II. MOLIYA BOZORINI TARTIBGA SOLISH BOʻYICHA JAHON TAJRIBASI 2.1. Moliya bozorini tartibga solish amaliyotini takomillashtirish masalalari Bizga ma’lumki, mamlakatda iqtisodiy o’sish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda moliya bozori hal qiluvchi rol o’ynaydi. Moliya bozorlari samarali ishlashi uchun uni doimo tartibga solib turish muhim ahamiyat kasb etadi. So’nggi yillarda mamlakatimiz moliya bozorini rivojlantirish va uni uni faoliyatini tartibga solish bo’yicha sezilarli darajada islohotlar amalga oshirilmoqda. Sir emаski, mаzkur islоhоtlаrning muvаffаqiyаti kо’p jihаtdаn iqtisоdiyоtimizning bаrchа tаrmоqlаrigа xоrijiy investitsiyаlаrni jаlb qilish, ilg’оr xаlqаrо tаjribаni jоriy qilish vа shаffоflikni tа’minlаsh bilаn chаmbаrchаs bоg’liq. Bugungi kunda moliya bozorini tartibga solish bo’yicha amal qiladigan nazariyalarga o’zo’zini boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan asos solingan va xalqaro darajada emitentlar hamda investorlarni jalb etish uchun raqobat natijasida shakllangan.5 Moliya bozorlarining shakllanishini dastlabki davrlaridan boshlab, ushbu maqsadlar deyarli oʼzgarmagan va xalqaro tashkilotlarning hujjatlari (eng avvalo “moliya bozorlarni tartibga solishning maqsad va tamoyillari” Xalqaro qimmatli qogʼozlar bozorini tartibga soluvchi tashkilot – IOSCO) da rasmiy tarzda oʼz ifodasini topgan. Shunday qilib, moliya bozorlarini tartibga solishning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: investorlarni himoyalash va moliya bozorlarini shaffofligini, haqqoniyligi va samaradorligini taʼminlash.
Moliya bozorlarining rivojlanishi bilan, bozorning professional qatnashuvchilari va bozor vositachilarining sonining ortishi hamda ular oʼrtasidagi munosabatlarning yaqinlashuvi bilan, yuqoridagi ikki maqsadga yangi maqsad – tizimli risklarni pasaytirish ham qoʼshildi.6 Shuningdek, moliya bozorining tarkibiy qismi sifatida qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga solish va uni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda ham moliya bozorini, ayniqsa, qimmatli qo’go’zlar bozorini rivojlantirish dolzarblik kasb etmoqda. Shu sababli so’nggi yillarda ushbu sohada keng islohotlar olib borilmoqda. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Qimmatli qog’ozlar bozori iqtisodiyotdagi bo’sh pul mablag’larini jamlash va uni investitsiya jarayonlariga yo’naltirishning muhim vositasi hisoblanadi”.7 Shu sababli bugungi kunda moliya bozorini tartibga solish va bu bo’yicha xalqaro tajribani o’rganish mamlakatimizda moliya bozorini rivojlantirish uchun muhim jarayon hisoblanadi.
Moliya bozorini tartibga solish masalalari bo’yicha xorijiy olimlardan I.Atiyas va H.Ersellar tadqiqot o’tkazgan bo’lib, unga ko’ra hukumat tomonidan tartibga solishning “iks-post” va “iks-ante” shakllari mavjud. Moliya bozorini “iks-post” shakli yordamida tartibga solishda kompaniya tomonidan raqobat to’g’risidagi qonunlarga zid xatti-harakat amalga oshirilgandan so’ng kompaniyalar jazolanadi. Boshqa ko’plab tartibga soluvchi hujjatlar “iks-ante” shakliga muvofiq amalga oshiriladi, ya’ni moliya bozorida qonunga zid holatlar yuzaga kelmasligi uchun oldindan qoidalar ishlab chiqiladi.8 Shuningdek, R.Fransioni, J.Freyz va A.Hekmeysterlarning ta’kidlashlaricha, moliya bozorini tartibga solishning asosiy maqsadi moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdir. Shu nuqtai nazardan, barqarorlikning muhim shartlaridan biri moliya bozorlarida ishlaydigan infratuzilma tizimi hisoblanadi. Moliya bozorlari o’rganiladigan har bir tahlilda tabiiy ravishda ushbu moliya bozorining infratuzilmasi qoidalari hisobga olinishi kerak degan fikrni ilgari surgan.9 A.M.Pakkes va D.Heremanslarga ko’ra, asosan ma’lumotlar nomutanosibligi tufayli moliya bozorlari mukammal ishlay olmaydi. Ma’lumotlar nomutanosibligi moliya bozorini tartibga solish zarurligini ko’rsatadi va buning uchun yechimlar, asosan, moliyaviy ishtirokchilar orqali ta’minlanishi yoki hukumat aralashuvini talab qilishi mumkin degan fikr-mulohazalarni ilgari surgan.10 O’zbekistonlik iqtisodchi olimlar ham moliya bozorini tartibga solish bo’yicha tadqiqotlar o’tkazgan. Xususan, S.Elmirzayev boshchiligidagi mualliflar jamoasining fikriga ko’ra, moliya bozorini tartibga solishning tashqi mexanizmlari sifatida megaregulyator va makroregulyator keng qoʻllaniladi. Moliya bozorini megaregulyator orqali tartibga solish xalqaro tashkilotlar tomonidan belgilangan talablar, tamoyillar asosida amalga oshiriladi. Makroregulyator esa bevosita davlat tomonidan tartibga solishni nazarda tutadi va odatda, qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi belgilanadi. Jamoatchilik tashkilotlari orqali moliya bozorini tartibga solish amaliyoti ham jahon amaliyotida tashqi mexanizm sifatida keng qoʻllaniladi.11 Moliya bozorini tartibga solish, xususan, uning tarkibiy qismi sifatida qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga solish jarayoni xalqaro miqyosda ham dolzarblik kasb etadi. Shu jihatdan xalqaro moliya bozorida AQSh tomonidan amalga oshirilayotgan moliya bozorini tartibga solish amaliyoti va tajribasi moliya bozori rivojlanayotgan ko’pchilik mamlakatlar uchun qo’l keladi. Shuni ta’kidlash lozimki, AQShda qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga solishda “144A qoidasi”dan foydalaniladi. “144A qoidasi” AQShda “Qimmatli qog’ozlar to’g’risida”gi Qonunning 5-qismida ko’rsatilgan ro’yxatdan o’tish talablaridan ozod qilish imkonini beradi, ya’ni ma’lum bir vaziyatlar yuzaga kelganda ro’yxatdan o’tkazilmagan va nazorat qiluvchi qimmatli qog’ozlarni ommaviy sotishga bo’lgan cheklovni olib tashlash mumkin. Bu orqali ushbu turdagi qimmatli qog’ozlar savdosini amalga oshirish imkoniyati yuzaga keladi.
AQShda 1933-yilda qabul qilingan “Qimmatli qog’ozlar to’g’risida”gi Qonunga ko’ra kompaniya tomonidan chiqarilgan barcha turdagi qimmatli qog’ozlarni ommaviy joylashtirish yoki sotishdan oldin Qimmatli qog’ozlar va birja komissiyasida ro’yxatdan o’tkazilishini majburiydir. “144A qoidasi” sotuvchilar uchun imtiyoz beradi. Ushbu imtiyoz qimmatli qog’ozlarni belgilangan xaridorlarga sotish uchun ishlatilishi mumkin. Belgilangan xaridor har qanday shaxs emas, balki ba’zi moliyaviy tashkilotlardir. Ushbu qoidaga ko’ra ro’yxatdan o’tish jarayonidan chetga chiqib moliyaviy tashkilotlar ro’yxatdan o’tkazilmagan va nazorat qiluvchi qimmatli qog’ozlar savdosi bilan shug’ullanishi mumkin.12 Ushbu qoida ro’yxatdan o’tkazilmagan va nazorat qiluvchi qimmatli qog’ozlarning likvidliligini oshiradi, chunki bu yirik institutsional investorlarga ushbu qimmatli qog’ozlar savdosini yanada erkin amalga oshirishga imkon beradi. Qoidaga ko’ra sotishdan oldin cheklovlarni olib tashlash majburiydir. “144A qoidasi” cheklovlarni qanday olib tashlashni tasvirlaydi. Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun ba’zi boshqa shartlarni bajarish lozim hisoblanadi. Shuningdek, AQShda qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga solishda fond birjalarining o’z ichki tartib-qoidalari ham muhim o’rin tutadi. Bunda listing va delisting talablari alohida ahamiyat kasb etadi. Kompaniyalar fond birjalarida savdo qilishni boshlashdan oldin muayyan talablarga yoki listing talablariga javob berishi kerak. Turli birjalar aksiyalar savdosini amalga oshirish uchun o’zlarining listing talablarini belgilaydilar. Dastlab, ro’yxatdan o’tish uchun kompaniya minimal moliyaviy va moliyaviy bo’lmagan talablarga javob berishi kerak.