Marketing konsepsiyalari tadbirkorlik faoliyati rivojlanishining har xil bosqichlarida uning yo‘nalishini belgilaydigan qarashlar tizimidan iboratdir. Shu bilan birga marketing konsepsiyasi deganda korxonaning, tashkilotning yoki kishining iste’molchilarga mo‘ljallangan, integrasiyalangan maqsadli falsafasi tushuniladi.
Marketing evolyusiyasining birinchi yirik bosqichini XX asrning boshidan 30-yillarning o‘rtasigacha deb hisoblash qabul qilingan. Bunda marketing tashkilotlar, korxonalar va shaxslar o‘rtasidagi tovar va xizmatlar harakatining nazariyasi yoki mahsulotni sotish bo‘yicha korxonaning funksiyasi deb tushunilardi. Shu vaqtda ketma-ket ikkita konsepsiya paydo bo‘ldi: ishlab chiqarishni takomillashtirish va tovarni takomillashtirish.
Ishlab chiqarishni takomillashtirish konsepsiyasi o‘z harakatini mahsulot ishlab chiqarish samaradorligiga, mahsulot birligining tannarxini pasaytirish maqsadida ishlab chiqarish texnologik jarayonlarning optimallashuviga qaratadi. Boshqa so‘z bilan aytganda, keng tarqalgan va narx jihatidan qulay bo‘lgan tovarlarga nisbatan marhamatli bo‘ladilar. Shunga ko‘ra bu konsepsiya e’tiborining asosiy ob’yekti qilib ishlab chiqarishni takomillashtirish va taqsimot tizimining samaradorligani tanladi. Maqsadga erishishning yetakchi vositalari sifatida ishlab chiqarish miqyoslarini kengaytirish va mahsulot tannarxini kamaytirish tavsiya yetilardi. Tovarni takomillashtirish konsepsiyasi mahsulotning iste’molchilik xususiyatlarini oshirishga alohida ahamiyat beradi. Bunda asosiy tezis sifatida iste’molchilar eng yuqori sifatli, eng yaxshi ekspluatasion xususiyatlarga ega bo‘lgan tovarga nisbatan xayrixoh bo‘ladilar, degan tushunchani ilgari suradilar. Asosiy diqqat e’tibor tovarga qaratiladi, shuning uchun ham marketing harakatlari tovar sifatiga, aniqrog‘i uning modernizasiyasiga qaratildi. 30-yillarning o‘rtalaridan 80-yillarning o‘rtalarigacha marketing rivojlanishining ikkinchi bosqichi davri bo‘ldi. Bu davrda e’tibor sotishga, so‘ngra esa iste’molchiga qaratiladi (tijorat harakatlarini jadallashtirish konsepsiyasi, marketingning umumiy konsepsiyasi, marketing-miks). Tijorat harakatlarini jadallashtirish konsepsiyasi sotish va sotilishlarni rag‘batlantirish sohasida yetarli harakatlarni amalga oshirmasa, iste’molchilar firmaning tovarlarini kerakli miqdorda sotib olmaydilar, deb hisoblaydi. Firmaning asosiy maqsadi - sotilishlar hajmining o‘sishi hisobiga foyda olish. E’tiborining asosiy maqsadi - sotish va xizmat ko‘rsatish texnologiyasi va sotishni rag‘batlantirish bo‘yicha tijorat jarayonlarini jadallashtirish.