Mutlaq monarxiya – boshqaruvning shunday shakliki, unda oliy davlat hokimiyati qonun bo‘yicha to‘laligicha bitta shaxsga bo‘ysunadi. Bunday boshqaruv shakli Saudiya Arabistoni, Qatar, Ummon, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa mamlakatlarda amalga oshiriladi.
Cheklangan monarxiya (yoki konstitutsiyaviy monarxiya) – boshqaruvning shunday shakliki, unda monarxning hokimiyati vakillik organlari tomonidan sezilarli darajada cheklanadi. Odatda bu cheklash parlament tomonidan tasdiqlangan konstitutsiya bilan belgilanadi. Monarx esa konstitutsiyani o‘zgartirish huquqiga ega emas.
Cheklangan monarxiyaning asosiy belgilari – hukumat parlament saylovlarida ko‘pchilik ovoz olgan muayyan partiyaning vakillari asosida shakllantiriladi; eng ko‘p deputat o‘rinlariga ega bo‘lgan partiya lideri hukumat rahbariga aylanadi; qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud sohalari amalda monarx hokimiyatiga bo‘ysunmaydi, uning bu sohalardagi hokimiyati ramziy hisoblanadi; qonunchilik hujjatlari parlament tomonidan qabul qilinadi va faqat rasman monarx tomonidan imzolanadi; konstitutsiyaga muvofiq hukumat monarx oldida emas, balki parlament oldida hisobot beradi. Boshqaruvning bunday shakli YAponiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Belgiya, Shvetsiya va boshqa mamlakatlarda amal qiladi.
Konstitutsiyaviy monarxiyaning shakllaridan biri sifatida dualistik monarxiya maydonga chiqadi. Dualistik monarxiyaning asosiy belgilari – ikkiyoqlama xarakter kasb etadi; yuridik jihatdan hokimiyat haqiqatda monarx tomonidan shakllantirilgan hukumat va parlament o‘rtasida bo‘linadi; hukumat parlamentdagi partiya tarkibiga bog‘liq bo‘lmagan holda shakllantiriladi va uning oldida hisob bermaydi; monarx asosan feodallarning manfaatlarini ifodalaydi, parlament esa burjuaziya va aholining boshqa qatlamlarini himoya qiladi. Boshqaruvning bunday shakli kayzer Germaniyasida mavjud edi (1871-1918), hozirda esa Marokashda amal qilayapti.
Bir qator davlatlarda monarx mamlakatning nafaqat dunyoviy, balki diniy hayotiga ham boshchilik qiladi. Bunday monarxiyalar teokratik monarxiyalar deb ataladi. Boshqaruvning bunday shakli Saudiya Arabistoni va Vatikanda amal qiladi.
Boshqaruvning yana bir shakli respublika bo‘lib, unda oliy hokimiyat aholi tomonidan muayyan muddatga saylangan saylov organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Boshqaruvning respublika shaklining umumiy belgilari – yakka hukmdor va kollegial davlat rahbariyatining mavjudligi; davlat rahbari va boshqa davlat hokimiyati oliy organlarining muayyan muddatga saylab qo‘yilishi; davlat hokimiyatining o‘z irodasiga ko‘ra emas, balki xalq xohishi bo‘yicha amalga oshirilishi; qonun bilan ko‘zda tutilgan hollarda davlat rahbarining yuridik javobgarlikka tortilishi. Respublika ham hamma vaqt va hamma joyda bir xil emas. U ham monarxiya kabi har xil bo‘ladi. Hukumatning parlament yoki prezident oldida mas’uliyatliligiga qarab parlamentar respublika va prezidentlik respublikasiga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |