Maktabgacha yoshdagi bolalarning tasviriy faoliyati. Bolalarning psixik jihatdan rivojlanishda tasvirlash faoliyatlarining roli kattadir. Bog‘cha yoshidagi bolalar rasm chizish, loydan yoki plastilindan turli narsalarni yasash, kubiklardan imoratlar, ko‘priklar qurishni juda yoqtiradilar.
Bolalar o‘zlarining tasvirlash faoliyatlarida qandaydir g‘ayritabiiy, xayoliy narsalarni emas, balki tashqi muhitni, undagi narsalarni, jonivorlarni aks ettirishga intiladilar. Bolalarning bunday faoliyatlarida ijodkorlik, yaratuvchanlik elementlari bo‘ladi.
Bolalar o‘zlaridagi istak, xohish, intilishlarni ana shunday tasvirlash, rasm chizish, loy yoki plastilindan biron narsa yasash, applikatsiya ishlari orqali ifodalashga intiladilar. Bolalarning tasvirlash faoliyatlari juda sodda bo‘lsada, ular o‘zlarining bunday faoliyatlarida atroflaridagi narsa va hodisalarni shunchaki passiv tasvirlash bilan cheklanib qolmay, o‘zlaridan nimalarnidir qo‘shib, yangilik yaratishga harakat qiladilar. Ana shuning uchun bolalardagi ayrim qobiliyatlar ularning tasvirlash faoliyatlarida juda erta namoyon bo‘la boshlaydi.
Ma’lumki, odam tug‘ilishi bilan rassom, haykaltarosh, naqqosh bo‘lib tug‘ilmaydi. Odamdagi bunday qobiliyatlar uning yoshligidan tasvirlash faoliyati bilan shug‘ullanishi jarayonida yuzaga kelib, takomillashib boradi.
Masalan, biz chaqaloq bolalarda hech qanday tasvirlash faoliyatini ko‘rmaymiz. Bunday faoliyat bolaning taxminan ikki-ikki yarim yoshidan boshlab yuzaga keladi. Chunonchi, ikki yoshli bola qalam bilan (to‘g‘ri kelganicha ushlab olib) nimalarnidir chizib tashlaydi va o‘zining egri-bugri chiziqlarini «bu daraxt», «bu odam», «bu uy», «bu mushuk» deb tushuntiradi. Bu yoshdagi bolalar rasm chizayotganlarida biron narsani tasvirlashni maqsad qilib olmaydilar. Keyinchalik chizgan chiziqlariga qarab, miyalariga kelgan birinchi nom bilan ataydilar.
Bolalarning tasvirlash faoliyatlaridagi bu davr tayyorgarlik davri deb ataladi. Bolalarning tasvirlash faoliyatlari asosan o‘rta va katta guruhdan boshlanadi. Lekin bu davrdagi tasvirlash faoliyatlari ham ko‘p jihatdan sxematik xarakterga ega bo‘ladi.
Masalan, bolalar odamning rasmini chizganlarida bitta kichik va bitta kattaroq doira chizib, shundan qo‘l va oyoqlarni chiqaraveradilar. Ular rasm chizganlarida yoki biron narsaning haykalini yasaganlarida hajm, perspektiva masalalariga mutlaqo rioya qilmaydilar. Ana shuning uchun ularning chizgan rasmlari hajm (o‘lchov) jihatidan juda katta yoki juda ham kichkina bo‘lishi mumkin. Buning sababi nimada?
Birinchidan, bog‘cha yoshidagi bolalarda katta odamlardagidek kuzatuvchanlik qobiliyati yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi va ular chizayotgan rasmlaridagi obyektlarni real voqelikdagi haqiqiy narsalar bilan solishtirmaydilar. Bolalarning tasvirlash faoliyatlari asosan tasavvurlariga asoslanadi. Masalan, 4–5 yoshli bog‘cha bolasiga onasining rasmini chizish taklif qilinganda, u biron marta ham onasiga qaramay, rasm chiza boshlagan. Undan nega onangga qaramading, deb so‘raganlarida, u o‘zim juda yaxshi bilaman, deb javob bergan.
Tasvirlash faoliyati orqaliqilgan ishlarini, chizgan rasmlarini ko‘zga ko‘rinadigan joyga namoyish qilish uchun qo‘yadilar. Maktabgacha yoshdagi bolalarning qurish-yasashmashg‘ulotlari ularning kuzatuvchanligi va tafakkurining rivojlanishida alohida ahamiyatga egadir. Qurish-yasash o‘yinlari hamisha ma’lum maqsadga qaratilgan o‘yinlar bo‘lib, bolalardan murakkab o‘quv, malaka va bilimlarni talab qiladi. Qurish-yasash o‘yinlarida bolalar turli narsalarning detallari (ya’ni ayrim qismlari) faqat tashqi tomondangina emas, balki ichki tomondan ham o‘zaro uzviy bog‘liqligini bilib oladilar.
Odatda biron narsani qurish-yasashga kirishishdan, ya’ni Konstruksiyalashdan oldin uni sinchiklab qarab chiqiladi va diqqat bilan idrok qilinadi. Undan so‘ng kerakli qismlarni to‘plab ishga kirishadilar.
Qurish-yasash o‘yini rasm chizish yoki applikatsiyaga nisbatan bolalardan butunlay boshqa malaka va o‘quvlarni talab qiladi. Shuning uchun qurish-yasash ishlari bilan bolalar juda qiziqsalar ham ilk yoshdagi bolalar bu ishning uddasidan chiqa olmaydilar. Ularga ayrim malakalar, epchillik, tajriba yetishmaydi.
Bu yoshdagi bolalar yog‘och va taxtachalarni ustma-ust qo‘yib, ko‘prikka o‘xshagan narsalar yasashdan nariga o‘ta olmaydilar. Kattaroq yoshdagi bolalar esa rasmga (andazaga) qarab turli narsalar yasashni uddasidan chiqa oladilar.
Odatda qurish-yasash faoliyatining quyidagi turlari farqlanadi: Qurish-yasash ishlari.
a) andazaga qarab qurish-yasash;
b) ma’lum shartlar yoki ko‘rsatmalar asosida qurish-yasash;
d) tasavvurlar asosida qurish-yasash. Qurish-yasash ishlari bilan bolalar yolg‘iz o‘zlari va jamoa bo‘lib shug‘ullanishlari mumkin. Har ikki holda ham qurishyasash faoliyati bolalarning idrokini, diqqati, kuzatuvchanligini, xotirasini hamda tafakkur qilish jarayonlarini rivojlantirishga yordam beradi.
Bolalarning mehnat mashg‘ulotlari asosan bog‘cha yoshidagidavrdan boshlanadi. Bu yoshda bolalarning mehnatlarijuda sodda va elementar bo‘lsa ham ularning psixik taraqqiyotlaridajuda katta ahamiyatga egadir.Maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyachining o‘tkazgansuhbatlari orqali mehnatning inson hayotidagi ahamiyati,kattalar mehnati haqida tushunchalarni egallaydilar.
Bolalartarbiyachiningsavollari bilan o‘z ota-onalarining qayerda, kim bo‘lib ishlayotganliklarini, qanday mahsulot ishlab chiqarishdaishtirok etayotganliklarini bilib oladilar. Ana shunday suhbatlar natijasida bolalarda mehnatga nisbatanijobiy munosabat, mehnat qilish ishtiyoqi tug‘iladi.
Kattalarning mehnat faoliyatlariga taqlid qilish dastavval bolalarning o‘yinlarida namoyon bo‘ladi. Bolalar kattalarning mehnat faoliyatlarini o‘zlarining o‘yinlarida taqlidan takrorlash bilan cheklanib qolmay, balki kattalar mehnatida bevosita qatnashish uchun harakat qila boshlaydilar.
Masalan, qiz bolalar onalarikir yuvayotganda suv tashish, ayrim kichikroq narsalarni(dastro‘molchalarni) chayishda qatnashadilar, uy va hovlilarni yig‘ishtirib, supurishga, o‘g‘il bolalar esa otasi bajarayotganishda qatnashishga intila boshlaydilar.
Bu yoshdagi bolalar mehnatining natijasiga emas, balki mehnat jarayonining o‘ziga qiziqishi psixologik jihatdan xarakterligidir O‘rta va katta guruh yoshidagi bolalarga oilada kuchlari yetadigan mehnat topshiriqlarini berish kerak.
Bu ularda mehnat malakalari hosil bo‘lishi uchun imkoniyat yaratadi. Ijtimoiy foydali mehnatda ishtirok etmagan bolani keyinchalik mehnatga jalb qilish juda qiyin bo‘ladi. Bog‘chada bolalar jalb qilinadigan mehnat faoliyatining turi juda xilma-xildir.
Masalan, tabiat burchagidagi jonivor yoki o‘simliklarni parvarish qilish, bog‘cha uchastkasida ishlash, oshxonada va guruhda navbatchilik qilish, kichkintoylarni kiyintirishga yordam berish va boshqalar.
O‘rta va katta guruh bolalari mehnat faoliyatini o‘yindan batamom farqlab, unga nisbatan jiddiy munosabatda bo‘la boshlaydilar. Ular mehnatdan kelib chiqadigan natijani, ya’ni mehnatning ijtimoiy mohiyatini, kim uchun, nima uchun mehnat qilish lozimligini tushunadi.
Ular kattalarning oiladagi uy-ro‘zg‘or ishlariga zo‘r ishtiyoq bilan yordamlashadilar, kichkintoylar uchun qog‘ozdan, kartondan, faner va plastilindan turli o‘yinchoqlar yasaydilar.
Pedagogik jihatdan to‘g‘ri tashkil qilingan mehnat faoliyati bolalarning har tomonlama jismoniy, psixik, estetik,axloqiy tomondan rivojlanishiga juda katta ta’sir qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |