Notarius notarial harakatni bajarish uchun o‘z ish joyidan tashqariga chiqqanida manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar uning amaldagi transport xarajatlarini qoplaydilar
Davlat notarial idorasida ishlovchi notarius notarial harakatlarni amalga oshirganlik hamda hujjatlardan nusxa (dublikat) berganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan stavkalar bo‘yicha davlat boji undiradi.
Davlat boji haqidagi qonun hujjatlarida jismoniy va yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar davlat notarial idoralarida ishlovchi notariuslar ham, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar ham notarial harakatlarni bajarganlarida, hujjatlar loyihalarini tuzganlarida, hujjatlarning nusxalarini berganlarida va boshqa texnik ishlarni bajarganlarida mazkur shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida notarial shaklda bo‘lishi majburiy qilib qo‘yilgan harakatlarni bajarganlik uchun xuddi shu harakatlarni davlat notarial idoralarida bajarganlik uchun olinishi nazarda tutilgan davlat boji miqdorlariga muvofiq tariflar bo‘yicha haq undiradi.
Davlat notarial idoralari O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti hisobidan mablag‘ bilan ta’minlanadi.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning notarial harakatlarni amalga oshirganlik hamda huquqiy va texnik tusdagi xizmatlar ko‘rsatganlik uchun olgan pul mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa moliyaviy tushumlari uning faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash manbai hisoblanadi. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius tomonidan olingan pul mablag‘lari davlat budjetiga soliqlar, boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin notariusning mulkiga o‘tadi.
Depozit hisobvaraqlarda turgan pul mablag‘lari xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning daromadi hisoblanmaydi.
Notariusga murojaat qilgan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar bilan notarius o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq notariuslar tomonidan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatilganligi uchun haq undirilishi mumkin.
Notarial idora xodimlari ta’til va davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha barcha turdagi nafaqalar olish huquqidan foydalanadi. Davlat ijtimoiy sug‘urtasiga to‘lovlar qonunchilikda belgilanadigan miqdorlarda to‘lanadi.
Notarial idora xodimlariga davlat va jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.