Toshkentdagi XIX asrning so‘nggi choragi – XX asr boshidagi qo‘lyozma va bosma kitoblar bozorining qay holda ekanligini N.Likoshinning “YArim umr Turkistonda” nomli asarida ham uchratish mumkin. Muallif bu haqda shunday ma’lumot beradi: “Toshkentning eski shahar qismidagi kitob savdosi keng miqyosda olib boriladi va asosan faqat kitob do‘konlaridan tashkil topgan sohib bozorda markazlashadi… O‘ttiz kitobfurush kitob tovari bilangina band bo‘lgan savdo qatorining ikki tarafidan joy olgan. Qolgan kitobfurushlar - ularning soni sakkiz kishidan iborat - ulgurji savdogarlardir. Ular karvonsaroylarda savdo qiladilar va boshqa tovarlar savdosi bilan bir qatorda sohib bozor do‘konlarini ham kitob bilan ta’minlaydilar”.