Maydalagichlarning turlari
Maydalash-yanchish mashinalari va qurilmalarining tasniflanishi uchun asos qilib, ularning harakat tamoyili, ya`ni, mahsulotni maydalashda rudani parchalash usulini aniqlab beruvchi bevosita ishlatiladigan energiyaning turiga qarab olinadi.
Ishlash tamoyiliga ko`ra maydalagichlar quyidagi turlarga bo`linadi:
1. Statik harakatlanuvchi maydalagichlar:
jag’li - jag’lari oddiy harakatlanadigan va murakkab harakatlanadigan;
konusli – osilgan valli (KKD, KRD), konsolli valli (KSD, KMD);
juvali - ikki juvali silliq va tishli ikki yoki to`rt juvali va bir juvali ariqchasimon tishli yoki tishli.
2. Dinamik harakatlanuvchi maydalagichlar:
zarbali - bolg’ali, rotorli va sterjenli;
zarbasiz rotorli - bitta diskli markazdan qochma va ko`p diskli markazdan qochma.
Katta unumdorlikka ega bo`lgan boyitish fabrikalarida rudalarni yirik, o`rta va mayin maydalash uchun eng keng qo`llaniladigan maydalagichlar konusli maydalagichlar bo`lib, ular yuqori ish unumdorligiga egaligi bilan ajralib turadi va asosan bosim ostida, qisman ishqalanish prinsipiga asoslangan holda maydalaydi. O`rtacha unumdorlikka ega bo`lgan boyitish fabrikalarida konusli maydalagichlar o`rniga nisbatan pastroq unumdorlikka ega bo`lgan jag’li maydalagichlar ishlatiladi. Yuqori unumdorlikka ega bo`lmagan boyitish fabrikalarida katta maydalanish darajasi talab etilganda silliq valli juvali maydalagichlar qo`llaniladi. Yumshoq rudalarni maydalash uchun iloji boricha kam mayin mahsulot olish talab etilganda tishli juvali maydalagichlar ishlatiladi. Hozirgi kunda har xil mustahkamlikdagi foydali qazilmalarni maydalashda ancha yuqori maydalanish darajasini ta`minlovchi zarba ta`siri orqali maydalaydigan maydalagichlar keng tarqala boshladi.
Maydalagichlarni tanlashda dastlabki mahsulotning yirikligi, maydalangan mahsulotning talab qilingan qumoqlilik tarkibi va zarur bo`lgan unumdorlik hisobga olinadi.
Jag’li maydalagichlarning ishlatilishi
Jag’li maydalagichlarni tuzilishining soddaligi, ishlatish va ta`mirlashning osonligi ularni boyitish fabrikalarida keng qo`llanilishiga olib keladi. Biroq, bu maydalagichlar sezilarli kamchiliklarga ega: ular ishlayotgan paytda kuchli tebranadi (maydalagichni o`ta mustahkam poydevorga o`rnatish talab etiladi va faqat binoning quyi qavatlariga), mahsulot bir tekis yuklanmaganda ruda tiqilib qoladi, yirikligi bo`yicha bir tekis bo`lmagan mahsulot olinadi.
Boyitish fabrikalarida jag’li maydalagichlar birinchi bosqich maydalash jarayonida qo`llaniladi. Bu maydalagichlar tiqilib qolish (zaval) ostida ishlamaydi, shuning uchun fabrikaga keladigan ruda maydalagichga to`g’ridan to`g’ri tushmasdan, kichikroq oraliq bunker yoki qabul qiluvchi varonkaga tushadi (27-rasm). Ruda qabul qiluvchi qurilmalardan maydalagichga plastinkali ta`minlagich yordamida bir tekis maromda beriladi. Ko`pincha maydalagichdan avval panjarali g’alvir o`rnatiladi. Plastinkali ta`minlagich rudani panjarali g’alvirga yuboradi va maydalagichga faqat panjara usti mahsuloti tushadi. Maydalangan mahsulot odatda tasmali konveyerga to`kiladi va navbatdagi bosqichda maydalashga jo`natiladi.
Jag’li maydalagich poydevorda o`rnatilib, bu poydevor binoning poydevoriga bog’liq bo`lmasligi zarur (titrash natijasida binoga zarar etmasligi uchun).
Do'stlaringiz bilan baham: |