boshoqli don yetishtirishda davlat intervension xaridlar tizimini joriy qilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmidan bosqichma-bosqich voz kechish hamda boshoqli donni kvota asosida bozor narxlarida sotib olish mexanizmini joriy etish; sog‘lom iste’mol madaniyatini targ‘ib qilish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish; xalqaro darajada tan olingan uslubiyatlar va ilg‘or tajribalar asosida oziq-ovqat xavfsizligini baholash tizimini joriy qilish hamda doimiy monitoring qilish; ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot turlari ishlab chiqarishni intensivlashtirishga doir tarmoq dasturlarini ishlab chiqish; chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish, baliq va parranda go‘shti, shuningdek, sut ishlab chiqarishni barqaror intensivlashtirishga qaratilgan tadqiqot ishlarini olib borish. II. Qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish Qo‘shilgan qiymat zanjirining rivojlanishi qishloq xo‘jaligi raqobatdoshligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Mahsulotlarni daladan yakuniy iste’molchigacha yetkazib berish, ya’ni yig‘ish, tashish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va sertifikatlash xarajatlarining yuqoriligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan olinadigan foydani kamaytiradi. Oziq-ovqat ishlab chiqarish sanoatining past darajada rivojlanganligi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini cheklamoqda. Infratuzilmani rivojlantirishga investitsiyalarni jalb etish maqsadida taraqqiy etgan moliyaviy bozorlar, qulay ishbilarmonlik muhiti, shuningdek, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ishlab chiqarish-sotish zanjirlarini rivojlantirishga qaratilgan choralarni ko‘rish talab etiladi. Eksport qilinadigan meva-sabzavotlarning asosiy qismini ishlab chiqaruvchi dehqon xo‘jaliklarida mahsulotlarni qayta ishlash va qadoqlash imkoniyatlari cheklanganligi katta yo‘qotishlarga olib kelmoqda. Shuningdek, narxlarning mavsumiy keskin o‘zgarishi va bozor sharoitlarining barqaror emasligi ham ular faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda kichik ishlab chiqaruvchilar tomonidan turli moliyaviy manbalar, shu jumladan xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobidan zamonaviy omborxonalar va qayta ishlash uskunalari uchun investitsiyalar yo‘naltirilmoqda. Shunga qaramasdan ular qayta ishlash korxonalari va eksport qiluvchi tashkilotlardan ajralib qolmoqda. Kichik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini birlashtirishning samarali mexanizmlari to‘liq shakllanmaganligi sababli, ularning faoliyati tarqoqligicha qolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |