Mavzu-1. Kirish. Tarixshunoslik fani va uning vazifasi.
Reja:
1.
Tarixshunoslik haqida tushuncha.
2.
Tarixshunoslik fani predmeti, uning maqsad va vazifalari.
Tayanch so‘z va iboralar:
Tarixshunoslik, epik asarlar, tarixni o‘rganishning ahamiyati.
Tarixshunoslik haqida tushuncha.
Tarixshunoslik tarix fanlari tizimida o‘ziga xos mustaqil o‘ringa ega. Uning o‘zining
manbalari, tadqiqot usullari mavjud. Tarixshunoslikning ob'ekti tarixiy jarayonning o‘zi
bo‘lmay, balki tarixiy tafakkur, uni o‘rganish, tarix haqidagi fan hisoblanadi. Masalan O‘rta
Osiyoning ilk o‘rta asrlar tarixi, O‘rta Osiyo xududida ilk o‘rta asrlar tarixi, O‘rta Osiyo
xududida ilk o‘rta asrlarda mavjud davlatlar, arablar istilosi, islom dinining yoyilishi,
markazlashgan davlatlarning paydo bo‘lishi va h.k.larni o‘rganadi. Ilk o‘rta asrlar O‘rta Osiyo
tarixshunosligi esa bu davr tarixi o‘rta asrlarda, yangi davrda va bizning kunlarda qanday tadqiq
etilganligini o‘rganadi.
Tarixshunoslik ijtimoiy-tarixiy tafakkur tarixi haqidagi fan bo‘lib, u yoki bu davrning
g‘oyalarini o‘zida aks ettiradi.
Tarixshunoslik tarix fanlaridan manbashunoslik bilan juda yaqin aloqada bo‘lib, har bir
davr manbalarning ko‘pligi, ularga tanqidiy yondashuv va foydalanish, tarixiy tafakkurning,
bilimning darajasi, saviyasini belgilaydi.
Tarixshunoslikning rivojlanishida manbalar doirasining kengligi va o‘sha davrdagi tarixiy
tadqiqot usuli asosiy omil hisoblanadi. Tarixiy tadqiqot usullarining takomillashishi(masalan:
tanqidiy yondashuv, tarixiy taqqoslash va boshqalar), yangi (epigrafik, arxeologik, numizmatik)
manbalarning paydo bo‘lishi tarix fanining saviyasiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Tarixshunoslik
tarixning manbashunoslik, arxeologiya, etnografiya, numizmatika va lingvistika fanlari bilan
chambarchas bog‘liq.
Jahon tarixi tarixshunosligi insoniyat sivilizatsiyasi va tarixiy tafakkur darajasi harakteriga
qarab bir necha bo‘limlarga bo‘linadi. Bular qadimgi, o‘rta asrlar (medievistika), yangi va eng
yangi davr tarixi tarixshunosligidir.
Xususan O‘zbekiston tarixi tarixshunosligi ham shartli ravishda davrlar va tarixiy tafakkur
hamda tadqiqot usullaridan kelib chiqib davrlarga bo‘lish mukin. Bular O‘zbekistonning
qadimgi, o‘rta asrlar, Rossiya mustamlakachiligi, sovetlar davri va mustaqillik davri
tarixshunosligidir.
Tarixshunoslik tushunchasi ikki ma'noda qo‘llaniladi:
1. Tarixiy bilimlar taraqqiyoti va tarixiy tadqiqot usullariga doir fan ma'nosida.
2. Muayyan tarixiy davrga yoki muammoga bag‘ishlangan tarixiy tadqiqotlar majmuasi
ma'nosida(masalan hozirgi davr tarixshunosligi)
O‘rta Osiyo xalqlari tarixining tarixshunosligi deganimizda, O‘rta Osiyo xalqlarining eng
qadimgi zamonlardan xozirgacha bo‘lgan tarixiga manba bo‘lib xizmat qiluvchi tarixiy tadqiqot
,ya'ni tarixshunoslik asarlarini tushunamiz.
Tarix fan sifatida qachon va qanday paydo bo‘lgan? Bu savolga javob olish uchun antik,
ya'ni qadimgi tarixshunoslik manbalariga murojat qilamiz.
Yozuvlar vujudga kelgunga qadar epik asarlar (epos-grekcha so‘z bo‘lib, doston, rivoyat,
afsona asarlarini anglatadi)tarixni o‘rganish uchun yagona manba edi(masalan, yunon shoiri
Xomerning «Iliada», «Odisseya» dostonlari, O‘rta Osiyo xalqlarining «Alpomish», «Manas»,
«Go‘ro‘g‘li» dostonlari, Vladimir, Muromli Ilya, Dobrinya Nikitich, Alyosha Popovich kabi rus
bahodirlari xaqidagi dostonlar yoki «Igor polki jangnomasi qo‘shig‘i»)
Yozuvlar ixtiro qilingandan so‘ng esa toshlar yoki binolardagi bitiklar va yilnomalar–eng
qadimgi yozma tarix manbalari xisoblanadi.O‘sha davrlardagi voqyealarning guvohlari yoki
zamondoshlari yozib qoldirgan manbalar keyinchalik xattotlar, shoirlar tomonidan qayta-qayta
ko‘chirilgan yoki og‘izdan-og‘izga ko‘chib bizgacha yetib kelgan manbalar qadimiy manba
hisoblanadi. Chamasi, yozuvi bo‘lgan barcha xalqlarda bitiklar va yilnomalar uchraydi. Yunon
olimi Gerodotning mashhur «Tarix» kitobi bizgacha yetib kelgan eng qadimgi tarixiy manbadir.
Gerodot Kichik Osiyo (hozirgi Turkiya xududida) sohilidagi Galikarnas shahrida tug‘ilgani
uchun, unga Sharq ta'siri o‘tganligi tabiiydir. Sitseron zamondoshlariyoq Geradotni «Tarix otasi»
deb atashgan. Aslida Geradodning bu asari oxiriga yetkazilmagan (miloddan avvalgi 470-
yilgacha bo‘lgan voqyealar bilan tugallanadi) va uni hozirgi ma'noda ilmiy-tadqiqot deb
bo‘lmaydi. Shunga qaramay, uning kitobi voqyealar va dalillar ko‘lami jihatidan va badiiy
qimmati jihatidan o‘zidan avvalgi safdoshlaridan anchagina baland turadi. Masalan, Geradot o‘z
kitobida Kaspiy dengizgacha chegaradosh yerlargacha bo‘lgan xalqlarni tasvirlaydi. Shundan
so‘ng Kaspiy ortida yastangan vohalar, ularda yashagan masoxatlar (massagetlar) haqida yozadi.
Geradod birinchi bo‘lib Kaspiy dengizni Kaspiy xalqlari nomidan olganligini aytadi.
Muarrixning buyuk shaxs ekanligini uning quyidagi xolis fikrlaridan ham bilish mumkin: «Men
o‘zim eshitgan narsalarni hikoya qilayapman, ammo ularning hammasiga ishonishim shart emas.
Mayli bu xulosa mening yangi asarimga ham taaluqli bo‘lsin» Miloddan avvalgi V-IV asrlarda
yashagan Fukididning Pelopennes urushlari haqidagi asarlarini dunyoda birinchi ilmiy tarix deb
e'tirof etishadi. Bu asar o‘sha davr tarixiy voqyealarining ishonchli va haqqoniy tasvirlangani
bilan ajralib turadi. Gerodot asariga nisbatan Fukidid asari olg‘a tashlangan qadam edi. Fukidid
kitobida hayot voqyealariga Olimp xudolarining aralashuvini ko‘rmaymiz. Fukidid asarida
tarixiy taxlilning asosiy talablari-voqyealar guvohlarining aytganlarini taqqoslash va bevosita
o‘sha voqyealar qatnashchilarining hikoyalaridan foydalanish kabi fazilatlarni ko‘ramiz. To‘g‘ri,
Fukidid ham asotirlar, miflardan foydalanadi va bunda asosiy etiborni tarixiy taraqqiyotga,
iqtisodiy omillarning tasiriga qaratadi. Tarixiy dalillarni aniq bayon qilish va xaqiqatni
aniqlashga intilish Fukidid asarining asosiy fazilatidir.
Tarixiy voqyealarni haqiqatga yaqin qilib ilmiy bayon etgan, muarrixlardan yana biri,
miloddan avvalgi XI asrda yashagan Polibiydir. U o‘zining «Umumjahon tarixi» asarida
miloddan avvalgi 220-146 yilllardagi voqyealarni ellinlar nuqtai nazaridan tasvirlaydi.
Bu O‘rta yer dengizi atrofidagi barcha eng muhim davlatlarning tarixini o‘zaro
bog‘liqlikda tasvirlagan birinchi asardir. Muarrix xulosasiga ko‘ra har bir davlat tirik vujud kabi
tabiat qonuniyatiga asosan o‘sadi, rivojlanadi va inqirozga uchraydi. Polibiyda birinchi marta
«pragmatik tarix» degan ibora uchraydi. O‘z asarining 2-qismini muarrix pragmatik usulda
quradi: u voqyealar nima sababdan, qanday maqsada yuz berganligini aniqlaydi, ya'ni muayyan
voqyealarning kelib chiqish sabablarini birin-ketinligini va oqibatlarini bayon qiladi.
Fukidid va Polibiy asarlari – antik, ya'ni qadimgi davr tarixshunosligining cho‘qqisini
tashkil etadi. Keyingi yunon muarrixlarining deyarli barchasi ularning izidan bordilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |