Hokimyatlar tarmoqlarining o’zaro muvozanatda ushlash tizimi
Hokimyatlar bo’linishi konsepsiyasining mag’zini “bir-birini tiyib turish va muvozanatda ushlash” tizimi tashkil etadi.
Ma’lumki umuman hokimyatlar bo’linishi nazariyasi davlat hokimyatining bir organ yoki bir shaxs – hokimyat subyekti tomonidan suiste’mol qilinishining oldini olish maqasadida ijtimoiy zarurat sifatida shakillangan.
Bu nazariyaga ko’ra, davlat hokimyati manbasiga ko’ra yagonadir, ya’ni hokimyat manbai – xalqning o’zidir. Biroq biron-bir hokimyat subyektining diktaturasi o’rnatilmasligi, qo’lida butun hokimyat to’planib qolmasligi uchun, hokimyatlar tashkiliy va institutsiyaviy jihatdan qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimyatlariga bo’linadi. Bu hokimyat tarmoqlari mustaqil bo’lib, har biri o’zining vakolati doirasida harakat qiladi.
Biroq bu uch hokimyat tarmog’i ichidan birontasining boshqalaridan yuqori bo’lib olmasliklari, ularning vakolatlarini o’zlashtirmasliklari, o’rnini bosishga intilmasliklari uchun, “bir-birini tiyib turish va o’zaro muozanatda ushlash” tizimi amal qilishi kerak.
Shu munosabat bilan, bu tizimning shakllanishi, uning konsitutsiyaviy mustahkamlanishi hamda davlat hokimyatini tashkil etishda qo’llanishi tadrijiy jarayonini qamrab chiqish ilmiy-nazariy ahamyatga egadir.
Monteskeninig o’rinli ta’kidlashicha, “hokimyatni suiste’mol qilishning imkoni bo’lmasligi uchun, shunday tartib o’rnatish kerakki, toki bunday turli hokimyat tarmoqlari o’zaro bir-birini tiyib tura olsin”.
Monteskening hokimyatlar bo’linishi nazariyasi tahlildan, V.A.Chetverninig fikricha, shu narsa kelib chiqadiki, hokimyatlar bo’linishi uch aspekda yoki uch darajada amal qiladi:
Hokimyatlarning funksional bo’linishi;
Hokimyatlarning institutsional bo’linishi;
Hokimyatlarning personal (shaxsiy) bo’linishi5.
Hokimyatlarning funksional bo’linishi haqida gap ketganda, eng muhim masala – ya’ni jamiyatda erkinlikni ta’minlash davlat majburlovini qo’llash haqidagi qarorni qabul qilish funksiyasi bilan uni amalga oshirish vazifasini birbiridan ajratish kerak. Shundan kelib chiqqan holda, qonun chiqaruvchi hokimyat majburlov kuchi ishlatish tartib-qoidasini o’rnatadi, sud hokimyati majburlov qo’llashiga yo’l beradi yoki konkret majburlov chorasini tayinlaydi. Demak, bu ikki hokimyat tarmog’i qo’lida majburlov kuchi, aynan to’planmasligi kerak, bular davlat majburlovini amalga oshirmasliklari kerak.
Yoki aksincha, ijro hokimyati qo’lida majburlov kuchi to’plangan, shu bois unda majburlov ishlatish haqida qaror chiqarish, yoki majburlovning biron-bir turini tayinlash kabi huquqlar bo’lmasligi kerak. Boshqacha qilib aytganda, ijro hokimyati sud qarori va uning doirasida, qonunlarga rioya etgan holda davlat majburlovini amalga oshirishi kerak.
Hokimyatlarning institutsional bo’linishi haqida so’z yuritishda, eng avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, qonunchilik, ijro va sud hokimyatini amalga oshirish bir shaxs yoki bir idora qo’lida to’planmasligi kerak. Yuqorida qayd etganimizdek, hokimyatlarning bo’linishi, davlat majburlovini qo’llash haqida qaror chiqarish huquqi bilan uni davlat majburloviga ega bo’lgan idoralarni bir-biridan ajratish kerak. Boshqacha qilib aytganda, davlat majburloviga ega idora bu majburlovni qo’llash huquqi bo’lmasligi, davlat majburlovini qo’llash huquqi bor idorada emas, bevosita davlat majburlovi jamlanmasligi kerak.
Shu ma’noda, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimyatni bo’linishi shuni anglatadiki, birinchidan, ijro hokimyati orgonlari dastlabki huquq yaratish fa’oliyati bilan shug’ullanmasliklari, qonun kuchiga ega bo’lgan normativ aktlar qabul qilmasliklari kerak.
Hokimyatlar bo’linishi nazariyasining amaliy ifodasiga misol tariqasida AQSHni ko’rsatish mumkin. 1787 yilgi AQSH Konstitutsiyasi respublikaning davlat o’rgonlarini tashkil etish hamda ularning vakolatlari va o’zaro munosabatlari asosiga hokimyatlar bo’linishi prinsipini qo’yishgan.
AQSH davlat hokimyati tizimidagi “bir-birini tiyib turish va o’zaro muvozanatni ta’minlash” mehanizmining ahamyati nafaqat hokimyat tarmoqlaridan birontasining boshqasining vakolatini egallab olishi mumkinligi havfining oldini olishga qaratilganidagina bo’lmay, balki davlat hokimyatining barqarorligi va muntazam amal qilishini ham ta’minlashidadur.
Bugungi kunda eng rivojlangan demokratik davlatlarning davlatchiligi aynan mana shu tizim va yo’nalish asosida qurilmoqda, chunki bu boshqaruvni eng ishonchli va sinovdan samarali o’tgan turi hisoblanadi. Tabiiyki bu narsa hokimyat organlarining ish samaradorligini oshirib, ishlash fa’oliyatini yanada osonlashtiradi. Aynan shuning uchun O’zbekiston ham xuddi shu prinsipga asoslangan hokimyatlar tizimini o’zida joriy qildi va bu narsa o’zini samarali jihatlarini ko’rsatib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |