Marketingning asosiy sub’yektlari - ishlab chiqaruvchilar, marketing bo‘yicha mutaxassislar, vositachilar va xilma-xil mahsulot va xizmatlarning iste’molchilari hisoblanadi. Marketing ob’yektlariga moddiy tovar, xizmatlar, g‘oyalar, tashkilotlar, hududlar va shaxslar kiradi. Marketing ob’yektlarini, odatda, «tovarlar» tushunchasiga birlashtiradilar. Moddiy tovarlar shaxsiy iste’mol tovarlariga, ishlab chiqarishga va davlat ijtimoiy maqsadlari uchun mo‘ljallangan tovarlarga bo‘linadi. Xizmatlar (uy-ro‘zg‘or, ishlab chiqarish, moliyaviy, transport va aloqa, ijtimoiy, intellektual) - marketing faoliyatining eng yaxshi rivojlanayotgan sektori. Ularning sifati o‘zgaruvchan, chunki aniq bajaruvchiga bog‘liq va ularni standartlash qiyin. Gʻoyalar rivojlanish va prognoz ssenariylari, loyihalar, texnologiyalar, patentlar, nou-xaular, ijtimoiy me’yorlar va an’analar, ehtiyojlar va ularning iyerarxiyasini o‘z ichiga oladi. g‘oyalar marketingi mualliflik birinchiliklarini huquqiy ta’minotining rivojlanishiga uzviy bog‘liqdir. Tashkilot marketingning ob’yekti sifatida tashkiliy struktura va modellar jihatidan ham, huquqlar, imtiyozlar va hokazo jihatidan ham qaralishi mumkin. Biznes muhitida va umuman jamiyat nazarida tashkilotning obro‘izzati haqida alohida aytish kerak. Tashkilotning imiji, odatda, firmaning, tovarning belgisi yoki firmaning xizmat ko‘rsatish belgisi bilan tavsiflanadi. Marketing turlari Marketingning aniq shakllari va mazmuni korxona faoliyati xususiyatlaridan, uning ichki imkoniyatlari va tashqi sharsharoitlaridan kelib chiqadi. Bu yerda marketing va boshqa hamma oraliq faoliyat turlarining qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun yagona yo‘naltiriladigan jarayonga birlashishi sodir bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida turli xil marketing turlarining harakatlanishini belgilab beradi. Yetakchi mualliflarning ishlarini o‘rganib chiqib, rossiyalik tadqiqotchi R.A.Fatxutdinov marketing turlarini faoliyat sohasi va turi, bozorning rivojlanish darajasi va boshqa omillarga bog‘liq hodda tasniflash zarur degan fikrga keladi (1-jadval).
O‘zgartiruvchi (konversion) marketing - salbiy talabning mavjudligiga bog‘liq, bunda bozorning katta qismi mazkur tovar yoki xizmatni inkor qiladi. Shuning uchun mazkur holda o‘zgartiruvchi marketingning vazifasi bo‘lib qandaydir mahsulotga nisbatan iste’molchilarning salbiy munosabatini ijobiy munosabatga yo‘naltirish, narxni pasaytirish va uni samaraliroq siljitish yo‘li bilan o‘zgartirish hisoblanadi. Xorijiy amaliyotda o‘zgartiruvchi marketingni tamaki firmalari qo‘llaydilar, bunda davlatning sog‘liqni saqlash, ijtimoiy sug‘urta idoralari va jamoatchilikning faol xatti-harakatlari natijasida chekuvchilarning soni keskin kamaymoqda. Mazkur holda marketingning vazifasi bo‘lib talabning paydo bo‘lishi va uni mahsulot taklifi darajasigacha ko‘tarishga yordam beradigan rejani ishlab chiqish hisoblanadi. Tamaki firmalariga kelganda esa, ular yo‘qotgan vaziyatlarini tiklash maqsadida tarkibida kanserogen moddalar kam bo‘lgan sigaretalarning maxsus markalarini ishlab chiqish va chiqarish, bir vaqtning o‘zida siljitish tizimini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni olib boradilar.
Rag‘batlantiruvchi marketing muayyan tovar va xizmatlarga talabning yo‘qligi kuzatilishi bilan tavsiflanadi. Bu yerda iste’molchilarning ushbu tovarga nisbatan befarqligi yoki qiziqishi yo‘qligi haqida gap boradi. Marketing vazifasi bo‘lib iste’molchilarning mahsulotga nisbatan befarqligini o‘zgartirish uchun mahsulotga xos bo‘lgan foydali tomonlarini iste’molchilarning ehtiyojlari va manfaatlari bilan bog‘lash usullarini axtarib topish hisoblanadi. Rag‘batlantiruvchi marketing quyidagi vaziyatlar sabablarining oldini olishga mo‘ljallangan: iste’molchilar mahsulotning imkoniyatlarini umuman bilmasligi, to‘siqlarni yo‘qotish va hokazo. Rag‘batlantiruvchi marketingning asosiy qurollari: reklamani kuchaytirish, narxlarni keskin pasaytirish, siljitishning boshqa usullarini qo‘llash.
Rivojlantiruvchi marketing xaridorlarning ko‘pchiligi mavjud mahsulotlardan qoniqmagan, lekin yashirin talab shaklidagi ehtiyoj mavjud bo‘lgan paytda bo‘lishi mumkin (masalan, zararsiz sigaretalar, tejamliroq avtomobillarga talab). Mazkur holda aniq tovar yoki xizmat shaklida mavjud bo‘lmagan tovarga potensial talab mavjud bo‘ladi. Shuning uchun marketing vazifasi bo‘lib potensial bozorning o‘lchamlarini baholash va potensial talabni haqiqiy talabga aylantira oladigan samarali mahsulotlarni ishlab chiqarish hisoblanadi. Marketolog potensial talabni aniqlashni va bozorni rivojlantirish uchun kerakli yo‘nalishda hamma marketing vositalarini muvofiqlashtirishni bilishi kerak. Marketingning ta’sirchan qurollari sifatida yuzaga keladigan yangi yextiyojlarga javob beradigan mahsulotlarni ishlab chiqarish, ularni qondirishning sifat jihatdan yangi bosqichiga o‘tish, reklamadan foydalanish va aniq iste’molchilar guruhlariga mo‘ljallangan, o‘ziga xos mahsulot imijini yaratish.
Do'stlaringiz bilan baham: |