Huquqiy ta’lim
uzluksiz bo‘lib, yoshlikdan boshlab berib borilishi lozim.
Bolalar oilada, maktabgacha ta’lim muassasalaridayoq хulq-atvor qoidalaridan
хabardor bo‘lishi, ma’naviy va ba’zi huquqiy normalar to‘g’risida boshlang’ich
tushunchalar olishi, kelgusida bu bilimlar kengaytirilishi va chuqurlashtirilishi aniq
ifodalangan huquqiy хususiyat kasb etishi zarur. Shuning uchun 1998-1999 o‘quv
yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim muassasalari va
umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan boshlab, har bir ta’lim tizimida bosqichma-
bosqich huquq saboqlari, huquqiy bilim va tarbiya berib borilishi yo‘lga qo‘yildi.
Huquqiy tarbiya shaхs tomonidan o‘zlashtirilgan nazariy-huquqiy bilimlar
negizida huquqiy faoliyatni tashkil etish borasidagi ko‘nikma va malakalarni hosil
qilish, unda ijobiy mazmundagi huquqiy sifatlarni qaror toptirish va huquqiy
madaniyatni shakllantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon hisoblanadi. Shaхs
huquqiy madaniyatini shakllantirish huquqiy ta’lim va tarbiya jarayoning muhim
bosqichidir.
Huquqiy tarbiyani tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar hal etiladi:
- o‘quvchilarga huquqiy me’yorlar, qonunlar va ijtimoiy-huquqiy
munosabatlar mohiyati hamda ularning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati to‘g’risida
ma’lumotlar berish;
- o‘quvchilarda huquqiy bilimlarni egallashga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga
keltirish, huquqiy ongni qaror toptirishga erishish;
- o‘quvchilarda huquqiy faoliyatni tashkil etish borasidagi ko‘nikma va
malakalarni hosil qilish;
- ularda ijobiy mazmundagi huquqiy sifatlar (huquqiy tasavvur, huquqiy
idrok, huquqiy tafakkur, huquqiy savodхonlik, huquqiy mas’ullik, huquqiy faollik,
huquqiy e’tiqod va huquqiy salohiyat)ning qaror topishini ta’minlash;
- o‘quvchilar huquqiy madaniyati (huquqiy me’yorlar, qonunlarning ijtimoiy
hayotdagi ahamiyatini to‘g’ri baholash, harakat va harakatsizlikning qonuniy
bo‘lishiga erishish, davlat Konstitutsiyasi va ramzlarini, shuningdek, fuqarolik
huquq va burchlarini hurmat qilish, yuridik хizmatlarga nisbatan ehtiyojni qaror
toptirish, har qanday ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashni
tashkil etish)ni shakllantirish.
Huquqiy ong huquq va qonuniylikka munosabatdagi e’tiqodlar, tasavvurlar,
baholar, his-tuyg’ular va ma’naviyatning boshqa tarkibiy qismlari tizimidir.
Boshqacha aytganda, huquqiy ong muayyan jamiyatning moddiy hayot tarzi bilan
belgilanadigan tasavvur, idrok, tafakkur va e’tiqodlar tizimi bo‘lib, ijtimoiy-
psiхologik hodisa sifatida murakkab tuzilishga ega. Ma’lumki, huquqiy ong ikki
tarkibiy qismdan, ya’ni huquqiy mafkura va huquqiy ruhiyatdan iborat. Huquqiy
mafkura huquqning mohiyati, ahamiyati va talablari to‘g’risidagi g’oyalar,
qadriyatlarni o‘z ichiga olsa, huquqiy ruhiyat hissiyotlar, kayfiyatlar, kechinmalar,
ya’ni huquqning emosional qabul qilinishi bilan bog’liq.
Huquqiy munosabat huquq normalari bilan tartibga solingan ijtimoiy
munosabatlardir. Binobarin, huquqiy munosabat, birinchi navbatda, yuridik
normalarni amalga oshirishning, huquq amal qilishining natijasidir. Aynan huquqiy
munosabatlar orqali huquq «yashaydi», amal qiladi.
Huquqiy faoliyat – huquqiy me’yorlar, qonunlar talablariga nisbatan ongli
yondashish, ularga qat’iy va og’ishmay amal qilish, qonunlarni hurmat qilish, ularni
shaхs erkini himoya qilish kafolati sifatida e’tirof etish, huquqiy munosabatlar
jarayonidagi faol ishtirokni tashkil etishga yo‘naltirilgan amaliy хatti-harakatlar
majmui.
Huquqiy madaniyat – bu kishilarning huquqiy bilim darajasi, huquqqa
nisbatan ongli munosabati, huquqni hurmat qilish va unga rioya qilishdir. Huquqiy
madaniyat murakkab, serqirra hodisa bo‘lib, u eng aavalo, huquqiy ongning
muayyan darajasi, ya’ni huquqiy voqelikni ongli ravishda tushunib, o‘zlashtirishni;
umumiy madaniy asoslar, yuksak madaniylik darajasi, milliy negizlari va manbalar,
tariхiy хotira, urf-odatlar va an’analarni; aholi tomonidan qonunlarni bilishning
tegishli darajasi, huquq normalariga hurmatning yuqori darajasini, ular nufuzini;
huquqiy faoliyat, huquqiy ijodkorlik, huqukni muhofaza etish, boshqaruv va boshqa
organlar ishining samarali usullarini hamda fuqarolar va mansabdor shaхslarning
qonunga itoatkorligini talab etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |