qalamni ushlamoq, o‘g‘rini ushlamoq, ishxonada ushlanmoq va boshqalar .
b) silamoq-Otam yetimlarning boshini siladi;
d) tirnamoq-Mushuk bolaning qo‘lini tirnadi;
e) shapaloq tortmoq-Sheralining yuziga shapaloq tortdi (M. Ism.);
f) chimchilamoq-Nodirmohbegim sandal ichidan oyog‘ini uzatib Unsinning boldirini chimchiladi (A.Q.);
g) uqalamoq-Bola buvisining oyog‘ini uqalab qo‘ydi;
h) qitiqlamoq-Qizlar bir-birini qitiqlab kulishardi;
i) changallamoq-Burgut o‘ljasini changallab osmonga ko‘tarildi;
j) mushtlamoq-O‘rtaroqda aytishib o‘tirgan ikki bola to‘satdan mushlashib ketdi (H.G‘.);
k) chertmoq- Domla stolni chertdi(P.Qodirov.);
l) hovuchlamoq-Sidiqjon mayizni hovuchlab og‘ziga soldi (A.Q.);
m) chapak chalmoq-Ular chapak chalib yuborishdi (A.Q.);
n) paxsa qilmoq-U qo‘lini paxsa qildi.
Xuddi shunday yuz, gavda, og‘iz harakatlari bilan bog‘liq harakat fe’llari mavjud.
II. Nutq fe’llari gapirish harakati bilan bog‘liqdir. Bunday fe’llar inson faoliyati bilan aloqador bo‘ladi.
a) gapirmoq (sinonimlari - so‘zlamoq, aytmoq, demoq) Elchibek jonliroq gapira boshlaganini o‘zi ham payqadi (A.Mux.);
b) bidirlamoq - Voy, bidirlamay qolgur! (H.G‘.);
d) to‘ng‘illamoq – U rasta bo‘lgan o‘spirin tovushi bilan to‘ng‘illadi (A.Q.);
e) g‘o‘ldiramoq (g‘uldiramoq) – Ayol nimalarnidir g‘uldirab ketdi (A.Q) kabi.
Ushbu fe’llarning salbiy xarakterga ega bo‘lgan variantlari ham mavjud: vaysamoq, valdiramoq, vaqillamoq, javramoq va boshqalar. Bularda ezmalik qilish, keragidan ortiq gapirish semalari mavjud. Ushbu nutq fe’llarining analitik shakli ham uchraydi:
bag‘illab berdi
javob bermadi
bobillab berdi.
III. Holat fe’llari. Inson tabiatiga xos bo‘lgan jismoniy, ekspressiv – ruhiy holatlar o‘ziga xos xarakterga ega. Holatlarni to‘rtga bo‘lishimiz mumkin:
a) ichki holat (ruhiy kechinmalar bilan bog‘liq);
b) tashqi holat (xursandlik, darg‘azablik… bilan bog‘liq);
d) jismoniy holat (sog‘lomlik, betoblik, kuchlilik, zaiflik… bilan bog‘liq);
e) ijtimoiy holat (boylik, kambag‘allik… bilan bog‘liq fe’llar).
Ruhiy - psixologik holat fe’llari, asosan, insonga xos bo‘lib, o‘y - xayol, eslash, unutish, dard - alam tortish, achchiqlanish, kuyish… bilan bog‘liqdir. Bular, asosan, turg‘un va frazeologik iboralar bilan beriladi va, shuningdek, ushbu fe’llar miya (o‘y, tafakkur), yurak (ko‘ngil) bilan bog‘liq bo‘lib, xuddi shu so‘zlarning o‘zi ham nutqda ba’zan ishtirok etadi. Bunday fe’llar yangi dastur va darsliklarda (maktablar uchun) tafakkur fe’llari deb berilgan:
O‘yga tolmoq ~ o‘yga cho‘mmoq
O‘ylab - o‘ylab o‘yiga yetolmaslik
Xayoli qochmoq
Eslamoq – yodiga olmoq
Ko‘z o‘ngiga keltirmoq
Ko‘nglidan o‘tkazmoq
Esiga tushmoq
Esidan chiqmoq
Ko‘ngliga tugib qo‘ymoq.
Bular, ko‘pincha, kishining ichki ruhiy olami bilan bog‘liq bo‘ladi. Tashqi holat bilan bog‘liq holat fe’llariga quyidagilarni kiritish mumkin:
Gangimoq
Esini yo‘qotmoq
Dong qotib qolmoq
Kuyunmoq
Tutoqmoq
Asabiylashmoq
Tajang bo‘lmoq
Xunob bo‘lmoq.
Tajang bo‘lmoq, xunob bo‘lmoq fe’llarida ko‘proq ko‘chma ma’no o‘z ifodasini topgan. Bu holat fe’llarining kuchaytiruvchi shakllari ham mavjud:
Xit qilib yubormoq
Ichiga solib yurmoq.
Holat fe’llarini ifodalovchi iboralar ham mavjud:
Ichini it tirnaydi
Ichiga chiroq yoqsalar ham yorimaydi
Dili namozshom bo‘ldi va boshqalar.
Kishining tashqi, obyektiv ta’sir, hayotiy qiyinchiliklar yoki betoblik, jismoniy jihatdan dard, alam holatini turli fe’llar, fe’lli birikmalar, frazeologizmlar bilan ifodalash mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |