rshapalak nuri ziyoni, yorug‘likni ko‘rib qochgandek qochadi. Chunki u but nima ekanligini bilmaydi.
U butni kufr narsa deb biladi. Bil’aks, but bu ma’shuqa timsmolidir:
Sajda but oldida qachon qilmoqg‘a mayl aylar edi ,
Gar ko‘rsa erdi, ey sanam, ahli nasoro surating.8
Shoir demoqchi: Agarda ishq ahli butga sajda qilishga moyillik sezsalar, ular Alloh jamolini xayol qilib, ko‘z oldiga keltirib, sanamga sig‘inadilar. Ey sanam, sening go‘zal ruxsoringni nasoro ahli, ya’ni xristianlar ko‘rganda edi, bunga moyillik sezgan bo‘lur edilar:
Vahki, manga ko‘rguzib ul buti tannoz, noz,
Jonima o‘t solg‘ali, ayladi og‘oz, noz.9
“Evoh, menga ul nozanin but o‘z nozu karashmalarini ko‘rsatdi. O‘z nozu ishvasi bilan jonimga o‘t soldi. Ul but, ya’ni ma’shuqa mening jismu jonimga o‘t yoqish uchun ko‘p noz qildi”. Bu erda oshiqning o‘z ma’shuqasidan shikoyati o‘ziga xos yuksak badiiylik bilan ifodalangan.
Umuman olganda bunday o‘rinlarni Ogahiy she’riyatida ko‘plab misollar orqali izohlash mumkin. Mana shunday timsolni u o‘z botiniy dunyosi, yuksak qarashlari ila mahorat bilan o‘ziga xos va o‘ziga mos tarzda ifoda qilib bergan. Ular orqali Ogahiyning ulug‘ mutasavvuf shoir sifatida ham nechog‘li qudratli bilimga ega ekanligini anglab olish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |