26.7. Turkistonda jadidchilik harakati
XIX asrning oxiriga kelib O‘rta osiyo xalqlari chor hukumatining zulmidan og‘ir ahvolda qolgan edi. Chor hukumati O‘rta osiyoda feodal-patriarxal tuzimini saqlab qolib, xalqni qashshoqlikda, o‘ziga bo‘ysungan holda saqlab qolishga harakat qiladi. U mahalliy xalqning maorifi, adabiyoti, ozodlik va erkinlik g‘oyalarini ilgari surish vositalarini rivojlantirishiga to‘siqlik qiladigan choralarni ko‘rdi.
Xalqning ma’rifiy qashshoqligi, mavjud maktablarning inqirozi, madaniy ortga ketish –bularning hammasi endi chidab bo‘lmaydigan hayot tarzi bo‘lib qolgan edi. Shuning uchun mamlakatdagi ilg‘or, taraqqiyotparvar kuchlar birlashib, islohat, o‘zgarishlar qilishga kirishdilar. Ular avvalo maktab, maorifni, keyin esa ijtimoiy turmushni isloh qilish g‘oyalarini ilgari surdilar. Ularni jadidlar deb atay boshladilar, chunki jadid «yangi», yangilik tarafdori ma’nosini anglatuvchi so‘zdir. Jadidchilik oqimi XIX asrning 90-yillarida maydonga keldi.
Jadidlar o‘rta asr o‘qitish usuliga asoslangan ta’limga qarshi qilib, yangi usulda o‘qitishni, qator dunyoviy fanlarni o‘quv jarayoniga kiritishni talab qildilar. Jadidlar xalqqa ma’rifat va madaniyat tarqatishga harakat qildilar. Buning uchun maktab va madrasalarni isloh qilish g‘oyalarini targ‘ib etdilar. Yangi usuldagi maktablar ochib, gazeta, jurnallar chiqardilar, teatr, kutubxonalar tashkil etidilar. Jadidlar «Taraqqiy», «Samarqand», «Sadoi Turkiston», «Oyna», «Buxoroi sharif» kabi gazeta jurnallar, o‘z hisoblaridan darslik, o‘quv qo‘llanmalari nashr qildirdilar. Ko‘plab teatr truppalari tashkil topdi. Dramaturgiya maydonga keldi. Publisistika rivojlandi. Jadilar maktab va madrasalarda diniy va dunyoviy ilmlarni birga qo‘Shib olib borishga harakat qilishdi.
Jadidlarning yirik vakillaridan biri Maxmudxo‘ja Behbudiydir. U Samarqandning baxshitepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Adabiyot, tarix, geografiya, islom tarixi sohalari bilan Shug‘ullandi va yangi usul maktablarining tashkilotchisi sifatida tan olindi. Abduqodir shakuriy ochgan maktabga homiylik qildi. O‘zbek va tojik tillarida «Bolalar kitobi», «Islomning qisqacha tarixi», «Aholi geografiyasiga kirish», «Rossiyaning qisqacha geografiyasi» kabi kitoblar yaratdi. «Behbudiy» nashriyotiri tashkil etib, unda darsliklar, xaritalar bosib chiqdi. Kutubxonalar ochdi.
Dramaturgiya sohasi bilan Shug‘ullanib «padarkush» dramasini yozdi. Bunda ilmsizlik, nodonlikni tanqid qildi. «Samarqand» gazetasi, «Oyna» jurnalini chiqardi. Jadid ma’rifatparvarlaridan Munavvar Qori abdurashidxonov, Abduqodir shakuriy, ishoqxon Ibrat, Saidrasul Aziziy, Siddiqiy Ajziy, Abdurauf Fitrat va boshqalar ham Turkiston maorifi yuksalishi yo‘lida faoliyat olib bordilar. Maktablar ochdilar, darsliklar yaratdilar, gazeta-jurnallar tashkil etib, ularda ilm-ma’rifatni targ‘ib qildilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |