I.BOB Sariq-yashil suv o`tlar bo`limi
Bu bo`lim vakillari har xil sharoitda keng tarqalgan bo`lib chuchuk suv havzalarida ko`proq uchraydi. Ular yashil suvo`tlariga o`xshash. Shuning uchun ham ilgari bu bo`lim vakillari yashil suvo`tlariga qo`shib o`rganilgan. Hozir bir qancha muhim belgilarini hisobga olib, u mustaqil bo`lish sifatida ajratilgan. Eng muhim belgilari qatoriga quyidagilar kiradi: harakatchan vakillarida shakli va uzunligi har xil bo`lgan ikkita xivchin bo`lib, uzuni shoxlangan, qisqasi esa silliq bo`ladi. Tuban tuzilgan vakillarining hujayra po`sti periplastdan, ko`pchilik turlarida pektindan, ba`zi vakillarida esa sellulozadan tashkil topgan. Ba`zan ikki qatordan tashkil topgan hujayra po`sti qum tuproqli bo`ladi. Hujayraning yaltiroq sitoplazmasida bitta yoki ko`p sonli juda ham mayda yaltiroq disksimon, plastinkasimon, yulduzsimon yoki kosachasimon xromotofora bo`ladi. Xromotofora ko`pincha perinoidsiz, ayrim hollarda perinoid uchraydi. Xromotoforida xlorofill “a”, “c”, a va b –karotin hamda uch xil ksantofil: lutein, violaksantin va neoksantin pigmentlari uchraydi. Bu pigmentlarning turli nisbatda qo`shilishidan ularning rangi oqish sariqdan ko`kamtir sariq, ba`zilari yashil va hatto havoranglarda bo`lishi mumkin. Hujayrada kraxmal to`planmay, balki yog` tomchilari, ba`zan volyutin va xrizolaminarin to`planadi. Harakatchan vakillarida xromotoforning uch tomonida qizil ko`zcha joylashadi. Monad shakldagi vakillarining old qismida bitta yoki ikkita qisqaruvchan vakuolasi bo`ladi. Hujayrada mayda kristallchalar tarzidagi tanachalar bo`lib, ularning tabiatdagi va ahamiyati haligacha aniqlanmagan.1
Vegetativ ko`payishi hujayraning teng ikkita bo`linishi vositasida boradi. Jinssiz ko`payishi zoospore;ar yoki aplonosporalar hosil qilish yo`li sodir bo`ladi. Jinsiy ko`payishi ayon, ba`zi vakillarida izo- yoki oogamiya. Noqulay sharoitda sista hosil qiladi.
Har xil xivchinlilarni sistemaga solishda (sinf va tartiblarga ajratishda) ularning tarixiy taraqqiyot davrlari e`tiborga olinadi. Evolutsiya jarayonida ularda vegetative tana turlicha shakllangan (monad, amyoboid yoki rizopodial, palmelloid, kokkoid, ipsimon, plastinkasimon va sifonsimon).
Bu bo`lim quyidagi sinflarga bo`linadi: ksantomonadsimonlar (Xanthomonadophyceae), ksantopodsimonlar (Xanthopodophyceae), ksantokokksimonlar (Xanthococcophyceae), ksantotrixsimonlar (Xanthotrichopyceae) va ksantosifonsimonlar (Xanthosiphonophyceae).
Ksantomonadsimonlar sinfi-Xanthomonadophyceae
Bu sinf faqat bitta geteroxloridlilar tartibidan (Heterochloridales) iborat. Bu tartibning vakillari bir hujayrali bo`lib, sho`r va chuchuk suvlarda o`sadi. Hujayrasi dorzoventral ko`rinishda bo`lib, mustahkam periplast bilan qoplangan. Vegetativ tana bir-biriga teng bo`lmagan ikkita xivchinlar yordamida harakatlanadi. Ba`zan xivchinlarining bittasi reduksiyaga uchrashi mumkin.
Bu tartibning tipik vakiliga geteroxloris (Heterochloris) misol bo`lishi mumkin. U soxta oyoqlarini chiqarib shaklini ozgartirishi mumkin. Bu xususiat tartibning ko`pchilik vakillariga xos bo`lib, hayvonlarga o`xshab oziqlanadi. Geteroxloris huayrasida bir necha xromotofora, qisqaruvchi vakuola, bitta yadro, yog` tomchilari amda fotosintez mahsuloti xrizolaminarin bo`ladi. Vegetativ ko`payishi hujayraning teng ikkiga bo`linishi vositasida sodir bo`ladi.
Ksantopodsimolar sinfi-Xanthopodophyceae
Bu sinf bitta rizoxloridlar- Rhizochloridales tartibidan iborat. Bu tartibning vakillari bir hujayrali va colonial organizmlar bo`lib, erkin va ipsimon suvo`tlar tallomiga yopishib o`sadi. Asosan, chuchuk suvlarda tarqalgan. Ularning eng harakterli belgilari soxta oyoqlar chiqarib, qattiq jismlarni ushlab oziqlanishidir. Ba`zi turlarida bir necha hujayralar bir-biri bilan sitoplazmatik tortmalar yordamida birikib, murakkab tuzilishga ega bo`lgan to`r hosil qiladi. Boshqa turlari mayda amyobasimon tanachalarni qo`shib , shilimshiqlilarga o`xshab pazmodiy hosil qiladi.2
Toza suv havzalarida rizoxloris (Rhizocloris) turkumivakllari uchraydi. Ular ipsimon soxta oyoqlar chiarib harakat qiladi. Ko`payish vaqtida hujayra uzunasiga teng ikkiga bo`linadi, bo`lingan qiz hujayralar ajralmasdan, soxta oyoqlar vositadida birikib, soxta oyoqlilar guruhini hosil qiladi. Torf hosil qiluvchi yo`sinlarni barg hujayralari orasida mikroxloris (Myxochloris) yashab ko`p yadroli plazmodiy hosil qiladi. Sista kuz faslida vujudga kelib, bahorda taraqqiy etadi va yo`sin bargining hujayra oralig`ida o`rnashib plazmodiyga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |