Mavzu:Qora metallurgiya sanoati
Qora metallurgiya sanoati-
temir rudasini qazib chiqarish →
cho’yan eritish →
po’lat eritish →
prokat ishlab chiqarish →
ferroqotishmalar
ishlab chiqarishdan iborat.
Qora metallurgiya milliy iqtisodiyotning o’zagi hisoblanadi va uning asosiy
tarmoqlari bilan bog’langan. U mashinasozlikka va qurilish industriyasiga metall
beradi, qazib chiqariladigan ko’mirning katta qismini ishlatadi. Kimyo sanoatining
asosiy xomashyo manbalaridan biri, ya’ni koks ishlab chiqarish chiqindilaridan olinadi, qishloq xo’jaligiga tarkibida fosfor bo’lgan shlak – o’g’it beradi, relslar,
mashinasozlik uchun metall beradi.
Metallurgiya kombinatlari juda ko’p xomashyo va yoqilg’i talab qiladi. Shu
bois metallurgiya korxonalari xomashyo va yoqilg’i manbalariga yaqin yoki ular
oralig’ida joylashtirilishi lozim.
Biroq, qora metallurgiya zavodlarini joylashtirish qonuniyatlari bir xil
bo’lmaydi. Ma’lumki, qazib olinadigan temir rudasining, o’rtacha hisoblaganda,
taxminan, 48 – 50 foizi foydalidir, ya’ni ulardan deyarli shuncha cho’yan olish
mumkin (1 tonna cho’yan ishlab chiqishda taxminan 2 tonnaga yaqin temir rudasi
va 1,2 tonna kokslanuvchi ko’mir sarflanadi). Lekin bu “o’rtacha” raqam hamma
joyda ham bir xil emas: ayrim konlarda temirning qazib olinadigan rudadagi ulushi
atigi 17 – 20 foizni tashkil etadi, xolos. Bunday konlarga Uraldagi Koshkonarni yoki
Qoraqalpog’iston Respublikasidagi Tebinbuloqni misol qilib ko’rsatish mumkin.
O’z-o’zidan ko’rinib turibdiki, bu yerda qazib olinadigan rudani bevosita domna
pechlarida eritib bo’lmaydi, chunki kerakli mineralldan ko’ra keraksiz jinslar
ko’proq. Shuning uchun bu ruda, albatta, dastlab boyitilishi va uning tarkibidagi
foydali mineralning hissasi oshirilishi lozim. Boyitilgandan so’ng ruda tarkibidagi
metall miqdori bir necha barobar ko’payadi. Ammo bundan keyin ham uning hissasi
yetarlicha bo’lmaydi. Shuning uchun metallurgiya korxonalari ko’proq xomashyo
rayoniga yaqinroq joylashtiriladi.
Yer yuzida “boy” konlar ham yo’q emas - Kursk magnit anomaliyasiga
kiruvchi Belgorod yaqinidagi konlarda temirning rudadagi ulushi 60 – 65 foizgacha
yetadi. Binobarin, bundan qazib olinadigan xomashyoni bevosita boyitmasdan
domna pechlarida eritsa bo’ladi. Modomiki shunday ekan, ularni tashib borish uchun
transport xarajatlari va, pirovard natijada, eritilgan cho’yanning tannarxi uncha
yuqori bo’lmaydi. Bu esa korxonalarni yoqilg’i rayonida yoki unga yaqin joylarda
qurishni taqozo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |