Psixologik xizmatning maqsadi
2.Psixologik xizmatning asosiy vazifalari
Psixologik xizmat hozirgi zamon ta`lim tizimining ajralmas komponenti bo`lib, bolalarga ta`lim va tarbiya berishda ularning aqliy va shaxsiy imkoniyatlarini, bolada mavjud qobiliyatlarni, qiziqishlarni va intilishlarni o`z vaqtida aniqlash va ulardan maksimal to`liq ravishda foydalanishni ta`minlab beradi.
Agar so`z o`z rivojlanishida ko`pchilik bolalardan orqada qolayotgan bolalar to`g`risida boradigan bo`lsa, bunday holda psixologning vazifasi taraqqiyotidagi bunday orqada qolishning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan bo`ladi. Agar psixolog iqtidorli bolalar bilan ishlashiga to`g`ri kelsa, bunday holda bolalarning qobiliyatlarini ertaroq aniqlash va ularni yanada rivojlanishini ta`minlashga ko`maklashishi psixologning asosiy vazifalaridan biriga aylanadi.
Ta`lim tizimidagi psixologik xizmatning yana bitta qiyin vazifasi shundan iboratki, butun bolalik davri davomida ta`lim va tarbiyaning sifatini oshirish maqsadida ta`lim va tarbiya jarayonlarini doimiy ravishda nazoratda ushlab turish kerak. Bu yerda ushbu pedagogik jarayonlar bola psixik taraqqiyotining tabiiy va ijtimoiy qonuniyatlarga to`la mos ravishda, ta`lim va tarbiyaning psixologik nazariyalarining asosiy qoidalariga mos ravishda tashkil etish zaruriyati tushuniladi. Bu yerda psixolog ishining amaliy maqsadi o`quvchilarga ta`lim va tarbiya berish mazmuni va metodlarini psixologiya fani nuqtai nazaridan baholash, turli yoshdagi bolalar taraqqiyoti to`g`risidagi ilmiy ma`lumotlarni hisobga olgan holda ushbu mazmun va metodlarni mukammalashtirish bo`yicha tavsiyalar berish bilan bog`liq bo`ladi.
Shunday qilib, ta`lim tizimida tashkil etiladigan psixologik xizmatning quyidagi asosiy vazifalarini farqlash mumkin:
turli yosh davrlarda bolalarning shaxsiy, aqliy va ijtimoiy rivojlanishini psixologik jihatdan kuzatib borish, ta`lim-tarbiyadagi psixologik nuqsonlarini aniqlash, ularning aqliy va ijtimoiy taraqqiyotida sodir bo`lishi mumkin bo`lgan har qanday salbiy og`ishlarni oldini olish;
psixologik ma`rifat va tashviqot, psixologik-pedagogik tashxis, korreksion - rivojlantiruvchi, psixoprofilaktika va psixologik maslahat ishlarini tashkil etish va amalga oshirish;
o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik diagnostika ishlarini tubdan yaxshilash, samaradorligini oshirish;
o`quvchilarning qiziqishlari, moyilliklari, qobiliyatlarini tashxislash asosida ularning kasbiy o`zligini anglashini psixologik ta`minlash;
pedagogik jamoalarda sog`lom psixologik muhitni qo`llab- quvvatlash, jamoa a`zolarining hissiy-emotsional xolatlarini, shaxslararo munosabatlarini va ziddiyatli hatti-xarakatlarini korreksiyalash, ularning psixologik madaniyatini yuksaltirishga ko`maklashish;
ta`lim jarayoni barcha sub`ektlarining psixologik salomatligini saqlash uchun sharoitlar yaratish, oilada, o`quvchilar va pedagogik jamoalarida nosog`lom psixologik iqlim muammolarini hal etishda amaliy yordam ko`rsatish, kelib chiqishi mumkin bo`lgan nizolarning oldini olish va eng maqbul yechimlarini topish orqali ularni bartaraf etish;
ijtimoiy muammolari va xulqida og`ishligi mavjud bolalar va o`smirlarning ijtimoiy ustanovkalari, munosabatlari, xulq-atvor motivlarini o`rganish ularning maktabga va ijtimoiy muhitga moslasha olmaslik xolatlarini korreksiyalash, ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo`yicha tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya kilish;
psixologiya fani yutuqlari, innovatsion psixologik metodika va texnologiyalarni ta`lim jarayoni va psixologik amaliyotiga tatbiq etish;
iste`dodli o`smir va qizlarni izlab topish, iqtidorli bolalar va o`quvchi yoshlarni qo`llab-quvvatlash, ularning qobiliyati va iste`dodini o`stirish, shaxsiy va intellektual jihatdan rivojlantirish;
ularning qobiliyat, qiziqishlari va layoqatlari hamda kasb-hunarga moyilliklari asosida kelajakdagi kasblarini to`g`ri tanlashlariga yordam ko`rsatish, kasb tanlashdagi mavjud kamchiliklar, ikkilanishlar, karorsizlik va boshka turli sabablarga ko`ra kasb tanlashdagi buzilishlarning oldini olish.
Do'stlaringiz bilan baham: |