Singapur qanday qilib iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishdi?
Bunda uning geografik joylashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Malakka bo‘g‘ozining ostonasida
joylashgan bu hududdan jahon dengiz savdo-sotig‘ining 40 foizi kesib o‘tadi.
Ikkinchidan, Bosh vazir Li Kuan Yu xorijiy tadbirkor va sarmoyadorlarga keng quchoq ochadi. Natijada,
yevropalik puldorlar Singapur tomon oshiqadilar. Bu esa davlat g‘aznasiga mablag‘ olib kela boshlaydi,
ishchi o‘rni yaratilishiga sabab bo‘ladi.
Uchinchidan, Li Kuan Yu kichik, samarador va halol hukumat yaratishga harakat qilgan. Singapurga
qo‘shni davlatlarga aynan ana shu jihat yetishmas edi. Qolaversa, Bosh vazir topshirig‘iga ko‘ra, mahalliy
va xorijiy tadbirkorlar o‘rtasida biznesni osonlashtirishga oid so‘rovlar muntazam o‘tkazilgan,
tadbirkorlar dardiga quloq tutilgan. Singapur bugun ham Jahon bankining «Biznes qilish» reytingida
yetakchi hisoblanadi.
To‘rtinchidan, Li Kuan Yu hukumatining jamiyatda qonun ustuvorligini qat’iy o‘rnatgani, qonun oldida
har bir fuqaroning teng javob berishi Singapur muvaffaqiyatining omili bo‘ldi.
Beshinchidan, Li Kuan Yuni «iqtidorlarning rahnamosi» deyishar edi. U iqtidorli fuqarolarni mas’uliyatli
lavozimlarga qo‘yish va ularga yaxshi maosh tayinlashga hech qachon ikkilanmagan. Shu bilan birga,
Singapurda mansabni suiiste’mol qilish ham qattiq jazolangan.
Oltinchidan, mamlakat topayotgan pullarini birinchi navbatda harbiy kuch-qudratga emas, salomatlik va
ta’limga sarflay boshlaydi. 1965-yilda Singapurda tug‘ilgan 1000 nafar boladan 35 foizi nobud bo‘lgan
bo‘lsa, 1985 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 10 foizga tushadi.
Yettinchidan, Singapur bolalari jahonning eng samarali va yaxshi ta’lim tizimlari asosiga qurilgan
maktablarda o‘qiydilar. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining «Asosiy universal ko‘nikmalar»
reytingida 15 yoshdagi singapurlik o‘quvchilar matematika va aniq fanlar bo‘yicha jahonda birinchi
o‘rinda turishadi. Bu tashkilotning o‘quvchilar savodxonligini baholaydigan «PISA» testiga ko‘ra,
so‘nggi 5 yillikda singapurlik talabalar «muammolarga yechim topish» imtihonlarida mutlaq yetakchilik
qilishmoqda. Jumladan, 2017-yilning 25-dekabrida e’lon qilingan reyting buning isbotidir.
Sakkizinchidan, ta’lim sohasidagi ekspertlarning fikricha, Singapur iqtisodiy taraqqiyot va turmush
darajasini yuksaltirishni ta’lim bilan bog‘lagan. Xususan, bu yerda birinchi o‘rinda ta’lim berish standarti
ishlab chiqiladi. Buning uchun katta mablag‘ sarf qilinadi. Ayniqsa, eng yaxshi o‘qituvchilarni jalb etish
va ularning nufuzini oshirishga avvalboshdanoq alohida e’tibor qaratilgan. Hozir ham Singapurda
o‘qituvchilarni jahonning eng nufuzli ta’lim muassasalari bitiruvchilarining orasidan yollash an’anasi
saqlab qolingan. Shu bilan birga, bu o‘qituvchilarning barchasi Milliy ta’lim institutida qayta
tayyorlovdan o‘tkaziladi. Bu esa ta’lim sifatini nazorat qilish va mehmon-o‘qituvchilarga milliy ta’lim
tizimini o‘rgatishda muhim.
Natijada, osiyolik mazkur qashshoq davlat jahonning beqiyos qazilma boyliklariga ega bo‘lgan Yevropa,
Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlarni rivojlanishda ortda qoldirdi.
Xo‘sh, Singapur nimaning hisobiga rivojlandi? Bu savolning javobi bitta — uddaburon yetakchilik
hisobiga! Ota-onasi ingliz tili muallimlari bo‘lgan Li Kuan Yuni bolaligidan «Kuan Yew», ya’ni «nur va
yorqinlik» deb chaqirishar edi. Bu ism «ajdodlariga shon-shavkat keltiruvchi» degan ma’noni beradi.
Millat otasi sifatida tan olingan va davlatni 30 yil boshqargan Li Kuan Yu o‘z irodasini namoyish qildi,
nafaqat ajdodlariga, millatiga shon-shavkat hamda farovonlik keltirdi, o‘z va’dasiga binoan xalqini
«birinchi dunyo» davlatlari qatoriga qo‘sha oldi.
Li Kuan Yuning safdoshlari yagona jamoa bo‘la olishdi. Bu kuchli jamoaning qoidalari aslida juda sodda:
yuqori salohiyatli odamlarni millatga bosh qilish, amaliy ishbilarmonlik muhitini yaratishga urinish
hamda halollik!
Yuqori salohiyatli odamlarni millatga bosh qilish deganda hukumat davlat boshqaruviga qarindosh-
urug‘larni emas, eng munosib nomzodlarni tayinlashga odatlangan.
Singapurda amaliy ishbilarmonlik muhitini, fuqarolar uchun qulay hayot tarzini yaratishga urinish
g‘ildirakni qayta kashf qilishdan farqlanadi. Singapur biror muammoga yechim topishda boshqa
davlatning tajribasini yaqindan o‘rganadi va o‘zlashtirib oladi.
Halollik — davlat taraqqiyotining o‘zagi. Boisi, korruputsiya — «uchinchi dunyo» mamlakatlari mag‘lub
bo‘layotgan yagona g‘animdir. Bugungi Singapur asoschilarining xalq oldidagi yuksak xizmatlari ham
ana shu xislat bilan chambarchas bog‘liq.
«Singapur mo‘jizasi» — ertak emas! Ular erishdimi, biz ham erishamiz. O‘zbekistonda biznes uchun
qulay sharoit yaratilmoqda, korrupsiya batamom yo‘q bo‘lish arafasida, ta’lim sifati hukumat e’tiborida,
xalq salomatligiga katta mablag‘ sarf etilmoqda, yosh va iqtidorli, sadoqatli kadrlar davlat boshqaruviga
kelmoqda, hukumat boshqaruvidagi ahillikni har birimiz his qilyapmiz. Men rivojlanmaslik va «o‘zbek
mo‘jizasi»ni yaratmaslik uchun biror sabab ko‘rmayapman.
Faqat bir haqiqatni unutmaslik lozim — o‘zgarishlarni, farovon hayotni birgina davlat rahbaridan kutish,
uning zimmasiga yuklab qo‘yish — xato. Hayotimizni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan eng qudratli kuch —
bu birinchi galda biz, o‘zimiz. Hayotimizni o‘zgartirishdan oldin esa o‘zimizni o‘zgartirishimiz lozim.
Zero, endi kechagidayek o‘ylash, fikrlash va yashash mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |