Reja: 1.Oshqozon va uning funksiyasi 2.Oshqozon osti bezi va jigarning funksiyasi 3.Ingichka va o'n ikki barmoq ichak ning funksiyasi 4.Yo'g'on ichakning funksiyasi
Oshqozon qorin bo'shlig'ining yuqori qismida diafragma ostida joylashgan. Uning sig'im hajmi katta yoshdagi odamlarda 2 litrdan 2,5 litrgacha. Oshqozon devorining shilliq pardasida juda ko'p mayda bezlar joylashgan.Oshqozon shirasi tarkibida shilimshiq modda, fermentlar va xlorid kislota bo'ladi. Shilimshiq modda oshqozon devorini mexanik shikastlanishdan va fermentlar ta'siridan himoya qiladi.
Oshqozonning yuqori-kardial, pastki-pilorik va chap tomonga kengaygan tanasi bor. Fermantlar ovqat tarkibidagi oqsil va yog'larni parchalaydi. Xlorid kislota mikroblarni zararsizlantiradi va oshqozon shirasi fermentlari ishini faollashtiradi. Ovqat 4-8 soatdan so'ng ingichka ichakka o'tkaziladi.
Oshqozonosti bezi aralash sekretsiya bezi bo'lib, uning Langergans orolchasi deb ataladigan kichik qismi ichki sekretsiya bezi funksiyasini bajaradi. Qolgan qismi esa o'n ikki barmoq ichak bo'shlig'iga hazm shirasi ishlab chiqaradi. Uning shirasi tarkibida ichakdagi oqsillar, yog'lar va karbonsuvlarni parchalovchi fermentlar bo'ladi.
Jigar qorin bo'shlig'i yuqori qismida o'ng tomonda, qovurg'a yoyi ostida joylashgan. Jigar hujayralari o't suuuqligi ishlab chiqaradi. Bu suyuqlik o't pufagida to'planib, maxsus naycha orqali o'n ikki barmoq ichak bo'shlig'iga chiqariladi. O't suyuqligi yog'larni emulsiyalab hazm bo'lishini tezlashtiradi. Bundan tashqari, jigar
organizmni turli xil zaxarli moddalardan himoya qiladi. Jigar qonni filtrlab oziq moddalar bilan qonga so'riladigan zaxarli moddalardan tozalaydi.
Ingichka ichak odam bo'yidan 3-4 marta uzun bo'ladi. Uning oldingi qismi o'n ikki barmoqli ichak deyiladi. O'n ikki barmoq ichakning uzunligi 12 ta qo'l barmoqlari kengligi 25-30 sm ga yaqin keladi. Uning diametri ichakning boshqa qismlariga nisbatan kengroq. O'n ikki barmoq ichakka oshqozonosti bezi va jigarning o't yo'li ochiladi. Ingichka ichakning shilliq pardasida joylashgan
mayda bezlar ichak shirasi ishlab chiqaradi. Ichak shirasi tarkibida oqsillar, yog'lar va karbonsuvlarni parchalovchi fermentlar bo'ladi. Ingichka ichakning ichki yuzasida mayda tukchalar-vorsinkalar joylashgan. Vorsinkalar devori 1 qavat epiteliydan iborat. Ichki qismida qon va limfa tomirlari bo'ladi. Fermentlar ta'sirida parchalangan oziq moddalar vorsinkalar devoridan qon va limfaga so'riladi.
Ingichka ichakda ovqatning hazm bo'lishi: a-vorsinkalar tuzilishi va unda ovqatning so'rilishi; b-1-1 qavatli epiteliy, 2-qon tomirlari, 3-vorsinka, 4-limfa.
Yo'g'on ichakning funksiyasi. Ovqatning hazm bo'lmagan qismi ingichka ichakdan yo'g'on ichakka o'tadi. Yo'g'on ichak devorida shilimshiq modda ishlab chiqaradigan bezlar ko'p bo'ladi. Ichakning bu qismida ko'plab bakteriyalar yashaydi. Ular ishtirokida K vitamini sintezlanadi, ovqat qoldig'idagi ayrim moddalar parchalanadi. Yo'g'on ichakda ovqat qoldig'idan suvning asosiy qismi qonga shimilib, axlat hosil bo'ladi.
Qo'shimcha ma'lumot:
Odamda yoʻgʻon ichak koʻrichak (appendiks oʻsimtasi bilan), chambar ichak (koʻtariluvchi, koʻndalang , tushuvchi va sigmasimon qismlari ) va toʻgʻri ichakdan iborat. Yo'g'on icham devori esa shilliq, shilliq osti qavati, muskul va seroz pardadan iborat. Shilliq pardada koʻndalang joylashgan burmalar boʻlib, unda shilliq ishlovchi mayda bezlar va limfoid toʻqimalar mavjud. Uzunasiga yoʻnalgan muskul tolalari lentasimon tarqalganidan ichakdagi moddalar sekin (16—18 soat) yoʻnaladi. Yo'g'on ichakda shakllangan axlat, to'g'ri ichakda to'planadi va ixtiyoriy bo'shalish ro'y beradi.