31.4. Yaponiyada ta’lim tizimlari
Iqtisodiy qudrati jihatidan Yaponiya jahonda Amerika Qo’Shma Shtatlaridan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Jahonning ko’zga ko’ringan psixologlari va iqtisodchilari Yaponiya rivojlanishidagi bu ulkan parvozni mamlakatda ta’lim tizimlari taraqqiyotiga berilgan yuqori darajadagi e’tibor samarasi, deya qayd etadilar. Bu bejiz emas. Kun chiqish mamlakati deb yuritiladigan bu o’lkada ta’lim tizimlarini bosqichma-bosqich takomillashtirib borilishiga hukumat, xususiy kompaniyalar, jamoat tashkilotlari, ota-onalar qanchalik omilkorlik bilan yondashayotganliklarini hisobga olsak, jahon ilmiy tadqiqotchilarining yuqoridagi ulosalari asosli ekanligining guvohi bo’lamiz. Tabiiyki, Yaponiya ta’lim tizimlarining yuksak parvozi o’z-o’zidan bo’lgani yo’q. Uning ham o’ziga xos inqirozi va muammolari bo’lgan. Bularni to’liqroq tasavvur qilish uchun mamlakat pedagogik tamoyillari va taraqqiyotining tarixiy bosqichlariga nazar tashlash maqsadga muvofiq.
Yapon ta’limining mumtoz shakllanishi 1867-1868 yillardagi mamlakat hukmdori Meydzi tomonidan amalga oshirilgan islohotlarga borib taqaladi. Bu hukmdorning o’z oldiga qo’ygan ikki qat’iy Shiori bo’lib, birinchisi – «Fukoku-kioxsi» – boyish, mamlakatni mustahkamlash va harbiylashtirish, ikkinchisi esa «Siokusan kogio» – ilgor g’arb ishlab chiqarish texnologiyasi asosida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish edi. Meydzi bu ikki maqsadni amalga oshirishning bosh omili ta’lim tizimlarini tubdan o’zgartirish va yangilashda deb hisoblardi.
Davlat boshlig’ining bu xulosalari Yaponiyada 1872 yilda «Ta’lim haqida Qonun» qabul qilinishiga olib keldi. Qonunga muvofiq tez orada eski uslubdagi ta’lim tizimi o’rnida mamlakat rivojlanishini ta’minlashga samarali xizmat qiluvchi yangi yo’nalishdagi 53750 ta boshlang’ich, 256 ta o’rta maktab, 8 ta universitet tashkil etildi. Bu o’quv yurtlaridagi ta’lim Shakllari ma’rifatli g’arb ta’lim uslublari bilan uyg’unlashtirildi, 1890 yilga kelib ilgarigi 3-4 yillik boshlang’ich maktablar muntazam 4 yillikka aylantirildi va u bepul amalga oshirila boshlandi. 1908 yildan boshlab Yaponiyada boshlang’ich ta’lim majburiy 6 yillikka aylantirildi. O’quv-tarbiya ishlari bepul amalga oshiriladigan bo’ldi. 1893 yildan e’tiboran Yaponiyada kasb yo’nalishidagi dastlabki kollejlar paydo bo’la boshladi.
Birinchi universitet 1886 yilda Tokioda tashkil etildi. Lekin bu dorilfununga oliy tabaqali aslzodalarning bolalari qabul qilinardi. Asr boshida mamlakatda ayollar uchun ham universitetlar tashkil etildi. Lekin bu bilim maskanlarida xotin-qizlar uchun faqat xo’jalik yuritish, oila iqtisodiyotidangina ta’lim berilardi. 1897 yilda Kiatoda ikkinchi universitet ochildi. Ikkinchi jahon urushida Yaponiya mag’lubiyatga uchragandan keyin mamlakat ta’lim tizimlariga Amerika Qo’Shma Shtatlari ta’lim tamoyillari kirib kela boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |