10-modda. Professional ta’lim
Professional ta’lim egallanadigan kasb va mutaxassislik boʻyicha quyidagi darajalarni oʻz ichiga oladi:
boshlangʻich professional ta’lim;
oʻrta professional ta’lim;
oʻrta maxsus professional ta’lim.
Boshlangʻich professional ta’lim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida bepul asosda kunduzgi ta’lim shakli boʻyicha umumta’lim fanlarining va mutaxassislik fanlarining ikki yillik integratsiyalashgan dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Oʻrta professional ta’lim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi ikki yilgacha boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari boʻyicha umumiy oʻrta, oʻrta maxsus ta’lim hamda boshlangʻich professional ta’lim negizida amalga oshiriladi.
Oʻrta maxsus professional ta’lim texnikumlarda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, boshlangʻich professional va oʻrta professional ta’lim negizida davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi kamida ikki yil boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari boʻyicha amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi (toʻqqiz yillik umumiy oʻrta va uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi) olgan fuqarolar ham oʻrta professional va oʻrta maxsus professional ta’lim olish huquqiga ega.
Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar ta’lim oluvchilarning oʻzi tanlagan kasbga va mutaxassislikka ega boʻlishini ta’minlaydi.
Fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi professional ta’limni olish huquqiga ega.
11-modda. Oliy ta’lim
Oliy ta’lim bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanishini ta’minlaydi.
Oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash oliy ta’lim tashkilotlarida (universitetlar, akademiyalar, institutlar, oliy maktablar) amalga oshiriladi. Umumiy oʻrta (oʻn bir yillik ta’lim), oʻrta maxsus (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik oʻrta maxsus ta’lim), boshlangʻich professional ta’lim (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik boshlangʻich professional ta’lim) olgan shaxslar, shuningdek ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi (toʻqqiz yillik umumiy oʻrta va uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi) olgan shaxslar oliy ma’lumot olish huquqiga ega.
Oliy ta’lim ikki bosqichga — bakalavriat va magistratura bosqichiga ega.
Bakalavriat oliy ta’lim yoʻnalishlaridan biri boʻyicha chuqurlashtirilgan bilim, malaka va koʻnikmalar beradigan, oʻqish davomiyligi kamida uch yil boʻlgan tayanch oliy ta’limdir.
Magistratura tegishli bakalavriat negizidagi aniq mutaxassislik boʻyicha oʻqish davomiyligi kamida bir yil boʻlgan oliy ta’limdir.
Magistratura mutaxassisliklarining va ularga muvofiq boʻlgan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlarining roʻyxati ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olish huquqiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |