Siyosatning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni va funksiyalari
Siyosat tushunchasini mukammal o‘rganish uchun uning yuqorida keltirilgan umumiy ta’rifi bilan cheklanib bo‘lmaydi. Buning uchun, siyosatning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni va funksiyalarini ko‘rib chiqish juda muhimdir.
Xo‘sh, siyosat ijtimoiy hayotda qanday o‘rin tutadi? Uning maqsadi va funksiyalari nimalardan iborat? Endi ushbu masalalar ustida batafsilroq to‘xtalib o‘tamiz.
Siyosat - jamiyatning asosiy sohalaridan biri hisoblanadi. U ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni va roliga ko‘ra iqtisodiy va ma’naviy sohalarga ko‘p jihatdan o‘xshashdir.
Siyosat jamiyatning boshqa sohalari singari xalq manfaatlarini himoya qiladi. U ham xalqqa, ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qiladi. Biroq, siyosat - jamiyatning o‘ziga xos, mustaqil sohasidir. U o‘zining ijtimoiy hayotda tutgan o‘rniga ko‘ra, iqtisodiy va ma’naviy sohalardan farq qiladi.
Siyosat - jamiyatning yashashi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy boyliklarini ishlab chiqaruvchi soha emas, balki uning birligi va yaxlitligi, xavfsizligi va barqarorligi, tinch-totuvligi va osoyishtaligini ta’minlovchi sohadir. Bu sohada xo‘jalik va ma’naviy–ma’rifiy ishlar bilan emas, balki ijtimoiy hayotni boshqarish, tartibga solish, xavfsizlikni ta’minlash masalalari bilan shug‘ullaniladi.
Siyosat jamiyatni boshqarish, tartibga solish va mustahkamlash uchun uning barcha sohalariga; ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviyatga chuqur kirib boradi va ta’sir o‘tkazadi. Jamiyatning siyosat kirib bormaydigan va ta’sir o‘tkazmaydigan bironta ham sohasi yo’q. Uning beistisno hamma sohalari siyosat obekti bo‘la oladi. Siyosatning iqtisodiy va ma’naviy sohalardan farq qiladigan xususiyatlaridan biri ana shundandir.
Siyosat - jamiyatning ijtimoiy muammolariga chuqur kirib boruvchi, ta’sir o‘tkazuvchi va ularni hal etuvchi sohadir. Bu sohada barcha ijtimoiy guruhlar, qatlamlar uchun belgilovchi ahamiyatga ega bo‘lgan, to‘g‘ri va oqilona yo’lni ko‘rsatib beradigan qarorlar ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.
Siyosat jamiyatning ijtimoiy sohasini boshqarish, tartibga solib turish bilan cheklanib qolmaydi. U iqtisodiyotni tartibga solish va yuksaltirishga, eski xo‘jalik yuritish tizimi o‘rniga yangi xo‘jalik yuritish tizimi qaror topishiga doir tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Agar u iqtisodiyotdan ustun tursa, uning yiG‘ilib qolgan muammolarini hal etishdan bosh tortsa, o‘zining maqsad va vazifalarini bajara olmaydi. Iqtisodiyotdan doim ustun turgan siyosat haqiqiy siyosat bo‘la olmaydi.
Siyosat iqtisodiyotdagi muammolarni hal etuvchi, uni tartibga soluvchi sohadir. U iqtisodiyotdagi muammolarning adolatsizliklar, haqsizliklar, qonunbuzarliklarning qanchalik to‘la va chuqur hal etilishiga erishsa, uning ta’sirchanligi, samaradorligi, xalqchilligi shunchalik yuqori bo‘ladi.
Siyosat jamiyatning ma’naviy, madaniy – ma’rifiy sohasini ham boshqaradi, tartibga solib turadi. U ommaning, har bir insonning ma’naviy madaniyatini oshirishga, uning tabiat, jamiyat sirlarini, ijtimoiy hayotdagi o‘z o‘rnini bilib va anglab olishiga doir tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Chunki, ijtimoiy, iqtisodiy sohalarni tartibga solish va mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarning o‘zi kutilgan natijalarni bermaydi. Shuning uchun ham siyosat ma’naviy–ma’rifiy sohani izchillik bilan qayta ko‘rishga va rivojlantirishga, oldingi davrdan meros bo‘lib qolgan zararli urf-odatlar, noto‘g‘ri tasavvurlar, mutelik, qaramlik, be’’amlik, boqimandalik va boshqa illatlarni barataraf etish, yangicha qarashlarni shakllantirishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Bu bilan siyosat nafaqat ijtimoiy sohalarni, shu bilan birga ma’naviy-ma’rifiy sohani ham tartibga soluvchi kuch sifatida maydonga chiqadi.
Ammo, siyosat jamiyatdagi har qanday iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy masalalarni hal etmaydi va hal eta olmaydi. Bunday deb o‘ylash ochiqdan-ochiq masalalarni sayqallashtirishdan, siyosatning asl mohiyatini tushunmaslikdan, buzub ko‘rsatish, uni bo‘rttirish, mutlaqlashtirish boshqa narsa emas.
Siyosat jamiyatdagi har qanday iqtisodiy, ma’naviy masalalarni hal etuvchi soha emas. U butun jamiyatning, xalqning manfaatlariga dahldor bo‘lgan iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni o‘zlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni hal etadi. Boshqacha qilib aytganda, agar iqtisodiyot, ma’naviyat-ma’rifatda u yoki bu masala ushbu soha doirasida hal etilsa, siyosatda esa butun jamiyatga, barcha ijtimoiy guruhlarga doir masalalar hal etiladi. Siyosat – butun jamiyatga dahldor bo‘lgan masalalarni hal etuvchi sohadir.
Siyosatning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarga ta’sir doirasi kattadir, ammo cheksiz emas. U jamiyatning boshqa sohalariga har doim aralashavermaydi. Faqat totalitar tuzumdagina siyosat har qanday paytda va har qanday joyda ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalar faoliyatiga aralashadi. Siyosat demokratik jamiyatda boshqa sohalar faoliyatiga ular doirasida g‘ayriqonuniy, mas’uliyatsiz xatti-xarakatlar sodir etilganda, ijtimoiy adolat buzilganda aralashishi mumkin. Jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalaridagi noqonuniy, mas’uliyatsiz xatti-xarakatlar, ijtimoiy adolatning buzilishi, ularning o‘z vazifasini holol bajarmasliklari, ijtimoiy muammolarning paydo bo‘lishi va kuchayishi, uning aralashishi qonuniyligini belgilab beradi. Qonunlarning bajarilmasligi, ijtimoiy adolat va ijtimoiy tartibning buzilishi, yovuzlik, zo‘ravonlik siyosatning boshqa sohalar faoliyatiga aralashish uchun obektiv asos bo‘ladi. Qonunlar bajarilmagan va ijtimoiy muammolar paydo bo‘lgan, kuchaygan paytda siyosatning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy — ma’rifiy sohalarga aralashishi, aybdorlarni javobgarlikka tortishi mumkin va muqarrar bo‘lib qoladi. Iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi noqonuniy xatti—xarakatlarni bartaraf etish masalasi iqtisodiy yoki ma’naviy masala emas, balki siyosiy masaladir. Ana shu sohalardagi qonun buzarliklarni bartaraf etish xuddi siyosatning vazifasidir.
Siyosat o‘zining barcha vositalariga tayanib adolatsizlikni tartibsizlikni, qonunbuzarlikni bartaraf etadi, "ijtimoiy adolat va tartibni, uyG‘unlik va muvozanatni, tinch-totuvlik va osoyishtalikni o‘rnatadi. Shu tariqa siyosat — jamiyatning tayanchi, xalqning posboni, himoyachisi sifatida, butun ijtimoiy hayotini tartibga soluvchi kuch sifatida maydonga chiqadi.
Siyosatning moddiy va ma’naviy boyliklarni bevosita ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmasligi uning jamiyat taraqqiyoti uchun ahamiyati iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy sohalardan kam ekan, degan ma’noni anglatmaydi. Bunday deb o‘ylash siyosatni mensimaslikdan, uning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini kamsitishdan boshqa narsa emas.
Siyosatning jamiyat yashashi va taraqqiy etishidagi ahamiyati iqtisodiyot va ma’naviyatdan aslo kam emas. Xuddi iqtisodiyotsiz, ma’naviyatsiz, ma’rifatsiz jamiyatning yashashi va rivojlanishi mumkin bo‘lmagandek, uning siyosatsiz yashashi va rivojlanishi ham mumkin bo‘lmaydi. Jamiyatning moddiy va ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarishsiz ochlikdan o‘limga qanchalik mahkum etilganidek, uning ijtimoiy muammolarni hal etmasdan, birlik, uyushqoqlik, adolat va tartib o‘rnatmasdan halokatga duchor bo‘lishi shunchalik muqarrardir.
Buyuk hakim va alloma Ibn Sino: «... agar mehnatkashlarga rahbarlik qiluvchi sultonlar, xonlar bo‘lmasa edi, bunday hollarda ularning barchalari bilan bulur edilar" deb bejiz aytmagan.
Siyosat tufayli jamiyatning barcha sohalari (boshqariladi, tartibga solinadi, ijtimoiy muammolar hal etiladi, jinoyatchilik ildizlari ijtimoiy hayotda qirqiladi, adolat va tartib o‘rnatiladi, xavfsizlik va barqarorlik, tinchlik, totuvlik-osoyishtalik, uyg‘unlik va muvozanat ta’minlanadi. Shuning uchun ham siyosat jamiyatning asosiy sohalaridan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |