So‘zning lug‘aviy birlik sifatidagi mohiyati. Til birligi ifoda planiga va mazmun planiga ega bo‘ladi; bunda mazmun plani ifoda planiga til bosqichida biriktirilgan bo‘ladi, til xotirasida saqlanadi, nutqda ana shu ifoda plani bilan mazmun plani birgalikda, o‘zaro biriktirilgan holda qalqiydi.
Leksema ana shu talablarga javob beradi, shunga ko‘ra til birligi deb qaraladi. Masalan, mustaqil so‘z turkumlariga mansub nok, pish, shirin, sekin kabi leksemalarning har biri ma’lum ifoda planiga va mazmun planiga ega va bu ikki plan til bosqichida o‘zaro berkitilgan, shunga ko‘ra har biri til birligiga teng2.
Leksema lisoniy birlik sifatida miyaning til xotirasi qismidagi ramzga teng; leksemadan foydalanishda ana shu ramzdan nusxa olinadi. Nutqda leksemaning o‘zi namoyon bo‘lmaydi, chunki u butunga emas, qismga teng holatda bo‘ladi, sintaktik belgi xususiyat qo‘shilgandan keyin butunga aylanadi. Leksemaning ana shunday qism holatida bo‘lishi oxiriga chiziqcha yozib ko‘rsatiladi: nok-, pish-, shirin, sekin kabi. Agar biz nok- leksemasini uning daraxtda pishishi, shirin meva ekanligini ifodalamoqchi bo‘lsak, nok shaklida, agar o‘sha meva haqida nutqimizda ifodalasak, nok shaklida yozamiz. Demak, leksema til xotirasida lisoniy birlik sifatida mavjud bo‘ladi, nutqda sintaktik tavsif olib qatnashadi.
So‘z tilning eng muhim nominativ birligidir, chunki u borliqdagi narsa-buyumlarni, predmet sifatida tasavvur qilinadigan mavhum tushunchalarni, harakat-holatni, rang-tus, maza-tam, hajm-miqdor, hislat kabi belgi-xususiyatlarni nomlaydi: daraxt(predmet nomi), ong(mavhum tushuncha nomi), besh(miqdor nomi) kabi. Tilning lug‘at boyligidagi bunday so‘zlar leksik birliklar sanaladi3.
Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turganidek, biz nutqimizda ishlatadigan so‘zlar va so‘zga teng birliklar bizning ongimizda tayyor ko‘rinishda bo‘ladi. Biz bunday birliklarni faqat talaffuz qilganimizdagina so‘z deyishimiz mumkin ekan, aksincha, biz bu tushunchalarni ongimizda mavjudligini his qilishimiz, shu birliklar haqida tushunchamiz leksema deyiladi
Leksemalarning ifoda planini belgilashda avval tub leksemalar, keyin hosila leksemalar talqin qilinishi lozim.
Tub leksemaning ifoda plani deganda uning qaysi formalar bilan ifodalanishi nazarda tutiladi. Tub leksemalarda ifoda plani deb ularning gavdasi bo‘lib xizmat qiladigan fonemalar tuzumiga aytiladi. (Tuzum qaysi fonemalarning qanday tartibda joylashib bir butunlik hosil etishidir.)
Masalan, kitob- leksemasining ifoda plani bo‘lib k, i, t, o, b fonemalarining yuqoridagicha tartibda joylashgan tuzumi xizmat qiladi (ikki fonemani bir harf bilan yozish grafika xususiyatidan kelib chiqadi). Bu leksemani gavdalantirishda har besh fonemaning qiymati bor: biror fonemani tushurib qoldirsak yoki almashtirsak, ushbu leksema kitob yo‘qoladi. Lekin shu asosda har bir fonemadan ma’no qidirish o‘rinli emas, chunki ma’lum bir ma’no til birligini (leksemani) gavdalantiruvchi fonemalarga bir butun holda berkitiladi.
Leksemaning ifoda jihati deganda, avvalo, qaysi til tovushlarining qanday tartibdagi qatori bilan ifodalanishi tushuniladi. Leksemaning (shunungdek, morfemaning ham) ifoda jihati bo‘lish vazifasini bajarishi bilan til tovushi fonema mavqeiga ega bo‘ladi. Demak, til tovushi – tilning tovushlar tizimiga mansub birlik; fonema – til birligining ifoda jihati bo‘lib xizmat qiladigan va shu orqali til birliklarining o‘zaro farqlanishini ham ta’minlaydigan til tovushi4.
Fonema til qurilishidagi alohida bir hodisa, alohida birlik emas, balki til qurilishiga mansub tovushlarning ijtimoiy vazifa bajarish holati, xolos: til tovushiga ijtimoiy vazifa bajarishiga ko`ra fonema nomi berilgan. Afsuski, fonema nazariyasi rivojlangan sari til tovushiga xos artikulyatsion belgi xususiyatlar ham fonemaga tortib olinib, til tovushi tilning qurilish birligi sifatida umuman gapirilmaydigan, til birligi deb to‘g‘ridan to‘g‘ri aytiladigan bo‘ldi, “til tovushi” tushunchasi go‘yo “fonema” tushunchasiga singdirildi. Aslida til qurilishiga xos birliklar (birlamchi qurilish birliklari) sifatida, avvalo, til tovushlari tasvirlanadi, keyingina shu til tovushlari ijtimoiy vazifasiga ko‘ra fonema sifatida o‘rganiladi.
Leksemaning ifoda jihati dastlab bir bo‘g‘inli leksemalar bo‘yicha bayon qilinadi. Bo‘g‘inni tasvirlash nuqtai nazaridan til tovushlari bo‘g‘in hosil qiladigan va bo‘g‘in hosil qilmaydigan tovush deb ikkiga ajratiladi. Birinchi turga ovoz tovush kiritilib, sonant deb nomlanadi (lot. sonare – ’jarangla-’), boshqa tovushlar ikkinchi turga birlashtirilib, consonant deb nomlanadi (lot. con – ’birga’). Bo‘g‘inni tasvirlashda sonantni V harfi bilan, konsonantni C harfi bilan belgilash qabul qilingan [V harfi – vokal (lot. vokalis – ’ovoz’) so‘zining bosh harfi]. Shundan kelib chiqib, tovushlar unli va undosh tovushlarga ajratiladi
Bir bo‘g‘inli leksemalarning ko‘pchilik qismida ifoda jihati bo‘lib uch fonema CVC tartibida keladi: bosh-, bo‘sh-, bo‘l- va boshqalar. Ifoda jihati ikki fonemadan iborat leksemalar oz bo‘lib, bular ikki turli: VC, CV; asosan, VC turiga to‘g‘ri keladi: ish-, osh-, uch- va b.
Bir bo‘g‘inli leksema yakka ovoz tovush bilan ifodalansa, shu tovushning o‘zi bo‘g‘in hosil etadi, lekin bunday leksema hozirgi o‘zbek tilida yo‘q. CVC, VC, CV, VCC, CVCC tarkibli leksemalarda uch, ikki, to‘rt tovushni bir fonetik cho‘qqi bilan birlashtirish zarurati mavjud. Bunday tarkibdagi tovushlardan biri – sonant, boshqalari – consonant bo‘ladi; consonant, odatda, sonant yordamida, ovoz tovush bilan birgalikda talaffuz qilinadi.
Ifoda jihati faqat yakka ovozdan iborat leksema hozirgi o‘zbek tilida yo‘q; yakka ovoz tovush bilan ifodalanadigan deb u olmoshini ko‘rsatish to‘g‘ri emas, chunki bu olmosh ul-, un- shakllarida ham ishlatiladi; hatto “to‘liqsiz fe’l” deb ishlatiluvchi e- ham er-shaklida uchraydi5. Bizning fikrimizcha, u olmoshining ifoda jihati yakka ovozdan iborat leksema emasligiga uning ul-, un- shakllarida ham ishlatilishi emas, bu olmoshning o‘z leksik ma’nosi yo‘qligi va boshqa so‘zlar o‘rnida qo‘llanilib, o‘sha so‘zlar orqaligina lug‘aviy ma’no anglatganligi sabab bo‘ladi.
Tub leksemalarning ifoda planiga bog‘liq hodisalaridan biri – ularning bo‘g‘in tuzilishidir. O‘zbekcha tub leksemalar asosan bir va ikki bo‘g‘inli bo‘ladi. Bir bo‘g‘inli leksemalarning ko‘pi uch fonemali bo‘lib, undosh+unli+undosh tuzumiga ega: bosh, qosh, tosh, yosh, bur, tur, yur, sur va boshqalar. Ikki fonema bilan gavdalanuvchi tub leksemalarning ko‘pi unli+undosh tuzumiga ega: ish, osh, ot, o‘t, uch va boshqalar. Undosh+unli tuzumiga ega leksemalar sanoqli: ye, de kabi. Bir unli bilan ifodalanadigan leksema yo‘q hisob. Bunday ifodalanish undov, yuklamalar orasida uchraydi, lekin ular leksik birlik (leksema) deb qaralmaydi.
Tub leksemalarning ifoda planiga bog‘liq hodisalardan yana biri – bularning boshlanishida, oxirida fonemalarning qanday joylashuvi. O‘zbekcha bir bo‘g‘inli tub leksemalar boshlanishida ikki undosh qator kelmaydi, oxirida ikki undoshning qator kelishi ham kam uchraydi (qator kelgan undoshdan keyingisi ko‘pincha qo‘shilgan qism bo‘lib chiqadi): ost, ust, old, ort kabi.
L eksemaning ifoda planiga bog‘liq hodisalarda biri – fonetik cho‘qqi. Nutqning fonetik bo‘linishida eng kichik talaffuz birligi – bo‘g‘in. Nutq birligi emas, til birligi bo‘lishidan qat’i nazar, leksema ham o‘zbek tilida kamida bir bo‘g‘inga teng bo‘ladi, demak, bunday leksemalarda fonemalarning bo‘g‘inga birlashuvi haqida gapirish lozim6. Masalan, kuz, ost leksemalarida uch fonema, ish, ye leksemalarida ikki fonema bir bo‘g‘inga birlashadi. Bo‘g‘in hosil etish unli fonemaga xos bo‘lib, undoshlar unliga qo‘shib talaffuz qilinadi, talaffuz cho‘qqisi unli fonemada bo‘ladi:
K o‘ z, o s t, i sh, y e
kabi.
Leksema bir necha bo‘g‘inli bo‘lsa, bu bo‘g‘inlar, o‘z navbatida, yana fonetik cho‘qqi yordamoda birlashadi, bunday vazifani bo‘g‘inlardan birining fonetik ch‘qqisi bajaradi:
K i sh i, b u l u t
k a b i.
Hosila leksemaning ifoda plani deganda, avvalo, bunday leksema qaysi til birliklari asosida hosil qilingani nazarda tutiladi. Hosila leksemalar yasama, qo‘shma, juft, takror leksemalar bo ‘lishi mumkin.
Yasama leksemaning ifoda plani bo‘lib leksema bilan derivativ (leksema yasovchi morfema), keladi: ovchi = ov+chi, ovla = ov+la kabi; fonemalar esa ana shu yasash asosi vazifasida kelgan leksemaning va yasovchi morfemaning ifoda plani bo‘lib keladi.
O‘zbekcha leksemada uning birinchi qismi so‘zshaklga, ikkinchi qismi leksemaga teng bo‘ladi, ifoda plani deb dastlab ana shular ajratiladi, keyin har birining o‘z tarkibi belgilanib, oxiri tub qismlarning ifoda plani sifatida fonemalar ta’kidlanadi:
Ishlab chiqarmoq
< Ishlab > < chiqar = > =
< [ ishla ] b > < [ chiq ] ar = > =
< [ ( ish ) la ] b > < [ chiq ] ar = > =
I+sh/l+a│b│ch+i+q/ar
Juft leksema, takror leksema, odatda, ikki so‘zshakldan tuzilib, yaxlitligicha leksemaga teng bo‘lad:
[ ( ota ) = ( ona ) ] =
[ ( ur ) = ( yiqit ) ] =
[ ( jaz ) = ( juz ) ] =
kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |