4 – LABORATORIYA ISHI
Avtosamosvallar mexanik o‘ismlarini o‘rganish
1. Ishning maqsadi
Ishdan maqsad. Karyer avtosamosvallarining asosiy mexanik qismlari, ularning tuzilishi, hamda gidromexanik va elektromexanik uzatmalari va rul boshqaruvini o‘rganish.
2. Qisqacha nazariy ma’lumot
Yuk ko‘tarish qobiliyati va avtosamosvallar quvvati oshishi bilan gazturbinali dvigatellarga o‘tish g‘oyasi o’rinlidir. Gazturbinali dvigatellarning asosiy afzalliklari: konstruksiyasi sodda, massa va o‘lchamlari kichik, past haroratlarda ham ishga tushirish oson, zararli gazlarning kamligi. Kamchiliklari: yoqilg‘i sarfining keskin oshishi (2-2,5 marotaba), narxi qimmat va changlangan havoga juda sezgir.
Hozirgi kunda vatanimiz va xorijiy mamlakatlarda yuk avtosamosvallarining birdan-bir kuch manbasi sifatida ichki yonuv dvigatellari ishlatilib kelmoqda.
Shassi – bu dvigateldan etaklovchi g‘ildiraklarga aylanish momentini uzatishga xizmat qiladigan, barcha qism va mexanizmlar (transmissiya), yuruvchi qismlar va boshqarish mexanizmlaridir.
Transmissiya – bu kuch uzatuvchi qismlar. Avtomobil harakatlanganda unga ta’sir etuvchi kuchlar har bir daqiqada uzluksiz va ixtiyoriy ravishda o‘zgarib turadi. Avvalambor, avtomobilga ta’sir etayotgan kuchlarning o‘zgarishi yo‘l sharoitiga, uning tezligi va tezlanishiga bevosita bog‘liq bo‘lib, bularning vaziyatiga qarab avtomobilning etaklovchi g‘ildiraklariga dvigateldan kelayotgan burovchi momentni o‘zgartirib turish lozim bo‘ladi. Bu vazifalarni bajarish uchun avtomobilda kuch uzatmasi (transmissiya) qo‘llaniladi.
Transmissiya bir-biri bilan uzviy bog‘langan mexanizm va agregatlardan tashkil topib (ilashish muftasi, uzatish qutisi, kardanli uzatma, asosiy uzatma va yarim o‘qlar), burovchi momentni dvigateldan avtomobilning etaklovchi g‘ildiraklariga uzatib beradi. Shu bilan birga transmissiya orqali burovchi momentni o‘zgartirish mobaynida u o‘zgaradi va etaklovchi g‘ildiraklarga bo‘lib tarqaladi.
Karyer avtotransporti ish rejimi dvigatel yuklanishining keskin o‘zgarishi bilan tavsiflanadi. Harakat uzatishni moslashtirishning keng diapazonini ta’minlovchi transmissiya qo‘llanilganda dvigatel quvvatidan maksimal foydalanishga erishiladi.
Karyer avtosamosvallari transmissiyasi quyidagi talablarga javob berish kerak: yuklangan mashinaning uzoq davom etuvchi nishabliklarda yuqori tezlikda harakati, hamda joyidan ravon qo‘zg‘alishini ta’minlash; zarb va tebranishlarni yumshatish tufayli dvigatel va kuch beruvchi qismlarning ishlash muddatini oshirish qobiliyatiga ega bo‘lishi; avtomobil boshqarishni engillashtirish.
Karyer yuk avtosamosvallarida ikki xil transmissiya qo‘llaniladi: gidromexanik (13-rasm, a) va elektromexanik (13-rasm, b).
|
13-rasm. Karyer avtomobillari transmissiyalari: GT-gidrotransformator; KP-korobka paeradach; ZM-zadniy most; D-pervichniy dvigatel; KOM-korobka otbora moshnosti; TD-tortish dvigatellari;
|
Gidromexanik transmissiya dvigatel (D) bilan birlashgan muvofiqlashtiruvchi reduktor, gidrotransformator (GT), uzatish qutisi (KP) va aylanma harakatni orqa ko‘prik (ZM - zadniy most) orqali g‘ildiraklarga uzatuvchi kardan vali (KV) dan tashkil topgan.
Transmissiyaning asosiy uzeli gidrotransformator hisoblanib, uning yordamida suyuqlik bosimi avtomatik tarzda (aylanish momentini pog‘onasiz o‘zgartirish hisobiga) burovchi momentga o‘zgartirilib avtomobil g‘ildiraklariga uzatiladi.
Elektromexanik transmissiya dvigatel (D), generator (G), g‘ildiraklarni reduktor (R) orqali harakatga keltiruvchi parallel yoki ketma-ket ulangan tortish dvigatellari (TD), moslashtirish va boshqaruv apparatlari (AU)dan tashkil topgan.
Elektromexanik transmissiyada o‘zgarmas va o‘zgarmas-o‘zgaruvchan tok sistemalari qo‘llaniladi. Birinchi holatda mustaqil qo‘zg‘atishli o‘zgarmas tok generatori va o‘zgarmas tokda ishlovchi tortish dvigateli qo‘llaniladi. Bu sistema (BelAZ - 549 va BelAZ - 7519 samosvallarida qo‘llaniladi) soddaligi bilan ajralib turadi, lekin elektr uskunalarining nisbatan og‘irligi bilan xarakterlidir. Ikkinchi holda o‘zgaruvchan tok generatori, kremniyli to‘g‘rilagich bloki va o‘zgarmas tokda ishlovchi tortish elektrodvigatellari qo‘llaniladi.
Avtomobil elektr yuritmasi ikki xil: tortish va elektrodinamik tormozlash rejimida ishlaydi.
Tortish rejimida dvigatelning mexanik energiyasi generator yordamida elektr energiyaga aylantiriladi va tortish elektr dvigatelini ishga tushiradi.
Elektrodinamik tormozlash rejimida avtomobil nishablikda yoki inertsiya bilan harakatlanayotganda g‘ildiraklardan hosil bo‘layotgan mexanik energiya tortish elektr dvigateliga (bu holatda generator rejimida ishlaydi) uzatiladi. Tok zanjiriga rezistorni ulash bilan tortish elektr dvigatellarida (generatorlarda) tormozlash momenti hosil bo‘ladi. Valdagi bu tormozlash momenti avtomobil harakat tezligini kamaytirishga yoki bir xilda saqlab turishga xizmat qiladi.
Rama ko‘ndalang balkalar tutashgan ikkita bo‘ylama balka (lonjeron)dan iborat. 14-rasmdan ko‘rinib turibdiki, ramaning asosi ikkita bo‘ylama balkadan tarkib topgan bo‘lib, ular lonjeron deb yuritiladi.
|
14-rasm. Yuk avtosamosvali ramasi
|
Lonjeronlar asosan shvellersimon shaklga ega bo‘lib, yuklanish ko‘proq tushadigan joyi kengroq qilib ishlangan. Ular ko‘ndalang balkalar yordamida har joydan ketma-ket birlashtirilib, bikr to‘rtburchak shaklni tashkil qiladi. Ko‘ndalang balkalarning kesimi shveller (П-simon) va qo‘shtavr shaklida bo‘lishi mumkin. Lonjeron va ko‘ndalang balkalar asosan po‘latdan qizdirib turib bosim bilan ishlash yo‘li bilan, ya’ni shtamplash usuli bilan tayyorlanadi.
Yuk avtomobillarining yuk ko‘tarish qobiliyati va dvigatellarning joylashuv tartibiga qarab ramaning tuzilishi turlicha bo‘lishi mumkin. Undan tashqari, avtomobilning turiga qarab (engil, yuk avtomobillari, avtobuslar) ramaga bo‘lgan talab tubdan o‘zgaradi.
|
15-rasm. Yuk avtosamosvali ( BelAZ-540) ramasining orqa osmasi
| Osmalar (15-rasm) avtomobilning ko‘tarib yuruvchi qismi va ko‘priklar o‘rtasida elastik aloqani uzviy ravishda ta’minlab, g‘ildiraklar va u bilan bog‘langan uzelqa tushadigan o‘zgaruvchan yuklanishlarni kamaytiradi, avtomobilning tebranishini so‘ndiradi, shuningdek, harakat davomida avtomobil kuzovining holatini ravonlashtirib turadi. Ma’lumki, ochiq konlarda, ayniqsa, zaboy va ag‘darma yo‘llarining notekisligi avtosamosvallarning o‘zgaruvchan tezliklarda ba’zida siltanish bilan harakatlanishiga sabab bo‘ladi.
Bunday hollarda g‘ildirak orqali kuzovga turtki va siltov kuchlari uzatiladi. Bu salbiy kuchlarni yumshatish maqsadida osmaning shakli yoki hajmi o‘zgarishi, yoki o‘zgartirish mumkin bo‘lgan elastik deformatsiyalanuvchi qismlar (ressoralar, spiralsimon prujinalar, buralishga ishlovchi torsion o‘zaklar, amortizatorlar va boshqalar) dan foydalaniladi.
BelAZ 7549 va BelAZ 7519 avtosamosvallarining rul boshqaruvi gidravlik va mexanik uskunalardan tashkil topgan. Xafsizlikni oshirish maqsadida gidravlik uskunalari ikita mustaqil konturga bo‘lingan. Ularning biri ishdan chiqsa ikkinchisi ishga tushadi.
|
Rasm 16. BelAZ -7547, BelAZ-7555avtosamosvallari rul boshqaruvining kardanli uzatmasi. A1-gidravlik rul mexanizmi, Ц1, Ц2-burish gidritsilindlari, Ф1 va Ф2- filtrlar, A2-rostlash klapanlari, К3 va К4 – qayta ishga tushiruvchi klapanlar, H1 – shesternyali nasos, K1- muvofiqlashtiruvchi klapan, A3 – avariygali to’xtatishsh uzatmasi.
|
Avtosamosvalning gidroprivodli uzatmasi (rasm 16) gidravlik rul mexanizmi A1, ikkita burish gidritsilindlari Ц1 va Ц2, filtrlar Ф1 va Ф2, rostlash klapanlari A2, qayta ishga tushiruvchi klapanlar К3 va К4, shesternyali nasos H1, muvofiqlashtiruvchi klapan K1 lardan iborat. Ishlayotgan dvigatel va rul g’ildiragining neytral xolatida ishchi suyuqlik N1 nasosidan A1 rul mexanizmiga uzatiladi va, ichki kanallardan o’tib bakga quyiladi. Rul g’ildiragi burilganda mexanizm ishchi suyuqlikni Ц1 va Ц2 burish gidrotsilindriga me’yorlab uzatadi, bunda uzatish rul mexanizmi valining burish burchagiga to’g’ri proportsional.
Uzatilayotgan ishchi suyuqlik gidritsilindrning porsheni va shtoklarini siljitadi, shtoklar burish richaglarini buradi va richaglarga tutashgan boshqarilayotgan g’ildiraklarni buradi.
Bundan tashqari, rul boshqaruvi A3 avariyali uzatmani ishga tushiradi. Avariyali uzatma nasosi rul boshqaruvi gidri tizimiga ulangan va akkumulyator batareyalaridan tok bilan ta’minlanadigan o’zgarmas tok elektr dvigatelidan ishlaydi. Dvigatel avariya tufayli to’xtash mobaynida yoki asboblar panelidagi o’chirgich orqali elektr dvigatel avtomatik ishga tushadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |