Pedagogik fanlarni oʻqitish funksiyalari. “Funksiya” tushunchasi “mutaxassislik fanlarini oʻqitish vazifalari” tushunchasiga yaqindir. Mutaxassislik fanlarini oʻqitish funksiyasi mutaxassislik fanlarini oʻqitish jarayoni mohiyatini ifoda etadi, vazifasi esa mutaxassislik fanlarini oʻqitishning komponentlaridan biri hisoblanadi. Metodika mutaxassislik fanlarini oʻqitish jarayonining quyidagi uchta funksiyasini ajratib koʻrsatadi: ta’lim berish, rivojlantirish va tarbiyalash. Ta’lim berish funksiyasi mutaxassislik fanlarni oʻqitish jarayonining talabalarda bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirishdan iborat. Mutaxassislik fanlarini oʻqitish natijasi sifatida bilimlarining toʻlaligi, chuqurligi, tizimliligi, anglanganligi, mustahkamligi va amaliy xususiyat kasb etishi muhimdir. Bu kabi holatlar mutaxassislik fanlarini oʻqitish jarayonining metodik jihatdan toʻgʻri tashkil etilganligini ifodalaydi. Mutaxassislik fanlarini oʻqitish jarayonida talabalarda ular tomonidan oʻzlashtirilgan nazariy bilimlar asosida hosil qilingan amaliy koʻnikma va malakalarning shakllanishi ham alohida ahamiyatga ega. Koʻnikma – olingan bilimlarga asoslanib qoʻyilgan vazifalar va shartlarga binoan bajariladigan harakatlar yigʻindisi. Malaka – ongli xatti-harakatning avtomatlashtirilgan tarkibiy qismi. Umumiy koʻnikma va malakalarga ogʻzaki va yozma nutqni bilish, axborot materiallaridan foydalana olish, oʻqish, manbalar bilan ishlash, referat yozish, mustaqil ishini tashkil etish kabilar kiradi. Pedagogika fanlarni oʻqitishning rivojlantiruvchi funksiyasi mutaxassislik fanlarini oʻqitish jarayonida, bilimlarni oʻzlashtirish jarayonida talabaning rivojlanishi sodir boʻlishini koʻrsatadi. Rivojlanish quyidagi yoʻnalishlarda sodir boʻladi: nutqi rivojlanishi, fikrlashi, shaxsning sensorli va harakatlanish sohalari, emotsional-irodaviy va ehtiyoj-sababli sohalari rivojlanadi. Toʻgʻri tashkil etilgan ta’lim shaxsni har doim rivojlantiradi, lekin oʻqituvchi va talabaning shaxsiy har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan maxsus oʻzaro munosabatlarida rivojlantirish funksiyasi yanada samaraliroqdir. Ta’limning talaba shaxsini rivojlantirishga yoʻnaltirilganligi “rivojlantiruvchi ta’lim” tushunchasi bilan ifoladanadi. XX asr 60-yillaridan boshlab rivojlantiruvchi ta’limni tashkil etishga nisbatan turli yondoshuvlar yuzaga keldi. Bularning hammasi fanlarni oʻqitishni tashkil etish faqat bilimlarni shakllantirishga emas, talabani har tomonlama rivojlantirish (birinchi navbatda, aqliy rivojlantirish, aqliy faoliyat usullari, analiz qilish, taqqoslash, turlarga ajratish va boshqalarni kuzatish, xulosa chiqarish, ob’ektlarning muhim belgilarini ajrata bilish, faoliyat maqsadi va usullarini aniqlashni bilishga oʻrgatish, uning natijalarini tekshirishni bilish malakasini rivojlantirish)ga xizmat qilishini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |