Shartli o‘zgartirilmagan (ibtidoiy landshaftlar). Ular bevosita inson ta’siriga va xo‘jalikdagi faoliyatiga duchor bo‘lmagan landshaftlardir. Ularda inson faoliyatining kuchsiz va bilvosita ta’siri izlarinigina payqash mumkin, xolos. Masalan, baland tog‘lardagi qor-muzliklar va o‘rmonlar, qo‘riqxonalar, va h.k. Kuchsiz o‘zgartirilgan landshaftlar. Bular, asosan, inson faoliyatining ekstensiv (ovchilik, baliqchilik kabi) xili ta’siriga duchor bo‘lgan landshaftlar. Bunday landshaftlarda inson faoliyati ayrim komponentlargagina ta’sir etib, tabiiy aloqadorliklar hali buzilmagan va avvalgi o‘z holatini tiklab olishi mumkin; Kuchli o‘zgartirilgan (buzilgan) landshaftlar. Bu guruhdagi land- shaftlar, asosan, inson faoliyatining jadal ta’sirida o‘zgargan landshaftlardir. Ularning ko‘p komponentlari o‘zgarib, landshaftlar tuzilishining sezilarli darajada buzilishiga olib kelgan. Masalan, karyerlar, konchilik sanoati chiqindilari uyumlari va h.k. Landshaft qobig‘ini muhofazasi har-xil ko‘rinishda amalga oshirilishi mumkin. Ularning eng muhimlari quyidagilar: tabiatning tipik joylarini o‘z holicha saqlab qolish uchun qo‘riqxonalar, rezervatlar tashkil etish, ba’zi tabiiy ob’ektlarni, xalq parklarini buyurtmaxonalarga aylantirish, ajoyib tabiiy ob’ektlar: sharshara, g‘or, qoya, keksa daraxt, jilg‘a, buloqlarni hisobga olish, antropogen landshaftni rekultivatsiya qilish va boshqalar. Landshaft elementlari inson yashaydigan aniq muhit hisoblanib, uni har qanday ko‘ngilsiz va nooqilona o‘zgarishlar hamda ifloslanishlardan muhofaza qilish zarur. Landshaftlarni muhofaza qilish deganda biz uning unsurlarini iloji boricha toza saqlash, undagi muvozanatning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, tabiatning tipik va ajoyib hududlarini tabiiy holicha saqlab qolish kabilarni tushunamiz. Landshaft va uning unsurlarini turli shakllarda muhofaza qilish mumkin. Ularni umumlashtirib quyidagi uch guruhga ajratamiz: Landshaftning butun komponentlarini to‘la-to‘kis muhofaza qilish; Antropogen landshaftning vujudga kelishi va uni asl holatini saqlash; Landshaftning butun komponentlarini muhofaza qilishda qo‘riqxonalarning ahamiyati juda katta; Tabiat bilan jamiyat o‘rtasidagi munosobatlarning tobora keskinlashib borishi, antropogen ta’sirning kuchayishi ta’sirida tabiiy muhitda yuz berayotgan o‘zgarishlar tabiatni muhofaza qilishni ongli va rejali tashkil etishni taqozo etadi. Shu munosobat bilan alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar tizimini tashkil etish muhim amaliy ahamiyatga ega. Ular bir necha tiplarni o‘z ichiga oladi: qo‘riqxonalar, milliy bog’lar, tabiatdagi muzeylar, ta’qiqlangan va muhofaza zonalari, rekreatsiya hududlari. Ular u yoki boshqa darajadagi intensiv xo‘jalik faoliyatidan chiqarilgan hududlar bo‘lib, ular turli darajada tabiat muhofazasi bilan shug‘ullanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |