Mavzu; Lokomotivlar. Ularning konstruktiv tuzilishi va asosiy
ko’rsatgichlari.
Reja
1. Tortuvchi harakat tarkibi turlari, ularning qiyosiy sifatlari va tavsifi
2. Elektrli harakat tarkibi
3. Elektrovozning mexanik qismlari
Temir yo’llarda poezdlar harakati tortuvchi harakat tarkibi yordamida amalga oshiriladi. Ular lokomotivlar va motorvagonli harakat tarkibidan iborat bo’lib, keyingisi motorli va tirkama vagonlardan tuziladi. Lokomotiv va motorli vagonlarda birlamchi manbadan olingan elektr energiyasi poezdni harakatlantiruvchi mexanik energiyaga (tortuvchi kuchga) aylantiriladi.
Dastlab, lokomotivlarda yoqilg’i yonishida hosil bo’ladigan issiqlik energiyasi mexanik tortuvchi energiyaga bug’ qozoni va bug’ mashinasi yordamida aylantirilar edi. Bunday lokomotivlarni parovoz deb atadilar. Parovozlar temir yo’l tarixida uzoq yillar (100 yildan ortiq) asosiy tortuvchi kuch sifatida xizmat qildi.
Keyinchalik bug’ mashinalari o’rniga takomillashgan issiqlik dvigatellari - dizellar va gaz turbinalari kirib keldi. Porshenli ichki yonar dvigatellari bilan jihozlangan lokomotivlar teplovoz, gaz turbinali mashina bilan jihozlangan lokomoltivlar gazoturbovoz deb ataladi.
Parovozlar, teplovozlar va gazoturbovozlar avtonom lokomotivlar bo’lib, ularning harakati uchun mexanik energiya manbai lokomotivning o’zida joylashadi va bunday lokomotivlarning har biri mustaqil harakatlana oladi.
Tortuvchi harakat tarkiblarining tasniflanishi. Bajaradigan ishiga qarab yuk, yo’lovchi va manyovr lokomotivlari farqlanadi. Yuk lokomotivlari katta massali poezdlarni yurgazaoladigan tortish kuchini bersa, yo’lovchi lokomotivlari yengil massali poezdlarni katta tezliklarda tortish uchun mo’ljallangan.
Agar g’ildirak juftlarining soni oltitadan oshmasa, bunday lokomotivlar bir kuzovli qilib ishlanadi va ularni bir sektsiyali lokomotiv deb ataladi. G’ildirak juftlari ko’p bo’lganda, lokomotiv kuzovi juda uzayib og’irlashib ketadi, uning konstruktsiyaviy tuzilishi murakkablashib burilish joylaridan o’tishi qiyinlashadi. SHuning uchun bunday lokomotivlarni ikki, ayrimlarini alohida uch kuzovli qilib o’zaro avtoulagich (avtostsep) yoki maxsus sharnirli biriktirgichlar yordamida ulaydilar. Bunday lokomotivlarni 2 yoki 3 sektsiyali lokomotivlar deb ataydilar. Hozirda 4 sektsiyali lokomotivlar ham ishlab chiqilgan. Sektsiyali lokomotivlarning ayrimlari poezdni alohida sektsiya bilan mustaqil tortish qobiliyatiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |