1.3.Mahalliy byudjetni boshqarishning me’yoriy-huquqiy asoslari
O‘zbekiston Respublikasining byudjet tizimini tashkil etgan byudjetlarning butun majmuini yig‘ma va alohida ajratilgan byudjetlarga bo‘lish mumkin. O‘zbekistonda Davlat byudjetining tarkibini va mahalliy byudjetlarning asosi belgilagan birinchi hujjat – O‘zbekiston respublikasi Konstitutsiyasidir. O‘zbekiston respublikasi Konstitutsiyasi davlat qurilishining asosiy tamoyillarini belgilab berdi. Tamoyillarning amalga oshirilishi respublika va mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar o‘zgarishini shart qilib qo‘ydi, ularning byudjet fondlarini chekladi, mahalliy byudjetlarni tenglashtirdi va byudjetlararo munosabatlarni tabaqalashtirdi.
O‘zbekiston respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, mahalliy hokimiyat organlari vazifalariga quyidagilar kiradi:
-qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, byudjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilish;
mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish; atrof-muhitni muhofaza qilish;
fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;
normativ xujjatlarni qabul qilish;
O‘zbekiston respublikasi konstitutsiyasi va O‘zbekiston respublikasi qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
O‘zbekiston respublikasida bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishida ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi qiyinchiliklar moliya-byudjet tizimini isloh qilish jarayoni bilan to‘g‘ri keldi. Islohot dasturlarini amalga oshirish ushbu sohadagi qonunchilik faoliyatida hamda huquqiy faoliyat doirasida ham o‘zgarishlarga olib keldi. Hozirgi sharoitda birinchi navbatdagi vazifalardan biri mahalliy byudjetlar tizimini isloh qilish va byudjet munosabatlarini, shuningdek byudjet tuzilishi va byudjet jarayonidagi muammolarni hal qilishning yangi uslubiyotini ishlab chiqish zarur bo‘lib qoldi. Bu esa o‘z navbatida, barcha darajadagi hokimiyat organlarining moliyaviy bazasini mustahkamlash zarurligi moliya, byudjet va soliq tizimining milliy, huquqiy, iqtisodiy va moliyaviy munosabatlarning shakllantirish bilan tushuntiriladi.
Yuqorida qayd etilganlar ichida uchinchi bandda belgilangan vazifa ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati jihatidan alohida ahamiyatga ega va mas’uliyatga moyil vazifalardan biri hisoblanadi. Chunki, mahalliy soliqlar va yig‘imlar mahalliy hokimiyatlarning moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplashda eng muhim vosita va manba bo‘lib hisoblanadi. Binobarin, mahalliy hokimiyatlarning zimmasiga vakolatidagi boshqa vazifalarni to‘liq bajarish, ko‘pincha moliyaviy resurslarning mavjud miqdoriga bevosita bog‘liq. Ko‘rsatilgan vazifa, huquq va majburiyatlardan ko‘rinib turibdiki, mahalliy byudjetlarga o‘z hududini iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy rivojlantirish mas’uliyati yuklangan.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar o‘ta muhim bir maqsadga, ya’ni hokimiyatlar bo‘linishining konstitutsiyaviy printsipini hayotga izchil tatbiq etish, hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari hamda nazorat vazifalarining rolini kuchaytirish, sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha g‘oyat dolzarb chora-tadbirlarni ko‘rishga qaratildi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish eng dolzarb vazifa qilib qo‘yilgan ekan, bunda mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish muhim o‘rin tutadi. Mahalliy boshqaruv organlarining rolini oshirish bevosita ularning moliya-byudjet huquqlarini oshirish, ularga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda etarli mablag‘lar bilan ta’minlashni talab etadi.
O‘zbekiston respublikasining "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunida ta’kidlanishicha, mahalliy hokimiyat organlariga mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, byudjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilish vakolati berilgan. Shu bilan mahalliy hokimiyat organlarining byudjet jarayonlarini boshqarish sohasidagi faoliyatining huquqiy asosi o‘rnatilgan.
O‘zbekiston respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning (1993-yil 2 sentyabr) «Mahalliy davlat hokimiyati faoliyatining moliyaviy asosi» deb nomlangan 11-moddasida ta’kidlanganidek, viloyat, tuman, shaharning moliyaviy resurslarini byudjet mablag‘lari, byudjetdan tashqari fondlar, aniq maqsadga qaratilgan fondlar, kredit resurslari, shuningdek, respublika byudjetidan ajratilgan subventsiya va dotatsiyalar tashkil etadi. Mazkur qonunda ko‘rsatilishicha, viloyat, tuman, shahar byudjetining daromadlari quyidagilardan iborat.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimlari tegishli hududda o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirishga ko‘maklashadilar, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yo‘naltirib turadi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining mol-mulki, byudjet mablag‘lari, byudjetdan tashqari fondlarning va aniq maqsadga qaratilgan fondlarning mablag‘lari viloyat, tuman, shahar mulkidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |