Mavzu:Sanoatda kadrlar siyosatining milliy tajribasi tahlili va xorij tajribasidan foydalanish yo‘nalishlari
Reja:
Kadrlar tayyorlash siyosatida yangi bosqich
Oliy ta’lim sifati oshsa, kadrlar salohiyati kuchayadi
Kadrlar tayyorlash siyosatida yangi bosqich
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida alohida e’tirof etilgan quyidagi masala haqida o‘qib, ko‘nglim quvonchga to‘ldi: “O‘zbekistonning 10 ta oliy ta’lim muassasasi 2030-yilga borib xalqaro tashkilotlar reytingining mingtaligidan joy olishi kerak”. Bu vazifa boshqalarni ham, umuman, jamiyatimizdagi har bir insonni mulohaza yuritishga chorlaydi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, oliy ta’lim tizimini isloh qilish jarayoni bir necha o‘n yil davom etdi. Bozor iqtisodiyotiga mos ta’lim tizimini joriy etish, oliy ta’lim muassasalarini yetuk pedagog kadrlar bilan ta’minlash, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish, moddiy-texnik bazani shakllantirish, eng asosiysi, ta’lim jarayoniga innovatsion yondashish birmuncha murakkab kechdi, ammo natijaga erishildi. Yurtimizda ko‘plab xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallari ochilishi hamda chet elda o‘qish, malaka oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Biroq qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Jumladan, rivojlangan davlatlarda tahsil olgan yetuk mutaxassislarimiz chet elda ishlagani qoldi, ko‘plab oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasi yangilanishiga, sharoitlari yaxshilanishiga e’tibor berilmadi
Eng asosiysi, professor-o‘qituvchilar, umuman, pedagog kadrlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, maoshini oshirish kabi muhim masalalar to‘laligicha hal etilmadi. Mutaxassislar o‘zlariga taalluqli bo‘lmagan, keraksiz yumushlarga ko‘mib tashlandi, byurokratiya, ortiqcha hujjat to‘ldirish kuchayib ketdi. Boz ustiga, zamon talabidan kelib chiqqan holda o‘quv adabiyotlari yaratish ishlari ham talab darajasida rivojlanmadi. Yaqin-yaqingacha bundan ellik yil avval foydalanilgan adabiyotlar talabalarga o‘qish uchun tavsiya etildi. Yaratilgan yangi kitoblar ham zo‘rma-zo‘raki, chet ellik mutaxassislardan olingan tezis, tarjima-ko‘chirmalardan nariga o‘tmadi. Natijada yetishib chiqqan kadrlar bandligini ta’minlash, ularning faoliyatini tashkil etishda qator muammolar yuzaga keldi. Mamlakatimiz kadrlar tayyorlash siyosatida ayrim kamchiliklar kuzatildi. Bir qator sohalarda, ayniqsa, tibbiyot, sud-huquq, moliya, hatto pedagogikada ham ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yish, kasbga mas’uliyatsizlik bilan yondashish va korrupsiya holatlari bo‘lganini yashirolmaymiz. Yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi ta’lim, xususan, oliy ta’lim sohasiga borib taqalar ekan, bu yo‘lda xato qilish kechirilmas oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini bugun yaxshi anglab turibmiz.
Shu bois ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘nggi ikki-uch yil ichida uzluksiz ta’lim tizimini tubdan modernizatsiya qilish, xalqaro darajada yetuk kadrlar tayyorlashga qaratilgan o‘ndan ortiq qaror va farmonga imzo chekdi. Oxirgi yillardagi o‘zgarishlarni sarhisob etsak, dastlab o‘zini oqlamagan, yoshlarning vaqtini o‘g‘irlayotgan va jamiyatda ehtiyoj yuqori bo‘lmagan o‘rta maxsus, kasb-hunar mutaxassisliklari bekor qilinib, ulardan qolgan moddiy-texnik baza umumiy o‘rta ta’lim maktablari ixtiyoriga berildi va 11 yillik ta’lim joriy etildi. Alohida vazirlik sifatida maktabgacha ta’lim tizimi qaytadan tashkil qilindi, oliy ta’limga kirish imtihonlari qayta isloh etildi, bakalavriat, magistratura, doktorantura, malaka oshirish, qayta tayyorlash tizimi yangidan ko‘rib chiqildi
Davlatimiz rahbarining shu yil 23-avgustda o‘tkazilgan videoselektordagi murojaatnomasida birinchi galda o‘qituvchining obro‘si, maqomini ko‘tarish, pedagog kadrlar safini kengaytirish, ayniqsa, keyingi yillarda kamayib ketgan erkak pedagoglarni ko‘paytirish, o‘quv muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilash, maktablarga oliy ta’limdan professorlar, fan doktorlarini jalb etish vazifasini qo‘ydi. Eng muhimi, Prezident tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonning imzolanishi oliy ta’lim tizimi rivojini yangi bosqichda tashkil etish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, yillar davomida samarasiz faoliyat ko‘rsatib kelgan turli tashkilotlar faoliyati yangidan tashkil etildi. Xususan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi tugatilib, Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markazi negizida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi tashkil etildi. Bu bilan yangi innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan o‘quv-ta’lim standartlari va adabiyotlari yaratilishiga, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarining samarali yo‘lga qo‘yilishiga va xalqaro talab darajasida ilg‘or kadrlar tayyorlashga erishiladi. Shu o‘rinda Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi oldida qanday vazifalar turibdi, umuman, markaz o‘tgan vaqt davomida soha rivoji yo‘lida qanday ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi, degan savollarga javob izlaymiz.
Avvalo, ta’lim standartlari va o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqish markazning asosiy faoliyat mezoni ekanini eslatib o‘tmoq joiz.
Ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalarini takomillashtirish bo‘yicha: 2019-2020-o‘quv yili uchun oliy ta’lim yo‘nalishlari va klassifikatoriga muvofiq, 4 ta’lim sohasi bo‘yicha davlat ta’lim standartlari, 45 bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 52 magistratura mutaxassisligining malaka talablari hamda o‘quv rejalari iqtisodiyot tarmoqlarining soha mutaxassislarini jalb qilgan holda xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqildi, tasdiqlandi va kelishuvdan o‘tkazildi hamda oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga joriy etildi.
Klassifikatorga muvofiq, yana 53 bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 93 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha malaka talablari va o‘quv rejalari tayanch oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan ijodiy ishchi guruhlar tomonidan xalqaro tajribalar asosida qayta ishlab chiqilmoqda.
Fan dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha:
2019-2020-o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalari asosida 3830, magistraturada 2173 fan o‘qitilishi rejalashtirilgan. Joriy yilda bakalavriatning 3561, magistraturaning 1632 fan dasturi vazirlikning Muvofiqlashtirish kengashida muhokama qilinib, o‘quv jarayoniga tavsiya etildi.
O‘quv adabiyotlarini yaratish va OTM axborot-resurs markazlarining fondini boyitish hamda yangilash bo‘yicha:
2018-2019-o‘quv yili yakunlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari tomonidan 3012 o‘quv adabiyoti kiritilgan bo‘lib, ularning 2820 tasiga (872 ta darslik, 1458 ta o‘quv qo‘llanma) Muvofiqlashtirish kengashi tomonidan ijobiy xulosalar berilgan, qolgan 394 tasi esa qayta ishlashga tavsiya etilgan.
2018-2019-o‘quv yili uchun tasdiqlangan o‘quv rejasi bo‘yicha fanlarning o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik holati inventarizatsiyadan o‘tkazilganda, 3758 fan uchun 2552 o‘quv adabiyoti zarurligi aniqlandi. 2019-2020-o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida oliy ta’lim muassasalariga zarur bo‘lgan 4859 nomdagi o‘quv adabiyotlari ro‘yxati shakllantirildi. Ularni ekspertizadan o‘tkazish natijasida 3034 nomdagi o‘quv adabiyotlarini bosqichma-bosqich chop etish va elektron variantini tarqatish rejasi ishlab chiqildi.
Hozirgi kunda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash qarori va vazirlik buyruqlari asosida nashr etishga ruxsat etilgan 1528 nomdagi o‘quv adabiyotlarining elektron shakllari Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazi orqali Axborot-resurs markazlari elektron bazasiga joylashtirilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari Axborot-resurs markazlarining o‘quv xonalarini namunaviy holatga keltirish ishlari amalga oshirilyapti. Bundan tashqari, 203 nomdagi 55350 o‘quv adabiyoti oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha taqsimlandi va joylarga yetkazildi. Shu yilning 26-iyulida Yaponiyaning yurtimizdagi elchixonasi beg‘araz taqdim etgan 259 nomdagi adabiyotlar qabul qilib olindi va ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilib, OTMlarga taqsimlanmoqda. Singapurdan 1350 ga yaqin ilmiy va o‘quv adabiyotlarini qabul qilib olish rejalashtirilgan.
2018-2019-o‘quv yili uchun tasdiqlangan o‘quv rejasidagi fanlarni o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash uchun Muvofiqlashtiruvchi kengashga Farg‘ona davlat universiteti va Jizzax davlat pedagogika institutidan bor-yo‘g‘i 6 tadan, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidan 3 ta, Farg‘ona politexnika institutidan 5 ta, Guliston davlat universitetidan 4 ta, Namangan muhandislik-qurilish institutidan 1 ta o‘quv adabiyoti taqdim etilgan. Markaz jamoasi shu kabi kamchilik va nuqsonlarga barham berish, o‘z faoliyatini bugungi kun talablari asosida tashkil etish choralarini ko‘rmoqda. Tajribali mutaxassislar va yosh kadrlar hisobiga jamoaning ilmiy-amaliy faoliyati mustahkamlanyapti.
Markaz olimlari bir necha o‘quv predmetini o‘zida birlashtirgan, ta’lim, fan va amaliyotni integratsiyalashtiruvchi, dunyo ta’limidagi tajribalarni tahlil etib, talaba va pedagoglar hamda iste’molchilarning innovatsion qarashlarini ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashuvchi hamda katalizator vazifasini o‘tovchi, bir necha kasbiy yo‘nalishlarni bog‘lovchi universal o‘quv predmeti hisoblanmish “Faoliyatshunoslik” fani darsligini yaratish, “Faoliyatshunoslik” kasbiy yo‘nalishi bo‘yicha pedagog-faoliyatshunoslar tayyorlash yuzasidan yangi loyiha ustida ish olib boryapti.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish; O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirish; respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish vazifalari belgilangan. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish; oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish; talaba-yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish kabi masalalarni bajarishda Markaz oldida juda katta ilmiy-tashkiliy vazifalar turibdi.
Markaz oldida hali hal etilishi zarur bo‘lgan bir qator muammolar bor. Jumladan, Markaz xodimlari, professor va fan doktorlarining xorijda tajriba almashishiga sharoit yaratish, xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni amaliy yo‘lga qo‘yish, jahonning barcha ilg‘or mamlakatlari qo‘lga kiritgan ta’lim sohasidagi yangiliklarni o‘rganish uchun sharoit yaratish, o‘quv adabiyotlarini tayyorlash, chop etish, tadqiqot ishlarini olib borish bilan bog‘liq murakkab jarayonlarni soddalashtirish, umuman, Markaz ilmiy salohiyatini oshirish uchun kerakli barcha masalalarga e’tibor qaratish lozim.
Oliy ta’lim sifati oshsa, kadrlar salohiyati kuchayadi
Bugungi davr talablari kechagi kunning mezonlaridan butkul farq qiladi. Hozir zamonaviy fikrlaydigan, eng so‘nggi yangiliklar bilan hamnafas yashaydigan, kun sayin dunyoqarashini boyitib boradigan kadrlarni tayyorlashga ehtiyoj oshib bormoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, oliy ta’lim tizimi zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Prezidentimizning mazkur qarorida belgilangan kompleks chora-tadbirlar yosh avlodni yetuk kadrlar etib tarbiyalashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga egadir.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimini izchil rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ta’lim tizimidagi islohotlarning mantiqiy davomi, o‘z vaqtida qabul qilingan muhim hujjat bo‘ldi.
Qarorda oliy ta’lim tizimida bugungi kunda uchrayotgan og‘riqli nuqtalar ochiq-oydin sanab o‘tilgani holda, ushbu muammolarning yechimlari ham to‘liq ko‘rsatib berildi.
Hujjatga ko‘ra, alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat hamda kamida bir yil bo‘lgan magistraturani joriy etish, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari hamda dasturlarining kadrlar buyurtmachilari ehtiyojlariga ko‘ra, mustaqil ravishda ishlab chiqilishi hududlarda malakali kadrlar bilan bog‘liq muammolarga yechim topadi.
Yana bir muhim jihati shuki, endi talabalarning bilimini nazorat qilish va baholash borasida yangicha yo‘l tutiladi. Bunda ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlari inobatga olingan holda, avtomatlashtirilgan, talabalar bilimini baholashning portfolio, test sinovlari, ijodiy ish, antiplagiat kabi zamonaviy, shaffof hamda adolatli usullarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Muayyan fanlardan dars bergan o‘qituvchi-pedagoglarning yakuniy nazorat jarayonidagi ishtirokini istisno qiladigan tizimning qo‘llanilishi ham ta’lim tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi.
Davlatimiz rahbarining qarorida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida “talabaning o‘zlashtirish darajasi — professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni” tamoyilini joriy etishning aniq mexanizmlari belgilandi. Bu ayrim o‘qituvchilarning ko‘r-ko‘rona dars o‘tib, o‘zining ham, talabaning ham, eng ayanchlisi, yetuk yosh kadrlarga ko‘z tikib turgan jamiyatimizning ham vaqtini o‘g‘irlashdek og‘ir oqibatlarni bartaraf qilishga imkon beradi. Qolaversa, Prezidentimiz qarori bilan oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarga, tadbirlarga jalb etish taqiqlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |