Tayyorlov davri
Tayyorlov davrida, yuqorida aytganimizdek, sport formasiga kirish uchun kerakli sharoit yaratilishi va sportchi organizmi rivojlantirilishi hamda sport formasi bevosita shakllanishi ta’minlanishi lozim. Shunga binoan, bu davr ikki asosiy bosqichga bo‘linadi. Ularning birinchisi, odatda, ko‘proq davom etadigan bosqichdir.
Tayyorlov davrining birinchi (umumiy tayyorgarlik - UTB) bosqichi
Birinchi bosqichda sport formasining mustahkam poydevorini yaratish kerak. Bu vazifa sportchi tayyorgarligining asosiy bo‘limlariga muvofiq quyidagicha aniqlik bilan hal etiladi.
Jismoniy tayyorgarlikda birinchi darajali vazifa organizmning barcha jismoniy xislatlarini har tomonlama rivojlantirish yo‘li bilan uning funksional imkoniyatlari umumiy darajasini yuksaltirishdan iborat. Mazkur bosqichdagi jismoniy tayyorgarlik ixtisosi chuqurlashtirishdan ham ko‘ra ko‘proq, tanlangan sport turida taraqqiyotga bevosita yoki bilvosita sabab bo‘luvchi funksional imkoniyatlarni yanada kengaytirishga qaratilgandir. Buning sababi shundaki, sport formasi kelajakda qay darajada bo‘lishi, avvalo, jismoniy tayyor ekanlikning dastlabki darajasiga, shuningdek, umumiy jismoniy tayyorgarlik maxsus tayyorgarlikka nisbatan asos soluvchi rol o‘ynashiga bog‘liq.
Birinchi bosqichda sportchining jismoniy kamol topishidagi turli yo‘nalishlarning o‘zaro aloqadorligidan foydalanish uchun ancha qulay imkoniyatlar mavjud. Jismoniy fazilatlarning “bevosita va bilvosita o‘sishi”dan keng foydalanish jismoniy tayyorgarlikning bu bosqichdagi asosiy mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi.
Texnik va taktik tayyorgarlikda birinchi bosqichdagi xarakterli vazifalar quyidagilardan iborat:
— sport faoliyatining nazariy asosini tashkil etuvchi bilimlar olish va mustahkamlash;
— tanlangan sport turida kamolotga erishish uchun qulay sharoit yaratuvchi harakat mahorati va malakalari fondini kengaytirish;
— tanlangan sport texnikasi va taktikasi (asosan, xususiy va bir-biriga o‘tuvchi) tarkibiga kiruvchi mahorat va malakalarni shakllantirish yohud qayta tartiblash va takomillashtirish.
Mazkur vazifalar tanlangan sport turida texnik va taktik jihatdan kamolotga erishish, birinchi galda, umumiy jismoniy ma’lumotga, bilim, malaka va mahorat zaxirasini muntazam boyitib borishga bog‘liq ekanligidan kelib chiqadi. Shuningdek, harakat ko‘nikmalarining ijobiylaridan foydalanish va “salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi”larini yengib o‘tish yo‘li bilan tanlangan sport turidagi xususiy va “mayda” malakalardan yaxlit formalarga o‘ta borish ham qonuniy bir holdir.
Ma’naviy — irodaviy tayyorgarlikda katta hajmdagi tayyorgarlik ishlariga intilishni shakllantirish, sportchiga xos mehnatsevarlikni tarbiyalash, sport faoliyatidagi muvaffaqiyatni ta’minlovchi irodaviy imkoniyatlar umumiy darajasini yuksaltirish birinchi bosqichda alohida ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |