Qayumars afsonasidan boshlanadi. Bunda Firdavsiy bir so‘zamol dehqon hikoyatini keltiradi. Unga ko‘ra, ilk bor shohlik tojin odat qilgan zot – Kayumars o‘z manzilini tog‘ ichra quradi va farovonlikka erishib, katta ixtirolar yaratadi. Yo‘lbars terisidan insonga yopinchiq tayyorlatadi va uni yopinishga o‘rgatadi, insonni parvarish qilib, kiyim kechak, yegulik to‘plashni buyuradi. Qayumars yer yuzidagi birinchi odam va birinchi shoh deyiladi. 30 yillik hukmdorlik davrida mamlakatni adolat bilan boshqarish, zaminni go‘zallashtirish, kishilarga yaxshilik qilish, yovuz kuchlarga qarshi kurash borasida chinakam ibrat namunasini ko‘rsatadi. Bu xususda san’atshunos E. Ismoilova shunjday yozadi; “Qayomarsning bunday olijanobliklari to‘g‘risida Firdavsiydan tashqari Ma’sudiy, Saolibiy va boshqalar ham o‘z asarlarini yozishadi. Uning xizmatlari ko‘plab fors afsonalarida ham ta’kidlanadi. Afsonalarda aytilishicha, Qayumars tog‘da yashagan (bu uning Xudoga yaqinligini bildiradi) hamda birinchi bo‘lib, Yerda turmush kechirishning tartib – qoidalarini yaratgan. Ularni qorong‘u g‘orlardan chiqib, tog‘laring quyosh tushib turadigan joylarida uy – joy qurib yashashga o‘rgatgan. Qayumars, hatto, hayvonlar hamda qushlarga ham sahovatpeshalik qilgan. Qayumars to‘g‘risida afsonalar asosida juda ko‘p miniatyura asarlari yaratilgan. Ulardan eng mashhuri Sulton Muhammad mo‘yqalamiga mansub bo‘lib, u Tabrizda 1522 – 1525 yillarda ishlangan (“Shohnoma”. N’yu – Yorkdagi Metropoliten muzeyi, l. 20). “Qayumarsning maskani” (8, r.17) miniatyurasida tog‘ bag‘ridagi go‘zal joy tasvirlangan. Unda rang–barang nur taratayotgan lojuvard qoyalar, xilma–xil qimmatbaho marvarid toshlar ajib manzara hosil qilib, cho‘qqilari tillarang osmonga intilib turibdi. Uning atrofida ko‘p kishilar aylana hosil qilgan. Odamlarning o‘rtasida kishi, ehtimol, kohin (ruhoniy) bo‘lsa kerak. Undan quyiroqda urug‘ oqsoqollari, qabila boshliqlari Qayumarsga qarashib, uni tinglab turishibdi. Qayumars, baland cho‘qqi ustida, huddi taxtda o‘tirganday oyoqlarini kerib, qo‘llarini yuqori ko‘targancha nimanidir tushuntirmoqda. Qayumarsning o‘ng qo‘li ko‘rsatkich barmog‘i yaqinroqdagi qoya ustida joylashib olgan bosh kohinga qaratilgan. U Qayumarsga javob qaytarishga shay holatda. Qayumars bilan kohinning suhbat – muloqotiga ulardan quyiroqda turgan uch erkak diqqat qilib turibdi. Ko‘p kishilar ularni yarim aylana qilib o‘rab olishgan. Kishilarning oq – sariq va qora ranglari ularning turli qabila vakillari ekanini bildiradi. Ularning barchasi boshlariga yungli telpak kiyishgan. Bu qadimgi ajdolarimiz mukammal uyg‘unlikka halaqit beradigan hech narsa yo‘q, deb bilishadi, shekilli, ularning oldida, gullar ochilib yotgan maydon o‘rtasida yirtqich sherlar, ohular, qobon va shoqollar yonma – yon kezib yurishibdi. Miniatyuraning o‘ng tarafi pastki qismida yoshgina yigitning dam olib yotgan sher bolasini ushlab turgani tasvirlangan. Bir erkak yelkasida g‘oz, ikkinchisida kiyikni ko‘targanicha daradan Qayumars o‘tirgan cho‘qqi toponga xush kayfiyatda ko‘tarilib bormoqda. Atrofda daryolar shovqin solib oqadi, buloqlar jildiraydi, shashara sharqirab turipdi. Bu maskanning osoyishtaligi ramzi sanaladi. Sharshara – suvning ezgulik Ruhi – “Aurvat” (ya’ni salomatlik), o‘t – o‘lan, o‘simliklarning barq urib yashnashi mamlakatning ravnaq topgani, uni “axura”- o‘simliklarning homiy Ruhi Amartat (“hayot manbai”, “mangulik”) va Zamin Ruhi – Spanta Armaiti qo‘llab quvvatlab turishini bildiradi. Atrofdagi kishilarning diqqat – e’tibor bilan nazar solishi ularning o‘z hukmdorlari – shohga cheksiz sadoqatidan dalolat beradi. Ularning barchasi hayotda tinchlik va mutanosiblik, barqarorlik, afsonaviy farovonlik mavjudligi to‘g‘risida kuylanadi. Diqqat bilan qaralsa, odamlarning qiyofasi qoya ko‘rinishi bilan nozik chizgilar orqali mutanosiblashtirilgani hamda bu orqali tabiat, odamlar va hayvonlar bir – biriga bog‘liq yaxlit vujud ekani ta’kidlangani bilinadi. Qayumars va uning atrofidagi kishilar rang – tusi deyarli bilinmaydigan kiyim kiyishgan. Bu ham ularning o‘zaro, yaqinligini, shohning rangsizlik olamiga qo‘shilib ketganini bildiradi. O‘rta asrlar miniatyuralarida gullayotgan dov – daraxtlar va bargsiz, quruq saksovullar tasviri beriladi. Bu bilan Qayumarsning ezgu ishlari dastlab yovvoyi tabiatni madaniylashtirgani, bu esa jamiyatning rivojlanishi va ravnaq topishiga olib kelganiga ishora qilinadi. Mazkur miniatyurada ham o‘sha zamonlarda donishmand Qayumars boshqargan jamiyatda mukammal uyg‘ulik bo‘lgani, bundan odamlar g‘oyat mamnunligi, ular o‘rtasida o‘zaro ishonch, samimiy hurmat hukm surgani, g‘azab, nafrat, xasad bo‘lmagani, kishilar hukmdorning otalarcha bergan nasihat – maslahatlariga chin dildan amal qilishgani ta’kidlanadi. Hukmdorning yig‘indagi so‘zlariga kishilarning astoydil quloq solishini ko‘rsatish orqali hayotda zardushtiylik ta’limotidagi – “ezgu fikr va rost so‘z” (shoh tomonidan aytilgan), “ezgu amallar” (shoh ko‘rsatmalarining amalga oshirilishi)ning o‘zaro birlashgani ko‘rsatiladi. Bu keyinchalik so‘fiylik ta’riqati uchun ham asos qilib olingan. Miniatyurada ideal shoh va u amalga oshirgan ishlarning samarasi ifodalangan. Qayumarsning zaminda amalga oshirgan ishlari uning nomini asrlar davomida xalqlar xotirasida abadiy o‘chmas qilib qoldirdi” E.Ismoilova.
Do'stlaringiz bilan baham: |