3.Investitsiyalarni jalb qilish orqali iqtisodiyotni rivojlantirishning xorijiy mamlakatlar ijobiy tajribalaridan O’zbekiston Respublikasida foydalanish yo’llari.
AQSH innovatsion rivojlanishining o’ziga xos jihati shundaki, unda davlat ahamiyatiga molik yirik ilmiy loyihalar davlat tomonidan to’liq moliyalashtiriladi. Mazkur loyihalarni ishlab chiqish, realizatsiya qilish venchur jamg’armalari va tadqiqot markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Innovatsion rivojlanishni ta’minlashning muhim shart-sharoitlaridan biri – tegishli infratuzilma yaratishdir va bu muammo ham davlat tomonidan hal etiladi. “Ilm-fan – ta’lim – ishlab chiqarish – kapital” integratsiyasi juda yaxshi yo’lga qo’yilgan. Birgina “Kremniy vodiysi” texnoparkidagi innovatsion jarayonlar, innovatsion faoliyat butun dunyoni lol qoldirmoqda.
AQSHda innovatsion rivojlanishni ta’minlashda soliq tizimi imtiyozlaridan samarali foydalanish yaxshi yo’lga qo’yilgan, intellektual mulk subyektlari va obyektlarini soliqqa tortishda bir qator imtiyozlar qo’llaniladi.
Xitoy Xalq Respublikasining innovatsion rivojlanish yo’li ham o’ziga xos. Respublikaning XX asr oxiri, XXI asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli aholining jadal sur’atlar bilan o’sishi, energiya resurslari yetishmasligi, hududlar notekis rivojlanganligi, ekologiya yomonlashuvi va inflatsiya g’oyat yuqoriligi kabi dolzarb muammolar bilan tavsiflanar edi. Xitoy hukumati mazkur muammolarning yechimini investitsiyalar orqali hal etish yo’lini tanladi. Xitoyda innovatsion rivojlanishning o’ziga xos tamoyili chet eldan investitsiyalarni jalb etish va tayyor texnologiyalarni xarid qilish, ishlab chiqarishga tatbiq etishdan o’z xususiy innovatsiyalarini yaratish va yuqori texnologiyali brendlarni vujudga keltirishga ustuvorlik berilganligida ko’rinadi.
Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishga qaratilgan islohotlar 1978 yilda boshlanib, davlatning kelgusidagi taraqqiyoti uchun g’oyat katta imkoniyatlar yaratdi. Xitoyning o’zi ham innovatsion rivojlanishini chet eldan patentlar, litsenziyalar xarididan boshlab, zamonaviy sanoat tarmog’ini shakllantirishga muvaffaq bo’ldi.
Xitoyda innovatsion rivojlanishning ustuvor tamoyillaridan yana biri strategik rejalashtirish, prognozlash, dasturlash kabi iqtisodiy dastaklardan yuqori samara bilan foydalanishdir. Bu yerda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning “Prognoz–2050” strategik dasturi ishlab chiqilgan va iqtisodiy hayotga muvaffaqiyat bilan tatbiq etilmoqda.
Yaponiyaning innovatsion rivojlanish tarixi, yangiliklarga investitsiya kiritish usuli iqtisodiyotni rivojlantirishning o’ziga xos yo’nalishi hisoblanadi. Mamlakatda Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiy ahvol g’oyat ayanchli bo’lgani tarixdan ma’lum. Yaponiya 1950 yillardan boshlab texnoparklarni jadal sur’atlar bilan tashkil etish yo’lidan borib, chet eldan juda ko’plab patentlar va litsenziyalar sotib oldi. O’tgan asrning 80-yillarida esa Tashqi savdo va sanoat vazirligi tomonidan “Texnopolis” dasturi asosida 14 shaharda 18 ta texnopolis tashkil etildi. “Sukuba” texnopolisi ular orasida eng yirigi bo’lib, 28 ming gektar maydonni egallagan, unda 19000 ming kishi faoliyat ko’rsatadi
Yaponiyaning innovatsion rivojlanish tajribasi ko’rsatdiki, nafaqat yangiliklar, ixtirolarni kashf etishga kapital, investitsiya, balki kapital uchun ham yangiliklar qilinishi shartligi va ulardan samarali foydalanish zarurligi ham muhim omildir.
Yaponiya innovatsion rivojlanish tajribasining yana bir qirrasi, bu – xususiy biznes vakillarining innovatsion rivojlanishga faol ishtirokidir. Buning zaminida ikkita motiv bo’lib, birinchisi – vatanparvarlik, ikkinchisi – innovatsion faoliyatga kiritilgan kapital qaytimi, samaradorligi an’anaviy faoliyat turlaridagiga nisbatan ancha yuqoriligidir.
Innovatsion rivojlangan davlatlar (AQSH, Yaponiya) va jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan (Xitoy) davlatlarda yuritilayotgan samarali soliq va boshqa imtiyozlar tizimi quyidagilarda namoyon bo’ladi:
mualliflik huquqi va intellektual mulkning dahlsizligini iqtisodiy-ma’naviy jihatdan ta’minlashda;
ITTKIdan ko’rilayotgan foydadan olinadigan soliqning bir qismini yoki to’liq hajmini o’sha sohadagi xo’jalik yurituvchi subyektlar ixtiyoriga qoldirishda;
yirik, davlat ahamiyatiga molik loyihalarni realizatsiya qilayotgan loyiha ishtirokchilariga “soliq ta’tili” tizimini qo’llashda;
innovatsion faoliyat ishtirokchilari olayotgan dividendlar, foydani imtiyozli soliqqa tortishda;
innovatsion faoliyat subyektlarining ehtiyojlari uchun tovar-moddiy boyliklarni xarid qilishda imtiyozli soliq, boj-tarif tizimini qo’llashda.
Jahon tajribasi shuni ko’rsatadiki, innovatsion iqtisodiy o’sishni ta’minlashda davlatning aralashuvi katta ahamiyatga ega. Fikrimizcha, mamlakatimizda ushbu faoliyatni yanada takomillashtirish uchun milliy iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishini ta’minlash asoslarini yanada takomillashtirish, ya’ni “Innovatsiyalar to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinishi zarur, iqtisodiyotning yaqin va uzoq istiqbolda barqaror o’sishini ta’minlovchi strategiya, dasturlar va prognoz parametrlarini ishlab chiqish va qabul qilish, mamlakatimizda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash maqsadida innovatsiya faoliyati infratuzilmasini tashkil etish, “ilm-fan – oliy o’quv yurtlari – ishlab chiqarish – kapital” integratsiyasini mujassamlashtiradigan ilmiy-texnikaviy park tashkil qilish, mamlakatimizda venchur biznes rivojlanishi uchun sharoitlarni yaratish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari uchun soliq imtiyozlari tizimini tashkil etish, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish orqali iqtisodiyotni modernizatsiya, diversifikatsiya qilish, texnik-texnologik yangilash maqsadga muvofiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |