2.Iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish faolligini oshirishning istiqbollari
Jahon tajribasidan ma’lumki, rivojlanayotgan mamlakatlar sanoati rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishga qaratilgan o’zlarining yuqori iqtisodiy o’sish sur’atlariga erishish amaliyotida “Olib kelish”, “Tanlov-selektsiya”, “O’stirish”, “Mamlakatning ichki ilmiy-texnologik salohiyatga asoslangan taraqqiyot yo’li” yoki “Tez yetib olish” singari innovatsion yondashuv strategiyalaridan foydalanadilar.
“Olib kelish” strategiyasining asosiy mohiyati - chet davlatlarda mavjud bo’lgan, amaliyotda o’z samarasini ko’rsatgan texnologiyalar, dastgohlar, asbob-uskunalar sotib olinadi hamda ular asosida ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo’lgan mahsulotlar ishlab chiqariladi. Yuqori samarali texnologiyalarni mahalliy sharoitlarga moslashtirishda Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Xitoy kabi mamlakatlar katta tajriba to’plaganligini ta’kidlash kerak.
“O’stirish” strategiyasida mamlakatning ilmiy salohiyatiga tayangan holda chet el mutaxassislarini jalb etish, amaliy va fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish evaziga turli xil ilmiy hajmdor (fan sig’imi yuqori bo’lgan) mahsulotlar ishlab chiqariladi, yaratilgan ilg’or texnologiyalar ijtimoiy soha va sanoatda o’zlashtiriladi. Bunday mamlakatlar qatoriga Isroil, Hindiston, Rossiya va Evropaning rivojlangan mamlakatlarini kiritishimiz mumkin.
“Tanlov-selektsiya” strategiyasida mamlakatning ta’lim tizimi hamda ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari aniqlanadi. Mavjud intellektual salohiyat va iqtisodiyotning ehtiyojlaridan kelib chiqib amaliy, fundamental, ilmiy-texnik dasturlar shakllantiriladi. Bu dasturlarni moliyalashtirish mexanizmlari, vositalari, manbalari turli nodavlat tashkilotlari, xususiy mulk egalari va davlat tomonidan kafolatlanadi. Bu strategiyada davlatning boshqaruvi va bozor iqtisodiyoti elementlarining uyg’unlashuvi asosida innovatsion jarayonlar faollashadi. Ta’kidlab o’tilgan strategiya AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya kabi mamlakatlarga xos.
Iqtisodchi olimlarning hisob-kitoblariga ko’ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda “Ichki ilmiy-texnologik salohiyatga asoslangan taraqqiyot” strategiyasidan foydalanilganda yiliga 2-3 foiz iqtisodiy o’sishni ta’minlash imkoniyati paydo bo’lsa, “Olib kelish”, “Tez yetib olish” strategiyasi asosida ishlab chiqarishga eng zamonaviy texnologiyalarni joriy etilganda yiliga 7-8 foiz iqtisodiy o’sishni ta’minlash mumkin. Bunga Braziliya, Singapur, Indoneziya va boshqa rivojlanayotgan davlatlar tajribasi misol bo’la oladi. Mazkur strategiyalardan foydalanish natijalari va iqtisodiy samaradorligi mamlakatning milliy xususiyatlari, innovatsion tizimning huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy va moliyaviy mexanizmlariga bog’liqdir.
Hozirgi davrda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi innovatsion yondashuvning asosiy maqsadi, birinchidan, ishlab chiqarishni ilmiy hajmdor yuqori texnologiyalar asosida tashkil etish, inson kapitaliga yo’naltirilayotgan investitsiya va kapital qo’yilmalarning salmog’ini oshirish, mamlakatdagi barcha ishlab chiqaruvchi va xizmat ko’rsatuvchi subyektlar tomonidan xaridorlarni har qanday yangilikka bo’lgan ehtiyojini qondirish hisoblansa, ikkinchidan, ishlab chiqarishda qo’shilgan qiymatni orttirishdan iborat.
Innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish va innovatsion iqtisodiyotni tarkib topdirish, o’z navbatida, fan va ta’limning rivojlanganlik darajasi bilan birga, inson kapitaliga yo’naltirilayotgan investitsiya va qo’yilmalarning salmog’iga bog’liq. Bularning samarasi ilmiy tadqiqot va tajriba-sinov sohasida faoliyat ko’rsatayotgan korxonalar soni hamda ular tomonidan amaliyotga tatbiq etilayotgan yangiliklarda namoyon bo’ladi. Ma’lumki, ishlab chiqarishni ilmiy hajmdor yuqori texnologiyalar asosida tashkil etish uchun vaqt, investitsiya, energiya, ishchi kuchi kabi resurslar talab etiladi. Bularning orasida eng muhimi ishchi kuchining intellektual salohiyati va investitsiyalar hisoblanadi. Biror yangilikning ishlab chiqarishga joriy etilishi, birinchidan, bozorda yangi tovar va xizmatlarning paydo bo’lishiga, ikkinchidan, mahsulot tannarxining pasayishiga hamda rentabellik darajasi ortishiga xizmat qiladi.
mamlakatimiz real iqtisodiy sektor korxonalarida innovatsion yondashuvning yetarli darajada rivojlanmaganligining asosiy sabablaridan biri tarmoqdagi eskirgan texnologiyalar, ishlab chiqarishda innovatsion yondashuvning sustligi, aylanma mablag’lar hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarining takomillashmaganligi, investitsiyalarni jalb etishdagi qiyinchiliklar bo’lsa, ikkinchidan, inson kapitaliga yo’naltirilayotgan investitsiya va qo’yilmalar salmog’ining YaIMga nisbatan kamligidir.
Innovatsion rivojlanish muammolari bilan shug’ullanayotgan olimlarning fikricha, ilmiy hajmdor yuqori texnologiyalarni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar uchun YaIMning bir foizidan kam bo’lmagan miqdorda mablag’ yo’naltirilishi lozim.
Bu maqsadda, bir tomondan, innovatsion faoliyatni faollashtirishda real iqtisodiy sektor korxonalari hamda milliy soha va tarmoqlar tizimi subyektlari harakatini muvofiqlashtirish, ikkinchi tomondan, innovatsiyani amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish, innovatsiya jarayonini rivojlantirish uchun sharoit yaratishda manfaatdor bo’lgan tarkiblarning integratsiyasini amalga oshirish lozim bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |