MAVZU: O’zbek adabiy tanqidchiligining janrlari. Taqriz, maqola, adabiy-portert, esse.
Reja:
O’zbek adabiy tanqidchiligi janrlarining shakllanishi.
Tanqidchilik janrlari tasnifi.
Taqriz va uning mohiyati.
Adabiy-tanqidiy maqola.
Adabiy portret janri.
Badia, esse janri taraqqiyoti.
Adabiy muloqotga asoslangan janrlar.
Adabiyotlar
1. A.Xudoyberganov. A.Rasulov. O’zbek sovet adabiy tanqidchiligi. T., O’qituvchi., 1990.
2. B.Rahmonov. O’zbek adabiy tanqidchiligi. T., “Yangi asr avlodi”, 2004.
3. I.Haqqul. E’tiqod va ijod. T., Fan., 2007.
4. Sh.Ahmedova. O’zbek adabiy tanqidining janrlar tarkibi. Filol.fanlari. dokt... diss... avtoref..., T, 2010.
5. D.Quronov va boshqalar. Adabiyotshunoslik lug’ati. T., Akademnashr., 2010.
O’zbek adabiy tanqidchiligi janrlarini shartli ravishda ikki qismga – adabiy jarayon hamda yozuvchi hayoti, ijodi masalalarini yorituvchi janr va shakllarga ajratish mumkin. Mazkur bo’linish o’ta shartli, chunki adabiy jarayonni o’rganuvchi “sof” janrlar bo’lmagani singari, faqat ijodkor hayoti, ijodini ochishga xizmat qiladigan janrlar ham yo’q.
O’zbek adabiy tanqidi janrlarining shakllanishi mumtoz adabiyoti tarixi bilan bog’liq. “O’tmish adabiyotshunosligidagi asarlargi tazkira, manoqib, holatlar, adabiyot qoidalariga bag’ishlangan risolalar kiritilgan...
Adabiyot tarixida adabiyotshunoslikka oid asarlarda adabiy jarayon haqida ma’lumot beruvchi tazkiralarda, taqrizga xos ayrim belgilar uchraydi. Badiiy asarga ko’pincha og’zaki va yozma ravishda juda qisqa baho berilgan”1. Masalan: A.Navoiyning Atoiyga bergan bahosi.
Mumtoz adabiyot tarixidan ma’lumki, hazrat Navoiy “Majolis un-nafois”, “Xamsat ul-mutahhayirin”, Husayn Voiz Koshifiyning “Latoyif ut-tavorix”, Xondamirning “Makorim ul-axloq”, Vosifiyning “Badoe ul-vaqoe’” kabi asarlarida adabiy majlislar, adabiy munozara, suhbatlar, adabiy portretga xos janriy elementlar uchraydi.
O’zbek adabiyotshunosligida tanqid janrlari takibi muammosi haqida B.Valiho’jaev, R.Tojiboev, A.Rasulov, A.Hayitmetov kabi olimlarning ishlari mavjud bo’lsada, bu muammoni har tomonlama mukammal o’rgangan Shoira Ahmedova. Olima ushbu muammoga bag’ishlangan doktorlik dissertatsiyasida adabiy tanqid janrlarini shartli ravishda uch yirik guruhga bo’lib o’rganadi. Ular quyidagilar:
Tezkor va hozirjavob janrlar: taqriz, adabiy-tanqidiy maqola.
Tarixiy biografik yondashuv ta’sirida yaratiladigan janrlar: tarixiy biografik ocherk, adabiy portret, esse.
Jonli muloqotga asoslanishiga ko’ra - adabiy-tanqidiy maktub; adabiy-tanqidiy suhbat.
Adabiy tanqidning eng tezkor janrlaridan biri – taqriz. “Taqriz - arabcha qarz” so’zidan olingan bo’lib, asarga adabiy tanqidchilik tomonidan berilgan bo’nak – avansdir2.
Taqriz – hozirjavob estetik baho va badiiyat olamiga “razvetka” vositasi bo’lib, u yoki bu janrdagi badiiy asarning emas, balki asosan, adabiy jarayonda yangi paydo bo’lgan, “ohori to’kilmagan” badiiy asarni ob’ekt qilib oladi. Demak, taqriz yangi adabiy asarning taxlili orqali uning adabiy jarayon va yozuvchi ijodida tutgan o’rnini belgilab, yutuq va nuqsonlarini ko’rsatadi, isbotlaydi va baholaydi3.
Ilk taqrizlarning paydo bo’lishi XX asrning boshlari o’zbek professional adabiy-tanqidchiligining tug’ilishi bilan bog’liq. Zarif Bashirning “O’zbek shoiri Cho’lpon she’rlari” (“Uyg’onish” majmuasining bosilish munosabati bilan. “Turkiston” gazetasi. 1923 yil 23 mart), Vadud Mahmudning “Cho’lponning “Buloqlar”i” (“Turkiston” gazetasi 1923 yil 10 dekabr) taqrizlarini bu janrning ilk ko’rinishlariga misol sifatida keltirish mumkin.
Vadud Mahmud o’z taqrizida “Buloqlar” she’riy to’plamining asl mohiyatini muxtasar jumlalarda, aniq bayon etib o’tadi. “Bu kun o’zbek adabiyotiga yangi bir to’n kiygizildi. Cho’lponning “Buloqlar” otliq yangi bir she’rlar to’plami bosilib chiqdi. Cho’lpon o’zbekning yangi shoiridir. Shuning uchun o’zbek elining bu kungi ruhi, holi, sezgisi “Buloqlar”da qaynaydir. O’zbek tili, o’zbek ohangi “Buloqlar”da sayraydir, o’qiydir. O’zbekning ruhiy to’lqinlari bunda ko’piradir. Ko’klar tomon uchadir, ko’tariladir.
“Buloqlar”da o’zbek sezgisi ingraydir, sizlaydir, titraydir. Shuning uchun bu to’n shunday bir to’ndirki, o’zbek ruhidan, jonidan bitkandir, uning badanini asramoq, ko’rishmoq uchun o’z bag’riga bosqondir...”
O’zbek tanqidchiligida taqrizning-tezkor taqriz, monografik taqriz, sharh-taqriz, xabar-taqriz, maktub-taqriz, bahs-taqriz, og’zaki taqriz singari ko’rinishlari mavjud. Umuman olganda, taqriz “tanqidchi qalamining qayrog’i”, “tanqidning tikanli guli”dir. (I.G’afurov)
G’oyaviy – mukammal asarlar haqida ijobiy fikrlar bildirilsa, yaxshi badiiyat namunalari ulug’lansa, uncha katta gunoh bo’lmaydi. O’.Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasi o’z davrida yetuk tanqidchilar tomonidan yuksak baholandi.O.Sharafiddinovning “Ona” (O’zAS. 1982. 2-son), M.Qo’shjonovning “Onaga ta’zim” (“Qishloq haqiqati”. 1982. 66-son), B,G’ulomovning “Mehr dostoni” (“Toshkent haqiqati”. 1982. 23-son) taqrizlarida qissadagi yuksak badiiylik, emotsional ta’sirchanlik alohida ta’kidlanadi.
A.Xudoyberganov, A.Rasulovning “O’zbek sovet adabiy tanqidchiligi” kitobidagi taqriz haqidagi fikrlar bugungi kun adabiy hayotimizga ham taalluqlidir. “Taqriz madhiyabozlik oshna og’aynichilik kasriga qolib yomon otliq bo’ldi. Lekin u adabiy jarayondagi o’rnini zinhor yo’qotmadi. Turg’unlik avj olgan pallada M.Qo’shjonovning “Davr talabi va ijod mas’uliyati”, Ibrohim Rahimga “Ochiq hat”i “Hayol boshqa, hayot boshqa”, O.Sharafiddinovning “Hayotiylik jozibasi va sxematizm inertsiyasi”, A.Kattabekovning “Faktlar to’g’ri, ammo badiiy talqin-chi?” singari yaraqlagan taqrizlari paydo bo’ldi”4.
O.Sharafiddinovning “Ijodni anglash baxti” kitobida berilgan ixcham taqrizlarda bugungi zamondosh adiblar ijodi haqida muxtasar fikrlar bayon qilingan.
Adabiy tanqidiy maqola janriga mansub maqolalarda u yoki bu adabiy muammo tadqiq qilinib, tahlil jarayonida kelib chiqqan ilmiy-estetik xulosalar bayon qilinadi. O’zbek tanqidchiligida XX asrning boshlari professional adabiy tanqidchilik namoyandalari Vadud Mahmud, Fitrat, Cho’lpon, A.Sa’diy, Olim Sharafiddinovlar uning ilk namunalarini yaratganlar: Cho’lponning “Adabiyot nadir”, Vadud Mahmudning “Bu kungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz” kabi maqolalarini – janrning ilk namunalari deb hisoblash mumkin.
Sh.Ahmedova adabiy tanqidiy maqolalarni tadqiqot ob’ektiga ko’ra kuyidagicha tasnif qiladi:
1. Obzor xarakterlaridagi adabiy-tanqidiy maqolada o’rganilayotgan adabiy hodisa asarlar haqidagi gipotezalar beriladi, ma’lum bir davr adabiyotiga daxldor dalillar izchil ilmiy-estetik mantiq asosida yaxlitlashtirilib ilgari suriladi. Masalan: O.Sharafiddinovning “Yillar va yo’llar” maqolasi buning yaqqol misolidir.
2. Muammoli adabiyot-tanqidiy maqola adabiy jarayonda asosiy va muhim o’rin tutadi. Unda ilmiy-nazariy mohiyat, tanqidchining kontseptsiyasi yetakchilik qiladi.
Tanqidiy maqola har bir tanqidchining qiyofasini, imkoniyatlarini ko’rsatuvchi mohiyatga ega. Chunki unda adabiyotning teran muammolari tahlil qilinadi. Har bir munaqqidning adabiy-tarixiy jarayondagi mavqei dolzarb ilmiy-muammoli maqolalarni qo’ya olishi bilan belgilanadi. M.Qo’shjonovning “Qutlug’ qon” romani poetikasiga bag’ishlangan “Xarakter evolyutsiyasi” maqolasini ushbu janrning yuksak namunasi deb aytish mumkin.
3. Portret – maqolada ijodkorning tarjimai holini oydinlashtirish adabiy jarayondagi o’rnini belgilash, ijodining o’ziga xos qirralarini yoritib berish maqsad qilib olinadi. Portret – maqola, asosan, ikki xil maqsad bilan yaratiladi.
1) Yozuvchi ijodi va hayoti haqida qisqa bo’lsa-da atroflicha ma’lumot berish. Bunga Fitrat, Vadud Mahmud, Oybek kabi ijodkorlar portret maqolalari misol bo’ladi.
2) Ijodkor portretiga oid chizgilar berilib keyinchalik to’liq adabiy portret yaratishga zamin tayyorlash. Jumladan, Ozod Sharafiddinov adabiy portretlarining ko’pchiligi shu tarzda yaratilgan.
Tarixiy-biografik yondashuv asosidagi tanqidchilik janrlariga quyidagilar kiradi:
1) Adabiy portret.
2) Tanqidiy-biografik ocherk.
3) Adabiy-tandiy esse.
Adabiy portret ijodkorning tarjimai holi, hayoti va ijodini keng qamrovda batafsil o’rganadigan janrdir. Unda ijodkorning ma’naviy va ijodiy jihatdan bir butun, qiyofasini yaratish yoki hyotining muayyan vaqt oralig’idagi ma’no-mohiyatini ilmiy-estetik talqin etish asosiy o’rinda turadi. Adabiy portretda ob’ekt aniq bir ijodkor bo’lib, uning jonli, takrorlanmas aniq va yaxlit qiyofasi tadqiq etiladi.
Adabiy portretning bosh maqsadi hayotdagi inson (shoir, yozuvchi, olim)ning qiyofasini yaratish va shu orqali uni ommalashtirish, adabiylashtirishdir. Shu bois, uning o’ziga xos xususiyatlaridan biri, avvalo, shaxsning alohida fazilatlariga e’tibor qaratishida ko’rinadi. Aniqlik, aynan o’xshashlik janrning yetakchi hususiyati hisoblanadiki, oz o’xshashlik shaxsning asliga, jonli qiyofasiga muvofiq qayta tiklanayotganligida ko’rinadi.
Badiiy ijod unsurlaridan foydalanish tilning soddaligi, ilmiylikdan chekinmagan holda badiiy talqinga e’tibor berish portretnavislar diqqat markazida turadi. Buni o’zbek tanqidchiligida I.Sulton, M.Qo’shjonov, O.Sharafiddinov, B.Nazarov, M.Mamajonov, N.Karimov ijodida kuzatish mumkin.
O.Sharafiddinovning A.Qahhor, S.Ahmad, O.Yoqubov, A.Muxtor, P.Qodirovga bag’ishlangan maqolalarini yuksak portret namunalari deb baholash mumkin.
Adabiy portretda tadqiq etilayotgan san’atkorgina emas, balki uning ijodini tahlil qilayotgan tanqidchining ham o’ziga xos uslubi bo’y ko’rsatib turadi. Shunga ko’ra o’zbek tanqidchiligida adabiy portretlar yaratishda to’rt xil yo’l kuzatilgan.
1. Portretga xos chizgilar berilib yoki portret-maqola yaratilib, keyin mukammal adabiy portret yaratish. (O.Sharafiddinov); 2. To’g’ridan-to’g’ri adabiy portret yaratish. (S.Mamajonov, B.Nazarov); 3. Avval adabiy portret yoki ijodiy portret yaratilib, keyin uni to’ldirish, aniqrog’i boshqa munosabatlar (yubiley, xotira) bilan portretga yangi chizgilarni qo’shib berish. (M.Qo’shjonov, N.Karimov); 4. Oldin adabiy portret yaratib, keyin shu asosda adabiy-tanqidiy ocherk yaratish. (I.Sulton).
Tanqidiy-biografik ocherkda ijodkorning hayot yo’li, u mansub bo’lgan ijtimoiy-adabiy muhit, asarlarining yaratilishi tarixi, mazmun mohiyati, fazilati, adabiy-tarixiy jarayondagi o’rni haqida ma’lumot beradi. Adabiy portretga nisbatan tanqidiy-biografik ocherkda ko’proq ijod muammolariga e’tibor qaratiladi. Tanqidiy biografik ocherk aniq hujjatlilikka asoslanadi va shu orqali chiqadigan ilmiy xulosalar birligidan tashkil topib, munaqqid yozuvchi hayoti ijodi dalillarini qiyoslash, munozara, tahlillar vositasida o’rganadi. M.Zokirovning “Maqsud Shayxzoda”, H.Yoqubovning “G’afur G’ulom”, “Oybek”, S.Mirvalievning “Abdulla Qodiriy”, N.Karimovning “Cho’lpon”, D.Quronovning “Cho’lpon hayoti va ijodiy merosi” kitoblarini tanqidiy-biografik ocherk namunalariga kiritish mumkin.
Adabiy tanqidiy esse – adabiy-tanqidiy mavzuda yozilgan, adabiyot, adabiyotshunoslik masalalari tahlili va talqin qilinadigan erkin tuzilishga ega shaxsiy mulohaza va qarashlar ustuvorlik qiluvchi janr.
Esse (fr. – tajriba, sinab ko’rish) – muallifning u yoki bu masala bo’yicha shaxsiy mulohazalari bayon qilinuvchi adabiy janr. Tematik jihatdan tarixiy, biografik adabiy-tanqidiy ilmiy-ommabop ko’rinishlarga ega:
Adabiy-tanqidiy esseda tasavvur, taxayyul, mushohada, muhokama turli sohalardagi dalil va xulosalardan foydalanish orqali muallif o’zining shaxsiy qarashlarini erkin bayon etadi. Unda adabiyotshunoslik qonun-qoidalariga to’la-to’kis, rioya qilinishi, dalillarning ilmiy jihatdan har tomonlama isbotlangan bo’lishi shart emas. Bu janrga xos xususiyatni ko’pincha esse yozuvchi adibning o’zi belgilab oladi. A.Muxtor esseni “erkinlik” janri deb atagan.
N.Karimovning “Cho’lpon”, “Maqsud Shayxzoda” esse-romanlari, O.Sharafiddinovning “Ijodni anglash baxti”dagi esselari, Sh.Xolmirzaevning “Taqdir bashorati”, “Binafsha hidlang, amaki”, “Ay, Shuhrat akam-a”, “Odil aka haqida o’ylasam...”, “Yo’llar ayro tushdi, ammo”, “Bu kishim-ustoz, men-shogird” esselarini bu janrning muammal namunalari deyish mumkin.
Jonli muloqotga asoslangn janrlar tarkibiga. Adabiy-tanqidiy suhbat va adabiy-tanqidiy maktub maqolalari kiradi.
Adabiy-tanqidiy suhbat muloqotning ixcham shakllaridan biri sifatida adabiyot rivojida muhim ahamiyatga ega. Suhbat ikki shaxsning yozuvchi va tanqidchi yoki ijodkor bilan ijodkorning badiiy ijod sirlari, adabiyot muammolari haqidagi erkin moloqotidir. Suhbat ba’zan suhbatdoshning qisqa to’qnashuvlari asosiga quriladi; ko’pincha, ular bir-birining fikrini boyitib, badiiy ijod sirlari haqida mulohazalarini o’rtaga tashlash yo’lidan boradilar.
Adabiy suhbat namunalarini qanday mavzu, muammoga bag’ishlanganligiga qarab, shartli ravishda quyidagi qismlarga ajratish mumkin.
1) Adabiy suhbat. (yozuvchi va tanqidchi suhbati).
2) Tanqidiy – biografik suhbat. (tanqidchi bilan tanqidchi suhbati).
3) Munozarali suhbat.
4) Ijodkorlar suhbati.
5) Mumtoz adabiyoti haqidagi suhbatlar.
6) Kitobxon suhbati. (munaqqid bilan kitobxon suhbati).
U.Normatovning “Ijod sehri” kitobida uch suhbat berilgan. “Romanning yangi umri” (D.Quronov bilan suhbat), “Dunyoni yangicha ko’rish ehtiyoji” (U.Hamdam bilan suhbat), “Ko’ngil kuylari” (Sh.Sokin bilan suhbat). I.G’afurovning “Hayot, xayol-xiyobon” kitobi so’ngida ham adabiy suhbatlar berilgan. Ayniqsa, I.Haqqulovning “E’tiqod va ijod” kitobi butunlay adabiy suhbatlardan iborat. Unda suhbatning barcha namunalariga misol topish mumkin.
Adabiy-tanqidiy maktub yozuvi bilan tanqidchining, xat oluvchi va xat yozuvchi, kitobxon yoki tanqidchining o’zaro yaqinlik robitalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Maktub faqat yozuvchi va munaqqidning hayoti va ijodini emas, balki muayyan asarning yozilgan davrini, tarixini, yozilish sabablarini va sirlarini bor ziddiyatlari bilan o’rganishga xizmat qiladi. “Aniq bir kishiga yo’llanganlik – adrestning mavjudligi, murojaat bilan boshlanishi, aniq maqsadni (ijobiy yoki salbiy) ko’zlab yozish murojaatning takrorlanib turishi, qurilishida o’ziga xos syujet turlarining mavjud bo’lishi, turli badiiy vositalardan foydalanish, xat janrini shakllantiruvchi yetakchi belgilardir. Adabiy-tanqidiy maktubda xat yozuvchining hamda xat yo’llagan kishining manfaatlari ba’zan mushtarak keladi, ba’zan mushtarak kelmasligi ham mumkin. V.Belinskiyning Gogolga, Fitratning J.Boybo’latovga, M.Qo’shjonovning I.Rahimga xatlari inkor ruhida, O.Tog’aevning E.A’zamga, OSharafiddinovning I.Haqqulga yozgan ochiq xatlari hayrihohlik ruhida”5 yozilgan.
Umuman olganda, adabiy tanqidchilik janrlarini o’rganish adabiy jarayon, yozuvchi ijodiy laboratoriyasi, adabiy muhit muammolarini o’rganishda nihoyatda muhim deb hisoblaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |