umumiy sug‘urta (shaxsiy, mulkiy sug‘urta, javobgarlikni sug‘urta qilish hamda hayotni sug‘urta qilish sohasiga taalluqli bo‘lmagan boshqa sug‘urta turlari). Sug‘urta tavakkalchiliklari yoki ular guruhlarining va ular bilan bog‘liq majburiyatlarning umumiy xususiyatlariga muvofiq sug‘urta sohalari sug‘urta turlariga (klasslariga) bo‘linadi. Sug‘urta turlari (klasslari) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-sonli «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 1-ilovasida sug‘urta faoliyatining klassifikatori berilgan bo‘lib, unga muvofiq hayotni sug‘urta qilish sohasi 4 ta klassga va umumiy sug‘urta sohasi 17 ta klassga ajratilgan. Turkumlanishning barcha bo‘g‘inlari sug‘urtani amalga oshirish shakllarini qamrab oladi, ya’ni majburiy va ixtiyoriy. Majburiy sug‘urtani amalga oshirish huquqiga davlat sug‘urta tashkilotlari egadirlar. Shu bilan birga sug‘urta tashkilotlari majburiy sug‘urta qilinishi lozim bo‘lgan obyektlarning but saqlanishi ustidan nazorat o‘rnatishga haqlidirlar. Majburiy sug‘urtani ajratib turuvchi tamoyillar quyidagilar. 1. Majburiy sug‘urta qonun yo‘li bilan o‘rnatiladi. Shunga mos ravishda sug‘urta qildiruvchi tegishli obyektlarni sug‘urtalashga, sug‘urtalovchilar esa, sug‘urta hodisalari ro‘y berganda tegishli sug‘urta to‘lovlarini to‘lashga majburdirlar. Qonunchilik odatda quyidagilarni belgilab beradi: - majburiy sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan obyektlar tarkibini; - sug‘urta javobgarligi hajmini; - sug‘urta ta’minoti darajasi va me’yorlarini; - tarif stavkalari miqdorlari va ularni o‘rnatish tartibini; - sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchilarning asosiy huquq va majburiyatlarini. 2. Qonunda ko‘rsatilgan majburiy sug‘urta obyektlarini yoppasiga sug‘urtaga qamrab olish. Buning uchun sug‘urta organlari mamlakatda har-yili sug‘urtalangan obyektlarni, hisoblangan sug‘urta badallarini va ularni o‘rnatilgan muddatlarda undirilishini hisobga olib boradilar. 3. Qonunda ko‘rsatilgan obyektlarga majburiy sug‘urtaning avtomatik ravishda qo‘llanilishi. Sug‘urtalanuvchi xo‘jalikda sug‘urtaga tegishli yangi obyekt paydo bo‘lganligi haqida sug‘urta organlariga xabar berishi shart emas. Bu mulk sug‘urta sohasiga avtomatik ravishda qo‘shiladi. Navbatdagi ro‘yxatga olish davrida hisobga olinadi va sug‘urtalanuvchiga to‘lanishi kerak bo‘lgan sug‘urta badallari ko‘rsatiladi. 4. Majburiy sug‘urtani sug‘urta badallari to‘lanishidan qat’iy nazar amal qilishi. Agarda sug‘urta qildiruvchi tegishli sug‘urta badallarini to‘lamagan hollarda, badallar sud orqali undirib olinishi mumkin. Sug‘urta badallari to‘lanmagan mulkni talofat ko‘rishi yoki shikastlanish hollarida sug‘urta to‘lovlari to‘lanaveradi, faqatgina sug‘urta badallari bo‘yicha qarz va kechiktirilgan kunlar uchun jarima summasi ushlab qolinadi. 5. Majburiy sug‘urtaning muddatsizligi. Majburiy sug‘urta sug‘urtalanuvchi sug‘urtalangan obyektdan foydalanish davrining to‘la qismida amal qiladi. Mulkni boshqa shaxsga o‘tishi bilan ham sug‘urta to‘xtatilmaydi. U faqatgina sug‘urtalangan mulk to‘la talofat ko‘rgandagina o‘z kuchini yo‘qotadi. 6. Majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta ta’minotining me’yorlashtirilishi. Sug‘urtaviy baholash va sug‘urtaviy qoplash tartibini soddalashtirish maqsadida sug‘urta bahosiga nisbatan foizlarda yoki bir obyektga so‘mlarda sug‘urta ta’minotining me’yorlari belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq tomonlarning xohish-irodasiga ko‘ra amalga oshiriladigan sug‘urta ixtiyoriy sug‘urta hisoblanadi. Ixtiyoriy sug‘urtaning shartlari tomonlarning kelishuviga asosan belgilanadi. Sug‘urtalanuvchi va sug‘urtalovchining huquqlari hamda burchlari, shuningdek, har bir sug‘urta turining aniq shartlari tegishli sug‘urta shartnomalari bilan belgilab quyiladi.