Kompaniya strategiyasini amalga oshirish jarayonida har bir menejer faol ishtirok etishi lozim. Strategiyani amalga oshirish – bu strategiyani tashkilotning harakat dasturiga va natijalariga aylantirishni nazarda tutadi. Ushbu jarayon strategiyani yaratish kabi tashkilotning hamma boshqaruv kadrlarini qatnashishini talab qiladi. Har bir menejer «Strategik rejani bizga tegishli qismini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun nima qilish kerak?» degan savolga javob izlaydi. Strategiyani amalga oshirishni asosini kommunikatsiya tashkil etadi. Rahbariyat tashkiliy o‘zgarishlarni amalga oshirishni juda yuqori darajada tashkil šilishi lozim. Strategiya butun tashkilotni qamrab olishi ideal holat hisoblanadi. Agar tashkilotning ishlab chiqarish va moliyaviy maqsadlari amalga oshirilsa, strategiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi deyish mumkin.
Afsuski, strategiyani amalga oshirish past darajada strukturalangan. Ushbu sohada aniq maslahat berish ham murakkabdir, har bir menejer o‘zining bilim va tajribasiga tayanadi. Ba’zi menejerlarda yaxshi natija bergan usullar boshqalarida salbiy natija berishi ham mumkin. Chunki menejerlarning qobiliyat darajasi va tashkiliy shart-sharoitlari har xildir.
Strategiyani amalga oshirishni boshqarish. Strategiyani amalga oshirish rahbariyatning boshqaruv qobiliyatiga bog‘liq. Menejerlar strategiyani amalga oshirishda boshqaruvning avtoritar, demokratik va liberal usullaridan foydalanishi yoki boshqaruv vakolatini boshqa shaxslarga berishi mumkin.
Menejerlarning strategiyani amalga oshirishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi: 1) tajribani mavjudligi va faoliyatni mukammal bilish; 2) ijrochilar sohaning yangi yoki eski xodimlari bo‘lishi; 3) tashkilotdagi shaxsiy munosabatlar va uning xususiyatlari; 4) diagnostika, ma’muriy ko‘nikmalar va muammolarni yechish qobiliyatining mavjudligi; 5) vakolatlarning samarali taqsimoti; 6) rahbarlik usuli; 7) rahbarlarning tashkilotdagi roli.
Strategiyani amalga oshirish bosh menejer va katta lavozimdagi rahbarlar zimmasida bo‘lsa ham, o‘rta pog‘ona rahbarlari faqat faoliyatni bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish bilangina shug‘ullanib kolmaydi, ular maqsadlarni amalga oshirish uchun ham javobgardirlar.
Katta hajmdagi tashkilotlarda strategiyani amalga oshirish faqat o‘rta va quyi pog‘ona menejerlari ishtirokida muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkin. Oliy rahbarlarning ijrochi menejerlar bilan munosabati, boshqaruv vakolatlarining to‘g‘ri taqsimlanganligi, tashkiliy o‘zgarishlarning amalga oshirish zaruriyatining to‘g‘ri tushuntirilishi va rag‘batlantirishi hamda nazorat sistemasining samaradorligi muvaffaqiyat garovi hisoblanadi.