Bilish nazariyasi:asosiy muammolari va yo‘nalishlari.
Olam va uning qonunlarini bilish falsafiy dunyoqarash bilan bevosita bog‘langan masaladir. Shuning uchun ham dunyoni bilish masalasi doimo falsafa fanining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Qadimgi faylasuflar ham dunyoni bilish mumkinligini e’tirof qilganlar. Masalan, atomistik nazariyaning asoschisi Demokrit olamni bilish va haqiqatga erishish mumkinligini ta’kidlaydi. U bilish jarayonida hissiy jihat va tafakkur rolini oddiy va sodda holda ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyo mutaffakkirlaridan Farobiyning aytishicha, bilish muammosi inson mohiyatini aniqlash masalasining bir qismini tashkil etadi. U insonni bilish sub’yekti, o‘rab turgan tabiatni reallikni bilish ob’yekti deb hisoblaydi. Seziluvchi narsa, Farobiy fikricha, sezgilarga qadar mavjud bo‘lgandek, bilinuvchi narsa ham unga oid bo‘lgan bilimga qadar mavjuddir. Uning ta’rificha, odam o‘z bilimlarini tashqaridan, atrofdagi hodisalardan bilish jarayonida oladi. Bu jarayon o‘z ichiga ko‘p vosita va usullarni: sezgi, idrok, xotira, tasavvur va eng muhimi mantiqiy fikr, aql va nutqni oladi. Shu vositalar yordamida inson fanni yaratdi.
Beruniy merosini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ilk asarlaridan boshlab va keyingi asarlarida uning inson bilishga juda qiziqqanligini ko‘rishimiz mumkin. Beruniy fikricha, bilishning asosi, olam haqidagi bilimlarimizning manbai sezgi organlari yordamida olingan hissiy bilimlardir. Agar sezgi bo‘lmaganda olam haqidagi bilimlarimiz mumkin bo‘lmas edi.
Bilish jarayoni Beruniy ma’lumoticha, eskilik, fanatizm, shaxsiy g‘araz sub’yektivizmdan ozod bo‘lish, tabiatning o‘ziga, kuzatishga tajribaning rad etib bo‘lmaydigan dalillarga asoslanish lozim: tabiatni bilish jarayoni sezgilar bilan boshlanish tafakkurgacha ko‘tariladi, ma’lum narsalarga va hodisalarni bilishga tomon rivojlanib boradi, biroq bir avlodning hayotida hamma narsani bilish mumkin emas.
Buyuk alloma Abu Ali Ibn Sinoning bilish nazariyasida aql – faol ijodiy kuch va bilish qurolidir, biroq moddiy olam, uning qonuniyati tajriba jarayonida o‘rganiladi: buyumlar va hodisalar to‘g‘risida tushunchalar paydo bo‘ladi. Inson aqli o‘z bilimini og‘ir va uzoq mehnat jarayonida hissiy qabul qilish orqali ko‘paytiradi.
Alisher Navoiy ham o‘z falsafiy qarashlarida moddiy olamni bilish mumkinligini asosan e’tirof etadi. Uning bilishning manbai real voqelikdir, dunyoda mavjud narsalarning hammasi hislarimizning predmetidan (ob’yektidan) iborat. Ulug‘ gumanist inson baxtining manbai, uni bilishda deb ta’kidlaydi.
Falsafa tarixida bunday olamni bilishni e’tirof etuvchi qarashlar bilan birga tabiat va jamiyatni rivojlantirish qonunlarni bilish mumkinligini inkor etuvchi turli oqimlar ham bor. Dunyoni bilish mumkinligini, bilimlarimizning to‘g‘ri va aniq ekanligini inkor etuvchi va shubha qiluvichlar agnostitsizm va skeptitsizm ta’limotidir. (Agnostitsizm yunon so‘zi bo‘lib, a – inkor, gnosos – bilishdir). Agnostitsizmning eng qadimgi ko‘rinishi skeptitsizmdir. (bilishga shubhalanib qarash).
Agnostitsizmning eng yirik vakillari ingliz faylasufi David Yum bilan nemis faylasufi Immanuel Kantdir. Yumning fikricha, inson o‘z sezgilari chegarasidan tashqariga chiqa olmaydi, u faqat o‘z sezgilarinigina bila oladi. Real voqelikni aslo bila olmaydi. Kant esa Yumga qarama-qarshi o‘laroq, inson ongi va sezgilaridan tashqarida obyektiv olamda aslo bilib bo‘lmaydigan “narsa o‘zida” bor, “narsa o‘zida” makon va zamon tashqarida bo‘lib, uni aslo bilish mumkin emas. Kant inson bilishi mumkin bo‘lgan hodisalar olamini “biz uchun bo‘lgan narsalar” deb uni inson aqli bilan, fan vositasi bilan bilish mumkin deydi. “Biz uchun bo‘lgan narsa” bilan “Narsa o‘zida” sezgi a’zolariga aralash ta’sir etish bilan bilish mumkin bo‘lgan hodisalar yuzaga keladi, inson ularni o‘zining tug‘ma aprior tushunchalari bilan tartibga soladi.
Umuman Kantning bilish nazariyasi boshdan oyoq chalkash, g‘ayri ilmiy reaktsion bo‘lib, o‘z mohiyati e’tibori bilan bilan inson aqlining bilish imkoniyatlarini fanning rivojlanish istiqbollarini inkor etishga qaratilgan.
Bilish nazariyasining rivojlanishida XVII-XVIII asr faylasuflari (ingliz Bekon, fransuz Dekart, Didro, Golbax, Gelvetsiylar) muhim o‘rin tutadi. Ular agnostitsizm, spektitsizmni qattiq tanqid qilib olamni bilish mumkinligini ta’kidlaydilar. Biroq ularning qarashlarida ma’lum nuqsonlar ham bor edi. Masalan, ularning bilish nazariyasi metafizik xususiyatga ega bo‘lib bilishda hissiy va ratsional jihatlarning dialektik birligini ko‘rsata olmas edi. Ular bilish jarayonining ziddiyatli ekanligini ochib bera olmadilar. Shuningdek ular kishilar ijtimoiy tarixda amaliyot rolini tushuna olmadilar, kishilarning ongli faoliyati rolini inkor etdilar.
Ma’lumki, ob’yektiv dunyo, uning predmet va hodisalari bilishning birdan-bir manbaini tashkil etadi. Shunday bo‘lsada, ayrim faylasuflar va din ta’limotida bilishning manbai sifatida qandaydir mistik, go‘yo insondan tashqari mavjud bo‘lgan ong (“Mutloq g‘oya”, “olam ruhi” va h.k.) e’tirof etiladi. Ular nuqtai nazarida inson tabiat va ijtimoiy hayot hodisalarining mohiyatini bilishga qodir emas, u faqat iloh ijodining natijalarini qayd qilishga va turkumlarga ajratishgagina qodir.
Insoniyat, ijtimoiy amaliyoti va bilish taraqqiyotining ilgarilab borishi bilimni chegaralab qo‘yuvchi agnostitsizmni puchga chiqarmoqda. Masalan, hozirgi zamon tabiat fanlari, ayniqsa, fizika fani atom tabiatini tuzilishini va xususiyatlarini o‘rganish sohasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Atomni parchalash, atom ichki energiyasdan foydalanish, atom yadro zarrachalarining bir-biriga bog‘liqligi, umuman mikro olamni bilish, astronomiya, biologiyadagi kashfiyotlar ilmiy falsafaning bilish nazariyasini to‘g‘riligini tasdiqlaydi.
Insonning bilish qobiliyati cheklanmagan, lekin har bir aniq tarixiy davrda o‘zi xohlashgan barcha narsa va hodisalarni emas, balki bilish imkoni borlarinigina bilib, bilmaganini keyinroq biladi. Lekin shuni aytish kerakki, inson bilimining cheki yo‘q, chunki makro-mikro olamning cheksizligi inson bilimining ham cheksizligini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |