7-sinf Adabiyot
Mavzu: “Mehr va Suhayl” “Sab’ai sayyor” dostonidan
Darsning texnologik xaritasi
Maqsad va vazifalar
Maqsad: O`quvchilarni Alisher Navoiy ijodi bo`yicha qo`shimcha ma’lumotlar, “Sab’ai sayyor” dostoni mazmuni bilan tanishtirish.
Vazifalar: O`quvchilarda mavzuga nisbatan qiziqish uyg`otish, mumtoz asarlar bilan ishlash ko`nikmalarini shakllantirish;
mavzu asosida o`quvchilarda ajdodlar ruhiga,Vatanga, oilaga, sadoqat, halollik, irodalilik, jasorat tuyg`ularini rivojlantirish hamda mavzuni qay darajada o`zlashtirganliklarini kuzatib bilimlarini baholash.
O`quv jarayonining mazmuni
Alisher Navoiy ijodi, “Sab’ai sayyor” dostoni, “Mehr va Suhayl” timsollari, mumtoz asarlar bilan ishlash
O`quv jarayonini amalga oshirish texnologiyasi
Metod: Muammoli ta’lim.
Shakl: “Aqliy hujum”, suhbat, asar matni ustida ishlash.
Usul: Tayyor yozma materiallar, texnik jihozlar, ko`rgazmalar asosida
Fanlar integratsiyasi: Tarix, ona tili, geografiya, tasviriy san’at, AKT
Vosita: 7- sinf Adabiyot darsligi, slaydlar, texnik jihozlar, Alisher Navoiyning “Xamsa” asari.
Nazorat: Bahs – munozara, o`z-o`zini kuzatish.
Baholash: 5 balli tizim asosida.
Kutiladigan natijalar
O`qituvchi: Mavzuni qisqa vaqt ichida texnik vositalar asosida barcha o`quvchilarning o`zlashtirishiga, ishtirokiga, faolligini oshirishga erishadi. O`quvchilarning mavzuga nisbatan qiziqishlarini orttiradi, shuningdek muammolarni bartaraf etish yo`llarini o`rgatadi.
O`quvchi: Yangi bilimlarni osonlik bilan o`zlashtiradi, texnik jihozlar, internet xabarlaridan maqsadli foydalanishni, o`zini o`zi nazorat qilishni o`rganadi, mumtoz asarlar bilan ishlash malakasi, xotira qobiliyati, og`zaki nutqi rivojlanadi.
Kelgusi rejalar
O`qituvchi: Ta’lim jarayoniga yangi metod va usullarni tatbiq etishni takomillashtiradi, mahoratini oshiradi.
O`quvchi: Qo`yilgan muammolarni mustaqil bartaraf etishni, mavzuga oid qo`shimcha ma’lumotlar topishni va ular bilan ishlashni o`rganadi, mustaqil fikrlash malakasi shakllanadi.
Dars shiori: Ishq ila shohliq muvofiq emas ,
Ishq lofida shoh sodiq emas. Alisher Navoiy
Darsning borishi:
I.Tashkiliy qism:
Salomlashish,o`quvchilar ruhiyatini darsga tayyorlash.
II. “Ma’naviy daqiqalar ” rukni: “Bizkim mulki Turon, amiri Turkistonmiz,bizkim millatlarning eng ulug`i Turkning bosh bo`g`inimiz” (Amir Temur) - o`zbek xalqining buyuk siymolari , allomalari haqida munozara ,o`quvchilarni guruhlarga bo`lish
III. O`tilgan mavzuni so`rash:
Alisher Navoiy hayoti va ijodi yuzasidan “Aqliy hujum” metodi orqali tezkor savollar
“Navoiy”guruhiga:
1.Alisher Navoiyning bolaligi.
2.Alisher Navoiyning lirik merosi .
3.Alisher Navoiyning adabiyotshunoslikka doir asarlari .
“Mehr” guruhiga:
1.Alisher Navoiyning Husayn Bayqaro bilan munosabati.
2.Alisher Navoiyning nasriy asarlari .
3.Alisher Navoiyning tarixga oid asarlari.
“Suhayl” guruhiga :
1.Alisher Navoiy – davlat arbobi.
2.Alisher Navoiyning “Xamsa” asari .
3.Navoiy “zullisonayn” shoir.
Har bir guruh a’zolarining fikrini tinglab umumlashtiraman .O`quvchilarning o`tilgan mavzu bo`yicha topib kelgan yangi ma’lumotlari asosida mavzuni mustahkamlayman:
“Navoiy” guruhi:
Alisher Navoiyning bobosi Isomiddinning O`sh viloyati Aravon tumani Marg`ilon ko`chasida yashaganligi, Umarshayx Mirzo zamonida ko`kaldoshlik unvoni Navoiyning bobosiga berilganligi haqida manbalar bor .Alisher Navoiy akasi Bahlulbekning nevarasi Ibrohimni o`ziga tutingan o`g`il qilib oladi .
Lekin Ibrohim ichkilikka berilib, havolanib ketgani uchun Navoiy undan voz kechadi.Shuningdek “Farzand” radifli g`azalida tutingan farzand hech qachon o`z farzandidek bo`la olmasligi haqida kuyinib bayon etadi .
Shu o`rinda O`zbekiston Xalq artisti Afzal Rafiqov tomonidan o`qilgan Alisher Navoiyning “Farzand”radifli g`azalini o`quvchilarga telefon orqali eshittiraman.
“Mehr” guruhi :
Alisher Navoiy uch yuzdan ortiq qurilish ishlarini amalga oshirgan .Uch marta haj safariga otlanadi ,biroq niyatiga yeta olmaydi .Birida mamlakat notinchligi , birida Husayn Boyqaro bilan farzandlari o`rtasidagi nizoni bartaraf etish, yana birida esa bo`shab qolgan xazinani to`ldirish maqsadida Hirot ahliga solingan besh yuz ming tilla soliq uchun to`plagan pulini berib yuboradi .
“Suhayl” guruhi :
Men internet orqali tarixchi Abdumo`minxonning “Tarixlar qaymog`i” asarida Navoiyning so`nggi g`azali haqida ma’lumot berganini o`qidim .Alisher Navoiy bobomiz umri so`nggida “Aylamak” radifli g`azal yozgan ekanlar. Abdumo`minxonning fikricha, bu g`azal Navoiyning vidolashuv g`azali bo`lib,
Uning uch bayti saqlanib qolgan ekan.Ya’ni:
Ne ko`z yoray , ul orazni manzur aylamak ,
Ne tilim haddi oning otini mazkur aylamak .
Ya’ni ul ko`nglimda bal (balki ) jonimda dard o`ti erur
Ko`z bila tilni aning ishida ma’zur aylamak.
Ey Navoiy, qil fido jonongakim jon lof erur,
Oshiq o`zni ishq da’vosida mashhur aylamak.
O`quvchilar rag`batlantiriladi.
IV.Yangi mavzu bayoni:
O`quvchilarga slayd orqali “Sab’ai sayyor” dostoni haqida ma’lumot beraman.
1-slayd “Sab’ai sayyor” “Xamsa”ning to`rtinchi dostoni bo`lib, 1484-yilda yozilgan. 38 bob, 5002 baytdan iborat.
2-slayd Asarning bosh qahramoni shoh Bahrom tarixiy shaxs sifatida Eronning sosoniy hukmdori Varaxran V (420-438-yillarda podshohlik qilgan ) bilan bog`liq .
3-slayd Shoh Bahrom Chinning tengi yo`q go`zali Diloromga oshiq bo`lib, Chin mamlakatining bir yillik xirojini to`lab qizni saroyga keltiradi, lekin mastlik va g`azab ustida Diloromni o`z sochlariga bog`lab biyobonga tashlab kelishni buyuradi.
4-slayd Bahrom hushiga kelgach, Diloromni izlatadi, lekin topa olmay g`am chekadi. Saroy ahli ikki yil davomida to`rt yuz hakim bilan shohni davolashadi .Rassom Moniy uning dardiga davo topish uchun haftaning 7 kuniga moslab 7 rangli qasr qurdiradi .Bahrom 7 kun 7 qasrda 7 iqlimdan kelgan musofirlardan hikoyatlar tinglaydi.
5 -slayd Shanba kuni kun homiysi Zuhal (Saturn) sayyorasi rangiga mos qora qasrda birinchi iqlimdan kelgan hindistonlik musofirdan Farrux va Axiy haqida hikoyat tinglaydi.
6-slayd Yakshanba kunj Quyosh sayyorasiga mos sariq qasrda ikkinchi iqlimdan kelgan rumlik sayyohdan Zayd Zahhob haqida hikoyat tinglaydi.
7 -slayd Dushanba kuni Oy sayyorasi rangiga mos yashil qasrda uchinchi iqlimdan kelgan misrlik musofirdan Sa’d haqida hikoyat tinglaydi.
8 -slayd Seshanba kuni Mirrix (Mars ) sayyorasi rangiga mos qizil qasrda to`rtinchi iqlimdan kelgan musofirdan shoh Juna va uning do`sti Ma`sud haqida hikoyat tinglaydi.
9 -slayd Chorshanba kuni Utorud (Merkuriy ) rangiga mos moviy qasrda beshinchi iqlimdan kelgan musofirdan Mehr va Suhayl haqida hikoyat tinglaydi.
10-slayd Payshanba kuni Mushtariy (Yupiter) rangiga mos sandal (jigarrang) qasrda oltinchi iqlim yo`lidan kelgan musofirdan Muqbil va Mudbir haqida hikoyat tinglaydi .
1 1-slayd Juma kuni Zuhra (Venera )sayyorasi rangiga mos oq qasrda yettinchi iqlim yo`lidan kelgan xorazmlik musofirdan Dilorom haqida hikoyat tinglaydi .
1 2-slayd Diloromni topgan shoh yana aysh –u ishratga berilib, ko`ngilxushlik maqsadida ovga chiqadi. Ovda minglab qushlar ,hayvonlarni o`ldiradi. Ularning oqqan qonidan Bahrom turgan qarorgoh ostidagi botqoqlikning ko`zi ochilib ketadi va Bahromni butun davlati bilan yer yutadi.
13-slayd Oshiqlik va shohlik bir-biriga mos emas, negaki shoh Bahrom ishqida sobit turolmadi, natijada Alloh husni tajallisi bo`lmish Tabiatning qahriga uchrab jazolanadi.
Hurmatli o`quvchilar ,endi darslikdagi Mehr va Suhayl haqida berilgan rivoyatni o`rgansak.Arabiston hududidagi Adan degan mamlakatda o`ziga qaroqchilikni hunar qilib olgan Jobir ismli zolim bo`lib,u ham quruqlikda , ham dengizda odamlarga jabr yetkazish – yo`lto`sarlik bilan umrini o`tkazar edi.Quruqlikda yo`ldan o`tgan karvonlarni talar, karvon xoh o`n, xoh yuz bo`lsin bir o`zi bas kela olardi. Dengizda ham bu uning odati bo`lib , bir necha yashirin kemalari har doim amriga shay turardi. Jobir tezyurar kemada o`zini yashirin tutar, diydaboni – kuzatuvchisi baland daraxt ustiga chiqib atrofni kuzatar, agar dengizda biror kema ko`rinsa, darhol Jobirni ogohlantirar edi . Jobir tezyurar kemasida bir zumda yetib , ko`ngli tilaganini qilar – boyliklarni talab ,odamlarni halok qilardi. Shuning uchun dasht-u daryoda “Jobir qaroqchi” nomi bilan mashhur edi.Uning bir jazirada yashirin joyi bo`lib, bu yer atrofdan qaraganda hech kimga ko`rinmas, ichida juda ko`p daraxtlar, maysalar o`rniga esa nilufarlar o`sgan, shirin buloq suvi bilan ko`kargan bog`i bor edi . Bog` ichida ajoyib imorat qurdirgan ,qisqasi, Jobir qaroqchi ana shunday harom yo`llar bilan rizq topardi. Bihishtsaro shahri podshosi
Navdarning Mehr ismli qizi bor edi. Mehr husnda tengi yo`q go`zal bo`lib , falak boshi uzra Quyoshdek aylanardi. U go`zal olamni yoritadigan mehr – quyoshdir, yo`q, quyosh emas, jahonni yondirguvchi shu’ladir.Bir kuni Mehr dengiz sayriga chiqadi. Kutilmaganda yel esib, necha kecha-kunduz kemalarni turli yoqqa surib ketdi. Shamol tingach,Mehrning suvda tentib yurgan kemasiga Jobir qo`ygan kuzatuvchining ko`zi tushadi va bu haqida xojasiga xabar qiladi. Jobir tezlik bilan yetib kelib kemadagilar bilan jang qiladi. Jobirning har otgan o`qidan odamlarning qoni dengizga oqdi. Tirik qolganlarni asir qilib, mollarni talab yurgan Jobirning ko`zi nogoh Mehrga tushdi. Oy yuzli go`zalni yonidagi bir-ikki qizlar bilan bog` ichidagi qasrga kiritib,boshqa asirlarning barchasiga omonlik berdi .Ularning yurtlariga yetib olishlari uchun kema ham tayin qildi. Kemadagilar vahima ichida yurtlariga ketdilar. Jobir esa saroyidagi Mehrning xayoli bilan xushhol yurar, Mehrning ko`ziga esa kunduzlar shomdek, ko`ngli quyosh kabi tongdan shomgacha o`rtanar edi.
O`quvchilar asarni o`qib tahlil qiladilar.Tahlil jarayonida lug`at orqali matn ustida ishlayman. Yozuv taxtasiga mumtoz asarlar lug`atidan olingan so`zlar yozilgan plakatni ilib qo`yaman.
Mehr - Quyosh, Jobir - Jabr qiluvchi,
Suhayl - Yulduz Diydabon – kuzatuvchi
Daler - botir Sab’ - yetti
Sayyor - sayr qiluvchi Shujo - qo`rqmas
Zavraq - qayiq Ko`lok - to`lqin
Jung - kema Parxosh - jang
Kamin - pistirma Sayd - ov, o`lja
Qayd - sirtmoq Maxlas - xalos , qutulish
Firuz -g`olib, baxtli Tashvir - falokat
V.Yangi mavzuni mustahkamlash jarayoni: Bu jarayonda o`quvchilar bilan muammoli uslub orqali munozara o`tkazaman. Unda quyidagi savollar ustida ishlayman:
“Navoiy” guruhiga:
1.“Sab’ai sayyor” so`zining ma’nosi.
2.Asar boshida Jobir qanday tasvirlanganini so`zlab bering. Uning aqli tadbirlorligi qaysi o`rinlarda namoyon bo`ladi?
3.Mehrning tutqinlikk tushib qolish sababini, tutqunlikdagi qiz kechinmalarini qanday ifodalagnini sharhlang.
“Mehr” guruhiga:
1.Dostondagi Jobir timsoliga tavsif bering?
2.Avval Mehr, keyinchalik shoh va Nu’monnning to’fon tufayli bandi bo’lib qolishiga kim aybdor ? Yoki bu taqdir hukumimi?
3.Nima deb oylaysiz, Jobir hammadan ko`proq kimga jabr qiladi?
“Suhayl” guruhiga:
1.Dostondagi ismlar ramziyligi.
2.Mehr va Suhayli qaysi jihatlariga ko`ra bir-birlariga mos va muvoiq deb oylaysiz ?
3.Tutqunlarning ozod bo`lishiga kimning xizmati ko`proq deb o`ylaysiz?
Mehrningmi yoki Suhaylnimi?
O`quvchilar fikrini umumlashtirib, g`olib guruhni aniqlayman, dars faollarini rag`batlantiraman hamda baholayman. Dars uchun qo`shimcha yangi ma’lumot sifatida quyidagi fikrlarni o`quvchilarning daftarlariga aytib yozdiraman: Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni asosida XVII asrda gruzin shoiri Nodar Sisiashvili “Baramguriani” asarini yozgan.
VI. O`quvchilarni baholash. Dars davomida faol qatnashgan o‘quvchilar baholanib, rag‘batlantiriladi. O`quvchilar har bir bajargan mashqlari va bergan javoblariga ko`ra
“Rag`bat”, “Yaxshi”, “O`rta”
rag`batlantiruvchi kartochkalar bilan taqdirlanadilar.
“Rag`bat” kartochka ko`p to`plagan o`quvchilarga “EXELLANT” (ofarin), “Yaxshi” kartochkasini ko`p to`plagan o`quvchilarga “GOOD” (barakalla), “O`RTA” kartochkasini ko`p to`plagan o`quvchilarga “VERY BAD ” (harakat qiling) iboralari aytilib rag`batlantiriladi. Bu bilan o`quvchialrni o`z-o`zlarini rag`batlantirishga o`rgatiladi.
VI. Uyga vazifa:
1. Darslikda berilgan savol va topshiriqlar ustida ishlash, berilgan parchani o`qib tahlil qilish.
2. Navoiyning “Xamsa” asari haqida yangi ma’lumotlar tayyorlash.
3. Suhaylning asr tushishi tasvirida yigitning jasorati, mardligi hamda qaroqchining
hiylakorligi ifodalanganini tsvirlang.
4. Asardan qirq misra yod oling.
5.’’Suhayl va Jobir ’’ mavzusida adabiy insho yozing.
Do'stlaringiz bilan baham: |